Xalqimiz istiqlolning yigirma ikki yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan shu kunlarda mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga yana bir bor nazar tashlaymiz


Download 20.06 Kb.
Sana14.05.2020
Hajmi20.06 Kb.
#106176
Bog'liq
Taraqqiyotning “o‘zbek modeli” –


Taraqqiyotning “o‘zbek modeli” – xalqimiz farovonligining muhim omili
Xalqimiz istiqlolning yigirma ikki yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rayotgan shu kunlarda mamlakatimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga yana bir bor nazar tashlaymiz. Bugungi yorug‘ kunlarga, yutuq va marralarga qanday omillar evaziga erishganimizni ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazamiz.

Mamlakatimiz uchun hal qiluvchi bir paytda eng to‘g‘ri yo‘l sifatida tanlangan, bugungi kunda o‘zining yuksak samaralarini berayotgan O‘zbekistonning o‘ziga xos va o‘ziga mos taraqqiyot yo‘li – “o‘zbek modeli” ana shunday eng muhim omillardandir.



Qaltis vaziyat

Yurtimizda 80-yillar oxirida vujudga kelgan vaziyatni chuqur o‘rgangan olimlar, ekspert va tahlilchilar aynan ana shu iborani qo‘llaydilar. Darhaqiqat, o‘sha suronli yillarda O‘zbekistondagi ahvol juda qaltis edi.

O‘sha paytda respublikamiz barcha asosiy iqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha sobiq ittifoq respublikalari ichida oxirgi o‘rinlarda turar edi. Aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish ittifoqdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha kam edi.

Qishloq xo‘jaligida paxta yakkahokimligi oqibatida oziq-ovqat masalasida o‘zgalarga qaram edik. Kundalik ehtiyoj uchun zarur iste’mol mollarining uchdan ikki qismi, hatto oddiy tuz va gugurt ham chetdan olib kelinardi.

Islom Karimov O‘zbekiston rahbari etib saylanganining ertasi kuniyoq hukumat majlisida respublikada vujudga kelgan o‘ta murakkab ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ob’ektiv baho berdi va uning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilib, shunday yakuniy xulosa chiqardi: “Biz bundan buyon eskicha yasholmaymiz va bunday yashashga zamonning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi”.

Bu da’vat yurtimizda siyosiy va iqtisodiy mustaqillikka erishish yo‘lida keng qamrovli ishlar, milliy davlatchilik tarixida yangi davrning boshlanishi bo‘lganini keyingi jarayonlar yaqqol ko‘rsatdi.



O‘zbekistonning o‘z taraqqiyot yo‘li

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan paytda ayrim xalqaro moliyaviy tashkilotlar rivojlangan davlatlarda qo‘llanilgan bozor mexanizmlarini tatbiq etishni maslahat berdi. Biz ulardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri nusxa ko‘chirmadik. Dunyoda tan olingan modellarning eng yaxshi jihatlarini o‘rganib, o‘zimizga mos va o‘zimizga xos taraqqiyot yo‘lini tanladik. Bu yo‘l davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, xalqimizning davlatchilik tarixi, milliy-diniy qadriyatlari hamda jahon tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqildi.

Mashhur besh tamoyilga – iqtisodiyotning siyosatdan ustuvorligi, davlat – bosh islohotchi, qonun ustuvorligi, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tishga asoslangan ana shu model bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurish strategiyasi sifatida barcha amaliy ishlarimizning mustahkam poydevori, taraqqiyotimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.

Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, bu strategiya bozor iqtisodiyoti nazariyalarini yanada boyitdi, o‘tish davrini boshidan kechirayotgan davlatlar uchun yana bir namunaga aylandi.

Bu modelning barcha sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishiga sabab bo‘lgan omillari ko‘p. Ularning eng asosiysi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda turli xil sakrashlarsiz, ya’ni inqilobiy yo‘ldan emas, balki tadrijiy rivojlanish yo‘lidan borish tamoyilidir.

Islohotlarni amalga oshirishda davlat bosh mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi ana shunday tadrijiylikning muhim jihatidir. Xalqaro tashkilotlar ham bugun o‘tish davri iqtisodiyotida, chuqur islohotlarni amalga oshirishda davlatning roli haqiqatan ham katta ekani, buni O‘zbekiston tajribasi amalda isbotlaganini keng tan oldi. Hozirgi vaqtgacha davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iqtisodiyotni tartibga solishda davlatning roli oshayotgani O‘zbekistonning bu boradagi yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida mamlakatimizda dunyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib Inqirozga qarshi choralar dasturi ishlab chiqilib, izchil amalga oshirildi. Agar ko‘pchilik xorijiy davlatlarda qabul qilingan inqirozga qarshi dasturlar ko‘rilgan talofatlarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lsa, O‘zbekistonning dasturi yaqinlashib kelayotgan xatarning oldini olish hamda iqtisodiyotni yanada mustahkamlash, uning raqobatdoshligini oshirishga yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi.

Ana shunday uzoqni ko‘zlab ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli inqiroz avjiga chiqqan eng og‘ir yillarda ham mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlik saqlab qolindi, yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlandi. O‘zbekiston iqtisodiyoti dunyodagi eng kam talofat ko‘rgan mamlakatlardan biri bo‘ldi.

Toshkent shahrida ushbu dasturni va uning samaradorligini o‘rganishga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan jahon miqyosida ko‘zga ko‘ringan yirik iqtisodchi olimlar, ekspert va tahlilchilar O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lini to‘la qo‘llab-quvvatlab, bu tajribani boshqa davlatlar amaliyotida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2010-yilda e’lon qilingan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi “o‘zbek modeli”ni nazariy va amaliy jihatdan yanada boyitdi. Ushbu konsepsiya mamlakatimizni modernizatsiya qilish va demokratik yangilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.



Yuksak samaralar

Istiqlol xalqimizga yangi taraqqiyot ufqlarini ochib berdi. Tarixan qisqa, mazmunan boy mustaqillik yillarida Vatanimiz istiqboli yo‘lida asrlarga tatigulik o‘zgarishlar amalga oshirildi.

“Yangi uy qurmasdan turib, eskisini buzmang” tamoyili asosida olib borilgan islohotlar tufayli turli yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymasdan, barcha soha mutanosib holda isloh etildi va rivojlantirildi, yangi jamiyatning mustahkam asoslari yaratildi.

Sobiq ittifoqdosh respublikalar orasida faqat O‘zbekistonimizda 1996-yildan boshlab izchil iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanmoqda. Agar 1996-2003-yillarda o‘rtacha o‘sish sur’ati 4,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2004-yildan bu jarayon yangi bosqichga ko‘tarildi – 7,5-9 foiz o‘sish sur’atlari ta’minlanmoqda.

Dunyoning aksariyat davlatlarida iqtisodiy o‘sish tushib ketgan, haligacha retsessiya holati kuzatilayotgan, rivojlangan mamlakatlarda davlat qarzi va byudjet taqchilligi oshib, ishsizlik darajasi o‘sib borayotgan inqiroz davrida – 2008-2012-yillarda mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati yiliga o‘rtacha 8,4 foizni tashkil qildi. Yalpi ichki mahsulot hajmi 2012-yilda 1990-yilga nisbatan 4,1 barobar oshdi, aholi jon boshiga hisoblaganda esa 2,8 barobar ko‘paydi. O‘zbekiston barqaror yuqori o‘sish sur’atlari davom etayotgan yetakchi o‘n davlat qatoridan joy oldi.

Bunday yuksak natijalarga erishishda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotning real sektorini qo‘llab-quvvatlash, mahalliy tabiiy-iqtisodiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish hisobidan iqtisodiyotda, avvalambor, ichki talabga hamda tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirishga qaratilgan tarkibiy o‘zgartirishlar muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘z navbatida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangilash, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasidagi keng ko‘lamli tajriba ham o‘zining yuksak samaralarini berdi.

Milliy iqtisodiyotimiz nafaqat hajm jihatidan, balki sifat jihatdan ham tubdan o‘zgardi. Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining ulushi izchil oshib bormoqda. Agar 1990-yilda yalpi ichki mahsulot tarkibida ushbu sohalarning ulushi tegishlicha 17,6 va 33,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2012-yilda ularning salmog‘i 24 va 52 foizga yetdi.

Istiqlol yillarida qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida barqaror o‘sish kuzatildi va 2012-yilda 1990-yilga nisbatan ishlab chiqarish hajmi 2,1 barobar oshdi. Shunga qaramasdan, uning YaIMdagi ulushi ushbu yillarda 33,4 foizdan 17,5 foizgacha tushdi.

Prezidentimiz Islom Karimov mustaqillikning dastlabki yillaridan oziq-ovqat muammosini o‘z imkoniyatlarimiz hisobidan hal qilish, ayniqsa, g‘alla mustaqilligini ta’minlashni qat’iy vazifa qilib qo‘ydi. Ekin maydonlari tarkibi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish ichki talab va shart-sharoitdan kelib chiqqan holda, qayta ko‘rib chiqildi. Paxta yakkahokimligiga barham berildi. Natijada, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi, don mustaqilligi ta’minlandi. O‘tgan yillarda g‘alla yetishtirish hajmi 7 barobar, hosildorlik esa 3 barobardan ko‘proq oshdi.

Rivojlangan davlatlar tajribasini hamda xalqimizning ishbilarmonlik, hunarmandlik fazilatlarini hisobga olgan holda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunga kelib iqtisodiyotda nodavlat sektorning ulushi 83 foizdan oshdi. Yalpi ichki mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning salmog‘i esa 54 foizdan ko‘paydi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining salkam 98 foizi fermer va xususiy tadbirkorlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Eng muhimi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik odamlarga o‘z bilim va malakasidan, tadbirkorlik qobiliyatidan kelib chiqqan holda erkin mehnat qilish, uning mahsulidan o‘zi va jamiyat a’zolarini bahramand etish, mulkka egalik qilish, barqaror daromad manbalari yaratishning eng muhim omiliga aylandi. Hozir aholi daromadlari tarkibida tadbirkorlik faoliyatidan tushayotgan daromadlarning ulushi 50 foizdan ortiqni tashkil qilmoqda.

Iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish, qayta ishlangan hamda qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan tayyor mahsulotlarni ko‘paytirish barcha tarmoq va sanoat korxonalarining tashqi bozordagi pozitsiyasini mustahkamlash imkonini bermoqda.

Istiqlol yillarida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, Qo‘ng‘irot soda zavodi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Asakadagi yengil va Samarqanddagi yuk avtomobillari va avtobuslar ishlab chiqaradigan korxonalar, yuzlab zamonaviy yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalari ishga tushirildi. Natijada, mustaqillik yillarida mamlakatimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3,4 barobar oshdi. Hozir O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlarining salkam 40 foizi eksport qilinmoqda.

Umuman, istiqlol yillarida yurtimizda eksport hajmi 32,2 barobar oshdi. Agar islohotlarning dastlabki yillarida eksportning 60 foizini paxta tolasi tashkil etgan bo‘lsa, 2012-yilda uning tarkibida tolaning ulushi 9 foizdan ham kamaydi. Ilgari eksport tarkibida xomashyo bo‘lmagan mahsulotlar hajmi 30 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda uning ulushi 70 foizdan oshib ketdi.

Istiqlolning dastlabki yillarida chetdan sotib olingan mahsulotlar tarkibida oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi 73 foiz edi. Endilikda uning hissasi 10 foizga ham yetmaydi. Aksincha, yildan-ilga eksportda oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi ortib bormoqda. Bunda qishloq xo‘jaligida tub islohotlar amalga oshirilgani, dehqon yerning haqiqiy egasiga, fermerlar jamiyatimizning hal qiluvchi kuchiga aylangani, mehnat munosabatlari butunlay o‘zgargani asos bo‘lmoqda.



Kuchli ijtimoiy siyosat

“O‘zbek modeli”ning eng muhim va ustuvor tamoyillaridan biri – kuchli ijtimoiy siyosatdir. Bozor islohotlari ushbu tamoyil asosida amalga oshirilgani, aytish kerakki, eng og‘ir o‘tish davrida ham jamiyatimizda ijtimoiy adolat va barqarorlikni saqlash imkonini berdi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganda demografik vaziyat juda murakkab edi. Yangi ish o‘rinlari yaratish esa mutlaqo to‘xtagan edi.

Bu 70-yil mobaynida to‘planib qolgan ijtimoiy mummolarning yanada chigallashib, chuqurlashib ketishiga sabab bo‘lgandi. Ayniqsa, o‘sha paytda aholining 60 foizdan ortig‘i istiqomat qilayotgan qishloqlarda sharoit juda og‘ir edi.

Prezidentimiz tomonidan uy-joy qurish va dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun 2,5 million oilaga 700 ming gektar sug‘oriladigan yer ajratib berilgani ulkan tarixiy voqea bo‘ldi. Bu eng og‘ir o‘tish davrida jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash imkonini berdi, qishloq aholisi turmush darajasi tushib ketishining oldini oldi.

Mustaqillikning birinchi kunlaridan belgilab olingan “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyiliga qat’iy amal qilindi. Chunki islohotlarning barcha tamoyili zamirida inson omili mujassam.

Ushbu siyosatni amalga oshirish uchun davlat tomonidan katta mablag‘lar ajratilmoqda. Buni davlat byudjeti taqsimotida yaqqol ko‘rish mumkin. Agar 1990-yilda xarajatlarning atigi 31 foizi ijtimoiy sohalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2012-yilda qariyb 60 foizni tashkil etdi. Uning 34 foizi ta’lim, 15 foizi sog‘liqni saqlash sohasiga yo‘naltirildi.

Yurtimizda tizimli asosda, bosqichma-bosqich ijtimoiy sohalarni isloh qilish va rivojlantirishga qaratilgan, dunyoda keng e’tirof etilgan umummilliy dasturlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bolalar sportini, san’at maktablarini, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush sharoiti va qishloqda namunaviy uy-joy qurish borasidagi dasturlar bugungi kunda o‘zining yuksak samaralari bilan xalqaro hamjamiyatning havasini tortmoqda.

Ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda olib borilgan izchil islohotlar natijasida mamlakatimizda aholi yalpi daromadlari 12,2 barobar oshdi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 67 yoshdan 73,2 yoshga yetdi. O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoning rivojlangan davlatlari darajasiga yaqinlashdi.

Tinchlik-osoyishtalik – barcha yutug‘imiz omili

Taraqqiyotning muhim omillaridan biri bu, shubhasiz, tinchlik-osoyishtalikdir. Dunyo ishbilarmon doiralari ham har jihatdan barqaror, tinchlik va xavfsizlik kafolatlangan davlatlar bilan hamkorlik qiladi.



Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, mehr-oqibat, millatlararo totuvlik muhiti barcha sohadagi islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: “O‘zbekistonimiz mustaqil taraqqiyot yo‘lida qanday ulkan yutuq va marralarga erishgan bo‘lsa, bularning barchasining negizi – yurtimizda tinch va osuda hayot, millatlar va fuqarolararo totuvlik, o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni asrab-avaylab kelayotganimizda”.

Mamlakatimizdagi barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish, aholi daromadlari va turmush darajasining yuksalishi – barcha-barchasi tinchlik tufayli ta’minlanayotganini barchamiz yuksak qadrlashimiz va uni mustahkamlash uchun kurashishimiz darkor. Bugun jahonda ro‘y berayotgan murakkab va qaltis voqealar barchamizdan doimo hushyor va ogoh bo‘lishni talab qiladi. Mana shunday musaffo osmon, fayzu barakali hayotning qadriga yetish, uni yanada mustahkamlash har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Download 20.06 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling