Koxonalar faoliyatida bankrotlik amaliyoti va uning tashkiliy xususiyatlari


Download 111 Kb.
bet1/2
Sana06.08.2020
Hajmi111 Kb.
#125652
  1   2
Bog'liq
2 5280539952583542512


16-MAVZU: “KOXONALAR FAOLIYATIDA BANKROTLIK AMALIYOTI VA UNING TASHKILIY XUSUSIYATLARI

Reja:

1. Korxonalar bankrotligi va uni bashorat qilish mezonlari

2. Korxonalar bankrotligiga sabab bo`luvchi omillar

3. Korxonalarning bankrotligini oldini olish, ularni moliyaviy sog’lomlashtirish va restrukturizatsiya qilish yo’nalishlari
Tayanch so`z va iboralar: bankrotlik, kelishuv bitimi, kreditorlar, kreditorlar yig’ilishi (kreditorlar qo’mitasi) vakili, kuzatuv, majburiy to’lovlar, moratoriy, pul majburiyati, sud boshqaruvchisi, sudgacha sanatsiya qilish, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv, Altman modeli, moliyaviy sog’lomlashtirish
1. Korxonalar bankrotligi va uni bashorat qilish mezonlari

Mamlakatimizda bozor munosabatlarini takomillashib borishi munosabati bilan Respublikada faoliyat olib borayotgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlarini barqaror va samarali faoliyat ko’rsatishi uchun etarli shart-sharoitlar vujudga keltirilmoqda.

Mamlakatimizda bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik jamiyat qurish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jamiyatni boshqarishning yangi tizimi ishlab chiqilib, yo’lga qo’yildi. Iqtisodiyotni boshqarish va tartiblashtirishda davlatning rolini pasaytirish hamda ushbu jarayonning asosan turli iqtisodiy vositalar orqali amalga oshirilishi bozor iqtisodiyotining asosiy talablaridan biridir. Islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Qonunlar, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek turli tegishli me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Bozor infratuzilmasi mexanizmlarining faoliyati yo’lga qo’yilgach, u o’z samarasini bera boshladi. Chet el investitsiyalari kirib keldi, qo’shma korxonalar barpo etildi, ishlab chiqarishning yangi tarmoqlari ishga tushirildi va hokazo. Shu bilan birga iqtisodiyotga bozor qonunlari o’z ta’sirini o’tkaza boshladi. Aksariyat korxonalar bozor qonunlarini mukammal o’rganmasligi, bozor talablari doirasida faoliyat ko’rsatmasligi natijasida iqtisodiy inqirozga yuz tuta boshladi. Ushbu holatda jamiyatda yana bir institutni yaratish zarurati tug’ildi. Shunday yangi yo’nalishlardan biri xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy nochorligi, bankrotlik bilan bog’liq bo’lgan jarayon hisoblanadi.

Xo’jalik yurituvchi sub’ektlarni bankrot deb e’lon qilinishiga ya’ni korxonalari faoliyatining tugatilishiga ta’sir ko’rsatuvchi omillarni shartli ravishda ob’ektiv va sub’ektiv omillarga ajratib olish zarur bo’ladi. Ob’ektiv omillar sirasiga, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning hatti-harakati, faoliyat doirasi va shart-sharoitlaridan qat’iy nazar, mavjud iqtisodiy qonunlarning amal qilishi natijasida vujudga keluvchi hamda ta’sir ko’rsatuvchi omillar kiradi. Odatda ob’ektiv omillar ta’sirining oldini olish yoki boshqarish imkoniyat darajasidan tashqarida bo’ladi. Kichik tadbirkorlik faoliyatining iqtisodiy tabiatini belgilab beruvchi o’ziga xos xususiyatlarning aksariyati ushbu soha sub’ektlari faoliyatining tugatilishida ob’ektiv omillar sifatida namoyon bo’ladi.

Mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan bankrotlik darajasi juda yuqori va yuqori bo’lgan korxonalar O’zbekiston Respublikasining 1994 yil 5 mayda qabul qilingan «Bankrotlik to’g’risida»gi (2003 yil 23 aprelda o’zgartirihsh kiritilgan) Qonuniga muvofiq iqtisodiy nochor deb topildai va tugatiladi.



O’zbekiston Respublikasining 2003 yil 24 apreldagi «Bankrotlik to’g’risida» gi Yangi tahrirdagi Qonunda bankrotlik va asosiy foydalaniladigan atamalarga quyidagicha tarif berilgan:

bankrotlik (iqtisodiy nochorlik) - xo’jalik sudi tomonidan e’tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo’yicha kreditorlar talablarini to’la hajmda qondirishga va (yoki) majburiy to’lovlar bo’yicha o’z majburiyatini to’la hajmda bajarishga qodir emasligi;

kelishuv bitimi - taraflarning sud nizosini o’zaro yon berish asosida tugatish to’g’risidagi bitimi;

kreditorlar - qarzdor pul majburiyatlari bo’yicha va (yoki) majburiy to’lovlar majburiyatini bajarish bo’yicha qaysi yuridik yoki jismoniy shaxs oldida javobgar bo’lsa, ayni shu yuridik yoki jismoniy shaxslar (qarzdor qaysi fuqaroning hayoti yoki sog’lig’iga zarar etkazilganligi uchun javobgar bo’lsa, ayni shu fuqaro, shuningdek o’z ishtirokidan kelib chiqadigan majburiyatlar bo’yicha qarzdor yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) bundan mustasno);

kreditorlar yig’ilishi (kreditorlar qo’mitasi) vakili - bankrotlik to’g’risidagi ishda ishtirok etishiga kreditorlar yig’ilishi yoki kreditorlar qo’mitasi tomonidan vakolat berilgan shaxs;

kuzatuv - xo’jalik sudi tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning mol-mulki but saqlanishini ta’minlash, qarzdorning moliyaviy ahvoli tahlilini o’tkazish maqsadida qarzdorni bankrot deb topish to’g’risidagi ariza qabul qilingan paytdan e’tiboran keyingi taomilga qadar qo’llaniladigan bankrotlik taomili;

majburiy to’lovlar - davlat byudjetiga va davlat maqsadli jamg’armalariga to’lanadigan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar;

moratoriy - qarzdor yuridik shaxs tomonidan pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to’lovlar majburiyati bajarilishini to’xtatib turish;

pul majburiyati - qarzdorning fuqarolik-huquqiy shartnomasi bo’yicha hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko’ra kreditorga muayyan pul summasini to’lash majburiyati;

sud boshqaruvchisi (muvaqqat boshqaruvchi, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi, tashqi boshqaruvchi, tugatish boshqaruvchisi) - bankrotlik taomillarini o’tkazish maqsadida xo’jalik sudi tomonidan tayinlanadigan shaxs;

sudgacha sanatsiya qilish - qarzdor yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) yoki uning mol-mulki egalari, kreditorlar va boshqa shaxslar tomonidan qarzdorning to’lov qobiliyatini tiklash hamda bankrotligining oldini olish maqsadida ko’riladigan chora-tadbirlar;

sud sanatsiyasi - xo’jalik sudi tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning to’lov qobiliyatini tiklash hamda kreditorlar oldidagi qarzini uzish maqsadida qarzdorning ishlarini boshqarish vakolatlarini sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga o’tkazmagan holda qo’llaniladigan bankrotlik taomili;

tashqi boshqaruv - xo’jalik sudi tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning to’lov qobiliyatini tiklash maqsadida qarzdorning ishlarini boshqarish vakolatlarini tashqi boshqaruvchiga o’tkazgan holda qo’llaniladigan bankrotlik taomili;

tugatishga doir ish yuritish - xo’jalik sudi tomonidan kreditorlarning talablarini mutanosib ravishda qondirish hamda qarzdorni qarzlardan qutulgan deb e’lon qilish maqsadida bankrot deb topilgan qarzdorga nisbatan qo’llaniladigan bankrotlik taomili;

shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxona - xodimlari ularning oila a’zolarini ham qo’shib hisoblaganda tegishli aholi punkti aholisining kamida yarmini tashkil etuvchi yoki xodimlarining soni kamida uch ming kishi bo’lgan yoxud davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligi saqlab turilishini ta’minlovchi yoki tabiiy monopoliyalar sub’ekti bo’lgan yuridik shaxs;

qarzdor - pul majburiyatlari bo’yicha kreditorlarning talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to’lovlar bo’yicha o’z majburiyatini bajarishga qodir bo’lmagan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor;

qarzdor muassislarining (ishtirokchilarining) yoki qarzdor mol-mulki egasining vakili - bankrotlik taomili o’tkazilayotganda qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulkining egasi vakolat bergan shaxs;

qarzdor xodimlarining vakili - bankrotlik taomili o’tkazilayotganda o’z manfaatlarini himoya qilish uchun qarzdorning xodimlari vakolat bergan shaxs.

Bankrotlik so’zi italyancha “banco rotto” degan so’zdan olingan bo’lib, “kursining (o’rindiqning) sinishi” deb tarjima qilinsada, aslida qarzdorning nochor ahvolga tushib sinishi, barbod bo’lishi degan ma’noni anglatadi.

Korxonani bankrotlik holatiga tushib qolishining yana bir asosiy sabablari, rahbariyatning ishlab chiqarishdagi mas’uliyatsizligi hamda uzoq vaqt mobaynida faoliyat ko’rsatmaganligi, kreditorlik qarzlarini ya’ni byudjetdan bo’lgan qarzlarni muddatida to’lamaganligi uchun katta miqdorda jarima hisoblanishidadir.

“Bankrot” so’zi o’zbekchada “sinish” ma’nosini anglatib, salbiy xususiyatga yaqinroq bo’lsa-da, aslida iqtisodiy nochor, zarar ko’rib ishlayotgan korxonalarga nisbatan o’z vaqtida qo’llanganda katta samara berayapti. Buning ma’nosini qanday tushunish kerak? Xo’jalik sudlari tomonidan bankrot, deb e’tirof etilgan xo’jalik sub’ektlari tadbirkorlarga sotilmoqda. Shu bilan birga sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillari qo’llanilmoqda. Ammo, beli bukchayib, kelajagidan umidini uzgan korxona bankrot, deb e’lon qilinayotgan holatlar ham bor.

Bankrotlik bu korxonaning iqtisodiy nochorligi bo’lib, ushbu holatda xo’jalik sudi tomonidan e’tirof etilgan, qarzdorning pul majburiyatlari bo’yicha kreditorlar talablarini to’la hajmda qondirishga va (yoki) majburiy to’lovlar bo’yicha o’z majburiyatini to’la hajmda bajarishga qodir emasligi tushuniladi. Korxonaning bankrotlik alomatlari bu- qarzdorning pul majburiyatlari bo’yicha kreditorlar talablarini qondirishga va (yoki) majburiy to’lovlar bo’yicha o’z majburiyatini bajarishga qodir emasligi, agar tegishli majburiyatlar va (yoki) to’lovlar majburiyati yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy davomida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo’lishidir.

Korxonani bankrot deb topish faqat sud tomonidan amalga oshirilib, uni pul majburiyatlarini bajarmaganligi natijasida qarzdorni bankrot deb topish to’g’risidagi ariza bilan xo’jalik sudiga murojaat etish huquqiga qarzdor, kreditor va prokuror ega. Bundan tashqari, korxona majburiy to’lovlarni bajarmaganligi natijasida ham bankrot deb topilishi mumkin bo’lib, ushbu holatda bankrot deb topish to’g’risidagi ariza bilan xo’jalik sudiga murojaat etish huquqiga qarzdor, prokuror, davlat soliq xizmati organlari va boshqa vakolatli organlar ega. Agarda korxona o’zinig qarzdorlik majburiyatlarni 3 oy muddatda qoplay olmaslik hollari yuzaga kelayotganligin oldindan bilsa o’zini bankrot deb topish to’g’risidagi ariza bilan xo’jalik sudiga murojaat etishga haqli.

Agar yuqoridagi holat ya’ni qarzdorligini belgilangan muddatda qoplash imkoniyati yo’q bo’lgan hollarda, qarzdor korxonaning rahbari, qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor xo’jalik sudiga murojaat etishi shart:


  • bir yoki bir nechta kreditorlarning talablarini qondirish qarzdorning boshqa kreditorlar oldidagi pul majburiyatlarini va (yoki) majburiy to’lovlar bo’yicha o’z majburiyatini to’liq hajmda bajarishini imkonsiz qilib qo’yishga olib keladigan bo’lsa;

  • qarzdorning ta’sis hujjatlariga muvofiq qarzdorni tugatish to’g’risida qaror qabul qilishga vakolatli bo’lgan qarzdor yuridik shaxs organi tomonidan qarzdorning arizasi bilan xo’jalik sudiga murojaat etish haqida qaror qabul qilingan bo’lsa;

  • qarzdor unitar korxona mol-mulkining egasi vakolat bergan organ tomonidan qarzdorning arizasi bilan xo’jalik sudiga murojaat etish to’g’risida qaror qabul qilingan bo’lsa;

  • undiruv qarzdorning mol-mulkiga qaratilganda bunday undiruv qarzdorning xo’jalik faoliyatini imkonsiz qilib qo’yadi deb hisoblashga asoslar bo’lsa.

Bankrotlik taomili qo’llanilayotganda barcha kreditorlarning manfaatlarini “Bankrotlik to’g’risida”gi qonunga muvofiq tashkil etiladigan kreditorlar yig’ilishi yoki kreditorlar qo’mitasi qimoya qiladi. Xo’jalik sudi qarzdorni bankrot deb topish to’g’risidagi arizani ish yuritish uchun qabul qilib olgan paytdan e’tiboran kreditorlar qarzdorga o’z talablarini qondirish maqsadida yakka tartibda murojaat etishga haqli emas.

Kreditorlar yig’ilishining mutlaq vakolatiga quyidagi qarorlarni qabul qilish kiradi:



  • kelishuv bitimi tuzish to’g’risidagi qaror;

  • kreditorlar qo’mitasi a’zolarini saylash, uning miqdoriy tarkibini belgilash va bunday qo’mita a’zolarining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish to’g’risidagi qaror;

  • sud sanatsiyasini yoki tashqi boshqaruvni joriy etish va ularning muddatini uzaytirish to’g’risida iltimosnoma bilan xo’jalik sudiga murojaat qilish haqidagi qaror;

  • qarzdorni bankrot deb topish hamda tugatishga doir ish yuritishni boshlash to’g’risidagi iltimosnoma bilan xo’jalik sudiga murojaat etish haqidagi qaror;

  • sud sanatsiyasi rejasini tasdiqlash hamda qarzlarni uzish jadvalini ma’qullash to’g’risidagi qaror;

  • tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash to’g’risidagi qaror.

Kreditorlar yig’ilishini tashkil etish va o’tkazish sud boshqaruvchisi tomonidan amalga oshiriladi. Kreditorlar yig’ilishi, agar unda qarzdorning pul majburiyatlari va (yoki) majburiy to’lovlari umumiy summasining kamida uchdan ikki qismi miqdorida talablar bildirayotgan, ovoz berish huquqi bor kreditorlar hozir bo’lsa, vakolatli hisoblanadi. Kreditorlar yig’ilishda o’z vakillari orqali ishtirok etishlari ham mumkin. Kreditorlar yig’ilishida kvorum bo’lmasa, o’n kunlik muddat ichida kreditorlarning takroriy yig’ilishi chaqiriladi, yig’ilish, uning o’tkaziladigan sanasi, vaqti va joyi to’g’risida kreditorlar lozim darajada xabardor etilgan bo’lsa, hozir bo’lgan kreditorlar sonidan qat’i nazar, vakolatli hisoblanadi.

Bankrotlik sohasini davlat tomonidan tartibga solishni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda bankrotlik to’g’risidagi ishlar bo’yicha davlat organi amalga oshiradi.

Bankrotlik to’g’risidagi ishlar bo’yicha davlat organining o’z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, davlat boshqaruvi boshqa organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.

To’lovga qobiliyatsiz korxonalarning balans tuzilmasi qoniqarsizligini aniqlashda mezonlar tizimi aloxida axamiyatga egadir. Mezonlar tizimi joriy likvidlik, o’z mablag’lari bilan ta’minlanganlik, to’lov qobiliyatini tiklash yoki yo’qotish imkoniyatining mavjudligiga asoslanadi. Ushbu ko’rsatgichlarga qarab korxonaning balans tuzilmasi qoniqarsiz deb xisoblanishi, to’lov qobiliyatini tiklash yoki yo’qotish chinakam imkoniyatlari aniqlanishi mumkin.

Miliyaviy menejment amaliyotida korxonalarning bankrotligini oldindan aytib berish uchun turli usullardan foydalaniladi. Ulardan biri E.Altmanning «Z hisobi» bo`lib, mazkur usul o’zida bankrotlik xavfini tashxis etishning besh omilini oluvchi modelni namoyon etadi:

Z=1,2x1+1,4x2+3,3x3+0,6x4+1,0x5, (1)

bu erda:


Z – bankrotlik xavfi darajasining integral ko’rsatkichi;

x1 – ishchi kapitali (IK)ning korxona jami aktivlari (A) summasiga nisbati (u aktivlarning likvidlik darajasini ko’rsatadi);

x2 – sof foyda (SF)ning ishlatilayotgan aktivlar o’rtacha miqdori yoki jami kapitalga nisbatini namoyon etuvchi aktivlar yoki jami ishlatilayotgan kapitalning rentabellik darajasi (u korxona foydasini yaratish darajasini ko’rsatadi);

x3 – aktivlar (yoki jami ishlatilayotgan kapital)ning daromadliligi darajasi. Bu ko’rsatkich sof daromad (SD) (yalpi daromaddan mahsulot narxi tarkibiga kiruvchi soliq to’lovlarining ayirmasi)ning ishlatilayotgan aktivlarning o’rtacha miqdori yoki jami kapitalga nisbatini namoyon etadi (u korxona daromadlari joriy xarajatlarni qoplash va foydani shakllantirish uchun qay darajada etarli ekanligini ifodalaydi);

x4 – xususiy kapital summasi (XK)ning qarz kapitali (QK)ga nisbati koeffitsienti. Xorijiy amaliyotda xususiy kapital odatda balans qiymati bilan emas, balki bozor qiymati (korxona aktsiyalarining bozor qiymati) bilan baholanadi;

x5 – mahsulot sotish hajmi (SH)ning aktivlar o’rtacha qiymati yoki jami ishlatilayotgan kapitalga nisbatini namoyon etuvchi aktiv yoki kapitalning aylanishi. U x2 ko’rsatkichi bilan birgalikda korxona kapitalidan foydalanish jarayonida foydaning shakllanish multiplikatorini ifodalaydi.

Altman modeli alohida omillarining ko’rsatib o’tilgan qiymatini hisobga olgan holda bevosita hisob-kitoblar uchun quyidagi ko’rinishda tatbiq etilishi mumkin:

Z=1,2×IK/A+1,4×SF/A+3,3×SD/A+0,6×XK/QK+1,0×SH/A (2)

yoki

Zq(1,2×IK+1,4×SF+3,3×SD +1,0×SH)/A+0,6×XK/QK. (3)
Altman modelida korxonaning bankrotlik xavfi darajasi quyidagi shkala bo’yicha baholanadi (1-jadval):

1-jadval.

Altman modeli uchun baholash shkalasi


"Z" ko’rsatkichining qiymati

Bankrotlik xavfi

1,80 ga qadar

O’ta yuqori

1,81 – 2,70

Yuqori

2,71 – 2,99

Mumkin

3,00 va undan yuqori

Juda past


2. Korxonalar bankrotligiga sabab bo`luvchi omillar

Ma’lumki, iqtisodiyotda umuman xo’jalik sub’ektlari faoliyatlarining tugatilishi odatda salbiy holat sifatida qabul qilinadi. Chunki, har qanday korxonaning o’z faoliyatini to’xtatishi ma’lum darajada quyidagi holatlarning vujudga kelishi bilan bog’liq bo’ladi:



  • faoliyatga jalb etilgan iqtisodiy resurslarning yo’qotilishi, ulardan olinadigan samaraning pasayishi;

  • ishsizlar sonining ko’payishi hisobiga ijtimoiy beqarorlikning kuchayishi;

  • jamiyat a’zolari o’rtasida tadbirkorlik bilan shug’ullanishga nisbatan ishonchsizlikning paydo bo’lishi va hokazo.

Biroq, korxona faoliyatining tugatilishi doimo ham falokat, fojea sifatida qabul qilinavermaydi. Bugungi kunda, ya’ni mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarining amalga oshirilishi natijasida korxonalarning ko’plab xodimlari ularning birgalikdagi egalariga aylandilar. Biroq, aksariyat holatlarda, mulk egasining o’zgarishiga qaramasdan, ko’plab firmalar, hissadorlik jamiyatlari, xo’jalik birlashmalari etarli darajada muvaffaqiyatli faoliyat ko’rsata olmayaptilar. Shunga ko’ra, agar boshqaruv, ishlab chiqarish, marketing va texnologiyani tashkil etishni takomillashtirish sohasidagi barcha chora-tadbirlardan natija olish imkoniyati tugagan bo’lsa, u holda oqilona amalga oshirilgan likvidatsiya – korxona hissadorlari (qatnashchilari) mulkini saqlab qolish muammosining hal etilishi demakdir.

Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar moliya-xo’jalik faoliyatining tugatilishining kelib chiqishi sabablari, bu jarayonlarining o’ziga xos xususiyatlari, ularni maqsadga muvofiq yo’naltirish imkoniyatlari, salbiy oqibatlarini oldini olish muammolarini ilmiy jihatdan o’rganish korxonalarning tugatilishini keltirib chiqaruvchi turli omillar iqtisodiy tabiatining tadqiq etilishini taqozo etadi.

Eng avvalo, korxonalar faoliyatining tugatilishiga ta’sir ko’rsatuvchi omillarni shartli ravishda ob’ektiv va sub’ektiv omillarga ajratib olish zarur bo’ladi.

Ob’ektiv omillar sirasiga, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning hatti-harakati, faoliyat doirasi va shart-sharoitlaridan qat’iy nazar, mavjud iqtisodiy qonunlarning amal qilishi natijasida vujudga keluvchi hamda ta’sir ko’rsatuvchi omillar kiradi. Odatda ob’ektiv omillar ta’sirining oldini olish yoki boshqarish imkoniyat darajasidan tashqarida bo’ladi. Tadbirkorlik faoliyatining iqtisodiy tabiatini belgilab beruvchi o’ziga xos xususiyatlarning aksariyati ushbu soha sub’ektlari faoliyatining tugatilishida ob’ektiv omillar sifatida maydonga tushadi.

Xo’jalik faoliyatining tugatilishini tadqiq etish uchun bu holatni keltirib chiqaruvchi sub’ektiv omillarga e’tibor qaratilishini taqozo etadi. Sub’ektiv omillar, ob’ektiv omillardan farqli o’laroq, turli alohida holat, shart-sharoit va hatti-harakatlarning natijasi sifatida vujudga kelib, ma’lum chora-tadbirlarni qo’llash orqali ularning oldini olish yoki ta’sir darajasini boshqarish mumkin bo’ladi.

O’z navbatida, korxonalar faoliyatlarining tugatilishiga olib keluvchi sub’ektiv omillarni yanada chuqurroq o’rganish uchun, ularning kelib chiqish tavsifiga ko’ra turkumlab olish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Shunga ko’ra, mamlakatimiz va boshqa xorijiy mamlakatlar tajribasida uchrab turuvchi ko’plab sub’ektiv omillarni shartli ravishda quyidagi 4 guruhga ajratish mumkin bo’ladi:

1-guruh - shaxsiy-ruhiy omillar;

2-guruh - tashkiliy omillar;

3-guruh - me’yoriy-huquqiy omillar;

4-guruh - iqtisodiy omillar.

Shaxsiy – ruhiy omillar guruhi o’z ichiga tadbirkorning bilimi, malaka va tajribasi, ruhiy va ma’naviy qiyofasi, ishni tashkil etish va boshqarish qobiliyatlari borasida yuzaga keluvchi faoliyatni to’xtatishga olib keluvchi sabablarni oladi.

Tashkiliy omillar guruhi o’z ichiga xo’jalik yurituvchi sub’ektning tashkiliy tuzilmasida o’z faoliyatini davom ettirishida vujudga keluvchi to’siqlarni bartaraf etish, uni o’zgartirish yoki yanada takomillashtirish maqsadida faoliyatni to’xtatishga olib keluvchi sabablarni oladi.

Me’yoriy-huquqiy omillar guruhi o’z ichiga korxona faoliyatini davom ettirishda ro’y beruvchi amaldagi qonunchilik, me’yoriy qoidalarning buzilishining oldini olish va mavjud tartibbuzarlik holatlarini bartaraf etish maqsadida faoliyatni to’xtatishga olib keluvchi sabablarni oladi.

Iqtisodiy omillar guruhi o’z ichiga xo’jalik yurituvchi sub’ektning iqtisodiy manfaatlariga zid keluvchi holatlarning oldini olish va bartaraf etish maqsadida faoliyatni to’xtatishga olib keluvchi sabablarni oladi.

Korxonalar faoliyatining tugatilishiga ta’sir ko’rsatuvchi sub’ektiv omillarni 10 – chizma orqali ko’rish mumkin.

Tadbirkorlik faoliyati bo’yicha etarli bilim va malakaga ega bo’lmaslik sub’ektiv omillardan biri hisoblanadi. S.G’ulomovning ta’kidlashicha, «kichik shakldagi xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy qashshoqligi va bankrot bo’lishi tadbirkorlar, rahbarlar, firmaning menejerlari tomonidan yo’l qo’yiladigan bir qator kamchiliklarga bog’liq.

Umumiy xatolar va kamchiliklar ichidan ish boshlovchi tadbirkorlarning, kichik firma rahbarlarining, etuk yoshdagi korxona menejerlarining o’ziga xos xatolarini ajratib ko’rsatish mumkin.

Ish boshlovchi tadbirkorlarni va etuk firmalarning menejmentlarini xato va kamchiliklarini turkumlash shuni ko’rsatadiki, biznesni tashkil etishda imkoniyatlarni, resurslarni va tavakkalliklarni hayotiy tsiklini barcha bosqichlarida puxta tahlil qilish kerak bo’ladi». Savdo-sanoat palatasi vakillari o’z ish faoliyatlarida tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun korxonani ro’yxatdan o’tkazishning o’zi kifoya, deb hisoblovchilar anchagina ekanligini ta’kidlaydilar. Aslida bunday bo’lmay, «agar etarli darajadagi tayyorgarliklarsiz boshlansa, eng ajoyib biznes – g’oya ham amalga oshmay qolishi mumkin. Ishning muvaffaqiyatli borishi uchun iqtisodiyotning barcha nozik tomonlarini o’rganish lozim. Tadbirkorning etarli bilimga ega bo’lmasligi xususiy korxona faoliyatini hali boshlamay turib to’xtatilishining asosiy sabablaridan biridir».

Shuni tan olish kerakki, tadbirkorlik sub’ekti rahbarlari orasida iqtisodiy islohotlarning jadal sur’atiga ulgurmayotgan, bozorga oid ishbilarmonlik namoyish eta olmayotgan, marketing va menejment bo’yicha eng oddiy tushunchalarni bilmaydigan, eskicha iqtisodiy tafakkurlovchi kishilar oz emas. Shunga ko’ra, eng yuzaki holda tahlil qilib ko’rilgan chog’da ham, iqtisodiy nochorlik belgisiga ega bo’lgan ko’plab korxonalar – bu ishlab chiqarayotgan mahsuloti sifati va narxi bo’yicha raqobatga layoqatsiz bo’lganligi bois sotilmayotgan va oqibatda aylanma mablag’siz qolayotgan korxonalar hisoblanadi.

Muassislarning korxonadagi ishning borishidan qoniqmasligi. Korxonasini tashkil etishning keng tarqalgan shakllaridan biri sherikchilik hisoblanadi. O’z navbatida, tadbirkorlikning mazkur tashkiliy shakli korxonalarning muddatidan ilgari tugatilishiga sabab bo’ladi. Ya’ni, kichik biznes korxonasi tugatilishining yana bir sababi – bu bir necha yillar davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelgan korxonaning ta’sischilari o’rtasida daromadning taqsimlanishidir.




1-rasm. Korxonalar faoliyatining tugatilishiga ta’sir ko’rsatuvchi sub’ektiv omillar.

Tugatishning bu ko’rinishi ham qonuniyat doirasida bo’lib, statistik ma’lumotlariga ko’ra, bunday jarayon butun dunyoda yuz beradi. Bunday korxonalarning ta’sischilari bir birlariga da’volar qila boshlaydilar va natijada mol-mulkning bo’linishi orqali korxona tugatiladi.

Korxonani tashkil etishdan ko’zlangan maqsadga erishib bo’lish. Har qanday tadbirkorlik faoliyati o’z oldiga qandaydir maqsadni qo’yadi va u mazkur faoliyat uchun «mayoq» vazifasini o’taydi. Moddiy farovonlikning ma’lum darajasiga etish, kelgusi faoliyat uchun moddiy-texnikaviy asosni yaratish, biron-bir investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etish, ba’zi bir ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirish va hokazolar shunday maqsadlar qatoriga kirishi mumkin. Shu o’rinda ta’kidlash lozimki, ba’zi hollarda bunday maqsad sifatida amaldagi qonunchilikka, halol biznes yuritishga mos tushmaydigan hatti-harakatlar ham ilgari surilishi mumkin. Jumladan, iqtisodiy manbalarda yoritilishicha, xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining miqdoriy ko’rsatkichlariga ta’sir ko’rsatuvchi sabablardan biri bo’lib o’z faoliyatini ixtiyoriy to’xtatish hisoblanadi. Faoliyatni bunday tarzda to’xtatish rejali tugatish deb ataladi, ya’ni yaxshi faoliyat ko’rsatuvchi korxona soliq imtiyozlari qo’llaniluvchi davr, aytaylik dastlabki 2 yilda amal qiladi. Bunday imtiyozlar tugashi bilan tadbirkor yangi ishini boshlaydi, so’ngra yana «rejali tugatish» boshlanadi. Shu o’rinda ta’kidlash joizki, tadbirkorlikdagi bunday holat odatiy jarayon hisoblanadi.

Diversifikatsiyalashgan kompaniya ishining mazkur yo’nalishini to’xtatish istagi. Bozor sharoitida barqaror holatga ega bo’lish, bozor kon’yunkturasining qaltis oqibatlariga dosh berish, keskin raqobatda g’olib chiqish istagi korxonalarni diversifikatsiya siyosatini qo’llashga, ya’ni o’z faoliyatini kelgusida samara keltirishi mumkin bo’lgan faoliyat yo’nalishlarini o’zlashtirish hisobiga kengaytirishga undaydi. Natijada ko’plab yirik kompaniyalar bir necha soha va yo’nalishlarda faoliyat olib boradilar. Biroq, bu siyosatning o’ziga xos salbiy tomoni ham mavjud bo’lib, kompaniya moliyaviy resurslarining turli tarmoqlarga «parchalanib» ketishi, har bir yo’nalish ustidan etarli darajada bir xil nazorat o’rnatish hamda hukmron mavqeni ushlab turish mumkin emasligi kabi holatlarni keltirib chiqaradi. Shunga ko’ra, kompaniya rahbariyati muntazam ravishda o’zlari shug’ullanayotgan faoliyat yo’nalishlari tarkibiga «tuzatish» kiritib turadilar, ya’ni, istiqbolsiz faoliyat yo’nalishlarini to’xtatib, resurslarni yangi, samarali yo’nalishlarga safarbar etadilar. Buning natijasida, to’xtatilgan faoliyat yo’nalishlaridagi korxonalarni tugatish zaruriyati kelib chiqadi.

Boshqa xo’jalik jamiyatiga qo’shilish yoki birlashib ketish. O’zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida»gi Qonunining 10-bandida «korxonalar o’z huquqlarini va manfaatlarini himoya qilish maqsadida ixtiyoriy ravishda birlashishlari mumkin» deb belgilab berilgan. Shunday qilib, kichik va o’rta korxonalarning faoliyatini tugatish jarayoni – ma’lum darajada tabiiy jarayon hisoblanadi. Chunki kichik biznes va xususiy tadbirkorlik o’ta harakatchan, juda tez o’zgara oladi. Masalan, faoliyati tugab borayotgan ikki kichik korxona bitta korxonaga hech qanday muammolarsiz qo’shila oladi.

Korxonaning tashkil qilingan muddatining tugashi. Ba’zi bir korxonalar (xo’jalik birlashmalari, uyushmalar) ma’lum muddatga tuzilgan bo’lib, bu muddat ularning nizomi yoki ta’sis shartnomasida belgilab qo’yiladi. Odatda bu muddat korxonani tashkil etilishidan ko’zlangan maqsadga erishish, ma’lum vazifa va majburiyatlarning bajarilishidan kelib chiqadi. Belgilangan muddatning tugashi, korxona o’z maqsadiga erishgan bo’lishi yoki bo’lmasligidan qat’iy nazar, korxonaning o’z faoliyatini to’xtatishini taqozo etadi. Bunday muddatning tugashidan keyingi korxonaning faoliyati noqonuniy hisoblanadi va ma’lum choralar ko’rilishi xavfini tug’diradi.

Sud tomonidan korxonaning ro’yxatga olinishini asossiz deb topilishi. Tadbirkorlik faoliyatini keng miqyosda yuritish uchun korxona tuzish taqozo etilib, bu jarayon ma’lum tartib-qoidalarga bo’ysunadi. Korxona hujjatlarining tegishli talablarga javob berishini ta’minlash tadbirkor zimmasida bo’ladi. Biroq, amaliyotda ko’pincha korxonani tashkil etishda qator kamchiliklarga yo’l qo’yish hollari uchrab turadi. Korxonani tashkil etish chog’ida qonun yoki boshqa huquqiy qoidalarni buzishga yo’l qo’yilishi munosabati bilan, agar bu qoidabuzarlik to’g’rilab bo’lmaydigan tavsif kasb etsa, sudning qaroriga ko’ra korxona faoliyati to’xtatilishi mumkin.


3. Korxonalarning bankrotligini oldini olish, ularni moliyaviy sog’lomlashtirish va reestrukturizatsiya qilish yo’nalishlari

Iqtisodiy nochor xo’jalik sub’ektlariga nisbatan bankrotlik tartibotini qo’llashda ularga o’z iqtisodiy ahvolini o’nglab olishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida respublika xo’jalik sudlari tomonidan sud sanatsiyasi hamda tashqi boshqaruv huquqiy institutidan foydalanishga e’tibor qaratilmoqda. Sud sanatsiyasi xo’jalik sudi tomonidan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan uning to’lov qobiliyatini tiklash hamda kreditorlar oldidagi qarzini uzish maqsadida qarzdorning ishlarini boshqarish vakolatlarini sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga o’tkazmagan holda qo’llaniladigan bankrotlik taomili hisoblanadi.

Restrukturizatsiyalash jarayonini quyidagi yo’nalishlarga bo’lishimiz mumkin:

- korxonanining ishlab chiqarishini yoki ishlab chiqarish quvvatlarini restrukturizatsiyalash.

Bunda korxonaning ishlab chiqarish strukturalarini tahlil qilish orqali, qaysidir qism ishlab chiqarish quvvatlarini saqlab qolish yoki kelajakda bozorini yo’qota borayotgan va korxonaga zarar keltiruvchi, ya’ni kelajagi yo’q ishlab chiqarish quvvatlarini to’xtatish belgilab olinadi. Bu to’xtalishi nazarda tutilgan ishlab chiqarish quvvatlarida bozor talabidan kelib chiqqan holda yangi ishlab chiqarishni tashkil qilish, yoki shu ishlab chiqarish quvvatlari bazasida boshqa ishlab chiqarishga mo’ljallangan (profilini o’zgartirgan holda) sho’’ba va qo’shma korxonalar tashkil qilish, yoki sotish nazarda tutiladi.

Qisqacha qilib aytadigan bo’lsak restrukturizatsiyalashning bu qismida korxona qanday mahsulot, ish xizmat ishlab chiqarishi va qaysi bozorni egallashi, ishlab chiqarish quvvatlarni qanday taqsimlanishi strategiyalari belgilab olinadi.

Korxonalarning 2-3 yilga mo’ljallangan ishlab chiqarish va korxonani yangi texnologiyalar bilan qayta jihozlash (rekonstruktsiya qilish) dasturlari ishlab chiqiladi, hamda bu dasturlarning samaradorligi aniqlanadi.

  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling