Ona tilimiz – milliy g`ururimiz nurboyeva Maftuna – 5A120102- lingvistika (o`zbek tili) mutaxassisligi I bosqich magistranti


Download 18.97 Kb.
Sana11.12.2020
Hajmi18.97 Kb.
#164619
Bog'liq
НУРБОЕВА-МАҚОЛА(1)


ONA TILIMIZ – MILLIY G`URURIMIZ

Nurboyeva Maftuna – 5A120102- Lingvistika (o`zbek tili)

mutaxassisligi I bosqich magistranti

So`nggi o`n kunlikda Respublikamiz bo`ylab ona tilimizga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi keng miqyosda nishonlandi. Shu munosabat bilan o`zbek tilini yanada rivojlantirish va nufuzini oshirishga qaratilgan bir qator loyiha va qarorlar ilgari surildiki, bu soha mutaxassislarini behad quvontirdi. Shu o`rinda haqli bir savol tug`iladi: Davlat tili darajasiga ko`tarilganiga navqiron inson umri muddaticha bo`lgan tilimiz shu vaqt ichida qanday taraqqiy etdi? O`z imkoniyatlarini foydalanuvchilari nutqida baralla ko`rsata olmoqdami yoki bunga yot tilning o`rinsiz shamollari to`sqinlik qilmoqdami? Shu xususdagi savollar haqida mulohaza yuritishdan avval til va nutq borasida to`xtalsak. Zotan, tilga qanday maqomlar bermaylik, u shu til egalari nutqida o`zligini namoyon etmas ekan, maqomlar ham uni yuksaltirmaydi. Umuman, til – UMIS(umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab), nutq – AHVO(alohidalik, hodisa, voqelik, oqibat) tabiatli deganimiz har ikkisining dialektik aloqada ekanligini, biri ikkinchisining aksi ekanligini va muhimlikda bir-biridan quyi turmasligini anglatadi.

Til – bu muayyan jamiyat a’zolari uchun baravar xizmat qiluvchi, axborot uzatish va qabul qilish vazifasini bajaruvchi ijtimoiy, insoniy-ruhiy aloqa vositasidir[I;32]. Til shaxsga nisbatan tashqi, ya’ni yaratish va o`zgartirish muayyan shaxs nutqiy faoliyatiga bog`liq bo`lmagan yaxlit tizimdir. Bu tizim birliklari esa davr va jamoaviy kelishuv natijasi orqali boyib boradi.

Til jamiyat a’zolari nutqida o`z aksini topadi. Shu jihatdan til va nutq uzviy bog`langan va bir-birini taqozo etadi. Til nutqning tushunarli va samarali bo`lmog`i uchun kerak; nutq ham, o`z navbatida, tilning tashkil topmog`i, reallashmog`i uchun zarur. Aytish mumkinki, nutq tildan oldin “yuradi”. Chunki biz ona tilida so`zlashishni boshqalar nutqini eshitish asnosida o`rganamiz; bizning tilga oid ko`nikmalarimiz boshqalarni tinglash jarayonida olinadigan taassurotlar natijasida o`zgaradi.

Aynan shu dalil o`z nutqimizga qanchalik e’tiborli bo`lishimiz kerakligini anglatib turadi. Zotan, biz go`daklikdanoq tilni uning alohida ko`rinishlarinutqiy shakllaridan o`rganib, keyinchalik ham nutq orqali lisoniy ko`nikmalarni hosil qilar ekanmiz, jamiyat a’zolarining nutqi nafaqat o`z nutqimizni shakllantirishga, balki tilimizning boy imkoniyatlarini anglab yetishimizga ham ko`p xizmat qiladi. Shu o`rinda nutqimizga, har bir so`zimizga nechog`lik mas’uliyat yuklanganini fahmlaymiz. Ona tilimiz imkoniyatlaridan o`rinli foydalanishimiz, qo`pol (vulgar) so`z va ifoda, shevaga xos va o`zlashmagan til unsurlaridan xoli, ya’ni madaniy nutqqa ega bo`lishimiz bizni tinglovchi jamiyat a’zolari nutqiga ham ijobiy ta’sir ko`rsatadi.

Taassufki, ba’zida jamoat joylarida, keng qamrovli tinglovchilarga qarata nutq so`zlayotgan shaxslarda ham sheva unsurlari yaqqol sezilib turadi. Bunday holatni ko`pchilik kuzatgan. Kuzatishga to`g`ri kelgan bir holatdao`quv yili boshlanishi oldidan o`tkazilgan yig`ilishda yuzdan ortiq magistrantlarga nutq so`zlayotgan kishining shevada so`zlashi va negadir o`z shevasiga monand talaffuz qiladigan aynan bir so`zga ko`p murojaat qilishi tinglovchilarni ham bir qadar zeriktirib, so`zlovchi nutqiga e’tiborni kamaytirgan edi. To`g`ri, sheva milliy til xususiyatini o`zida aks ettiradi va bu uzoq yillik ko`nikma bo`lib, nutqimizda ixtiyorsiz ravishda qo`llab yuborishimiz vajidan , bizningcha, bu – kechirarli holat. Biroq tilimizda tushuncha va fikrni ifodalovchi rang-barang birliklar mavjud bo`la turib, g`ayri til vositalarini nutqimizga qorishtirishni hech qaysi jihat bilan oqlab bo`lmaydi.

Masalan, hozirgi yoshlar nutqida ommalashgan, “tasdiq” ma’nosini anglatuvchi “Ok” o`rnida tilimizda mavjud xilma-xil birliklardan foydalanishimiz mumkin. Tilimiz shu qadar boyki, bu ikki harfdan iborat birlik ongimizdagi shu ma’noga xizmat qiluvchi leksemalar o`rnini bosa olmaydi.

Yana bir hayotiy misol: darsdan qaytar ekanmiz, bizga qarama-qarshi kelayotgan ikki o`smirni ularning ortidan kelayotgan mashina turtib ketishiga sal qoldi. O`smirlar pinagini ham buzmasdan: “O, my god”,-deya yo`llarida davom etdilar. Ammo bizni o`ylantirgan savollar bilan yuzlashdik: “Nima, o`zbek tilida bu kabi vaziyatda aytiladigan so`zlar yo`qmi? Nahotki, kishi qo`rquv va vahima shoshirganda yoki qazodan qutulib qolganda o`z ona tilida emas, begona tilda so`zlasa? Yoki nutqda xorijiy so`zlarni aralashtirib gapirish madaniyat tusini oldimi? Joriy yilda ona tilimiz davlat tili maqomiga erishganligiga 30 yil to`ldi. Yaqinda o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligini nishonladik. Ko`pchilik uchun ahamiyatsiz bo`lgan bu kun uchun ajdodlarimiz qanchalik mashaqqat chekishgan… Ona tili milliy g`urur degani emasmi?!

Bu qadar diqqat bo`lish o`rinsizdir, ehtimol. Chunki nutq parchalari til tizimiga katta o`zgarish kiritmaydi. Ferdinand de Sossyurning “tilning mavjudligini ijrochiga bog`liq bo`lmagan simfoniyaga qiyoslash mumkin; uni ijro etgan sozandaning xatolari bu mavjudlikka aslo ziyon qilmaydi” [2;15] degan fikrlari ko`nglimizga tasalli beradi. Biroq nutqimizning bunday buzilish holatlariga befarqlik ham ijobiy oqibatlarga olib kelmaydi. Ona tili sofligini saqlash uchun undan foydalanuvchi har bir shaxs mas’uldir. Ona tilimizning boyligi ajdodlarimizning shoh asarlarida isbotlab bo`lingan, tilimiz uchun qilingan fidoyiliklar ham yetarlicha. Shunday ekan, loaqal, o`z nutqimizni tilimiz go`zalliklari bilan boyita olamiz, tilimizga o`zlashmagan, xorijiy til vositalarisiz ham fikrimizni risoladagidek ifodalay olamiz… Ona tilimiz – milliy g`ururimizni asrash, tilimiz sofligini saqlash yo`lida birgalikda harakat qilaylik.

Adabiyotlar:

1. Sayfullayeva R va boshqalar. Hozirgi o`zbek adabiy tili. – T.: ФТМ, 2009.

2. Ф. де Соссюр. Умумий тилшунослик курси. – T.: “Navoiy universiteti” nashriyoti, 2019.

3. Сафаров Ш. Прагмалингвистика. – Тошкент: “ЎзМЭ” нашриёти, 2008.






Download 18.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling