Ma’ruza 1: Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida musiqa mashg‘ulotlari
Download 33.7 Kb.
|
3-bosqich, 1-ma`ruza
Ma’ruza 1: Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida musiqa mashg‘ulotlari Maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiyasida musiqiy tarbiya alohida ahamiyat kasb etib, muntazam ravishda olib boriladigan tarbiya jarayonining bir qismini tashkil etadi. Musiqa, ayniqsa, milliy musiqa, bola tarbiyasiga benihoya katta ta’sir ko‘rsatib, ularda yuqori darajadagi badiiy, estetik zavq va didni shakllantiradi, go‘zallikni musiqa orqali idrok etishda etakchi rol o‘ynaydi. Bolalar bog‘chasida bolalarga musiqiy tarbiya berishda musiqa rahbarlari -musiqa tinglash; vokal ijrochilik; milliy musiqa asboblari bilan tanishtirish; bastakor hayoti va ijodi bilan tanishtirish; musiqa turlari bilan tanishtirish; ritmik harakat va raqs asoslari bilan tanishtirish; bolalarda ijobiy qobilyatlarni aniqlash va rivojlantirish; musiqa vositalari orqali bolalar tarbiyasini tobora shakllantirish kabi vazifalarni amalga oshirar ekanlar, o‘z ish tajribalarida turli faoliyat shakllaridan keng foydalanadilar: musiqa mashg‘ulotlari (vazifa va maqsadiga qarab, turli mavzu va yo‘nalishda bo‘ladi); bayram ertaliklari; ko‘ngil ochar musiqiy o‘yinlar; nafosat soatlari; badiiy va adabiy musiqiy kompozitsiyalar; musiqiy teatr dramatizatsiyalari; yakka hol ish turlari; to‘garak ishlari. Bolalarni xar tomonlama rivojlantirish maqsadida MTM da mashg‘ulotlar maxsus reja asosida o‘tkaziladi, Bolalar bog‘chasida musiqa mashg‘ulotlarida eshitishga, kattalarning ishlarini kuzatishga, ularning so‘zlari va xarakatlariga taqlid qilishda, bergan topshiriqlarini bajarishga o‘rgatib boriladi. Bolalar bog‘chasida xaftada 2 marotaba musiqa mashg‘uloti va 1 marotaba ko‘ngil ochish o‘yinlar o‘tkaziladi: musiqani tinglay bilish, rivojlantirish, unga nisbatan qiziqishni o‘stirish; musiqiy tovushlarning qarama-qarshi xususiyatlarini ajrata olish; qo‘shiqni xirgoyi qilish va qo‘shiq kuylashga qiziqishni uyg‘otish; mazmunli o‘yinlar va mashqlar va raqslarda musiqa bilan xarakatni bir-biriga moslab bog‘lay bilishni rivojlantirish; sodda xarakatlarni xamkorlikda bajarishga o‘rgatish. MTM da musiqiy tarbiya yuzasidan maxsus mashg‘ulotlar o‘tkazish rejalashtiriladi. Musiqa mashg‘ulotlari bolalarning musiqiy qobiliyatlari rivojlanishida katta rol o‘ynaydi. Musiqa mashg‘ulotlarida bilish va aqliy faoliyatlar ham faollashadi. Bolalar musiqani diqqat berib tinglar ekanlar, ko‘p narsalarni bilib oladilar. Biroq, bunda ular musiqaning eng umumiy xususiyatlari, eng yorqin obrazlarinigina idrok etadilar. Agar bolaning oldiga musiqani e’tibor berib tinglash, uning ifoda vositalarini farqlash, qiyoslash, ajratish vazifalari qo‘yilgan bo‘lsa, emotsional munosabat o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Bu aqliy harakatlar bola hissiyoti va kechinmalari doirasini boyitadi hamda kengaytiradi, ularga onglilik beradi. Musiqali estetik tarbiyaning garmonikligiga musiqa faoliyatining maktabgacha yoshdagi bolalarga tushunarli bo‘lgan barcha turlaridan, o‘sib kelayotgan insonning barcha imkoniyatlaridan foydalanilgan taqdirdagina erishish mumkin. SHu bilan birga pedagogik vazifalar murakkablashtirilar ekan, bolalarning o‘zlariga xos ta’sirchanliklarini suiste’mol qilmaslik lozim. Musiqa san’ati, uning o‘ziga xos xususiyatlari pedagogning oldiga bir qator spetsifik vazifalarni hal qilishni ko‘ndalang qilib qo‘yadi: 1. Musiqaga muhabbat va qiziqishni tarbiyalash. Faqat emotsional beriluvchanlik va moyillikni o‘stirishgina musiqaning tarbiyaviy ta’siridan keng foydalanish imkonini beradi. 2. Bolalarni muayyan uyushtirilgan sistema yordamida turli xildagi musiqa asarlari hamda unda foydalaniladigan ifoda vositalari bilan tanishtirib, ularning taassurotlarini boyitish. 3. Bolalarda musiqa hamda ashula aytish, ritmika, bolalar musiqa asboblarini chalish sohasida eng oddiy ijrochilik malakalarini shakllantirib, ularni musiqa faoliyatining xilma-xil turlarida qatnashtirish. Ularni musiqa savodining boshlang‘ich elementlari bilan tanishtirish. Bularning barchasi bolalarga ongli, bevosita, ifodali harakat qilish imkonini beradi. 4. Bolalarda umumiy musiqa qobiliyatini (sensor yuqori ladda eshitish, ritmni his qilish qobiliyatlarini) o‘stirish, xonandalik ovozi va harakatlarning ifodaliligini tarkib toptirish. Agar mazkur yoshda bolani faol amaliy faoliyatga o‘rgatilsa va qatnashtirilsa, uning barcha qobiliyatlari shakllanadi va o‘sadi. 5.Boshlang‘ich musiqa didining kamol topishiga yordam berish. Musiqa haqida olingan ta’sir va tasavvurlar asosida avvalo ijro etilayotgan asarlarga nisbatan tanlash, so‘ngra esa baholash munosabatlari namoyon bo‘ladi. 6.Bolalarda musiqaga, eng avvalo ularning bunday faoliyatlari uchun qulay bo‘lgan musiqa o‘yinlari va xorovodlarga obrazlarni ifodalash, tanish raqs harakatlarida yangi birikmalar qo‘llash, xirgoyi qilishlarni badiha qilish kabi faoliyatlarga ijodiy munosabatni o‘stirish. Bu kundalik hayotda o‘rganilgan repertuardan foydalanish, musiqa asboblarini chalish, ashula aytish, raqsga tushishlarni qo‘llashdagi mustaqillikni, tashabbus, ishtiyoqni aniqlash imkonini beradi. Albatta yuqoridagilarning namoyon bo‘lishi ko‘proq o‘rta va katta maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar uchun xarakterlidir. Bolalar bog‘chasida musiqa faoliyati bolalar tomonidan ma’lum bilimlarning o‘zlashtirilishi, kerakli ko‘nikma, malakalarning egallanishi, musiqa taassurotlarining jamg‘arilishiga asoslanadi. Bunga musiqa mashg‘ulotlari, bayramlar va ko‘ngil ochishlarni to‘g‘ri tashkil qilish, shuningdek, tarbiyachilarning bilvosita bo‘lsa ham bolalarning mustaqil musiqa faoliyatlariga rahbarliklari tufayli erishiladi. Bolalarda badiiy didning shakllanishiga atrof-muhit sezilarli ta’sir qiladi. SHuning uchun bolalarga musiqa faoliyatiga qiziqishni singdirish va bu qiziqishni doimiy saqlash uchun guruh xonasida maxsus joy ajratish hamda uni turli qo‘llanmalar—didaktik o‘yinlar, texnika vositalari (radio, elektron proigrivatel, diaproektor, magnitofon va boshqalar) bilan jihozlash lozim. Masalan, bolalarni tovushning yo‘g‘on-ingichkaligini farqlashga qo‘ng‘iroqchalar, doiralar yordamida o‘rgatish mumkin; tembr haqida tushuncha berish uchun turli musiqa asboblarining ovozini eshittirish yoki turli ovozli o‘yinchoqlar chiqaradigan (mushuk, sichqon, kuchuk va boshqalar) tovushlarni qiyoslash mumkin. Ba’zi pedagoglar musiqani idrok etishni asarlarni tinglayotgan vaqtda shunga muvofiq keluvchi illyustratsiyalar, diapozitivlar, diafilmlar ko‘rsatish orqali osonlashtiradilar. Turli qo‘llanmalarning nimalarga mo‘ljallanganligini hamda ulardan foydalanish metodikasini aniqroq tasavvur qilish uchun ularni shartli ravishda quyidagicha guruhlash mumkin: 1-guruh — obrazli qo‘llanmalar: obrazli o‘yinchoqlar, loto, illyustratsiya tipidagi qo‘llanmalar. 2-guruh — bolalar musiqali o‘yinchoqlari va asboblari, bularni o‘z navbatida ovoz chiqaradigan va ovoz chiqarmaydiganlarga ajratish mumkin. Birinchi guruhdagi qo‘llanmalar o‘yin vaziyatini yaratishga mo‘ljallangan bo‘lib, bu vaqtda bolalar o‘zlarini musiqa asboblarini chalayotgandek faraz qiladilar. Ikkinchi guruhdagilar ovoz berishga ko‘ra to‘rt tipga bo‘linadi. Yo‘g‘on-ingichkaligi noma’lum tovushi qayd qilinmagan o‘yinchoq-asboblar (shaqildoqlar, doiralar, barabanlar, treugolniklar va boshqalar); faqat bitta tovush beruvchi o‘yinchoq-asboblar (naylar, burg‘ular, qamish surnaylar va boshqalar); quyida qayd qilingan o‘yinchoq-asboblar (kichik organlar, musiqa qutichalari); diatonik va xromatik tovush qatorli o‘yinchoq-asboblar (metallofonlar, pianinolar, bayanlar, fleytlar va boshqalar). 3- guruh — grafik qo‘llanmalar: nota lotosi (nota-doiralar, ular yordamida kuyning harakatini shartli ravishda tasvirlash mumkin, uzun va qisqaligini belgilovchi eni har xil bo‘lgan kartochkalari va boshqalar); nota stani (kichik flanelegrafda — individual foydalanish uchun katta flanelegrafda — guruh mashg‘ulotlarida foydalanish uchun); yassi tasvirlash (tovushning yo‘g‘on-ingichkaligi, kuy harakatining yo‘nalishi va boshqalar haqida tasavvur beruvchi narvoncha tasviri); geometrik figuralar — musiqa asarlari qismlarini shartli tasvirlash uchun; 4- guruh — o‘qishning audiovizual (tinglash, ko‘rish) vositalari, bularni ekranli, tovushli, ekran-tovushlarga ajratish qabul qilingan. Ekranli vositalarga ovozsiz kinofilmlar, diafilm va diapozitivlar; tovushlilarga — magnitofon yozuvlari, grammofon plastinkalari, radioeshittirishlar; ekran-tovushlilarga ovozli kinofilmlar, ovoz berilgan diapozitiv va diafilmlar, o‘quv-televizion ko‘rsatuvlar taalluqlidir. Bola va uning qobiliyatlarining o‘sishi katta kishi tomonidan uyushtiriladigan faoliyatda: qo‘shiq, ritmika, musiqa tinglash va musiqa asboblarini chalishda sodir bo‘ladi. Bolalar o‘zlarining musiqa eshitish tajribalari asosida o‘z tasavvurlarini qo‘shiq, o‘yin, raqs ijodida namoyon qilishga va musiqa savodining oddiy elementlarini egallashga qodirdirlar. SHu bilan birga faoliyatning har bir turi umuman musiqa qobiliyatlarining o‘sishiga, maxsus qobiliyatlarning shakllanishiga masalan, ashula aytish, ashulachilik ovozi va kuy qobiliyatining tarkib topishiga yordam beradi. Bularning barchasi turli tashkiliy shakllarda: mashg‘ulotlarda, o‘qishdan tashqari ishlarda (bolalar bog‘chasi turmushida musiqa) va mustaqil faoliyatlarda bo‘lib o‘tadi. Barcha bolalar bilan bir vaqtda va musiqa amaliyotining barcha turlari bo‘yicha rejali olib boriladigan mashg‘ulotlar ishning eng muhim shakli hisoblanadi. Pedagog o‘z ishini rejalashtirar ekan, bolalar bilan bo‘ladigan har bir uchrashuvning konkret vazifalari unga ravshan bo‘lishi kerak, o‘quv materialini butun o‘quv davriga taqsimlaydi. U butun jamoaga murojaat qilar ekan, har bir bolani o‘z nazar-e’tiborida tutadi. Bu uni mashg‘ulotni dinamik, variantlab olib borishga, bolalar e’tibo-rini ustalik bilan boshqa tomonga burishga, uni ijro etilayotgan musiqa xarakterini to‘g‘ri idrok etishga yo‘llashga majbur qiladi. SHu bilan birga mashg‘ulot yagona reja bilan birikkan bo‘lishi kerak. Amaliyot jarayonida mashg‘ulotlar o‘tkazishning quyidagi tartibi shakllangan. U bolalarning tinglash qobiliyatini, e’tiborini to‘plab, jamoani yaxshi uyushtiradigan musiqali-ritmik mashg‘ulotlardan boshlanadi. SHundan keyin bolalar sokin, e’tiborini chetga qochirmay o‘tirib, ashula aytadilar va musiqa tinglaydilar. Ular o‘zlarini, o‘rtoqlarini, pedagogning ko‘rsatmalarini tinglab, ashula aytadilar, eshitish qobiliyatini o‘stirish mashqlarini, ashula aytish improvizatsiyalari uchun ijodiy topshiriqlarni bajaradilar, yangi qo‘shiqlar o‘rganadilar, yaxshi tanish bo‘lganlarini takrorlaydilar. Mashg‘ulot oxiriga yaqinlashganda tinch harakatlar bilan yakunlanadigan o‘yin, raqs, xorovodlar o‘tkaziladi. Download 33.7 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling