Siyosiy fanlar sohasida kadrlarni tayyorlash, fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘G‘risida


Download 50.55 Kb.
Sana14.09.2023
Hajmi50.55 Kb.
#1678231
Bog'liq
siyosiy menejment


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
SIYOSIY FANLAR SOHASIDA KADRLARNI TAYYORLASH, FUNDAMENTAL VA AMALIY TADQIQOTLAR SAMARADORLIGINI OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Siyosiy fanlar sohasida kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish, fuqarolik jamiyati, milliy davlatchilikning siyosiy asoslarining shakllanishi va rivojlantirish sohasida kompleks tizimli tadqiqotlar olib borish, globallashuv sharoitida davlatning ichki va tashqi siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, shu asosda ijtimoiy-siyosiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar va dasturlarni ishlab chiqish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (keyingi o‘rinlarda — Universitet) 2019/2020 o‘quv yili uchun qabul kvotalarini:
“Siyosatshunoslik” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 20 kishi, shu jumladan, davlat granti bo‘yicha 5 kishi.
“Amaliy siyosatshunoslik” ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha 10 kishi, shu jumladan, davlat granti bo‘yicha 2 kishi.
“Siyosiy fanlar” fani tarmog‘i ixtisosliklari bo‘yicha tayanch doktoranturada 4 kishi, va doktoranturada 2 kishi miqdorida belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Universitetda “Siyosatshunoslik” kafedrasini (keyingi o‘rinlarda — kafedra) tuzish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
Kafedra faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
ilg‘or xorijiy tajriba hamda zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish asosida siyosatshunoslik fanlari sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni ta’minlash;
jahon siyosatidagi eng yangi trend va yo‘nalishlarni hisobga olgan holda xalqaro darajadagi ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
“Siyosatshunoslik” fani bo‘yicha o‘quv jarayonini mazmun jihatdan takomillashtirish maqsadida yangi avlod darsliklari, o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv dasturlari va rejalarini tayyorlash;
Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatda O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini ilgari surish sohasida Tashqi ishlar vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar oldida turgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda ta’lim berish, fundamental va amaliy tadqiqotlarning yuqori darajasini ta’minlash;
siyosatshunoslik, xalqaro munosabatlar va jahon siyosati, xalqaro iqtisodiyot va menejment, xalqaro huquq sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini o‘quv jarayoniga hamda tegishli o‘quv rejalari va dasturlariga tatbiq etish;
siyosiy fanlar sohasi iqtisodiy siyosatshunoslik, siyosiy marketing va menejment, siyosiy sotsiologiya va boshqa innovatsion yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan metodologik va o‘quv-texnologik shart-sharoitlarni yaratish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2019/2020 o‘quv yili boshlangunga qadar kafedrani siyosatshunoslik sohasidagi mahalliy va xorijiy yetakchi mutaxassislar bilan ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Universitet ta’lim jarayoniga xorijlik, shu jumladan, chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz orasidan yetakchi ekspertlarni jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari doirasida siyosatshunoslik sohasidagi tadqiqotlar uchun grantlar ajratishni ko‘zda tutsin.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
7. Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va tashqi ishlar vaziri A.H. Kamilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Download 50.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling