4. Xorazm va Buxoroda demokratik harakatlarning o’sib borishi. Xiva
xonligi va Buxoro amirligining emirilishi
Ma’lumki, Rossiyada 1917 yilda yuz bergan fevral inqilobiy o’zgarishi
chorizmning yarim mustamlaka o’lkalari hisoblangan Xiva xonligi va Buxoro amirligida
ham aks-sado bermay qolmadi. Avvalo, bu tobe davlatlarning Rossiya ta’siridan xalos
bo’lishga intilishi ko’zga tashlansa, ikkinchi tomondan, mahalliy xalqning demokratik
erkinliklar va huquqlarga ega bo’lish sari harakatlari faollashdi.
Jumladan, Xorazmda Yosh xivaliklar harakati xonlikdagi siyosiy vaziyatni
o’zgartirish va bir qator demokratik o’zgarishlarni yuzaga chiqarishga otlandilar. Yosh
xivaliklar etakchilari ishlab chiqqan manifestda konstitutsion monarxiya tuzish, xonning
vakolatlarini cheklash, iqtisodiyot, ta’lim va madaniy xayot jabhalarini isloh qilish
talablari ilgari surilgandi. Xivada ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskin tus olayotganidan
cho’chigan Isfandiyorxon 1917 yil 5 aprel kuni manifestni imzolashga majbur bo’ldi.
Manifest talablariga ko’ra xonlikda konstitutsion monarxiya tuzumi o’rnatildi. Ayni
paytda tarkibi 30-50 kishidan iborat ruhoniylar va savdo-sanoat ahli vakillaridan
saylangan Majlis va Nozirlar Kengashi tuziladi. Ular xalq vakilligi boshqaruvi organlari
sifatida xon hokimiyati vakolatlarini ma’lum darajada chekladi. Manifestga muvofiq yosh
xivaliklarning taniqli rahbari Bobooxun Salimov Majlis raisi, Matmurodov esa Nozirlar
Kengashi raisi etib saylandilar. Xon xazinasi va uni tasarruf qilish ustidan nazorat
o’rnatildi. Xon temir yo’llar qurish, pochta-telegraf o’rnatish, yangi jadid maktablari
ochish to’g’risida va’dalar berdi. Biroq Xiva xoni va uning atrofidagi mutaassib kuchlar
bu demokratik o’zgarishlarni yo’qqa chiqarish, eski tartiblarni qayta tiklash payida
bo’ldilar.
1917 yil iyuniga kelib Isfandiyorxon Rossiya Muvaqqat hukumatining Xivadagi
vakili, general Mirbadalov yordamiga tayanib, Matmurodov boshliq Yosh xivaliklar
rahbarlarini qamoqqa oladi. Bu partiyaning faoliyati qonundan tashqari deb e’lon qilinadi.
Yosh xivaliklarning ko’plari qo’lga olinib jazolanadi. Qolganlari xonlik hududini tark
etadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |