Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyat sari
Download 31.14 Kb.
|
JAVOBLAR
- Bu sahifa navigatsiya:
- 2-javob Ko‘ppartiyaviylik - demokratik jamiyat barpo etishning muhim sharti (O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarning shakllanishi va faoliyatlari).
- 3. Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonunning (2018) qabul qilinishi va uning ahamiyati.
- Shuhrat YAKUBOV
- Yuqoridagi ijobiy tendensiyalar bilan birga, jamoatchilik nazorati amalga oshirilishi zarur bo‘lgan yana qanday masalalar bor
1-bilet 1. “Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyat sari” konsepsiyasi. 2. Ko‘ppartiyaviylik - fukarolik jamiyat barpo etishning muxim sharti 3. Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonunning (2018) qabul qilinishi va uning ahamiyati. 1. “Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyat sari” konsepsiyasi Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirishning hozirgi bosqichida fuqarolik jamiyati institutlari tom ma’noda demokratik qadriyatlarni ro‘yobga chiqarish, inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi. Zaminimizda qadimdan shakllangan mahalla instituti bugun aholining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirokini, jamiyatda manfaatlar muvozanatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan mustahkam jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mavqei yanada kuchaymoqda. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, mahalla nufuzini ko‘tarish nafaqat iqtisodiy, nafaqat ijtimoiy, balki bu – siyosiy, tarbiyaviy, ulkan ma’naviy masaladir. Mahalla ajdodlarimizdan bizga meros jamoaviy turmush shakli sifatida asrlar osha yashab kelayotgan bo‘lsa-da, ana shunday ezgu maqsaddan kelib chiqqan holda istiqlol yillarida bu noyob institut fuqarolik jamiyati poydevori sifatida sayqal topdi. Ma’lumki, saylovlar – demokratiyaning bosh mezoni, huquqiy demokratik davlat va tadrijiy rivojlanib borayotgan fuqarolik jamiyatining muhim qismi, xalq irodasini ifoda etishning, fuqarolar davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda faol ishtirokining asosiy shaklidir. Shu ma’noda, oqsoqollar va ularning maslahatchisi etib eng munosib nomzodlar saylanishini ta’minlaydigan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va ularning maslahatchilarini saylash tizimi muhim demokratik jarayondir. Mustaqillik yillarida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining huquqiy asoslari tadrijiy rivojlanmoqda. Mahalla instituti jamiyat siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotining muhim qismiga aylanmoqda. Shuni alohida e’tirof etish lozimki, mahallalarning bunyodkorlik salohiyatiga ega bo‘lgan o‘zini o‘zi boshqarishning g‘oyat muhim birlamchi bo‘g‘ini sifatida fuqarolarning eng dolzarb muammolarini o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli hal etishdagi ta’siri va ahamiyati ortib bormoqda. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yilligini nishonlash arafasida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari sayloviga eng muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirdir. Mahalla instituti mamlakatimizga xos milliy qadriyat va xalq ma’naviyatining sarchashmasidir. Boshqacha aytganda, o‘zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, yetim-yesirlarning boshini silash, to‘y-tomosha, hashar va ma’rakalarni ko‘pchilik bilan bamaslahat o‘tkazish kabi yumushlar mahalla hayotida yorqin namoyon bo‘ladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi jarayonida ham mahalla muhitida shakllangan va rivojlangan milliy qadriyatlarimizning noyobligi, betakrorligi va afzalliklari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayni paytda mahalla yuksak ma’naviyat beshigidir. Chunki, inson ma’naviyati, avvalo, oila va mahallada shakllanadi. Oila va mahalla muhitida qaror topgan milliy va ma’naviy qadriyatlar istiqlol g‘oyalariga sodiq komil insonni tarbiyalash va millat ravnaqiga xizmat qiladi. “Mahalla – ham ota, ham ona” degan hikmat ham bu hayotiy haqiqatning yorqin ifodasidir. Mamlakatimizda 2008 yil noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tgan avvalgi saylovlar yakunlari bo‘yicha 9881 nafar fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va ularning 85 ming nafardan ortiq maslahatchisi saylangan edi. Joriy yilda 9973 nafar fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) va ularning 98 ming nafardan ortiq maslahatchisini saylash ko‘zda tutilgan. Bugun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari aholini ijtimoiy himoyalash, yurtimiz obodligi va odamlar turmush farovonligini oshirish, yoshlarni tarbiyalash bilan bog‘liq bir qator vazifalarni bajarmoqda. Ayniqsa, fuqarolar yig‘inlari tashabbusi bilan aholi bandligi ta’minlanmoqda, kasanachilik, hunarmandchilik, xususiy tadbirkorlik, fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, aholiga sifatli tibbiy va maishiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami tobora kengaymoqda. Eng muhimi, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishda hamyurtlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi yaqqol ko‘zga tashlanayotir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi. Mahalla boshqaruviga bunday katta e’tibor bugun mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning xalqchilligidan yana bir dalolatdir. Ayni paytda u yurtimizda amalga oshirilayotgan “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyat sari” degan tamoyilning amaliy ifodasi bo‘lib, ma’naviy hayotimizni yanada mustahkamlash, yosh avlodimizning ongu tafakkurini zamonaviy asosda shakllantirish borasida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari jamoatchilik asosidagi o‘zaro yordamning eng demokratik talablariga mos ravishda faoliyatini amalga oshirishi o‘tkaziladigan saylov jarayonida ham namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasiga ko‘ra, shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi. O‘zini o‘zi boshqarish organlarini saylash tartibi, faoliyatini tashkil etish hamda vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi. Aytish joizki, fuqarolarning ijtimoiy faolligi ularning saylovlar jarayonida o‘z siyosiy huquqlarini bevosita yoki bilvosita amalga oshirishida yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasida fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki o‘zini o‘zi boshqarish yo‘li bilan amalga oshirilishi mustahkamlangani ushbu demokratik va xalqchil institutning kuchli fuqarolik jamiyatini qurishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari samaradorligini oshirishda 2004 yilda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilingani muhim omil bo‘layotir. 2003-2008 yillarda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzurida yarashtiruv komissiyalari, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmalarini tashkil etish, diniy-ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar lavozimini joriy etish, aholi tomonidan uy-joy kommunal xizmatlar haqi batamom to‘lanishini ta’minlaganlik uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga mablag‘ ajratish tartibini nazarda tutuvchi muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ayni paytda bu chora-tadbirlar joylarda dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal qilishda mahallaning roli va ahamiyatini yanada oshirish, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam berish, hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha ishlarni takomillashtirish va boshqa vazifalarni hal qilish imkonini berayotir. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”da fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish instituti – mahalla faoliyatining tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, uning vazifalari ko‘lamini kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan o‘zaro yaqin munosabatlarini ta’minlash alohida dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan. Bu vazifani hal qilishda “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiqdir. Bunda mahallani aniq yo‘naltirilgan asosda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish, shuningdek, uning davlat boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borish tizimidagi vazifalarini yanada kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratish lozim. Shu bilan birga, Konsepsiyada “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari saylovi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha oqsoqollar va ularning maslahatchilari eng munosib fuqarolar ichidan saylanishini, fuqarolar ijtimoiy faolligini kuchaytirishda mahallaning ahamiyati va roli oshirilishini ta’minlaydigan chora-tadbirlarni nazarda tutadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilindi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovining eng muhim xususiyatlaridan biri rais (oqsoqol) va uning maslahatchilari mahallada doimiy istiqomat qiluvchi shaxslar orasidan saylanishida ham ifodalanadi. Bu holat rais (oqsoqol) va uning maslahatchilari demokratik talablar asosida saylanishida ham ko‘rinadi. Ya’ni, saylovning erkin va ixtiyoriylikka asoslanganligi nafaqat umuminsoniy tamoyillarga, balki milliy qadriyatlarimizga ham to‘la mos keladi. Yana bir jihati, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqol) va uning maslahatchilariga saylov saylovchilarning doimiy istiqomat qiladigan joylarida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘ini tomonidan amalga oshiriladi. Boshqacha aytganda, maxsus saylov okruglarini tashkil etish talab etilmaydi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) faqat bir muddatga emas, balki bir necha muddatga ham saylanishi mumkin. Bu esa kimni rais (oqsoqol) sifatida tanlab olishni hal etish fuqarolarning o‘zlariga bog‘liqdir. Rais (oqsoqol) mahalla ruhiyatini o‘zida mujassamlashtiruvchi shaxsdir. “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 14-moddasiga muvofiq, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar ko‘rsatish tegishli hududda yashovchi aholining fikrini hisobga olgan holda ishchi guruhi tomonidan amalga oshiriladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga ko‘rsatilgan nomzodlarga doir hujjatlar tuman yoki shahar hokimi bilan kelishish uchun tegishli tuman yoki shahar komissiyasiga saylovdan kamida o‘n kun oldin topshiriladi. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning tashkilotchilik qobiliyati, hayotiy tajriba va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi unga qo‘yilgan muhim talab, qolaversa, uni saylashning eng muhim mezoni hisoblanadi. Rais (oqsoqol) mahalla hayotini biladigan obro‘-e’tiborga ega, jamoatchilik hurmatiga sazovor shaxs bo‘lishi lozim. Raisni (oqsoqolni) mahalla aholisi katta ishonch bildirib saylaydi. Bunday saylovning o‘ziga xos jihati shundaki, birinchidan, rais (oqsoqol) saylanadi, ikkinchidan, fuqarolar yig‘ini raisligi lavozimiga o‘tkaziladigan saylovda g‘olib chiqqan nomzod tomonidan taklif etiladigan maslahatchi saylab olinadi. Shu sababli, nafaqat rais (oqsoqol)ning, balki uning maslahatchisining katta hayotiy tajribaga ega bo‘lishi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qilishning, qolaversa, aholi ishonchini oqlashning eng muhim garovidir. Ayniqsa, mahallaga davlat va jamiyat ahamiyatiga molik aniq yo‘naltirilgan asosda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish, shuningdek uning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borish tizimidagi vazifalarni yanada kengaytirishning qonunchilik asoslari tadrijiy takomillashtirilayotgani ularning roli va ahamiyati yanada ortayotganidan dalolat beradi. Saylov fuqarolar yig‘ini faoliyatining samaradorligini oshirishda va jamiyat tafakkurining yuksalishida ham g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Ya’ni, o‘zini o‘zi boshqarishning demokratik shakl va usullarini yanada takomillashtirishga erishiladi. Aytish joizki, o‘zini o‘zi boshqarishni takomillashtirish fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning nafaqat asosiy sharti, balki muhim vositasidir. Yurtboshimiz Islom Karimov ta’biri bilan aytganda, o‘zini o‘zi boshqarish organlari – bizning kelajagimiz. Fuqarolik jamiyatini qurmoqchi ekanmiz, uning asoslarini tashkil etuvchi poydevor mana shu organlar bo‘ladi. Biz bugun ana shu asoslarni qurishni boshladik… Fuqarolik jamiyati bu – o‘zini o‘zi boshqarishdir. Uning birinchi va asosiy tamoyili shu. Darhaqiqat, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati institutlarining roli tobora ortib borayotgan sharoitda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovining umuminsoniy va milliy qadriyatlar hamda qonun hujjatlari talablari asosida tashkil etilishi va o‘tkazilishi ular zimmasiga yuklatilgan aniq yo‘naltirilgan vazifalarni hal qilish imkoniyatini yaratadi.
Partiya tizimi- siyosiy institutlar tushunchasi, jamiyatning siyosiy tuzilishi va jamiyat a’zolarini va davlat va jamiyat hayotida ishtirok etishning qabul qilingan hamda e’tirof etilgan qoidasi. Jamiyatda ko‘ppartiyaviylik tizmi fuqorolarga turli partiyalardan nomzodlarni tanlab olish va jamiyatni davlatlashtirishda u yoki bu dasturga afzallik berishga imkon yaratadi. Ko‘p partiyaviylik tizmi rivojlangan mamlakatlarda mavjud bo‘lib, O‘zbekiston ham o‘z mustaqilligiga erishgach ko‘ppartiyaviylik yo‘lini tanladi. Dunyoda bundan boshqa bir va ikki partiyalik tizmi ham mavjud bo‘lib kelgan. Ko‘ppartiyaviylikning qaror topishi- jamiyatni demokratlashtirib borishning muhim belgisi hisoblanadi hamda ko‘ppartiyaviylik turlicha yondashuviga, muqobillikka sog‘lom raqobatga va samarali tanqidga olib boruvchi asosiy omildir. Hozirgi vaqtda Respublikasizda 5 ta siyosiy partiya ro‘yxatga olingan va faoliyat ko‘rsatmoqda, bu partiyalar haqida qisqacha to‘xtalamiz. 1. O‘zbekiston halq demokratik partiyasi (O‘zXDP) – 1991 yil 1 noyabr da tashkil topgan. Shiori: «O‘zbekiston kelajagi buyuk davlat». Partiya a’zolarining soni 580 mingdan ko‘p. O‘zXDP o‘z saflarida keng ommani: ziyolilar, xizmatchi, dehqon, tadbirkor, yoshlarni biriktirgan. Oliy Majlisda 1995-1999 yillarda 69 deputat, 1999-2004 yillarda 50 deputat, saylangan bo‘lsa, hozirgi vaqtda ( 2005 – 2010) parlamentda deputatalarning 23,3 foizini tashkil qiladi (2- o‘rinda). Bu partiya dastlab, 1991 yilda mamlakat prezidentligiga I.Karimov nomzodini ko‘rsatgan edi. O‘zXDP o‘z dasturiga «Yoshlar – vatan kelajagi» nomli maxsus band kiritgan. Partiya prezidentimiz olib borayotgan siyosatini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Matbuot organi «O‘zbekiston ovozi» gazetasi. 2. O‘zbekiston «Adolat» sotsial demokratik partiyasi –1995 yil 18 fevralda tashkil topgan. Partiya a’zolari 40 mingdan ortiq. Partiya elektorati keng omma tabaqasini o‘zida biriktirgan bo‘lib, o‘rta hol va extiyojmand aholi tabaqalariga tayanadi. Shiori «Elim deb, yurtim deb, yonib yashash kerak» g‘oyasini ilgari surgan. Maqsadi: O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va ellatlarning umumiy manfaatlariga mos keladigan, demokratiya tamoyillariga asoslangan, yangi ijtimoiy munosabatlarni qaror toptirish, adolatli fuqorolik jamiyatini qurish. Oliy Majlis tarkibida bu partiyadan 1995-1999 yillarda 47 ta deputat, 1999-2004 yillarda 11 ta deputat, hozirgi vaqtda (2005 – 2010) esa 10 ta deputata a’zo bo‘lgan. 3. O‘zbekiston milliy tiklaninsh demokratik partiyasi – 1995 yil 3 iyunda tashkil topgan, a’zolari 20 ming kishidan ko‘p. Partiya o‘z elektoratida ko‘proq ziyolilarga suyanadi. Ijtimoiy qatlam sifatida o‘rta tabqani biriktirgan. Partiyaning bosh maqsadi-milliy manfaatlar zaminida yangi o‘zbek davlatining asoslarini yaratish, huquqiy davlatni qurish. Parlamentda bu partiyaning 1995-1999 yillarda 7 deputat, 1999-2004 yillarda 12 deputat, (2005 – 2010) hozirda esa 11 nafar deputati mavjud. 4. O‘zbekiston Fidokorlar milliy demokratik partiyasi – 1998 yil 28 dekabrda tashkil topgan. Partiya a’zolari 60 mingdan ziyod. Shiori: Millatimiz dardiga darmon bo‘laylik. Partiya elektoratining ko‘chiligi yoshlar tashkil qiladi. Maqsadi: «Kuchli davladan kuchli jamiyat sari» borish, erkin bozor iqtisodyotiga asoslangan ochiq, demokratik huquqiy davlat qurish. Milliy, umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan adolatli fuqarolik jamiyati negizlarini barpo etish, el-yurt turmush darajasini taraqqiy topgan xalqlar va davlatlar darajasiga ko‘tarish, mamlakatimizning jahon hamjamiyati orasida munosib o‘rin olishga amaliy xissa qo‘shishdan iborat. Partiya hokmiyatga erishish uchun Prezident, paarlament, Mahalliy davlat hokmiyati, o‘zini-o‘zi boshqarish idoralariga saylovlarda qatnashib kelmoqda. 1999–2004 yillarda Parlamentda 52 deputati saylangan bo‘lsa, hozirgi davrda (2004–2010) Oliy Majlis qonunchilik palatasida 18 deputati (21,6%) mavjud. 2000 yil 9 yanvarda Prezident saylovchiga I.Karimov nomzodini ana shu partiya ko‘rsatgan edi hamda g‘olib bo‘ldi. 2000 yil 14 aprelida O‘zdekiston Fidokorlar milliy demokratik partiyasi “Vatan taraqqiyoti” (1992 yil 24 mayda tuzilgan) qo‘shildi. 5. O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi – 2003 yil 15 noyabrda tashkil topgan. A’zolari 260 mingdan ko‘p. Bosh maqsadi ishbilarmon tadbirkorlarni keng faoliyat yuritishi uchun imkoniyat yaratish. Partiya a’zolari 150 mingdan ko‘p. Elektorati: tadbirkorlar. Shiori “Ishbilarmon, mardlik va shioat sohibi azmi qat’iy bir kishi ming-minglab tadbirsiz kishidan yaxshidir”. O‘zLDPsining Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 41 deputati bor. Partiyaning 36 a’zosi Senatga saylangan. 1996 yil 26 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 7-sessiyasida «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi (ungacha siyosiy partiyalar faoliyati 1991 yil 15 noyabrda qabul qilingan «O‘zR da jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi qonun mavjud edi). Yangi qonun 17 moddadan iborat. Bunda Prezidentlik vakolatlarini bajarish davrida siyosiy partiyaga a’zo bo‘lmasligi aytilgan. Yangi qonunda quyidagilar siyosiy partiyalarga a’zo bo‘lmaydi: sudyalar, prokurorlar va prokuratura tergovchilari, ichki ishlar organlari, milisiya xavfsizligi xizmati xodimlari, xarbiy xizmatchilar, xorijiy dalat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar. Siyosiy partiya tuzish kamida 8 ta hududiy sub’ekt (viloyat), shu jumladan Qoraqalpog‘iston R va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida 5 ming fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi. (oldin 5 ta viloyatdan 3 ming imzo to‘plasa bo‘ldi edi). Siyosiy partiya tuzish tashabbuskorlari kamida 50 kishidan iborat bo‘lib, partiya ta’sis hujjatlarini tayyorlashi, ta’sis se’zdi yo konferensiyasini chaqirish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tuzishlari lozim. Tashkiliy qo‘mita tuzilgan kundan boshlab, 7 kun ichida adliya vazirligiga qo‘mita haqida, rahbariyati haqida xabardor qilishi lozim. Tashkiliy qo‘mita 3 oy faoliyat ko‘rsatish mumkin. S’ezd yoki konferensiya chaqirish lozim. Bunda partiya Ustavi va dasturi qabul qilinishi aytilgan. Ustav qabul qilingach bir oy ichida. O‘zR Adliya vazirligiga xabardor qilishi kerak. Adliya vazirligi hujatlarni 2 oy ichida ko‘rib chiqadi. Ro‘yxatdan o‘tsa ommaviy axborat orqali e’lon qilinadi. Siesiy partiya xar yili barchaning e’tibori uchun o‘z byudjetlarini e’lon qilib boradi. Bu xaqida Oliy Majlis yo vakolat beruvchi organga xisobat taqdim etadi. Xozirgi vaqitda Adliya vazirli ro‘yxatidan o‘tib mamlakatimizda foliyat ko‘rsatayotgan 5 ta siyosiy partiyalar mavjud. 2004 yil 30 aprelda O‘zR Oliy Majlisi 14-sessiyasida «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi. Barcha demokratik davlatlarda bo‘lganidek, bizda ham partiyalarning o‘zaro kurashi g‘oya va qarashlarning raqobati, saylovchilar ovozi uchun kurash bo‘lishi shart. Endilikda bu harakatlarni amalga oshirishda davlatning o‘zi moliyaviy jihatdan ta’minlashi qonunan hal etildi. Bu masala siyosiy kasb etadi. Bu qonun o‘zida partiyalar moddiy manbalarni aniq ko‘rsatadi. Partiyaning moliyaviy faoliyati barchaning ko‘zi oldida ochiqligini, mablag‘lari qaysi yo‘llar orqali kelayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan moliyaviy huquq buzarlik uchun yuridik javobgarlikni keltirib chiqaradi. Hozirgi kunda jahonda partiyalarning moliyaviy manbalari 3 guruhga bo‘linadi; partiyalarning o‘z mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning hayriya ehson va ixtiyorlari badallari hamda davlat tomonidan moliyalashtirishdan iborat. 3. Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonunning (2018) qabul qilinishi va uning ahamiyati. Aholining ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyati qonunda obyekt doirasiga kiritilmaganini deputat izohladi. Jamiyat hayotidagi eng dolzarb, aholini, ularning muayyan qatlamini tashvishga solayotgan muammolarni hal etish uchun jamoatchilik nazorati muhim. Qolaversa, jamoatchilik nazoratining mavjudligi demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati taraqqiyotining muhim shartidir. Aynan jamoatchilik nazorati orqali fuqarolar va jamoat tuzilmalari jamiyat hayotidagi muammolarning yechimini topishga erishadilar. Demak, jamoatchilik nazorati institutini erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning, shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni tashkil etishning muhim vositasi deyish mumkin. Shu ma’noda, mamlakatimizda nihoyat “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi va 2018-yil 13-aprel kuni matbuotda e’lon qilindi. Xo‘sh, fuqarolik jamiyati barpo etishda ushbu qonunning o‘rni qanday? Mazkur huquqiy hujjatni jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda mukammal yaxlit qonun deya olamizmi? Shu va boshqa savollar bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shuhrat YAKUBOVga murojaat qildik. – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashdek yuksak vazifalarga fuqarolik jamiyati institutlarisiz erishish mumkin emas. O‘zbekistonda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda. Avvalo, Konstitutsiyamizda davlatning jamiyat oldidagi mas’ulligi mustahkamlab qo‘yildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasiga muvofiq davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar. Shuningdek, 2014-yil 16-aprelda qabul qilingan qonunga asosan, Konstitutsiyamizning 32-moddasi jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga oid yangi norma bilan to‘ldirildi. Asosiy qonunda bunday normalarning aks etishi, jamoatchilik nazorati institutiga konstitutsiyaviy-huquqiy maqom berdi. Shu bilan birga, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga oid qonunchilik tizimining shakllanishiga zamin yaratdi. Yuqoridagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. – Ko‘plab rivojlangan mamlakatlar tajribasida uchramaydigan bunday yaxlit qonunning qabul qilinishi, keng jamoatchilik tomonidan ijobiy kutib olindi. Shu ma’noda, yangi qonun orqali belgilab berilgan jamoatchilik nazoratining subyektlari va shakllari xususida gapirsangiz. – Mazkur Qonun bilan jamoatchilik nazoratining subyektlari, uni amalga oshirish shakllari va huquqiy mexanizmlari aniq belgilab berildi. Qonunda jamoatchilik nazorati subyektlari sifatida O‘zbekiston Respublikasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, jamoatchilik kengashlari, komissiyalar belgilangan. Ular bir so‘z bilan aytganda, fuqarolik jamiyati institutlari hisoblanadi. Qonunning 6-moddasida jamoatchilik nazoratining quyidagi sakkizta shakllari belgilangan: davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar; davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish; jamoatchilik muhokamasi; jamoatchilik eshituvi; jamoatchilik monitoringi; jamoatchilik ekspertizasi; jamoatchilik fikrini o‘rganish; fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ijro etuvchi hokimiyat organlarining, boshqa tashkilotlar va muassasalarning hisobotlarini eshitish. Aynan ushbu shakllar orqali davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligini o‘rnatish, bu orqali ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish mumkin. Masalan, jamoatchilik nazorati subyektlari davlat organlariga arizalar, shikoyatlar va takliflar bilan murojaat qilishga, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularga so‘rovlar yuborishga haqli. Fuqarolik jamiyati institutlari muayyan hududda aholini tashvishga solayotgan masala yuzasidan murojaat yoki so‘rov yuborish orqali mazkur muammoni hal etishga ko‘mak berishi mumkin. – Ushbu qonunning 16-moddasida aks etgan davlat organlarining jamoatchilik nazorati sohasidagi huquq va majburiyatlari qatorida “jamoatchilik nazoratini o‘tkazish yuzasidan tashabbus ko‘rsatishga haqli” ekani belgilandi. Bu nima degani? Ushbu norma amaliyotda nima beradi? – Darhaqiqat, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunda yana bir muhim qoida mustahkamlandiki, uni to‘g‘ri va samarali qo‘llanishi kelgusida davlat va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Aynan siz aytgan jihatlarni nazarda tutmoqdaman. Agar, mazkur norma amalda to‘g‘ri va maqsadli qo‘llansa, muayyan davlat organi rahbari o‘z faoliyatini yaxshilash, unga chetdan baho berish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlariga jamoatchilik nazoratini amalga oshirish yuzasidan tashabbus bilan chiqadi. Natijada o‘z ishidagi ayrim kamchiliklar, qonuniy faoliyati davomida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar hamda foydalanilmagan imkoniyatlari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar olib, o‘z faoliyatini yaxshilashga erishadi. Bu huquqiy norma o‘z ahamiyatiga ko‘ra, muayyan davlat organlari faoliyatini qonuniy asosda tashkil etishga, o‘z vakolatlaridan samarali foydalanish va majburiyatlarni to‘liq bajarish yo‘lida yangi imkoniyatdir. Shu bilan birga, mohiyatan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. – Yana bir muhim masala normativ-huquqiy hujjatlar yoki ijtimoiy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazishdir. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar ham mazkur amaliyotning huquqiy mexanizmlari ayrim qonunlarimizda o‘z aksini topgan edi. – To‘g‘ri, masalan bunday tartib “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasida mavjud edi. Unga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun loyihani ishlab chiqayotgan tashkilot tomonidan ishchi guruh (komissiya) tuzilishi mumkinligi uning tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari va fuqarolarning o‘z roziligi bilan kirishi mumkinligi belgilangan. Mazkur qoidalarning amaliy ijrosi sifatida, so‘ngi vaqtlarda parlament faoliyatida, uning qo‘mitalari va komissiyalari ishiga nodavlat notijorat tashkilotlar vakillarini keng jalb etish kuzatilmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalari qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruhlari tarkibiga davlat organlari, ilmiy muassasalar vakillari bilan bir qatorda, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ham kiritilmoqda. Mazkur jarayonning huquqiy mexanizmlarini “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida yanada to‘liq shaklda quyidagicha bayon etildi: “Ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, davlat organlarining boshqa qarorlarini ommaviy muhokama qilish jamoatchilik muhokamasidir. Jamoatchilik muhokamasini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari o‘tkazishi mumkin. Jamoatchilik muhokamasi turli ijtimoiy guruhlarning vakillari, shu jumladan, muhokama etilayotgan masala huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan yoki daxldor bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarning ishtirokida o‘tkazilishi mumkin”. Bu normalar davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni ta’minlashda alohida ahamiyatga ega. Masalan, 2017- yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi ishlab chiqilib, u bilan birga quyidagi ikkita hujjat – 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi keng jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Loyihalarni tayyorlash davomidagi muhokamalarda fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari siyosiy-huquqiy jihatdan yuksak faollik ko‘rsatib, olib borilayotgan islohotlarga alohida qiziqish va daxldorlikni namoyon qildilar. Xususan, loyihalarning “Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi” portalida yo‘lga qo‘yilgan jamoatchilik muhokamasi natijalari bo‘yicha 1 310 ta taklif va mulohazalar kelib tushib, ular asosida Davlat dasturining 41 ta bandi qayta ko‘rib chiqildi. Yuqoridagi jamoatchilik muhokamalariga qo‘yilgan davlat dasturida faqat davlat yoki, davlat organlarining manfaatlari emas, balki oddiy xalqning, aholining turli qatlamlarining xohish-irodalarini ham aks etishiga erishilmoqda. Yoki, ushbu muhokamalar sabab, bir qator davlat organlari bilan turli nodavlat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik o‘rnatildi. Bu davlat ahamiyatiga molik eng muhim qarorlarni qabul qilishda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat organlari bilan hamkorligining huquqiy asoslarini amalga tatbiq etilishining yorqin namunasidir. – Yuqoridagi ijobiy tendensiyalar bilan birga, jamoatchilik nazorati amalga oshirilishi zarur bo‘lgan yana qanday masalalar bor? – Darhaqiqat, jamiyat hayotidagi eng dolzarb, aholini, ularning muayyan qatlamini tashvishga solayotgan muammolarni hal etish uchun jamoatchilik nazoratini amalga oshirish muhim. Masalan, korrupsiyaga qarshi kurash, aholi bandligini ta’minlash, mahalliy davlat hokimiyati rahbarlarining qonun hujjatlariga zid ravishda ayrim soha (ta’lim, tibbiyot va h.k.) vakillarini majburiy ishlarga jalb etish kabi aholini tashvishga solayotgan, mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga, aholining kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan sohalar ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish zarur. Ayniqsa, korrupsiyaga qarshi kurashda davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligi kuchaytirilishi lozim. 2017-yildan boshlab O‘zbekistonda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni kuchga kirdi. Korrupsiogen ko‘rinishlarning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida” qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi Qarori bilan “2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi” qabul qilindi. Shuningdek, “Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003-yil 31-oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha boshqarmalar tuzildi. Amaliyotda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat, shu jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari, bilan korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik turli ko‘rinishlarda amalga oshirilmoqda. Lekin, bugungi kunda mazkur sohadagi ikki sektor hamkorligi talab darajasida emas. Fikrimizcha, avvalo davlat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash faqatgina normativ hujjatlarni qabul qilish yoki targ‘ibot ishlari bilan emas, balki zamonaviy va ta’sirchan choralarni keng qo‘llash bilan amalga oshirilishi lozim. Shuningdek, tegishli davlat organlari tomonidan nodavlat sektorining mazkur sohadagi hamkorligiga kengroq yo‘l ochish, korrupsiogen vaziyatlarni aniqlagan, ular haqida ogohlantirgan fuqarolik jamiyati institutlarini rag‘batlantirishning huquqiy mexanizmlari ishlab chiqilib, amalga tatbiq etilishi zarur. – Qonunning 4-moddasida jamoatchilik nazoratining obyektlari sifatida “Davlat organlarining, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalarning va ular mansabdor shaxslarining” faoliyati nazarda tutilgan. Lekin aholining ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyati obyekt doirasiga kiritilmagan. Vaholanki, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘ztransgaz”, “O‘zbekenergo” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati kabi xo‘jalik boshqaruvi organlari va ularning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan ham jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi bugungi kunning eng muhim masalalaridan. Aholining ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyati qonunda nega obyekt doirasiga kiritilmadi? – Aynan ushbu jihatlar Qonunchilik palatasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Ehtimol xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyati obyekt doirasiga kiritilmagani nazariy-huquqiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Biroq, savolingiz o‘rinli. Ko‘plab fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyati obyekt doirasiga kiritilishi kerak edi. Mamlakatimizdagi bugungi real vaziyatdan kelib chiqsak, xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyati ham obyekt doirasiga kirishi maqsadga muvofiq. Jamoatchilik nazoratining subyekti bo‘lgan oddiy fuqaro o‘zi hayoti davomida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘ztransgaz”, “O‘zbekenergo” va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati kabi xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyati bilan ko‘p to‘qnashadi. Shu nuqtai nazardan, xo‘jalik boshqaruvi organlari va ularning mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan ham jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Chunki fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining ijro etilishini ta’minlash bo‘yicha; o‘z zimmasiga yuklatilgan sotsial va ijtimoiy manfaatlarga daxldor bo‘lgan vazifalar va funksiyalarni samarali bajarish bo‘yicha; samarali va sifatli xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha; ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni bajarish bo‘yicha ularning faoliyati ham jamoatchilik nazorati obyekti bo‘la oladi. Kelgusida amaliyotdagi ehtiyojdan kelib chiqib, bu masalani ham qonunchilikka kiritish lozim. Shu o‘rinda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-iyuldagi Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasini yodga olaylik. Davlatimiz rahbari “Bugun hayotning o‘zi parlament nazorati obyektlari doirasini kengaytirishni ham talab etmoqda. Amaldagi qonunga ko‘ra, parlament faqat davlat organlari faoliyati ustidan nazorat olib borishi mumkin. Biroq xo‘jalik boshqaruvi organlari, xususan, “O‘zbekneftgaz”, “O‘zbekenergo” va boshqa kompaniya va birlashmalar bundan chetda qolmoqda. Shu maqsadda “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish lozim, deb hisoblayman” deya fikr bildirgan edilar. Bundan so‘ng, 2018-yil qabul qilingan qonunga asosan, parlament nazorati obyektlari doirasi kengaytirilib, jamoatchilik nazorati obyektlari doirasiga xo‘jalik boshqaruvi organlari ham kiritildi. Ushbu tajribadan kelib chiqib, kelgusida O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasidagi, jamoatchilik nazorati obyekti doirasiga xo‘jalik boshqaruvi organlari va ular mansabdor shaxslarining faoliyati ham kiritilsa, xalqimiz uchun foydali bo‘lar edi. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, mazkur qonun huquqiy amaliyotimizda yangi hujjat, nazorat-sinov desak ham to‘g‘ri bo‘ladi. Agar qonun normalari hayotga izchil tatbiq etilib, keyinchalik kamchiliklari namoyon bo‘lsa, kelajakda yanada takomillashtiriladi, albatta. Download 31.14 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling