Istiqlol davri matbuotida o‘zbek matnshunosligi muammolarining aks etishi


Download 34.85 Kb.
Sana23.04.2020
Hajmi34.85 Kb.
#100907
Bog'liq
Феруза макола


Qarshieva Feruza

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik kafedrasining 2-kurs magistranti

Tel: +998993668256

ISTIQLOL DAVRI MATBUOTIDA O‘ZBEK MATNSHUNOSLIGI MUAMMOLARINING AKS ETISHI

Maqolada mustaqillik yillarida e’lon qilingan matnshunoslik muammolariga bag‘ishlangan maqolalar va ularda ochib berilgan masalalarning bugungi kundagi holati haqida so‘z boradi.


Hozirgi zamon adabiyot ilmida badiiy asar matni tahlil va talqinning asosiy ob’ektiga aylandi. Zotan, matn zamirida asar muallifining dunyoqarashi, inson va jamiyat haqidagi konsepsiyasi, badiiy-estetik prinsiplari, san’ati, makon va zamon, milliy tafakkur mujassam bo‘ladi. Qolaversa, matn tahlili badiiy asarni xolis baholashga imkon yaratadi.

Mustaqillik davri o‘zbek adabiyotshunosligida badiiy asar tahlilining zamonaviy, ilg‘or tendensiyalari bo‘y ko‘rsata boshladi. Adabiy merosga yangicha nuqtai nazardan yondashish, mumtoz adabiyotimiz namunalarini ma’naviy-axloqiy tarbiyaning eng ta’sirchan asosi sifati har jihatdan o‘rganish faollasha boshladi. Yaqin o‘tmishda o‘qish-o‘rganish man etilgan asarlar ilmiy o‘rganilib, ko‘p nusxalarda chop etildi. Bu borada matnshunos tadqiqotchilar xizmati e’tirofga loyiq.

Biroq adabiy merosimiz na’munalarini bugungi talab darajasida mukammal tadqiq etish va nashrga tayyorlash matnshunoslik sohasi oldiga jiddiy vazifalarni qo‘yayotgani sir emas. Ayni paytda matnshunoslik sohasidagi muammolar ham yetarlicha. Bir qator olimlarimiz tomonidan bu muammolar chuqur o‘rganilib kelinmaoqda. Mustaqillik davri matbuoti esa bu sohada erishilgan yutuqlar bilan birgalikda kamchiliklarni ham keng omma e’tiboriga havola etib, dolzarb muammolar yechimini topishga barchamizni davat etib kelmoqda.

O‘zbek matnshunosligi muammolari salmoqli darajada ko‘tarilgan, bu soha rivojida erishilgan yutuq va kamchiliklar e’lon qilib borilayotgan asosiy davriy nashrlarimiz quyidagilar: “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” (“O‘zbekiston madaniyati”) gazetasi, “Til va adabiyot”, “Sharq yulduzi” jurnallari va yana shu kabi filologik gazeta-jurnallardir. Izlanishlarimiz davomida davriy matbuotimiz sahifalarida berilgan bir qancha maqolalarni tahlilga tortdik. Ana shunday maqolalardan biri “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010-yil 27-sonida bosib chiqilgan “Matnshunoslik davr talablari darajasidami?” nomli maqolasida adabiyotshunos va matnshunos olimlarimiz tomonidan matnshunosligimiz muammolari, sohaning bugungi kundagi holati haqida juda qimmatli fikrlar berilgan. Maqolada, eng avvalo, taniqli navoiyshunos olima, professor Suyima G‘aniyevaning fikr-mulohazalari keltiriladi. Ustoz matnshunosligimiz oldida jiddiy vazifalar turganligini aytib va bu vazifalarni sanab o‘tadi:



  • ko‘plab asarlarning ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlash zarur;

  • Lutfiy, Sakkokiy devonlarining mukammal nashrlarini tayyorlash lozim;

  • Alisher Navoiy shoir asarlarining akademik (ilmiy), ilmiy-ommabop nashrlarini shu kungacha chiqqan nashrlardan foydalanish bilan birga qo‘lyozmalarga ham qayta murojaat etish orqali tayyorlash kerak;

Professor N.Jabborov ham bu boradagi fikrlarini aytib o‘tar ekan, o‘zbek matnshunosligining asosiy kamchiligi sohaning sistemali yaxlit nazariyasini ishlab chiqilmayotganligini, mumtoz adabiy merosimiz na’munalarini tabdil qilishning ilmiy prinsiplari mukammal ishlab chiqilmaganligini takidlaydi.

Olim N. Jumaxo‘ja ham bu borada fikr yuritar ekan, “Meningcha, birinchi navbatda, matnshunoslikning markaziy tashkiliy masalalari to‘g‘risida muhokama yuritib, qat’iy bir to‘xtamga kelib olish zarur. Bular — maxsus matnshunoslik hay’atini tuzish, matnshunoslik jarayonlariga yagona andozaviy mexanizm sifatida xizmat qiladigan matn imlosi qoidalarini tuzish, matnlarni tayyorlaydigan va chop etadigan mutaxassis hamda nashriyotlarning vakolatlilik darajasini belgilash, mamlakat miqyosidagi matnshunoslik ishlarini muvofiqlashtirishdan iboratdir”1– deya ta‘kidlaydi.



Olim Q.Ergashov ham yuqoridagi fikrlarga qo‘shilgan holda olimlarimiz tomonidan mumtoz adabiyotimiz na’munalari uchun tuzilayotgan ilmiy-tanqidiy matnlar haqida: “Hozirgi paytda bizdagi barcha nashrlar, xoh ommaviy, xoh ilmiy bo‘lsin, joriy yozuvda amalga oshiriladi. Bunday sharoitda ilmiy-tanqidiy matn hozirgi nashrlar uchun asos bo‘lib xizmat qilishdan iborat o‘z funksiyasini bajara olmaydi, zero, u, hozir aytib o‘tganimizdek, eski arab yozuvida tuziladi. Bu yozuvda esa bitta so‘zni turlicha o‘qish mumkin. Oqibatda joriy yozuvdagi nashrlarda xatolar, xilma-xilliklar kelib chiqadi”2- deya aytib o‘tadi.

Filologiya fanlar doktori Q.Pardayev ham shu o‘rinda muhim adabiy manba — XX asr boshlari matbuoti materiallarini o‘rganish muammolarini ham eslab o‘tadi. “Oyina”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona”, “Hurriyat” singari mashhur matbuot nashrlarida chop etilgan adabiyot materiallari anchagina o‘rganilganligi, biroq “Al-Izoh”, “Al-Isloh”, “Izhor ul-Haq” jurnallari haqida bunday deb bo‘lmasligini, ulardagi adabiyot materiallarining adabiy manbashunoslik va matnshunoslik aspektida tadqiq qilinishi, ularning XX asr adabiyotida tutgan o‘rni va maqomi belgilanishi dolzarb ilmiy muammolardan biridir deb aytadi.



N.Shodmonov o‘z fikrlarini quyidagicha ifodalaydi: “Matnshunosligimiz oldidagi hozirgi eng muhim vazifa ikkita: birinchisi, matnshunoslik bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash doirasini yanada kengaytirish lozim. Ikkinchisi, o‘zbek matnshunosligining nazariy asoslari, jumladan, tadqiqot, tahqiqot va nashr usullari, metodologiyasi ishlab chiqilishi zarur”3. Ustoz shu o‘rinda boshqa tillarda yaratilgan qo‘llanmalar o‘zbek matnshunosligining o‘ziga xos xususiyatlarini tadqiq etish, adabiy manbalarni nashrga tayyorlash uchun ilmiy-metodologik mezon bo‘la olmasligini aytib o‘tadi.

Ustozlarimiz ta’kidlab o‘tgan kamchiliklarni umumlashtirib quyidagi xulosalarga kelish mumkin:



  • matnshunoslikning sistemali yaxlit nazariyasini to‘la ishlab chiqilmagan;

  • mumtoz adabiy merosimiz na’munalarini tabdil qilishning ilmiy prinsiplarini ishlab chiqish zarurati;

  • mutaxasislar tayyorlashda malakali kadrlar tayyorlash doirasini yanada kengaytirish;

  • ilmiy-tanqidiy matn tuzish prinsiplarining mukammal qoidalari yo‘qligi;

  • muhim adabiy manba sifatida — XX asr boshlari matbuoti materiallarini o‘rganish muammolari.

Maqolada sanab o‘tilgan ushbu muammolar bugungi kunda qay ahvolda? Matnshunosligimizda o‘tgan o‘n yil mobaynida qanday o‘zgarishlar yuz berdi? Kamchiliklar bartaraf etildimi?

Avvalo, dastlabki muammoda sohaning mukammal nazariy asoslari yaratilishi lozimligi aytib o‘tlgan bo‘lib, bu borada o‘tgan davr mobaynida bir qator ijobiy ishlar olib borilgan. Bir qancha olimlarimiz o‘zlarining izlanishlari asosida matnshunoslik fani va uning nazariy asoslarini ishlab chiqishga harakat qilib kelmoqdalar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratilmoqda. Masalan, matnshunos olimimiz Sh.S.Sirojiddinov tomonidan 2015-yilda S.Umarova bilan hammualliflikda “O‘zbek matnshunosligi qirralari” monografiyasi hamda 2019-yilda esa “Matnshunoslik saboqlari” qo‘llanmasini yaratildi.

Matnshunoslik sohasini o‘qitish, malakali kadrlar tayyorlash doirasini yanada kengaytirish uchun esa barcha filologiya yo‘nalishlarida matnshunoslik fani yetuk mutaxasislar tomonidan chuqur o‘qitlmoqda. Jumladan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek filologiya fakulteti tarkibida 2018-yilda “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik” kafedrasi tashkil etildi va shu ixtisoslik bo‘yicha magistratura yo‘nalishi ham ochildi. Bundan ko‘zlangan maqsad soha rivojida xizmat qiluvchi malakali kadrlarni tayyorlashdir.

Adabiy manba sifatida — XX asr boshlari matbuoti materiallarini o‘rganish muammolari ustida esa bir qator izlanishlar olib borilmoqda. Ayni kunlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik mutaxasisligi magistrantlari tomonidan “Sadoi Farg‘ona” gazetasi va “Izhor ul-Haq” jurnali materiallari ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.



Xullas, o‘zbek matnshunosligini tadqiq etish yo‘lida xizmat qilgan ilm fidoyilarining tinimsiz mehnatlari natijasida bu sohada ko‘plab ilmiy ishlar bajarildi. Olimlarning kun tartibiga qo‘ygan matnshunoslikning dolzarb muammolari va ularning yechimlari masalasiga doir qimmatli fikrlar davriy matbuot sahifalarida doimiy aytilgan bo‘lsa-da, hali bu sohada keragicha ishlar amalga oshirilmagan, bu da’vatlar orqali sezilarli yutuqlarga erishgan bo‘lsakda, maqolalarda ko‘rsatilgan kamchiliklar to‘la bartaraf etilmagan. Ana shu kamchiliklarga takror yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bugungi kunda shu yo‘nalishda ish olib borayotgan mutaxassislar barcha imkoniyatlarini ishga solib matnlarni puxta o‘rganishi lozim.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. O‘zbekiston adabiyoti va san’ati. 27-, 29- sonlar

  2. Sirojiddinov Sh., Umarova S. O‘zbek matnshunosligi qirralari. –Toshkent: Akademnashr, 2015

  3. Sirojiddinov Sh. Matnshunoslik saboqlari. –Toshkent, 2019




1 “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 27-soni 5-bet.

2 “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 27-soni 5-bet.

3 “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 27-soni 5-bet.

Download 34.85 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling