I lm – fan ta’limda innovatsion yondashuvlar, muammolar, taklif va yechimlar


Download 35.02 Kb.
Sana15.11.2023
Hajmi35.02 Kb.
#1774614
Bog'liq
BOBUR IJODIDA MA’NAVIY VA LAFZIY SAN’AT TURLARNING QO‘LLANILISHI


I LM – FAN TA’LIMDA INNOVATSION YONDASHUVLAR, MUAMMOLAR, TAKLIF VA YECHIMLAR
info@bestarticle.uz
https://sites.google.com/view/imxu/

BEST ARTICLE RESPUBLIKA ILMIY – ONLAYN KONFERENSIYASI 2022





BOBUR IJODIDA MA’NAVIY VA LAFZIY SAN’AT TURLARNING QO‘LLANILISHI
Kushnazarova Nargiza – Nukus DPI o‘zbek tili va adabiyoti magistratura yo‘nalishi 1-kurs talabasi
Isokulov Abdullo Oblokul o‘g‘li – Nukus DPI o‘zbek tili va adabiyoti magistratura yo‘nalishi 1-kurs talabasi
Badiiy (she’riy) san’atlar Sharq mumtoz adabiyotining, shu jumladan, o‘zbek adabiyotining o‘ziga xosligi, milliyligi, latofati, nazokati, rango-rangligi, jozibadorligi, va ta’sirchanligini ifodalovchi vositadir.
Iyhom ( Shubhaga solish, adashtirish) – she’r misralarida muayyan bir so‘zni ikki yoxud undan ortiq ma’nolarda qo‘llash usuli.Bunda so‘zning bir ma’nosi yuzaroqda bo‘lib, boshqa ma’nosi (asosiysi) yashirin (botin) bo‘ladi. O‘quvchi bu so‘zning yuzakiroq ma’nosini tezda anglaydi, shundan so‘ng uning yashirin ma’nosi ham borligi haqida o‘ylaydi va fahm-farosat bilan uning botiniy ma’nosini ham topadi (shoirning maqsadi so‘zning ana shu ma’nosida ekanligini anglaydi). Iyhom nozik fikrlarni pardali ifodalashda juda qo‘l keladi.[2.11]
Zahiriddin Muhammad Bobur lirikasidan olingan quyidagi baytda ishlatilgan “so‘rorim” so‘ziga e’tibor qilaylik:
Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zimdin qon ravon qildi,
Nega holim yomon qildi, men andin bir so‘rorim bor.[4.86]
Endi bu baytni sharhlab ko‘raylik: “So‘rorim” so‘zining ikki ma’nosi bor: 1) bag‘rim “qon” bo‘ldi, ko‘zimdin “qon” keldi. Buning sababini undan bir so‘rashim bor; 2) uning lablari totidan ahvolim juda g‘alati bo‘ldi – men u lablardan yana bir so‘rorim bor. Shoirning muddaosi “so‘rorim” so‘zining mana shu ma’nosida, ya’ni, so‘zning botiniy ma’nosida. Demak, shoir lirik qahramonning chuqur intim his-tuyg‘ularini yalang‘och holda bayon qilmaydi, aksincha, nozik tuyg‘uni nafis ifoda vositasida latofat bilan ibo bilan tasvirlaydi. Iyhom san’ati shoirdan qanchalik san’atkorlikni talab qilsa, o‘quvchidan ham shunchalik fahm-farosatni, zehni o‘tkirlikni, topqirlikni talab etadi.
Davlat bila shodu shodmon bo‘lg‘aysen,
Shavkat birla mashhuri jahon bo‘lg‘aysen.
Ko‘nglungdagidek dahr aro kom turib,
Bu dahr boricha komron bo‘lg‘aysen.[4.88]
Bu ruboiyda “komron” so‘zida iyhom qo‘llangan. Birinchi ma’nosi “Baxtli, saodatli, bekamu ko‘st”, ikkinchisi esa Bobur o‘g‘lining nomidir.
Qosidki,yubording, ayladi shod meni,
Doim bu yusunliq aylagil yod meni.
Ozodingga qul bo‘layki, xating keturub,
Hajring g‘amidin ayladi ozod meni.[4.88]
Bu ruboiyda ozod so‘zi ikki ma’noda qo‘llangan: birinchisi erkin ma’nosida; ikkinchisi yorbo‘yi ma’nosidakelgan.
Tazod (qarshilantirish) – zid tushunchalarni ifoda etuvchi so‘zlarni (ma’lum maqsadda) bir-biriga bog‘lab ishlatish usuli.Tazodda bir-biriga zid narsa va tushunchalar to‘qnashtiriladi, ayni choqda, bir-biriga zid tushunchalarni o‘zida mujassamlashtirgan ob’yektning mohiyatini g‘oyatda ochish va unga nisbatan kishi qalbida faol munosabat uyg‘otish ko‘zda tutiladi. Tazod qisman antiteza usuliga ham o‘xshaydi – ularning har ikkalasida ham bir-biriga zid tushunchalar yuzlashtiriladi, ayni choqda, ularning bir-biridan farqli jihatlari bor: antitezada to‘qnashuvchi bir-biriga zid narsalar ikki mustaqil manbadan kelib chiqsa, tazoddagi to‘qnashuvchi bir-biriga zid narsalarning kelib chiqish manbai yagona: bir narsa ham yaxshilikning, ham yomonlikning kelib chiqishini o‘z ichiga qamrab oladi. Chunonchi, ma’shuqa mujgonlaridan o‘q otib oshiqni halok etsa, la’l lablari bilan unga hayot baxsh etadi, deylik. Demak, yomonlik (o‘ldirish) va yaxshilik (hayot baxsh etish) bir-biriga zid tushunchalr to‘qnashadi, ammo, ayni paytda, har ikkala xislatning ham manbai bir – ma’shuqa. Tazod mana shudir. Tazod she’riyatda ham, nasrda ham keng qo‘llaniladi. [2.17]. Misol:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.
Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlik hargiz,
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir. [4.87]

Bu ruboiyda “vafo-jafo”, “yaxshi-yomon” so‘zlari bir-biriga zid ma’noni ifodalaydi.


Keldi ramazonu men taqi bodaparast,
Iyd o‘ldi-yu, zikri, may qilurmen payvast.
Ne ro‘za-yu ne namoz yillar, oylar,
Tun-kun mayi ma’jun bila devonayu mast.[4.89]
Ushbu ruboiyda tazod qo‘llangan bo‘lib, bu san’atni “tun-kun” so‘zlari tashkil etgan.
Quyidagi ruboiyda esa, gul va tikon, hazil va jiddiy, yaxshi va yomon so‘zlari orqali bu san’at yuzaga keltirilgan:
Har yerda gul bo‘lsa, tikon bo‘lsa ne tong,
Har qaydaki may durdidan bo‘lsa netonga,
She’rimda agar hazil, agar jiddiy kechiring,
Yaxshi borida agar yomon bo‘lsa ne tong.[4.89]
Irsolu masal (maqol qo‘llash) – she’rda maqol, matal, hikmatli so‘zlarni muayyan maqsadda tamsil yo‘li (tamsil – maqol keltirish san’ati) bilan ishlatish usuli. Irsolu masal nazmda ham, nasrda ham qo‘llaniladi.[2.19]
She’riyatga oid ilmiy asarlarda ta’kidlanganidek, adabiy asarlarda maqol, metal va hikmatli so‘zlar, asosan, quyidagi uch yo‘l bilan qo‘llaniladi: 1) qo‘llanilgan maqol, metal va hikmatli so‘zlar shoirning aniq ishorasi bilan (derlar, aytibdurlar, masaldur, masaldurkim) beriladi. Misol:
Ulkim, anga ilm ichra g‘olib yo‘qtur,
Derlarki, beri kelurg‘a rog‘ib yo‘qtur.
Dedimki, bu so‘z rost emastur, negakim,
Tolibni tilar andaki, tolib yo‘qtur.[4.89]
Ruju’ (qaytish) – tasvir ob’yektining dastlabki obrazli ifodasi (go‘yo bu ifodaga ko‘ngil to‘lmagandek)dan qaytib, undan ma’noliroq, ta’sirliroq, kuchliroq, obrazli ifodaga o‘tish usuli.[2.49] Misol:
Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi,
Shod etmas ko‘ngilni mehnatda kishi,
Ko‘nglim bu g‘ariblikda shod o‘lmadi, oh,
G‘urbatda sevunmas emish albatta kishi.[4.91]
Bu ruboiyda ruju’ boshqacha usulda yuz bergan: birinchi misraga nisbatan ikkinchi misra, ikkinchi misraga nisbatan uchinchi misra va uchinchi misraga nisbatan to‘rtinchi misra ruju’ vazifasini o‘taydi.
Tajohuli orifona (bilib – bilmaslikka olish san’ati). Bunda shoir barcha narsani bilib turadiyu, ammo o‘zini bilmagandek ko‘rsatadi. Misol:
G‘urbat tug‘i yopqon ruhi zardimnimu dey?
Yo hajr chiqargan ohi sardimnimu dey?[4.90]
Lirik qhramonning ahvoli o‘ziga ma’lum: g‘urbat ko‘raverib ranglari sarg‘aygan, oh-fog‘on chekaverib qalbi ozurda. Buni bilib bilmaslikka olish badiiy san’atini qo‘llash orqali yanada ta’sirli chiqishini ta’minlagan.
Talmeh ( nazar solmoq, ishora qilmoq) – she’rda mashhur qissa, mashhur bayt yoxud mashhur maqolga ishora qilish usuli. Bu san’at mumtoz adabiyotimizda keng qo‘llanilgan, xususan, Bobur ruboiylarida ham ko‘plab uchraydi. Misol:
Ko‘nglumda nechaki sayr matlub o‘lsa,
Ahbobni so‘rmoq dog‘I marg‘ub o‘lsa.
Gar hajring imtidodi mundin o‘tar,
Qolmas manga sabr – sabri Ayub o‘lsa.[4.93]
Ruboiyda mumtoz adabiyotimizda sabr timsoli sanalgan Ayub payg‘ambarga ishora qilinmoqda. Lirik qahramon yor hajrida cheksiz azob-uqubatlar ni boshidan o‘tkazdi, bu sitamlardan jonidan to‘ydiki, endi sabrning chegarasi ko‘rinib qoldi.
Quyidagi ruboiyda esa tarixiy shaxs Sulton Mahmudga ishora qilinmoqda:
Bo‘ldim meni oshuftayu hayron mardud,
Qilg‘il madadeki, bo‘ldi imkon nobud.
Dunyo bila uqboda rujum sandadur,
Ey ikki jahonni shahi Sulton Mahmud! [4.94]
Mubolag‘a arab tilida “kattalashtirish”, “kuchraytirish” ma’nosini bildirib, adabiy asarda tasvirlanayotgan badiiy timsol holati yoki harakatini bo‘rttirib, kuchaytirib ifodalash san’ati demakdir. Bu xil tasvirda badiiy timsol xususiyatlari yaqqolroq namoyon bo‘ladi, o‘quvchi ko‘zi oldida yorqinroq gavdalanadi. Misol:
Hajringda but un ko‘ngulda qayg‘u erdi,
Vaslingga yetishmadim – jihat bu erdi:
Ohim tutuni birla ko‘zumning yoshidin
Yo‘l balchiq edi, kecha qorong‘i erdi! [4.91]
Ruboiyning ikkinchi va to‘rtinchi misralariga e’tibor qarataylik. Lirik qahramon aytmoqdaki, uning ohining tutunidan kun qorong‘ bo‘ldi, ko‘zining yoshidan esa, yo‘llar loy va balchiq bo‘ldi. Bunday bo‘lishi mumkinligi gumon albatta. Baytdagi mubolag‘a ma’noni judayam kuchaytirgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:


Yoqubjon Is’hoqovning “So‘z san’ati so‘zligi”., –T:. “O‘zbekiston” NMIU –2014.
Boltaboyev H, Rahmonov N. O‘zbek mumtoz adabiyoti na’munalari. O‘quv qo‘llanma . – Toshkent, 2006.
Boltaboyev H. Sharq mumtoz poetikasi. – Toshkent, O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2004.
Ahmеdоv S, Qоsimоv B, Qo‘chqоrоv R, Rizаyеv Sh. Adаbiyot: Umumiy o‘rtа tа’lim mаktаblаrining 10-sinfi uchun dаrslik, – Т.: «Shаrq», 2018.


KONFERENSIYA |





Download 35.02 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling