Turkistonda sovetlar boshqaruvi tizimining mustahkamlanishi


Download 0.76 Mb.
Sana09.01.2022
Hajmi0.76 Mb.
#255855
Bog'liq
TURKISTONDA SOVETLAR BOSHQARUVI

TURKISTONDA SOVETLAR BOSHQARUVI TIZIMINING MUSTAHKAMLANISHI


Sovet hokimiyati mutasaddilari qanday qilib bo‘lmasin Turkistonda chuqur ildiz otish, mahalliy xalqlarni o‘z izmilariga bo‘ysundirish, asta-sekin ularning ishonchini qozonib, sovet tuzumi qurilishi jarayoniga faol jalb qilish sari astoydil kirishdilar. Ular kelgusida mahalliy vatanparvar kuchlarning Turkiston Muxtoriyatiga o‘xshagan xalq hokimiyati boshqaruvini yangidan qayta tiklashiga izn bermaslik uchun sovet hokimiyatchiligiga milliy, mahalliy shakl-shamoyil berishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ydilar. Bunga erishish uchun barcha usullar-u, ta’sir ko‘rsatish vositalari ishga solindi. Sovet hokimiyati, Turkistonda sovet avtonom respublikasini tuzish tashabbusi-yu uni bevosita tashkil qilish ishlari bilan shug‘ullandi. Jumladan, sovet hukumatining favqulodda komissari P.A.Kobozev, RSFSR millatlar ishi komissarligi xodimlari X. Ibragimov, A.Sh. Klevleyev singarilar bu ishda bosh-qosh bo‘ldilar.

Ular Markaz elchilari sifatida mahalliy sovet rahbarlari bilan yaqin hamkorlikda yerli aholi o‘rtasida zo‘r berib sovet hokimiyatini qo‘llabquvvatlashga, uning milliy siyosatini izchil amalga oshirishga da’vat etib faol tushuntirishlar olib bordilar. Turkistonda sovet avtonomiyasi (muxtoriyati)ni rasmiy tashkil qilish masalasi 1918-yilning 20-aprelidan 1-mayigacha Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘lka sovetlarining V syezdida ko‘rib chiqildi. Bolsheviklar fraksiyasi taklifi asosida syezd qabul qilgan «Turkiston sovet respublikasi to‘g‘risida qoidalar»da RSFSR tarkibiga kiruvchi TASSR — Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi ekanligi e’lon qilindi. Turkiston avtonom respublikasining hududiy chegaralari belgilandi. Uning oliy qonun chiqaruvchi organi sifatida ishchi, askar, dehqon va musulmon-dehqonlar sovetlari syezdi, uning doimiy faoliyat yurituvchi organi qilib esa Markaziy Ijroiya Qo‘mita belgilandi.

O‘lkaning boshqaruvi, uning ijroiya funksiyalari Xalq Komissarlari Kengashi tasarrufiga berildi. Joylarda esa mahalliy sovetlar va ularning ijroiya qo‘mitalari hokimiyat funksiyalarini bajarishlari kerakligi ta’kidlandi. O‘lka syezdi Turkiston aholisining ko‘p millatli tarkibini hisobga olib, hukumat qoshida milliy ishlar xalq komissarligini tashkil qildi. Joylarda uning bo‘limlari tuzilib, ularning zimmasiga turli millat kishilari o‘rtasida qizg‘in tashkilotchilik va siyosiy ish olib borish, milliy manfaatlarni himoya qilish vazifasi yuklatildi.

Shunday qilib, Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi tuzilib, uning maqsad, vazifalari rasmiy hujjatlarda belgilangan bo‘lsa-da, biroq amalda u mahalliy xalqlarning haqiqiy manfaatlariga emas, asosan hukmron tuzum va uning o‘lkadagi ta’sirini kuchaytirishga xizmat qilardi. Aslida bular tarkibi asosan yevropalik millatlar vakillaridan tashkil topgan ishchi, askar va dehqon deputatlari sovetlari bo‘lib, musulmon-dehqon deputatlari sovetlari esa ularga bo‘ysunuvchi maqomda e’tirof etilgan edi. Shuningdek, Turkiston avtonom sovet respublikasi tuzilishida bir tomonlama faqat hududiy tamoyillar hisobga olinib, o‘lka xalqlarining milliy tamoyillari e’tirofi o‘z ifodasini topmagan edi. Nihoyat, yana shu narsa taajjublanarliki, Turkistonning sovet respublikasi, deb e’lon qilinishi na yuridik va na siyosiy jihatdan hech bir demokratik mazmunga ega bo‘lmay, u xalq xohish-irodasiga, uning qonuniy talablariga asoslanmagan edi.

Turkiston respublikasi qonun chiqaruvchi organi — Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining jami 36 a’zosidan atigi 9 nafari mahalliy millat kishilari edi. Uning raisi etib favqulodda vakolat egasi, Bolshevik P.A.Kobozev saylandi. Shuningdek, bolshevik F.I.Kolesov boshchiligida 16 kishidan iborat tuzilgan hukumat — XKS tarkibiga ham 3 nafar mahalliy millat vakillari kiritilgandi, xolos. Shu faktlarning o‘zi ham Turkiston sovet muxtoriyatining nima maqsadda va kimlarning tub manfaatlarlni himoya qilishni ko‘zlab tuzilganligidan yaqqol dalolat beradi.

Markaziy hokimiyat Turkiston avtonom respublikasi jilovini to‘lig‘icha qo‘lga olish uchun o‘lkadagi mavjud bolshevistik tashkilotlarni birlashtirib, ular negizida yagona kommunistik partiya tuzishga kirishdi. Markaz ko‘rsatmasi bilan bu borada ham 1918-yilning birinchi yarmi davomida qizg‘in ishlar olib borildi. Safida 2 ming nafar a’zosi bo‘lgan o‘lka bolsheviklari (kommunistlari)ning 1918-yil iyunida bo‘lib o‘tgan I syezdida (unda ishtirok etgan 46 delegat ichida atigi 6 nafari mahalliy millatlar vakillari bo‘lgan) Turkiston Kompartiyasi tuzilganligi e’lon qilinadi.

Turkiston ASSRning konstitutsiyaviy tuzilishi va huquqiy maqomini shakllantirish uchun RSFSRning 1918-yilda qabul qilingan birinchi Konstitutsiyasi to‘la asos qilib olindi. O‘lka xalqlari hayotiga oid bu «muhim masalalar»ni hal etish uchun 1918-yil oktabrida Turkiston o‘lka sovetlarining V syezdi chaqirildi. Mazkur syezd Rossiya Federatsiyasining muhim hujjatlariga, xususan, uning Konstitutsiyasiga asoslanib, Turkiston avtonom respublikasining Konstitutsiyasini qabul qildi. U Turkistonni Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasining ajralmas, tarkibiy qismi bo‘lib qolishini, o‘lka xalqlarining barcha hayotiy masalalari uning mas’ulligida ekanligini qonunlashtirdi. Binobarin, o‘lkaning moliyaviy, mudofaa, tashqi siyosat aloqalari, temiryo‘llar, savdo, moliya va shu singari muhim hayotiy sohalari RSFSR hukumati tasarrufida bo‘lishi syezd hujjatlarida o‘z ifodasini topdi. Syezd tasdiqlagan Turkiston avtonom respublikasi oliy hokimiyati — Turkiston MIQ tarkibiga mahalliy millat nomzodlari ham (jami 75 kishidan 20 nafari) kiritildi

1919-yil bahoriga kelib o‘lkaning Andijon, Namangan, Marg‘ilon singari hududlarida musulmon mehnatkashlari sovetlari tarkibida favqulodda organlari sifatida muvaqqat inqilobiy qo‘mitalar tashkil etilib, faoliyat yuritdilar. 1919-yil o‘rtalariga kelganda bunday organlar Turkistonning ko‘plab shahar va qishloq joylarida ham tashkil topib bordi. Bolsheviklarning o‘lkaning mahalliy shart-sharoitlari, o‘ziga xos xususiyatlarini, uning tub joy aholisining hayotiy manfaatlarini hisobga olmasdan yuritgan o‘zboshimchalik va yakka hukmdorlik siyosati ularni oxir-oqibatda mushkul ahvolga duchor etishi tayin edi.

Buning yorqin ifodasi 1919-yil 19-yanvarda harbiy komissar K. Osipov tomonidan uyushtirilgan isyonda o‘z aksini topdi. Bu harbiy isyon natijasida 14 nafar Turkiston komissarlari otib tashlandi. Biroq, sovetlarga sadoqatli kuchlar, mahalliy ishchi va askar deputatlari sovetlari, xususan, Toshkent temiryo‘l korxonalari ishchilarining qurollangan otryadlari Osipov isyonini darhol bostirib, sovet hokimiyatini saqlab qoldilar. Ko‘p o‘tmay Turkistonning yuqori hokimiyat organlari qaytadan tashkil etilib, ular yangi rahbar kadrlar bilan to‘ldirildi

Turkiston muxtor respublikasining yangi rahbarlari 1919-yil yanvar isyoni saboqlaridan zarur xulosa chiqarib, mahalliy millat ziyolilari va kommunistlari vakillarini ham birin-ketin sovet organlari faoliyatiga tortish hamda ularning o‘z mahalliy tashkilotlarini tashkil qilishlariga yo‘l berishga majbur bo‘ldilar. 1919- yil martida Turor Risqulov (1894—1938) raisligida o‘lka musulmon kommunistlari byurosi (O‘lka Musbyurosi) tashkil etildi, uning organi — «Ishtirokiyun» gazetasi tez orada nashr etila boshlandi. O‘zbek tilida chiqadigan boshqa vaqtli matbuot nashrlari soni ham ortib bordi. Mahalliy xalq orasida katta obro‘ va nufuz qozongan, ko‘p yillik inqilobiy kurash tajribasiga ega bo‘lgan T. Risqulov, N. To‘raqulov, N. Xo‘jayev, A.Rahimboyev, Q. Otaboyev, S.Tursunxo‘jayev, S.Segizboyev, O. Bobojonov, A. Ikromov singari mahalliy kommunistlar, yurt rahnamolari partiya va sovet boshqaruvi ishlariga asta-sekin jalb qilib borildi

Bolsheviklar butun Rossiyada bo‘lgani singari Turkistonda nam hamma narsani, jumladan, mulkni, ishlab chiqarish tarmoqlarini umumlashtirish va milliylashtirish vazifalarini hal etishni bosh maqsad qilib qo‘ydilar. Bu narsa ular avvaldan e’lon qilgan ko‘plab dasturiy hujjatlar, balandparvoz shiorlarda ham o‘z ifodasini topgan edi. Shuning uchun ham Turkistonda o‘rnatilgan sovet hokimiyati va uning barcha vakolatli organlari zimmasiga qanday qilib bo‘lmasin, bu «tarixiy missiya»ni hayotga izchil tatbiq etish vazifasi yuklangan edi. Turkistonda bunga yetarli shart-sharoit bormi yoki yo‘qmi, uning yerli xalqlarining xohishirodasi, istak-intilishi qanday — bular aslo hisobga olinmagan edi. Buning ustiga 1917—1918-yillarga kelib o‘lkadagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol shu qadar og‘irlashib, murakkab tus olib borayotgan ediki, bundan ayniqsa mahalliy aholi benihoya aziyat chekayotgandi.

Xususan, Birinchi jahon urushining mislsiz og‘ir asoratlari, sovet hokimiyatini o‘rnatish chog‘ida xalqqa qilingan zulm va bedodliklar o‘lka hayotini chuqur tanglik va tanazzullikka duchor etgandi. 1917-yil kuzidan o‘lkadagi mavjud ishlab chiqarish ustidan qat’iy ishchi nazorati o‘rnatila boshlandi. Ayni chog‘da Turkiston sanoatining butun-butun tarmoqlarini milliylashtirish boshlandi. 1918-yilning dastlabki oylarida bu yerdagi sanoatning yetakchi tarmoqlari — paxta tozalash, yog‘-moy zavodlari, bosmaxonalar, banklar, temiryo‘llar, ko‘mir va neft konlari va shu singarilar milliylashtirilib, davlat tasarrufiga olindi. Ularning soni 330 ga yetardi.

1920-yil oxirlariga kelib Turkistonda 1075 ta sanoat korxonasi (ularning ko‘plari mayda korxonalar edi) zo‘rlik yo‘li bilan milliylashtirildi. Natijada, davlat korxonalari barcha ishchilarning 90 foizini va o‘lka sanoatida band bo‘lgan mexanik dvigatellarning 80 foizini qamrab oldi. Yalpi sanoat mahsulotining deyarli 3/4 qismi davlat sektori ulushiga to‘g‘ri kelardi. O‘lka ishlab chiqarishining o‘ziga xos muhim an’anaviy tarmog‘i bo‘lgan hunarmandchilik va uning turlari ham ma’muriy usullar bilan birlashtirilib, hunarmandchilik artellariga aylantirildi. 1920-yil oxirlariga kelganda Turkistonda 800 taga yaqin shunday hunarmandchilik artellari faoliyat yuritdi, ular asosan turli davlat va harbiy tashkilotlarning buyurtmalarini bajarardilar.

Sovetlarning bunday chegara bilmas oziq-ovqat siyosati ko‘plab mahalliy aholining bor-budidan mahrum bo‘lib, yanada qashshoqlashib borishiga sabab bo‘ldi. Turor Risqulov, Nizomiddin Xo‘jayev, Munavvarqori singari mahalliy rahbarlarning o‘sha kezlarda bu siyosatni keskin qoralab, xalq manfaatlarini himoya qilib chiqqanligi boisi ham shundandir. Jumladan, N. Xo‘jayev 1920-yil oxirida TurkMIQ majlisida qilgan ma’ruzasida yozadi: «Qishloq aholisi turli-tuman o‘t-o‘lanlar bilan ovqatlanadi, shu tufayli o‘lish hollari yuz bermoqda, o‘lim, ayniqsa, bolalar orasida ko‘p». Ma’ruzada keltirilishicha, Farg‘ona viloyatida aholining 35—40%i, shu jumladan, Marg‘ilon uyezdida — 60%i, Qo‘qon uyezdida —50 %i ochlikka duchor bo‘lgan va hokazo. Bunday xunuk, ayanchli manzara o‘lkaning boshqa ko‘plab hududlarida ham har qadamda ko‘zga tashlanib turardi

Har qanday ijimoiy tuzum maktab-maorif, ilm-fan va shu kabi muhim soha vazifalarini hal etmasdan istiqbol sari ko‘z tikolmasligi ayondir. Shu bois sovet hokimiyati mutasaddilari ham bu masalalarga ahamiyat berar ekanlar, avvalo, ularni o‘z sinfiy manfaatlaridan kelib chiqib hal etishga intildilar. Ayniqsa, yangi tuzum xalq ta’limi tizimini o‘z sotsialistik maqsad va g‘oyalari ruhida shakllantirishga alohida urg‘u berdi. 1918-yil noyabrida Turkiston sovet hukumatining cherkovni davlatdan va maktabni cherkovdan ajratish to‘g‘risidagi dekreti chiqdi. Unga ko‘ra o‘lkadagi mavjud xususiy, eski diniy maktablar faoliyati taqiqlanmagan bo‘lsa-da, biroq yangi sovet maktablarini tashkil qilish, ularni ko‘paytira va kengaytira borish, ta’limning sinfiy mohiyatiga e’tibor tobora ustuvor ahamiyat kasb etib bordi.

Maktab ikki pog‘onaga bo‘lindi: 1-pog‘ona bilim yurtlari dastlabki uch sinfni o‘z ichiga olardi va 2-pog‘ona yana 4 sinfdan iborat edi. O‘rta maktab ham mavjud bo‘lib, keyingi uch sinfni o‘z ichiga olardi. Biroq bunday maktablar juda oz edi. Ko‘proq 1- pog‘ona maktablari eng ko‘p tashkil etilgan edi. Shu bilan birgalikda maktablarning moddiy bazasi nochor ahvolda bo‘lgan. Ularda o‘quv qurollari, dasturlar, qo‘llanmalar va darsliklar, yetuk bilimli o‘qituvchi kadrlar yetishmasdi. Turkiston xalq ta’limi bo‘limi mudirlarining 1920-yil mayida bo‘lib o‘tgan 1-qurultoyida ham bular aniq e’tirof etilgandi.

Hokimiyat mutasaddilarining o‘qituvchilarni turli yumushlarga, jumladan, harbiy harakatlarga tez-tez safarbar etishi ham ular sonining kamayib borishiga sabab bo‘layotgandi. Buning orqasida ko‘plab maktablarda o‘qituvchilar tarkibi 75% va undan ham ko‘proqqa qisqarib ketdi. Buning ustiga jiddiy moddiy ta’minotning yo‘qligidan xo‘jako‘rsinga tashkil etilgan maktablar mahalliy bolalarni o‘z bag‘riga jalb qila olmadi. Masalan, o‘lka bo‘yicha maktab yoshidagi bolalarning 70% dan ko‘pi maktabga tortilmay qoldi.

Hatto poytaxt Toshkentda, uning eski shahar qismida maktab yoshidagi 40 ming boladan faqat 10 ming nafari, ya’ni 25%i o‘qirdi, xolos. Shunga qaramay, millatimiz fidoyilari xalq ta’limi tizimini yaxshilash, mahalliy aholi farzandlarini yangi sovet maktablariga ko‘proq jalb qilish, ularga puxta bilim va tarbiya berish borasida astoydil faoliyat ko‘rsatdilar. Bu o‘rinda O. Sharafiddinov, J. Odilov, T.Shermuhammedov, S.Sodiqov, K.Dadamuhammedov, Qori Niyoziy singari taniqli xalq ta’limi namoyandalari nomlarini tilga olib o‘tish joizdir

Bu davrda Turkistonda oliy ta’lim tizimini tashkil etish ham g‘oyatda muhim ahamiyat kasb etardi. Ko‘plab Vatan fidoyilari sovet hokimiyati organlari bilan murosa-yu madoraga borib bo‘lsa ham yurt kelajagi, istiqbolini o‘ylab, bu hududda oliy o‘quv yurtini yuzaga keltirishga bel bog‘ladilar. 1918-yil 21- aprelda Toshkentda ochilgan Turkiston xalq universiteti bu harakatlarning natijasi bo‘ldi. Universitet tarkibida tabiiy-matematika, tarix-filologiya, qishloq xo‘jaligi va texnika fakultetlari mavjud edi. 1920-yilga kelib unda ta’lim oluvchilarning 60%ini mahalliy yoshlar tashkil etardi. Universitetning ta’lim-tarbiya jarayonida Munavvarqori, Ahmad Fayziy, Burhon Habib, Ibrohim Tohiriy, Usmon Xo‘jayev, Hodi Fayziy singari yurt allomalari fidoyilik ko‘rsatdilar

1918-yil noyabridan boshlab Toshkentda yana bir oliy o‘quv yurti — Sharq instituti faoliyat boshladi. Institutga dastlab 234 nafar talaba, shu jumladan, anchagina mahalliy millatlar yoshlari qabul qilinib, ular Sharq dunyosi tarixi, falsafasi, jug‘rofiyasi, madaniyati, adabiyoti, san’ati sohalari bo‘yicha yetuk mutaxassis kadrlar bo‘lib yetishishlari ko‘zda tutilgan edi. O‘lkaning shu davrdagi adabiy-madaniy hayotiga nazar tashlar ekanmiz, bunda XX asr boshlaridan e’tiboran shakllanib, faollashib borgan ilg‘or mahalliy nashrlarning xalq dardi, orzu-armonlarini ifodalab faoliyat yuritganligi ko‘zga yaqqol namoyon bo‘ladi


Xolusa chiqarish ozingizdan


Download 0.76 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling