Mavzu: Litоsferа tеktоnik plitаlаri va ularning harakatlari


Download 25.97 Kb.
bet1/3
Sana29.01.2023
Hajmi25.97 Kb.
#1138175
  1   2   3
Bog'liq
Hujjat


Mavzu: Litоsferа tеktоnik plitаlаri va ularning harakatlari.
Reja
1.Litosfera plitalari tektonikasi nazariyasining shakllanish tarixi 2.Litosfera plitalari tektonikasi nazariyasining hozirgi mazmuni.
3.Litosfera plitalarini siljituvchi kuchlar.
4.Litosfera plitalari harakat tezligini o‘lchash.
1. Litosfera plitalari tektonikasi- litosferaning harakati haqidagi zamonaviy geologik nazariyaga muvofiq yer po‘sti nisbatan yaxlit bloklardan - litosfera plitalaridan tuzilgan va ular bir-biriga nisbatan doimiy harakatda bo‘ladi. Kengayish zonalarida (o‘rtaokean tizmalari va kontinental riftlarda) spreding tufayli (inglizcha seafloor spreading - dengiz tubining kengayishi) yangi okean po‘sti hosil bo‘ladi, eskisi subduksiya zonalarida yutiladi. Bu nazariya ko‘pchiligi litosfera plitalari chegaralarida joylashgan zilzilalar, vulkanizm va tog‘ hosil bo‘lish jarayonlarini tushuntirib beradi.
Hozirgi davrda Shimoliy Amerika plitasi Yevrosiyo plitasiga nisbatan astasekin g‘arbga siljimoqda. Ushbu ikkita litosfera plitalari orasidagi chegara bo‘lib Atlantika okeanidagi o‘rtaokean tizmasi sanaladi. Yangi okean po‘sti o‘rtaokean tizmasi zonasida deyarli uzluksiz hosil bo‘lmoqda. O‘rta okean tizmasi Atlantika okeanida Islandiyani qirqib o‘tadi. Islandiyaning g‘arbiy qismi shimoliy Amerika plitasiga, sharqiy qismi esa Yevrosiyo plitasiga kiradi. Bu plitalar bir-biridan uzoqlashayotganligi uchun Islandiyaning o‘lchami yiliga 2 sm ga oshmoqda.
Plitalar tektonikasini rekonstruksiya qilish uchun paleomagnit tadqiqotlarning natijalari katta ahamiyatga ega. Ba’zi minerallar o‘zida hosil bo‘lish vaqtidagi magnit maydonining mo‘ljali to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Ushbu minerallarning magnitlanganligini o‘rganib, ular qaysi kengliklarda hosil bo‘lganligini aniqlash mumkin.
Agar kelajakda ham Afrika va Somali plitalari qarama-qarshi tomonga harakatlarini davom ettirsa ularning orasida yangi okean vujudga keladi (2.57-rasm).
Ilk bor yer po‘sti bloklarining harakati haqidagi g‘oya Alfred Vegener tomonidan 1920-yillari taklif etilgan kontinenal dreyfi nazariyasida yoritilgan.
Bu nazariya dastlab olimlar tomonidan qabul qi- linmagan. Yerning qattiq po‘sti harakati haqidagi g‘oya - mobilizm 1960-yillari okean tubining relyefi va geo-logiyasini o‘rganish natijasida okean po‘stining kengayishi (spreding) va bu po‘stlar bloklarining biri ikkinchisining tagiga kirib ketishi (subduksiya) jarayonlari haqidagi olingan ma’lumotlar bilan tasdiqlandi. Materiklar dreyfi haqidagi gipoteza keyinchalik litosfera plitalari tektonikasi nazariyasi darajasigacha ko‘tarildi va u endi Yer haqidagi fanlarda umumiy qabul qilingan konsepsiya bo‘lib qoldi.
Litosfera plitalari tektonikasi nazariyasida geodinamik vaziyatlar tushunchasi
- litosfera plitalari bilan muayyan munosabatda bo‘lgan xarakterli geologik strukturalar muhim ahamiyatga ega. Muayyan bir geodinamik vaziyatda bir xil tektonik, magmatik, seysmik va geokimyoviy jarayonlar kechadi.
XX asr boshlarida nazariy geologiyaning asosi sifatida kontraksion gipoteza hukmron bo‘lgan. Yer pishirilgan olma kabi soviydi va uning sirtida ajinlar singari tog‘ tizmalari vujudga keladi. Bu g‘oyani burmali mintaqalarni o‘rganish asosida yaratilgan geosinklinallar nazariyasi rivojlantirgan. Dastlab ushbu nazariya Djeyms
Dan tomonidan ta’riflangan bo‘lib, u kontraksion gipotezani izostaziya tamoyili bilan boyitgan. Ushbu tamoyilga binoan Yer po‘sti granit (kontinentlar) va bazalt qatlamlaridan (okeanlar) tarkib topgan. Yer po‘stining siqilganida okeanlarda - botiqliklarda tangensial kuchlar vujudga kelib, kontinentlarni siqqan. Kontinentlar ko‘tarilib, tog‘ tizmalarini hosil qilgan va keyinchalik nurashga uchragan. Nurash tufayli hosil bo‘lgan materiallar tashib keltirilib, botiqliklarda yotqizilgan.
Bu sxemaga nemis meteorolog - olimi Alfred Vegener qarshi chiqqan. U 1912 yilning 6 yanvarida Nemis geologlari jamiyatining majlisida materiklar dreyfi to‘g‘risida ma’ruza qilgan. Ushbu nazariyaga turtki bergan narsa Afrikaning g‘arbiy va Janubiy Amerikaning sharqiy sohillari ko‘rinishining o‘zaro mos kelishi bo‘lgan. Agar yagona materikning parchalanishidan hosil bo‘lgan bu kontinentlarni o‘zaro
yaqinlashtirilsa, ular o‘zaro jips holda tutashadi. Uning taxminicha hozir Atlantika okeanining har ikkala tomonida joylashgan kontinentlar qachondir Pangey superkontinentining tarkibida bo‘lgan.
Vegener ushbu materiklar sohillarining mos kelishi bilangina cheklanib qolmasdan, boshqa dalillarni ham qidirgan. Buning uchun u har ikkala kontinent sohillarining geologiyasini ham o‘rgangan va sohillar tutashtirilganidagidek mos keluvchi ko‘pchilik murakkab geologik majmualarni topgan. Ushbu nazariyaning isboti bo‘lib paleoiqlimiy qayta tiklash, paleontologik va biogeografik argumentlar oldinga chiqdi. Ko‘plab hayvonlar va o‘simliklar Atlantika okeanining har ikkala tomonlari bo‘ylab chegaralangan hududlarda tarqalgan bo‘lib chiqdi. Ular bir-biriga juda o‘xshash, ammo minglab kilometrli okean suvi bilan ajratilgan. Ularning okean akvatoriyasi orqali o‘tganligini tasavvur qilib ham bo‘lmaydi.
1915 yilda Alfred Vegener kontinentlar dreyfi haqidagi gipotezasini chop ettirgan. Vegenerning gipotezasi chop etilganda butun geologlar jamiyati uning ustidan kulishgan. Ammo 50 yil o‘tib geologlarning ko‘pchiligi Vegener gipotezasidagi asosiy holatlarning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishgan.
Bundan tashqari, Vegener geofizik va geodezik dalillar qidirgan. Ammo o‘sha vaqtda fan kontinentlarning hozirgi harakatlarini qayd qilish darajasida yuqori bo‘lmagan. 1930 yili Vegener Grenlandiyada ekspeditsiya vaqtida halok bo‘lgan, ammo u o‘limidan oldin nazariyasini ilmiy jamiyat qabul qilmaganini eshitgan.
Boshida Vegenerning materiklar dreyfi nazariyasi olimlar tomonidan yaxshi qabul qilingan, ammo 1922 yili u bir necha mashhur mutaxassislar tomonidan qattiq tanqidga uchragan. Ushbu nazariyaga qarshi bo‘lgan bosh argument litosfera plitalarini harakatga keltiruvchi kuch muammosi bo‘lgan. Vegener kontinentlar okean tubidagi bazalt qatlami yuzasi bo‘yicha harakatga keladi deb o‘ylagan, ammo bu jarayon uchun manba - hali noma’lum bo‘lgan ulkan kuch kerak edi. Litosfera plitalari harakatining manbasi sifatida Koriolis kuchi, priliv oqimlar va boshqa sabablar taxmin qilingan. Ammo oddiy hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, ularning barchasi birgalikda ulkan kontinental bloklarni surish uchun yetarli bo‘lmagan.
Ikkinchi Jahon Urushidan so‘ng okean tubi faol o‘rganilaboshlandi va Vegener g‘oyalarini tasdiqlovchi yangi ma’lumotlar olindi. Bu ma’lumotlar okean tubining topografiyasi, okean po‘stining yoshi va magnit maydoni anomaliyasi bilan bog‘liq bo‘lgan. Zilzilalar va vulkanlarning taqsimlanishi ham Vegenerning dunyoqarashiga mos kelgan. Zilzilalarning va vulkanlarning ko‘pchiligi litosfera plitalari orasidagi chegara bo‘ylab sodir bo‘ladi.
Vegener nazariyasini tanqid ostiga olgan olimlar faqat kontinentlarni harakatga keltiruvchi kuchlarga e’tibor berishgan va nazariyani tasdiqlovchi ko‘pchilik dalillarni e’tiborga olishmagan. Alfred Vegenerning o‘limidan so‘ng materiklar dreyfi nazariyasi noto‘g‘ri deb amalda chetlashtirilgan, olimlarning aksariyat qismi tadqiqotlarini geosinklinallar nazariyasi doirasida olib borgan.
Ammo ular ham turli kontinentlardagi hayvon va o‘simliklarning bir xil tarqalishini tushuntirishi lozim edi. Shuning uchun keyinchalik suv ostidagi qolib ketgan materiklar orasidagi tutashtiruvchi quruqlik ko‘priklarini o‘ylab topishgan. Bu Atlantidaning kelib chiqishi haqidagiga o‘xshash yana bir afsona edi, xolos. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, dunyoda katta obro‘ga ega bo‘lgan olimlarning tayziqiga qaramasdan ba’zi olimlar materiklar harakati sohasidagi tadqiqotlarini davom ettirishgan. Masalan, dyu Tua (Alexander du Toit) Himolay tog‘larining hosil bo‘lishini Hindiston va Yevrosiyo litosfera plitalarining to‘qnashishi orqali tushuntirgan.
Gorizontal harakatlarni istisno qiluvchi fiksistlar va kontinentlarning gorizontal harakatlarini qo‘llab - quvvatlovchi mobilistlar orasida kechgan sust kurash 1960-yillari juda keskinlashib ketdi.
1960-yillari shakllangan litosfera plitalari tektonikasi nazariyasi ham kontinentlar dreyfini tasdiqlaydi. Ikkita okean plitalari yoki okean va kontinental plitalari o‘zaro yaqinlashayotganda subduksiya zonasi shakllanadi – okean plitasi kontinental plita ostiga sho‘ng‘ib, yo‘qolib ketadi.
1960-yillarning boshlarida Dunyo okeani tubi relyefining xaritasi tuziladi.
Unda okeanlarning o‘rtasida cho‘kindilar bilan qoplangan abissal tekisliklarga nisbatan 1,5-2 km baland ko‘tarilgan o‘rtaokean tizmalarining joylashganligi ko‘rsatilgan (qarang: 157-rasm). Bu ma’lumotlar R. Dits va Garri Xess tomonidan 1962-1963 yillari spreding gipotezasining yaratilishiga sababchi bo‘lgan. Bu gipotezaga muvofiq mantiyada 1sm/yil tezlikdagi konveksiya jarayonlari kechadi.
Yuqoriga harakatlanuvchi konveksiya oqimlarining tarmoqlari o‘rtaokean tizmalari o‘q qismining tagida har 300-400 yilda bir marta okean tubini yangilovchi mantiya materialini chiqaradi. Kontinentlar, Alfred Vegener o‘ylagandek, okean po‘sti yuzasida emas, balki litosfera plitalari mantiya yuzasida suriladi. Spreding konsepsiyasiga muvofiq, okean havzasi strukturalari doimiy, barqaror emas, kontinentlar esa barqarordir.
1963 yili spreding gipotezasi okean tubida yo‘l-yo‘lli magnit anomaliyalarining kashf etilishi tufayli baquvvat tayanchga ega bo‘ldi. Ular okean tubidagi bazaltlarda magnitlanishni qayd etuvchi Yer magnit maydoni inversiyasi yozuvi sifatida talqin qilindi. Shundan so‘ng litosfera plitalari tektonikasi Yer haqidagi bilimlar sohasida o‘zining salb yurishini boshlaydi. Bu g‘oyaning tarafdorlari keskin oshib bordi.
Hozirgi vaqtda litosfera plitalari tektonikasi nazariyasi litosfera plitalari harakat tezligini bevosita o‘lchovchi aniq asboblar va sun’iy yo‘ldoshlarning navigatsiya tizimlari (GPS) yordamida tasdiqlandi. Shunday qilib, olib borilgan ko‘p yillik tadqiqot natijalari litosfera plitalari tektonikasi nazariyasining asosiy holatlarini tasdiqladi.

Download 25.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling