Moliyaviy hisob va hisobot


Download 432.49 Kb.
Sana09.06.2023
Hajmi432.49 Kb.
#1473131

MOLIYAVIY HISOB VA HISOBOT

RAHMATULLAYEV SARVAR

REJA :

  • “Moliyaviy hisob va hisobot”ning predmeti va asosiy vazifalari
  • Hisob siyosati va buxgalteriya hisobining asosiy tamoyillari
  • Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida buxgalteriya hisobining zaruriyati va tutgan o‘rni

1. Mulkchilik va tarmoq shaklidan qat’iy nazar, barcha korxonalarda buxgalteriya hisobi yuritiladi. U korxonadagi xo‘jalik mablag‘larining tuzilishi, joylanishi, qaysi manbalardan tashkil topganligi hamda xo‘jalik jarayoni va muomalalari ta’siri ostida bo‘layotgan o‘zgarishlarning borishi ustidan uzluksiz nazorat olib boradi. Moliyaviy hisob va hisobotda korxona ixtiyoridagi mablag‘lar, xo‘jalik jarayoni, uning ta’siri ostidagi xo‘jalik mablag‘larining hajmi, tuzilishi, joylanish va tayinlanishidagi sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar aks ettiriladi hamda korxonalar xo‘jalik faoliyatining moliyaviy natijalari aniqlanadi. “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi2ga binoan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar, ularning O‘zbekiston Respublikasi hududida hamda undan tashqarida joylashgan shu’ba korxonalari, vakolatxonalari, filiallari va boshqa tarkibiy bo‘linmalari buxgalteriya hisobi subyektlaridir”. Moliyaviy hisob va hisobot yordamida mavjud moddiy qiymatliklar, pul mablag‘larining harakati kuzatiladi va nazorat qilinadi, mahsulot ishlab chiqarish va uni sotish bilan bog‘liq xarajatlar aniqlanadi, xo‘jalik faoliyatining moliyaviy natijalari va korxonaning umumiy mulki haqidagi ma’lumotlar topiladi.
Moliyaviy hisob va hisobot quyidagi uchta funksiyani bajaradi: 1) axborot yig‘ish, umulashtirish, guruhlashtirsh hamda uni taqdim etish; 2) nazorat qilish; 3) boshqaruv qarorlarini qabul qilish.3 Bu funksiyalarni bajarishda moliyaviy hisob har xil usullardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, moliya hisobi har xil ijtimoiy tizimlarda muayyan tizimning maqsadiga qarab har xil vazifalarni bajarishi mumkin. Moliyaviy hisob va hisobotning asosiy vazifalarini tushunib olish uchun uning obyektlarini bilib olish lozim bo‘ladi. Ushbu obyektlar quyidagi 4ta guruhdan tashkil topgan: 1. Korxona mablag‘ (resurs)lari: mehnat vositalari, tovar-moddiy boyliklar, pul mablag‘lari, tayyor mahsulot, ustav fondi (kapitali), boshqa har xil fondlar, kelgusidagi xarajatlar va to‘lovlar rezervi, korxonalar foydasi hisobidan tashkil qilingan har xil zaxira va hokazolar. Bu mablag‘lar korxonaning ishlab chiqarish jarayoni uchun tegishli sharoit yaratib beradi. 2. Korxonalarda sodir bo‘layotgan muhim jarayonlar: tovarmoddiy boyliklarni tayyorlash, mahsulot ishlab chiqarish, tayyor mahsulot, bajarilgan ish va xizmatlar realizatsiyasi, kapital qurilish va boshqa jarayonlar. 3. Hisoblashish muomalalari: byudjet, mol yetkazib beruvchi va pudratchilar, xaridorlar, ishchi va xizmatchilar, davlat banki va boshqa banklar hamda boshqa tashkilot va shaxslar bilan hisoblashishlar. 4. Korxona xo‘jalik faoliyatining moliyaviy natijalari: jamoaning daromadi, foyda va zararlari.
Ushbu obyektlarni o‘rganish va nazorat qilish jarayonida uning vazifalari yuzaga keladi. Hozirgi davr talabidan kelib chiqqan holda moliyaviy hisob va hisobot oldiga qo‘yilgan talablar asosan quyidagilardan iborat: -qat’iy bir xillik (unifikatsiyalanganlik); -ishlab chiqarish topshiriqlarining bajarilishini aks ettiradigan ko‘rsatkichlarga asoslanishi; -soliq solish bazasini va byudjetga boshqa ajratmalarni to‘g‘ri hisoblash. Jamiyatda moliyaviy hisob ma’lumotlaridan juda keng miqyosda foydalaniladi. Ushbu foydalanuvchilar o‘z navbatida uchta guruhga bo‘linadi:
korxona boshqaruvchilari;
moliyaviy manfaatdor shaxslar;
moliyaviy manfaatdor bo‘lmagan shaxslar.
Tashqi foydalanuvchilarni asosan quyidagi ko‘rsatkichlar qiziqtiradi:
1.Korxona aktivlari va passivlarining tuzilishi;
2.Korxonaning likvidligi;
3.O‘zining va jalb qilingan kapitalning hissasi;
4.Aktivlarning aylanish tezligi;
5.Barcha aktivlar va realizatsiya qilingan mahsulotning rentabel-ligi;
6.Korxona ixtiyorida qoladigan sof foyda;
7. To‘langan dividendlarning hissasi (agar aksiyadorlik jamiyati bo‘lsa).
2. Hisob siyosati va buxgalteriya hisobining asosiy tamoyillari Xo‘jalik yurituvchi subyektning hisob yuritish siyosati subyekt tomonidan moliyaviy hisobotni tayyorlash va tuzishda qo‘llaniladigan o‘ziga xos qoidalar va amaliy yondashuvlarni ifodalaydi. Xo‘jalik yurituvchi subyektning hisob siyosati subyekt rahbari tomonidan “Hisob yuritish siyosati va moliyaviy hisobot” nomli 1son BHMS asoslarida taqdim etiladigan moliyaviy hisobotning yilma-yil qiyoslanishi uchun tuziladi. Hisob yuritish siyosati shunday tashkil qilinishi kerakki, unda moliyaviy hisobot barcha uchun qulay bo‘lgan BHMS asosida tuzilishi mumkin bo‘lsin. Xo‘jalik yurituvchi subyektning hisob siyosati quyidagicha bo‘lishi lozim:
  • foydalanuvchilar ehtiyojlari uchun ahamiyatli;
  • - ishonchli bo‘lishi;
  • - aynan shunday faoliyat yurituvchi boshqa subyektlarning moliyaviy hisobotlarini taqqoslash imkoniyatini berishi;
  • - tushunarli va oddiy bo‘lishi shart.

Buxgalteriya hisobini yuritish va hisobot tuzishni tashkil qilishning aniq yo‘nalishi bo‘yicha subyektning hisob yuritish siyosati shakllantirilishida O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonun hujjatlarini qo‘llash lozim. Korxonaning hisob yuritish siyosatini tanlash va asoslashga quyidagi omillar ta’sir etadi:
  • mulkchilik shakli va tashkiliy-huquqiy shakl;
  • - faoliyat turi yoki tarmoq bo‘ysunuvi;
  • - ishlab chiqarish ko‘lami hamda ishlovchi xodimlarning soni;
  • - soliq solish tizimi bilan munosabat (har xil soliqlardan ozod bo‘lish, soliq stavkalari, soliq solish bo‘yicha imtiyozlar);

  • - bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida harakat qilish erkinligining darajasi;
  • moliya-xo‘jalik faoliyatining rivojlanish strategiyasi (uzoq kelajakda korxonaning iqtisodiy rivojlanish masalalari va maqsadlari, sarmoyalarning kutilayotgan yo‘nalishlari, kelajakdagi masalalarni yechishdagi taktik yondashuvlar);
  • - boshqaruv faoliyatining texnik jihatdan qurollanganligi;
  • - korxonani ma’lumotlar bilan ta’minlashning samarali tizimining mavjudligi;
  • - buxgalteriya xodimlarining malaka darajasi, korxona rahbarlarining tashabbuskorligi, talabchanligi hamda tadbirkorligi;
  • - korxona ishi samarasidan moddiy manfaatdorlik va majburiyatlar bo‘yicha moddiy javobgarlik tizimi.

Korxona rahbari yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda hisob yuritish siyosatini asoslashi va to‘g‘ri yondashishi mumkin. Maxsus BHMSlar bo‘lmaganda, korxona rahbari hisob yuritish siyosatini ishlab chiqishda o‘z tushunchalaridan foydalanishga haqli, chunki u foydalanuvchilar uchun moliyaviy hisobotlardan foydali axborotlarni bera oladi. O‘z tushunchalarini qo‘llash jarayonida korxona rahbari BHMSning shu kabi masalalar bo‘yicha talablari va ko‘rsatmalarini, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan har qanday boshqa axborotni, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilangan aktivlar, majburiyatlar, daromadlar va xarajatlar uchun ularni aniqlash, aks ettirish va o‘lchash baholarini, kapitalning asosiy jahon moliyaviy bozorlari tomonidan qabul qilingan tarmoq amaliyotini ko‘rib chiqadi.
Hisob yuritish siyosatini shakllantirishda buxgalteriya hisobini yuritish uchun tanlangan usullar ma’muriy hujjat e’lon qilingan yildan keyingi yilning 1 yanvaridan boshlab qo‘llaniladi, hisobot yili davomida yangi tuzilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar bundan mustasno. Yangi tuzilgan xo‘jalik yurituvchi subyekt birinchi hisobotini e’lon qilgunga qadar, o‘zi tanlagan hisob yuritish siyosatini rasmiylashtiradi va uni yuridik shaxs maqomini olgan vaqtdan boshlab, 90 kun ichida amalga oshiradi. Subyekt tomonidan tanlangan hisob yuritish siyosati yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan vaqtdan (davlat ro‘yxatidan o‘tgandan) keyin qo‘llanilishi mumkin.
Kalendar yili davomida. hisob yuritish siyosati o‘zgartirilmaydi. Quyidagi hollarda xo‘jalik yurituvchi subyektning hisob yuritish siyosatida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin: - korxona qayta tashkil etilganda, ya’ni, qo‘shilganda yoki ajralib chiqqanda; - mulk egalari o‘zgarganda; - davlat qonunlari o‘zgarganda; - hisobni olib borishining yangi shakllari va usullari joriy etilganda.
3. Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida buxgalteriya hisobining zaruriyati va tutgan o‘rni O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganligi munosabati bilan qisqa davr ichida respublikamiz iqtisodini yuksaltirish uchun bir qator iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurish va uni rivojlantirish uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va siyosiy shartsharoitlar yaratildi. Xalqaro biznes tili sifatida buxgalteriya hisobi davlat qonunlarini bajarilishini kafolatlashi, tadbirkorlikni rivojlantirilishiga mulkni saqlash va ko‘payishiga xizmat qilishi, manfaatdorlar tomonidan muhim iqtsodiy qarorlarni qabul qilishda zarur bo‘ladigan to‘liq va ishonarli axborotlarni o‘z vaqtida yetkazib berishi kerak. Moliyaviy hisob va hisobotini korxona, muassasa va tashkilot rahbari tashkil etadi va u quyidagi huquqlarga ega:
  • bosh buxgalter rahbarligida buxgalteriya hisobi xizmati tashkil etish yoki shartnoma asosida jalb qilingan buxgalterlar xizmatidan foydalanish;
  • - buxgalteriya hisobini yuritishda shartnoma asosida ixtisoslashgan buxgalteriya firmalariga yoki tarkibiga buxgalteriya hisobi subyekti kiradigan markazlashgan xo‘jalik birlashmalari hisobi bo‘limiga topshirish;
  • - buxgalteriya hisobini mustaqil yuritish.
  • Moliyaviy hisob va hisobotni yuritishga aloqador bo‘lgan rahbarlar, buxgalterlar va boshqa shaxslar buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritishda buxgalteriya hisobining asosiy tamoyillariga rioya qilishlari kerak. Eng muhimi shuki, mustaqillikning dastlabki yillari respublikamizning o‘z taraqqiyot yo‘lini faol izlash, Vatanimizni erkin, kuchli va ravnaq topayotgan diyorga aylantirishga intilish davri bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasining siyosiy va iqtisodiy mustaqillikka erishishida, iqtisodiy strategiyani amalga oshirish uchun, eng avvalo, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini bosqichma-bosqich shakllantirish va unga o‘tishning strategik yo‘nalishini belgilab olish muhimdir.

Ma’lumki, moliyaviy hisob va hisobotni rivojlantirish, isloh qilish bevosita bozor munosabatlariga o‘tish bilan uzviy bog‘liqdir. Bu esa respublikamizda moliyaviy hisobni xalqaro andozalar talablari asosida takomillashtirishni zaruriyat qilib qo‘ymoqda, ayniqsa, respublika-mizning jahon hamjamiyatiga qo‘shilishi, turli xalqaro tashkilotlarda qatnashishi iqtisodiy ko‘rsatkichlarni joriy mezonlarga taqqoslashda hisobning uslubiy tamoyillarini jahon amaliyotida qabul qilingan andozalar talablariga javob berishni talab etadi. Bu maqsadga erishish uchun buxgalteriya hisobining asosi hisoblangan moliyaviy hisobni takomillashtirish, hisobni amalga oshirishda yangi progressiv usullarni qo‘llash, xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish yordamida foydalanilayotgan rezervlarni qidirib topish va ularni ishlab chiqarishga safarbar etish shu kunning dolzarb muammolaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Buxgalteriya hisobini takomillashtirishda, eng avvalo, rivojlangan mamlakatlardagi buxgalteriya hisobi tizimidan keng foydalanish lozim. Mamlakatimizda amal qilib kelayotgan buxgalteriya hisobi tizimini xalqaro andozalar va me’yorlar talablari darajasida tashkil etish davr talabi hisoblanadi. Xorijiy davlatlar amaliyotidan ma’lumki, ushbu davlatlarda buxgalteriya hisobining 3 turi amal qiladi:

Boshqaruv hisobi o‘zida shunday hisob ma’lumotlarini jamlaydiki, bu ma’lumotlar faqat korxonaning o‘zida boshqaruv uchun zarurdir. Boshqaruv hisobi ishlab chiqarish xarajatlari hisobi va tannarxni kalkulyatsiya qilish bilan birga, u mavjud holatni tahlil etish, qaror qabul qilish, kompyuterlar va texnologik dasturlardan foydalanish, resurslardan foydalanish va tannarxning shakllanishini boshqarish, xarajatlarning me’yordan chetga chiqishini tahlil etish va boshqalarni qamrab oladi. Boshqaruv hisobi ma’lumotlarida ma’lumotlarni tez olish, o‘qish va ulardan foydalanib, operativ boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkoniyati bo‘lishi kerak. Moliyaviy hisob shunday ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadiki, ushbu ma’lumotlar nafaqat korxona faoliyatiga rahbarlik qilishda foydalaniladi, balki tashqi foydalanuvchilarga ham tegishli ma’lumotlar taqdim qilinadi. Moliyaviy hisob axborotlarni umumlashtirish va sintez qilishga yo‘naltirilgan. U ba’zi bir davr uchun korxona foydasini tezkor aniqlashga, korxonaning aktivlari va passivlarini hisobot balansi shaklida umumlashtirishga, korxonaning mulkiy va moliyaviy holatini ta’riflashga imkon beradi. Soliq hisobi korxona, tashkilot va muassasalarda soliqlar va yig‘imlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hisobga olish, soliq imtiyozlarini qo‘llash hamda ularni o‘z vaqtida byudjetga o‘tkazilib borilishini ta’minlab beruvchi buxgalteriya hisobi turidir. Soliq hisobi o‘z usullari yordamida soliq va yig‘imlar, ularning obyekt, subyektlari va soliqqa tortish bazasini, to‘lash muddatlarini aniqlab beradi.
Download 432.49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling