Mustaqil ish mavzu: Xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish Bajardi: Fakulteti: Tekshirdi


Download 128.91 Kb.
Sana14.12.2022
Hajmi128.91 Kb.
#1007242
Bog'liq
Xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish





MUSTAQIL



ISH

Mavzu: Xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish


Bajardi: _______________
Fakulteti:______________
Tekshirdi: _____________
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Respublika iqtisodiyotida xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, yalpi ichki mahsulotda xususiy mulk, jumladan, chet el kapitali ishtirokidagi ulushini izchil oshirish maqsadida:
1. Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin, unda quyidagilar inobatga olinsin:
tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va to‘sqinlik qilish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortish darajasigacha oshirish;
xususiy mulkni himoya qilish kafolatini kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soladigan ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish jarayonini davom ettirish;
barcha turdagi ro‘yxatdan o‘tkazish, ruxsat berish va litsenziyalash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni yanada soddalashtirish;
xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish, ularning moddiy va kredit resurslaridan foydalanishini kengaytirish, biznes muhitni yaxshilash.
Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun shaxsiy javobgarlik mas’ul ijrochilar – tegishli vazirliklar, idoralar, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar rahbarlariga, joylardagi davlat hokimiyati organlariga yuklatilsin.
2. 2015-yilning 1-iyulidan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklari faoliyatiga oid barcha tekshiruvlar rejali tartibda nazorat organlari tomonidan to‘rt yilda bir martadan, boshqa xo‘jalik subyektlarida esa faqat O‘zbekiston Respublikasi Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi qaroriga asosan uch yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan tartibda amalga oshiriladi;
moliya-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshiruvlar o‘tkazish muddati 10 kalendar kunidan oshmaydi;
tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlar faqat so‘nggi tekshiruvdan keyingi davrni qamrab oladi;
qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar munosabati bilan xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyekt jalb etgan advokatlar ishtirokida (xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan ushbu huquqning rad etilish holatlari bundan mustasno) amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) birinchi marta sodir etgan, jinoyat aniqlangandan keyin 30 kun ichida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan, penya va boshqa turdagi moliyaviy sanksiyalarni to‘lagan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmaydi va u javobgarlikdan ozod qilinadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning qat’iy ijro etilishida qabul qilingan normalarni amaliyotga joriy etish ustidan nazoratni kuchaytirsin, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun vakolatli nazorat, huquqni muhofaza qilish va vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining muqarrar javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortishga qadar oshirishni ta’minlasin;
2015-yilning 1-iyuliga qadar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbektelekom” AK Qo‘ng‘iroqlarga xizmat ko‘rsatish yagona markazi va Bosh prokuratura “ishonch telefoni” bazasida davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashishi, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va mulkdorlar huquqlarining buzilishiga doir masalalar bo‘yicha murojaatlarni tunu kun qabul qilish hamda tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishda aybdor bo‘lgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish tizimini tashkil etsin.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
tegishli da’voni ko‘rib chiqish davrida tadbirkorlik subyekti tomonidan shikoyat qilinganda sudlarga nazorat qiluvchi organ qarori ijrosini vaqtincha to‘xtatib turish huquqi beriladi;
soliq va bojxona qonunchiligi tadbirkorlik subyektlari tomonidan buzilishi bilan bog‘liq holatda ularning mol-mulklari faqat sud qarori bo‘yicha musodara qilinadi;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan e’tiroz qilinadigan qo‘shimcha hisoblangan bojxona to‘lovlari xo‘jalik sudi qarori bo‘yicha undiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan hamkorlikda uch oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaat va huquqlarini ishonchli himoya qilish, tadbirkorlik subyektlari da’volarini ko‘rib chiqish muddati, jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali tezlashtirishni ta’minlash bo‘yicha sud organlari roli va faoliyati samaradorligini yanada oshirish borasida takliflar kiritsin.
5. 2015-yilning 1-iyulidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga, faoliyatidan kelib chiqqan holda, har bir yollangan ishchi uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida sug‘urta badali va yakka tartibdagi ish beruvchi tadbirkor uchun belgilangan soliq stavkasining 30 foizi miqdorida soliq to‘lash sharti bilan bir nafardan uch nafargacha ishchini yollash huquqi beriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga yollagan holatda kollejni bitirgandan boshlab o‘n ikki oy mobaynida yollanma ishchilar uchun belgilangan soliqdan ozod etiladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari negizida tadbirkorlik subyektlariga “bir darcha” (keyingi o‘rinlarda “bir darcha” markazlari) tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga adliya organlari xodimlarining chegaralangan miqdorini saqlab qolgan holda, “bir darcha” markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish vazifalari yuklatilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan:
2015-yilning 1-iyuliga qadar turli idoralar huzuridagi “bir darcha” xizmatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilsin, “bir darcha” markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar tizimga integratsiya qilinsin, ta’sis hujjatlari va davlat xizmatlaridan foydalanish uchun taqdim etiladigan boshqa hujjatlar, jumladan, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarining namunaviy shakllari ishlab chiqilsin;
“bir darcha” markazlarining faoliyati 2016-yilning 1-yanvaridan kechiktirmasdan boshlanishi ta’minlansin, shu muddatdan boshlab "bir darcha" markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruv organlariga tadbirkorlik subyektlaridan bevosita hujjatlar qabul qilish taqiqlansin.
8. Belgilansinki, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olishdan tushayotgan davlat bojining jami summasi tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari daromadiga, 2016-yilning 1-yanvaridan esa “bir darcha” markazlarini moliyalashtirish manbai sifatida ularning daromadiga o‘tkazilsin, kelib tushgan mablag‘lar faqat markazlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va xodimlarni rag‘batlantirish maqsadlariga yo‘naltirilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy bank, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin.
10. Ushbu farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
 O'zbekiston fuqarolari va mamlakatimizda yashovchi boshqa shaxslar mulkdor bo'lish huquqiga ega. Mulk huquqi orqali fuqaro o'z turmush tarzini quradi va jamiyat taraqqiyotiga ham xissa qo'shadi. Shuning uchun mulkning ko'p bo'lishidan faqat mulkdor emas, balki jamiyat ham manfaatdor bo'ladi. Xususiy mulkning daxlsizligi va uning davlat tomonidan himoya qilinishi hamda har bir shaxsning mulkdor bo'lish huquqi asosiy qonunimiz bo'lgan Konstitutsiyaning 53-moddasida “Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin” degan qoida tariqasida mustahkamlanadi.
Shuningdek, «O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasida 53-modda ikkinchi qismiga quyidagicha o'zgartirish kiritish taklif qilinmoqda. “Xususiy mulk daxlsiz va davlat tomonidan himoya qilinadi.
Davlat iqtisodiyot tarmoqlarining va hududlarning uyg'un holda rivojlantirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, shuningdek iqtisodiy resurslarning adolatli ravishda taqsimlanishini ta'minlaydi.
Davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini va investitsiyaviy muhitni, shart-sharoitlarni ta'minlaydi.
Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o'z faoliyatining yo'nalishini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli.
O'zbekiston Respublikasida tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy mablag'larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
Tovarlarning, xizmatlarning, ishchi kuchining va moliyaviy mablag'larning harakatlanishini cheklashga qaratilgan chora-tadbirlar, agar ular xavfsizlikni, odamlarning hayoti va sog'lig'i himoya qilinishini, tabiat va madaniy meros ob’ektlari muhofaza qilinishini ta'minlash uchun zarur bo'lsa, qonunchilikka muvofiq joriy etilishi mumkin.
Iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo'l qo'yilmaydi.
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko'rib chiqilmaydi hamda bekor qilinmaydi”.
Konstitutsiyaga asoslanib, bozor iqtisodiyotining asosiy negizlaridan bo'lgan xususiy mulk huquqini mustahkamlash, uning daxlsizligi va ishonchli huquqiy himoyasini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga yo'naltirilgan milliy qonunchilik bazasi yaratildi.
Jumladan, “O'zbekiston Respublikasida mulkchilik to'g'risida”gi, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to'g'risida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik to'g'risida”gi, “Er uchastkalari olib qo'yilishi va olib qo'yilayotgan er uchastkasida joylashgan ko'chmas mulk ob’ektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to'g'risida”gi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mazkur sohani tartibga solishda, rivojlantirishda va albatta mulkdorlar va tadbirkorlar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida, ularning ijrosini yanada kuchaytirish, mansabdor shaxslarning qonun hujjatlarini buzganligi uchun javobgarligini yanada oshirish maqsadida 2019 yil 13 avgustda Prezidentimiz tomonidan “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to'g'risida”gi PF-5780-sonli Farmon qabul qilindi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqildi.
Kodeks loyihasiga ko'ra, Kodeksning asosiy vazifalari jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo'lishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratishdan, xususiy mulk, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Kodeks loyihasi bilan, 9 ta amaldagi qonun, 2 ta yangi qonun loyihalari va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari birlashtirilmoqda hamda tadbirkorlik faoliyati erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlari belgilanmoqda. Unga ko'ra, davlat iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi. Xususiy mulk boshqa mulk shakllari qatori daxlsizdir va davlat tomonidan himoya qilinadi.
Tadbirkorlik sub’ekti mulk huquqi asosida o'ziga tegishli bo'lgan mol-mulkka o'z xohishiga ko'ra egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Tadbirkorlik sub’ektlarining o'z huquq va erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishi, davlat organlarining, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining, boshqa tashkilotlarning qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.


Mamlakatimizda aholining bandligi va daromadlarining barqaror o’sishini ta’minlashga doir vazifalarini hal etishda tobora muhim o’rin tutayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, rag’batlantirish va qo’llab-quvvatlashga yanada ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu borada “2017 – 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha HARAKATLAR STRATEGIYaSI”da “... xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqyeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag’batlantirish ...” muhim vazifa sifatida belgilab berilishi ham mazkur masalaning naqadar dolzarb ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi. Shu bois, joriy 2018 yil “Faol tadbirkorlik, innovasion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili”da tadbirkorlik subyektlariga ularning erkin faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratib berish asosiy vazifa sifatida belgilangan.
Amalga oshirilayotgan islohotlar va rivojlangan davlatlar tajribasiga tayanib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni ustuvor yo’nalish sifatida belgilashning bir qancha sabablari mavjud bo’lib, bunda sohaning ichki bozorni zarur tovarlar va xizmatlar bilan to’ldirishdagi ahamiyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining keng qo’llab–quvvatlanishi natijasida ularning mamlakattimiz iqtisodiyotidagi o’rni ortib, barqaror o’sish sura’tlarida o’z ifodasini topmoqda. Jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YaIMdagi ulushi qariyb 57 foiz, sanoat maxsulotlari ishlab chiqarishda 45,3 foiz, qishloq xo’jaligida 98,2 foiz, qurilish ishlari hajmida 67,8 foiz, savdoda 89,6 foizni tashkil etmoqda. Shuningdek, faoliyat ko’rsatayotgan KBXT sub’ktlari soni 218170 tani tashkil etib, unda iqtisodiyotda jami band bo’lganlarning 78,2 foizi mehnat faoliyati bilan band bo’lmoqda[1].
Keyingi yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotning o’zgarishlarga tez moslashuvchan sohasi sifatida ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to’ldirish, xizmat ko’rsatishning yangi va zamonaviy turlarini kengaytirish, eksport salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash borasida qabul qilingan qarorlarning amaliyotga keng tadbiq etilishi, tekshirish ishlarining qisqarganligi, biznes yuritish uchun moliya va vaqt harajatlarining kamayganligi, ro’yxatga olishning xabardor qilish tizimining joriy etilishi natijasida, ularning tashqi savdo faoliyati ko’rsatkichlarida ham ijobiy tendensiyalar yuz bermoqda. Import o’rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kichik biznes subyektlarining davlat tomonidan qo’llab-quvvatlanishi eksport hajmida kichik biznesning hissasini oshirish imkonini bermoqda. Respublikamiz eksportining umumiy hajmida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000 yilda 10,2 foizni tashkil etgan bo’lsa, 2016 yilda 26,5 foizga oshgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning aholi bandligi va farovonligini oshirish bilan bog’liq ijtimoiy muammolarni hal qilish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda davlat tomonidan keng qo’llab-quvvatlanmoqda. Shulardan kelib chiqib, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning 2017-2021 yillarga mo’ljallangan asosiy konseptual yo’nalishlari sifatida qo’yidagilar belgilab quyildi:

  • xususiy mulk huquqi va kafolatlarini ishonchli himoya kilishni ta’minlash, xususiy tadbirkorlik va kichik biznes rivoji yo’lidagi barcha to’siq va cheklovlarni bartaraf etish, unga to’liq erkinlik berish, «Agar xalq boy bo’lsa, davlat ham boy va kuchli bo’ladi» degan tamoyilni amalga oshirish;

  • kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik tuzilmalarining faoliyatiga davlat, huquqni muhofaza kiluvchi va nazorat idoralari tomonidan noqonuniy aralashuvlarning kat’iy oldini olish;

  • davlat mulkini xususiylashtirishni yanada kengaytirish va uning tartib-taomillarini soddalashtirish, xo’jalik yurituvchi subyektlarning us­tav jamg’armalarida davlat ishtirokini kamaytirish, davlat mulki xususiylashtirilgan obyektlar bazasida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

  • investisiya muhitini takomillashtirish, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy, eng avvalo, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investisiyalarni faol jalb qilish;

  • korporativ boshqaruvning zamonaviy standart va usullarini joriy etish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlarning rolini kuchaytirish;

  • tadbirkorlik subyektlarining muhandislik tarmoqlariga ulanishi bo’yicha tartib-taomil va mexanizmlarni takomillashtirish va soddalashtirish;

  • mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, davlat boshqaruvi tizimini markazlashtirishdan chiqarish va demokratlashtirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, nodavlat, jamoat tashkilotlari va joylardagi o’zini o’zi boshqarish organlarining rolini oshirish.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ushbu tadbirlar asos bo’lib qoladi. Chunki, bugungi ehtiyoj va talabdan kelib chiqib, belgilangan tadbirlar, ushbu sohani rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik harakati bundan keyin ham har tomonlama qo’llab-quvvatlanadi. Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan 2017-2021 yillarga mo’ljallangan Harakatlar strategiyasida eng muhim ustuvor vazifalardan biri – xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, sohaga to’liq erkinlik berish, bu yo’lda g’ov bo’lib turgan barcha to’siq va cheklovlarni bartaraf etish masalasi ekanligi ana shandan dalolat beradi. Zotan, mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal sur’atlarda rivojlanishi, aholining hayot darajasi va sifati yuksalishi ko’p jihatdan kichik biznes istiqboli bilan chambarchas bog’liqdir.
Download 128.91 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling