Rustam ibragimov taqdir oldidagi ojizlik homerning “Iliada” asari misolida


Download 381.97 Kb.
bet1/4
Sana17.02.2023
Hajmi381.97 Kb.
#1208935
  1   2   3   4
Bog'liq
Microsoft Word Document


Rustam IBRAGIMOV
TAQDIR OLDIDAGI OJIZLIK
Homerning “Iliada” asari misolida

Homer, Gomer (Homeros) — yunon shoiri. Uning hayoti haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Turli davrlarda yaratilgan tadqiqotlarda uning yashab o‘tgan davrini mil. av. 12-a. bilan 7-a. oralig‘ida deb ko‘rsatiladi. Homerning so‘qir bo‘lgani, o‘z asarlarini baxshilar kabi og‘zaki aytgani ma’lum. Ularni kim, qachon yozib olgani aniq emas. Homerga nisbat berilgan asarlar ko‘p, ammo homershunoslar ko‘p tortishuvlardan keyin fakat 2 asarni — «Iliada» va «Odisseya» Homerniki deb tan olishgan. Ularning ikkovi ham qahramonlik eposi bo‘lib, yunon mifologiyasi asosida yaratilgan. Shu b-n birga, ularda faqat she’rlar, afsonalar va rivoyatlargina emas, real tarixiy vokealar ham aks etgan. Jumladan, «Iliada» dostonida tasvirlangan Troya ko‘p zamonlar afsonaviy shahar hisoblanib kelingan, ammo buyuk arxeolog Shpilman ko‘p yillik izlanishlardan so‘ng uni topdi va bu shahar tarixda mavjud bo‘lganini isbot qildi. Homer asarlaridan namunalar o‘zbek tiliga tarjima qilingan (Mirtemir, Qodir Mirmuhamedov va b.).


Or-nomus, g‘urur va beorlik, intiqom o‘tida yonish hamda shu intiqom oldidagi ojizlik… XX-XXI asrlar “mahsul”i – turli ekologik, ma’naviy-axloqiy muammolardan ko‘ra ancha qadimiy bo‘lgan mazkur muammolar, boqiy so‘roqlar uchun makonu zamon to‘sig‘i begona. Buning yorqin dalili G‘arb adabiyotining ilk namoyandasi sanalmish ulug‘ Homer tomonidan miloddan avvalgi VIII asrda yaratilgan azim obida – “Iliada”dir.
Go‘zal Yelena sabab yunonlar hamda troyaliklar o‘rtasida kechayotgan dahshatli urushning o‘ninchi yili… Lekin ana shu talotum chog‘i ham murakkab insoniy munosabatlar davom etmoqda: bir yoqda axeylarning bosh qo‘mondoni, asirga tushgan qizi Xriseidani ajratish niyatida ming iltijolar bilan shoh poyiga bosh urib kelgan kohin Xrisni tahqirlagan, oqibatda tangri Apollon tomonidan lashkargohiga vabo yuborilishiga (“zero kohin edi Febning erka bandasi,..”), minglab askarlarining bekordan-bekorga qirilib ketishiga sababchi bo‘lgan takabbur Agamemnon qizni otasiga qaytarishni talab qilgan Axillesga buning badaliga ulug‘ bahodirning asirasi Briseidani berishni shart sifatida qo‘yadi. Ikkinchi yoqda esa bu pastkashlikdan dili qattiq ozor topgan Peleyzoda lashkargohni tashlab ketib, nomus o‘tida qovriladi:
Va nihoyat, mirmidonlar maydoniga kelib, ko‘rdilar
G‘amga botgan Axillesni o‘z chodiri bo‘sag‘asida…
350 Biroq Axill, do‘stlarini tark etdi-da, mo‘ysafid ummon
Yoqasiga borib indi va qo‘llarin cho‘zib suv tomon
Oq sut bergan onasiga bo‘zlab-bo‘zlab qildi iltijo:
“Onajonim! Nahot meni foniy etib tuqqaning uchun
Olampanoh Zevs etmagan menga nasib izzatu ikrom?
355 Bugun esa boridan ham mahrum etdi! Iqtidorli shoh
Mutakabbir Agamemnon mening jangda olgan muzdimni
O‘ziniki qilib olib, farzandingni ayladi badnom!”
Homer dahosi qudratining eng yorqin fazilatlaridan biri shuki, u ikki buyuk illat hamda fazilat to‘qnashgan ana shunday dramatik lahzada mana shu sabab orqasida kelib chiqqan oqibat – Urush jarayonini asar markaziga olib kirdi. To‘g‘ri, urushning o‘zi o‘n yildan buyon davom etib kelardi-yu, ilionliklar shu paytgacha shahar devorlari ortidan chiqishga botinolmasdi. Faqat Axilles muhorabani tark etgachgina, ular ochiq jangga, dushman bilan yuzma-yuz haqiqiy Urushga, dahshatli Urushga kirdi. Muallif bu ulug‘ muhorabani bor suroni, vahshati bilan realistik bo‘yoqlarda nihoyatda rangin tasvirlaydi:
Ikkala xalq ikki yoqda ko‘rib bo‘lgach jang taraddudin,
Qushlar yanglig‘ uvvos solib gurra qalqdi Troya ahli:
Odatda qish bo‘ronidan yo ayozli kuz yomg‘iridan
Qochib, ko‘kka parvoz etgan turnalar shu tarzda qichqirgay;
5 Qushlar jo‘shqin ummon osha ucharkanlar yuksak samoda,
G‘animlari pigmeylarga ofat yo‘llab osmon-falakdan,
Mudhish g‘azab ila hamla qilardilar ular ustiga.
Lek axeylar adovatli hansirashib kelardilar jim
Bir yoqadan bosh chiqarib jang qilmoqqa ahd qilgan holda.
10 Not shamoli tog‘u toshni o‘g‘rilar-chun zulmatdan afzal,
Cho‘ponlarga koni ziyon tuman ila burkanganida,
Ko‘rolmaysan otgan toshing borib tushgan yerdan narini, –
Xuddi shunday quyuq edi lashkar poyi ostidan chiqqan
Chang, to‘zon ham; keng vodiydan ular jadal o‘tdilar yurib.
Eng asosiy pahlavoni ishtirokisiz urushni davom ettirgan axeylar Menelay, Ayaks Telemoniy, Diomed singari qolgan bahodirlari jasoratiga qaramay, ustunlikni qo‘ldan berishdi. Ulkan jang sahnasiga endi troyaliklarning azamat o‘g‘loni Gektor chiqdi:
75 O, axeylar, orangizda mard, azamat qahramonlar ko‘p;
Kimki men-la xolisona jang qilmoqqa bildirsa xohish,
Mayli, chiqsin davraga u – shaydir jangga ilohiy Hektor.
Goh u tomon, goh bu tomonning qo‘li baland kelayotgan, ishratparast, qo‘rqoq Parisning kasofati sabab boshlangan, nihoyasi azim shaharning halokati bo‘lguvchi shu urush nafaqat bandalarni, balki Olimp tangrilarini ham bir-biriga yov ikki guruhga ajratib yubordi. Gera, Afina kabi ma’budalar odatdagidek yunonlar tomonida bo‘lsa, Afrodita, Apollon, Ares singari ilohlar ilionliklarni qo‘llab-quvvatlaydi, hattoki ular tarafida turib janglarda qatnashadi. Faqat ma’budlar xoqoni ulug‘ Zevsgina vaziyatni butun olam hodisalari tirgagi bo‘lgan bir qudratga muvofiq nazorat qilar, tarafkashlikdan yiroq edi. Shuning uchun ham hali aytilganidek, butun urush davomida goh u tomonning, goh bu tomonning qo‘li baland kelardi! O‘sha qudrat, o‘sha kuch oldida ojiz bandalar tugul, barhayot ma’budlar ham ilojsiz. U taqdirdir.
Aynan shu taqdir obrazi keyinchalik Homerdan “meros” sifatida butun antik yunon adabiyotining o‘ziga xos “quyosh”i bo‘lib qoldi hamda o‘zga mavzuyu masalalar mazkur timsol atrofida aylandi. Bunga tipik misol – Gesiod, Esxil, Sofokl, Yevripid ijodi. Homer esa shu azaliy va abadiy muammodan so‘z ochgan ilk san’atkor ekan, u avvalambor, falakning gardishi hatto oliy xudolar ham bo‘ysunishga majbur oliy qonun ekanligini bilvosita uqtiradi. Yorug‘lik va san’at ma’budi, ulug‘ yoyandoz, Troyaning tolmas himoyachisi Apollon ham sevikli qahramoni Gektorni Homer zo‘r ilhom bilan kuylagan Axillesning qahru g‘azabi hukmiga, to‘g‘rirog‘i, taqdir hukmiga topshirmoqdan o‘zga iloji qolmaganda qismatning bu yo‘rig‘i oldida qanchalar ojiz edi!
Ha, taqdiri azal dunyo ustuni hisoblangan tangrilar ustidan hukm yurita-yurita, oxiri o‘zining kulminatsiyasiga yetgan – dahshatli Troya urushi boshlangandi. Bu urush ma’budlarning qismat oldidagi ojizligi tarzida jahoniy ko‘rinish kasb etdi. Aslida Birinchi jahon urushi 1914-1918 yillarda emas, obrazli qilib aytganda, miloddan avvalgi VIII asrda bo‘lgan edi. Gap faqat bu qirg‘inbarotda ma’budlar ham ishtirok etganida emas. Hatto ana shu vahshat chog‘i ham yuksak insoniy munosabatlar tinch kundalik hayotdagidan yorqinroq, butun bo‘yu basti bilan namoyon bo‘ldi: bir yoqda Agamemnonga achchiq qilib, urushni tark etgan Axilles oldiga Gektor boshchiligidagi troyaliklarning qaqshatqich zarbasi ostida chekinib borayotgan yunonlarni bu tang ahvoldan qutqarishini o‘tinib so‘rab, bahodirning qadrdon og‘aynisi Patrokl keladi. Ikkinchi yoqda unga rad javobini bergani holda o‘z qurol-yarog‘u lashkarini berib, qadrdonini jangga yo‘llagan mag‘rur Axilles keyinroq Patroklning halok bo‘lganini eshitgach, chunonam g‘azablanadiki, bu buyuk g‘azabda alam, nafrat, intiqom o‘ti mujassam edi:
… g‘am qora bulut yanglig‘ bosdi Peleyzodani.
Shu onda u qo‘llariga nopok kulni siqimlab olib
25 O‘z boshidan socha ketdi oftobmisol jamolin bulg‘ab;
Uning xushbo‘y va bejirim liboslari belandi kulga.
So‘ngra bu alpqomat yigit yotib olib yerga uzala,
Achchiq-achchiq oh urarkan sochlarini yuldi ayamay.;
“… Nechunki, men to Hektorni o‘z nayzam-la jonini olib,
90 Qadrdonim Patrokl-chun intiqom – o‘ch olmagunimcha
Qalbim mening yashashimga imkon bermas el orasida!”;
Jangga kirgum aziz do‘stim halok etgan Hektorga qarshi!
Qodir Zevs va xudovandlar qachon meni mahkum etsalar,
115 O‘shal zahot tayyordurman mardonavor jon bermoqqa men!
O‘limdan jon saqlolmadi hatto mardlar mardi Patrokl,
Chaqmoqotar Zevsning, garchi, arzandasi hisoblansa ham;
Halok etdi uni qismat va Heraning shum adovati.
Men ham qismat da’vat etsa, rozidurman mahv bo‘lmoqqa…
Asarning kulminatsion nuqtasi aynan shu yerdir. Chunki ulug‘ rapsodning yigirma to‘rt qo‘shiqdan iborat mahobatli “Iliada” jangnomasini yaratishdan maqsadi ana shu qahru g‘azabni kuylash, tarannum qilish edi. Aziz do‘st hurmati, yodi bosh omil bo‘lgan ushbu g‘azab oqibatda ilionlik necha minglab jangchilarni mahf etib, Patroklning qotili dovyurak Gektorning ham jonini oldi. Bu g‘azabning “qon”i aslida taqdir hukmiga isyon edi. Yaqin-orada o‘zining-da hayot shami so‘nishi (manfur Paris tomonidan ojiz joyi – tovoniga nayza sanchib o‘ldirilishi)ni oldindan bilgan Axilles Patroklning halokatiga qismatni aybdor sanab, shu qismat irodasi ifodachisi, aniqrog‘i, uning qo‘lidagi “o‘yinchoq” Gektordan shafqatsizlarcha o‘ch oldi, Troya shahzodasining murdasini ayovsiz xo‘rladi. Biroq taqdirga qarshi qaratilgan mazkur isyon haqiqatda taqdir yo‘rig‘iga bo‘ysunish edi (Chunki Troyaning muqarrar qismati – halokatiga olib kelguvchi omillardan biri Priamzodaning o‘ldirilmog‘i edi!). Negaki Yeru samo hukmdori qudratli Zevs taqdiri azalni uning qonuniyatlari asosida nazorat qiladi. Bunga bo‘ysunmaslikka esa boya bir necha bor ta’kidlaganimizdek, o‘zga ma’budlar u yoqda tursin, hatto Zevsning-da haqqi yo‘q. Bu narsani ichki bir sezgi-la tuygan Axilles ehtimol shu sababli g‘azabdan tushib, Gektorning pajmurda tanasini o‘z oldiga ming bir iltijoyu alamli ko‘z yoshlar bilan kelgan Troya hukmdori, alamdiyda ota – Priamga qaytarib bergandir?! Qanday bo‘lmasin, qasos, aniqrog‘i, qismat qasosi hamda uning qarshisidagi qumursqa misol ojizlik bir ulug‘ insonning qahru g‘azabi ko‘rinishida yunon qo‘shiniga xayrixohligi ochiq-oshkora sezilguvchi Homerning 15 700 satri zamiriga singib ketgan.


Download 381.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling