M. Vafoyeva, U. Shodiyorova 3-sinfda otlarning egalik qo'shimchalari bilan qo'llanishini o'rgatishda maqollardan foydalanish


Download 20.8 Kb.
Sana26.11.2021
Hajmi20.8 Kb.
#177652
Bog'liq
Umida


M.Vafoyeva, U.Shodiyorova

3-sinfda otlarning egalik qo'shimchalari bilan qo'llanishini o'rgatishda maqollardan foydalanish

Maqollardan boshlang’ich sinf ona tili darslarida mavzularni tushuntirishda, mustahkamlashda, va albatta, xulosa chiqarishda foydalanish ta’lim samaradorligini oshirishga yordam beradi. Xususan, 3-sinf ona tili darslarida otlarning egalik qo’shimchalarini o’rgatishda maqollardan foydalanish samarali natijalarni beradi, deb o’ylaymiz.

Boshlang’ich sinf o'quvchilariga egalik qo'shimchasi shaxs, narsaning birlik va ko'plikdagi uch shaxsdan biriga taalluqli ekanini tushuntirish ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Shuning uchun o’qituvchi dastavval so’zni ,,egalik" so'zining leksik ma'nosini tushuntirishdan boshlasa, ish ancha osonlashadi. „Egalik" ega bo'lish, qarashlilik, tegishlilik, oidlik ma'nolarini bildiradi, egalik qo'shimchasi deganda biror narsaga ega bo'lishni, shu narsa tegishli, shu narsaning egasi ekanini bildiradigan qo'shimchalar tushuniladi. Otga qo'shilgan egalik qo'shimchasi shu ot ifodalagan shaxs, narsaning kimgadir qarashli ekanini, shu narsaning egasi ekanini bildiradi. Masalan, kitobim, daftarim deganimizda kitob, daftar (Men – I shaxsga tegishli ekanligi), kitobing, daftaring (Sen – II shaxsga), kitobi, daftari (U – III shaxsga) qarashliligi anglashiladi. Misollarni kuzataylik: O’z uyim – o’lan to’shagim. Ish quroling soz bo’lsa, Mashaqqating oz bo’lar. Vatan gadosi – kafan gadosi.) Uyim, to’shagim, quroling, mashaqqating, gadosi so’zlari tarkibiga ko’ra tahlil qilinadi va o’quvchilar uy, to’shak, qurol, mashaqqat, gado – o’zak, -im, -ing, -si qo’shimcha ekanini aniqlaydilar.

O’qituvchi uy va uyim so’zlarini taqqoslashni, -im qo’shimchasining ma’nosi haqida o’ylab ko’rishni topshiradi, muammoli vaziyat yaratadi; o’quvchilar qo’shimchaning ma’nosi haqida fikr yuritadilar, ammo uyim so’zining ma’nosiga (mening uyim – uy meniki) tushunsalar ham, fikrlarini shakllantirib berolmaydilar.

O’qituvchi mavzuni qisqacha tushuntira boshlaydi: Tilda uchta shaxs mavjud:

I shaxs men – so'zlovchi; II shaxs sen – tinglovchi; III shaxs u – o'zga

Hozir men sizga gapiryapman, so’zlayapman, demak, men - so'zlovchi, hozir sizlar meni eshityapsiz, tinglayapsiz, demak, sizlar tinglovchi, hozir tinglashga ishtirok etmayotganlar ham bor, u (ular) - o'zga hisoblanadi.

Siz otlar birlik va ko'plik sonda qo'llanishini bilasiz. Ma'lumki, biror narsa bir shaxsga yoki ikki va undan ortiq shaxsga tegishli bo'lishi mumkin. Mana shu ma'nolarni, ya'ni biror shaxs va narsaning birlik yoki ko'plikdagi uch shaxsdan biriga qarashli ekanini otga qo'shilgan egalik qo'shimchalari bildiradi. Masalan, uyim so'ziga qo'shilgan -im qo'shimchasi uyning I shaxsga taalluqli ekanini, ya'ni uyning egasi I shaxs ekanini bildiradi (-ing, -i qo'shimchalari ham shunday tushuntiriladi). Uyimiz so'zidagi -imiz qo'shimchasi uy so'zlovchi shaxsga, shu bilan birga, ko'p shaxsga (ko'p so'zlovchiga) tegishli ekanini bildiradi (-ingiz, -i qo'shimchalari ham shunday tushuntiriladi). Qisqa xulosa chiqariladi: otlarga qo'shilgan mana shunday qo'shimchalar egalik qo'shimchalari deyiladi. Egalik qo'shimchalari tegishlilik, egalik ma'nosini bildiradi. Egalik qo’shimchasi nutqdagi uch shaxsga, birlik va ko’plik sonlarga ko’ra bo’linadi. Har bir egalik qo’shimchasi negizining so’nggi tovushi unli yoki undosh bo’lishiga qarab ikki ko’rinishda qo’llanadi:

Boshlang’ich sinf o’quvchilariga otlarning egalik qo’shimchalarini o’rga­tish­da nazariy ma’lumotlar orqali emas, balki o’quvchilarga amaliy, mashqlar orqali dastlab tushuntirish maqsadga muvofiq bo’ladi. O’quvchilar egalik qo’shimchalari yuzasidan ko’proq topshiriqlar, mashqlar bajarish natijasida og’zaki va yozma nutqda egalik qo’shimchalaridan to’g’ri foydalana olish ko’nikmasi shakllanadi. Bu bo’yicha quyidagicha mashqlardan foydalanish mumkin:

I. Gaplarni yozing, ajratib ko’rsatilgan so’zlardagi qo’shimchalarni belgilang. Och qornim – tinch qulog’im. Hunar bo’lsa qo’lingda, Non topilar yo’lingda. Vatani borning baxti bor, Mehnati borning – taxti. Ishimning boshi yo’q, Oshimning moshi yo’q. O’z yurtingning qadri O’zga yurtda bilinar. Kindik qoning to’kilgan joyda joning bor, Mehnat qilgan yerda moling bor.

II. Qaysi gapda egalik qo’shimchalari narsaning qaysi shaxsga qarashliligini bildirgan? Do’stsiz boshim – tuzsiz oshim. Ish do’sting – jon do’sting. Aql – odamning oltin toji.

III. Quyidagi gapda egalik qo’shimchalari qaysi shaxsga tegishliligini bildirgan? Do’sting ham til, Dushmaning ham til. Yoz yomg’iri loy bo’lmas, O’g’ri aslo boy bo’lmas. Non gadosi bo’lsang ham, Yurt gadosi bo’lma.

IV. Gaplarni o’qing va otlardagi egalik qo’shimchalarining shaxs-sonini qavsda ko’rsating. Hamma dardga bor davo, Mening dardim – bedavo. (I shaxs birlik) Darding bo’lsa bo’lsin, qarzing bo’lmasin. (II shaxs birlik) Kasalni yashirsang, istimasi oshkor qiladi. (III shaxs birlik) Arpa pishar, ishingiz tushar. (II shaxs ko’plik)

V. Unli va undosh bilan tugagan otlarga egalik qo’shimchalari qanday qo’shilgan? Otasini aytma, bo’tasini ayt. Besh panjangni og’zingga solma. Yer egasi bo’lma, mehnat egasi bo’l. Hurmating – savlating, Mehnating – davlating. Ishi yo’qning ko’rki yo’q. Do’sting bilan sirdosh bo’l, qilgan ishiga qo’ldosh bo’l.

VI. a) Quyidagi gaplardan unli bilan tugagan otlarga egalik qo’shimchasi qo’shilgan so’zlarni ajratib yozing. Obro’ning onasi – mehnat, Otasi – sa’yi harakat. Aybing bo’lsa qilday, ko’rsaturlar filday. Er bolasi – el bolasi.

b) Quyidagi gaplardan undosh bilan tugagan otlarga egalik qo’shimchasi qo’shilgan so’zlarni ajratib yozing. Vaqting ketdi – naqting ketdi. Qarisi bor uyning parisi bor, Parisi bor uyning barisi bor. Chayonning kasbi – chaqish.

VII. Egalik qo’shimchasini olgan otlarning asosini tegishlicha belgilang. Mehnatingni halol qilsang, Huzurini ko’rasan. Dardingning vaqti o’tsa, Tabibdan o’pkalama. Olaqarg’aning yurishini qilaman deb, chittakning puti yirtilibdi.

VIII. Nuqtalar o’rniga gapning mazmuniga mos egalik qo’shimchalarini qo’yib o’qing va yozing. Dil… to’g’rining – yo’l… to’g’ri. So’z… kumush bo’lsa, Ish… – oltin. Baxt belgi… – bilim.

IX. Egalik qo’shimchasi qo’shilgan so’zlar asosida qanday o’zgarishlar kuzatilgan? Ko’nglingni birga ber, Kuchingni yerga ber. Bo’rini yo’qlasang, qulog’i ko’rinadi. Beli og’rimaganning non yeyishini ko’r.

Bundan tashqari o’quvchilarni fikrlashga majbur qiluvchi savollar berish, muammoli vaziyat yaratish ularning egalik qo’shimchalari yuzasidan egallayotgan bilimlarining ongli bo’lishiga, mantiqiy fikrlashiga imkon yaratadi. Jumladan, savollar quyidagi tartibda bo’lishi mumkin:

1. Egalik qo’shimchalari deb qanday qo’shimchalarga aytiladi?

2. Egalik qo’shimchasini olgan otlarga misollar keltiring.

3. Egalik qo’shimchalari qanday ma’no bildiradi?

4. Unli va undosh bilan tugagan otlarga egalik qo’shimchalari qanday qo’shiladi?

5. Egalik qo’shimchasi qo’shilgan so’zlar asosida qanday o’zgarishlar yuz beradi?

Shunday qilib, maqollardan “O’qish” va “Ona tili” darslarida o’rinli foydalanish o’quvchilar dunyoqarashini shakllantirish, to’g’ri va ongli o’qish malakalarini takomillashtirish bilan birga, imloviy savodxonligini oshirishga, mantiqiy fikrlashga, maqoldagi har bir so’zning va yaxlit maqolning ma’nosini to’liq idrok etishga yordam beradi, deb hisoblaymiz.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Qosimova K., Matjonov S., G’ulomova X., Yo’ldosheva Sh., Sariyev Sh. Ona tili o’qitish metodikasi. – T.: “Noshir”, 2009.

2. Fuzailov S., Xudoyberganova M.,Yo’ldosheva Sh. Ona tili. 3- sinf uchun darslik. –T.: ”O’qituvchi”, 2019.

3. Shomaqsudov Sh., Shorahmedov. Ma’nolar maxzani. –T.: O’zbekiston Milliy enseklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2001.





Download 20.8 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling