1- modul: “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv kursining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari Reja
Download 29.86 Kb.
|
tarix 1-maruza
- Bu sahifa navigatsiya:
- 3. "O‘zbekistonning eng yangi tarixi" kursining predmeti, uning
1- modul: “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv kursining predmeti, maqsadi va vazifalari, nazariy-metodologik tamoyillari Reja: 1. Kirish. 2."Eng yangi tarix" tushunchasining ta’rifi. 3. "O‘zbekistonning eng yangi tarixi" kursining predmeti, uning maqsadi, vazifalari va nazariy-uslubiy asoslari.
O‘zbekiston tarixi, shuningdek, O‘zbekistonning eng yangi tarixi jahon tarixining ajralmas bir qismi bo‘lib, u bizning zamonamizdagi global jarayonlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Eng yangi tarixni o‘rganishning muhimligi shundaki, u mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-ma’naviy jihatdan barqaror rivojlanishiga ta’sir qiluvchi voqea-hodisalarni tushunishga hamda teran idrok etishga yordam berishi bilan belgilanadi. Bundan tashqari, u bizga tarixiy taraqqiyot tendensiyalarini oldindan ko‘ra bilish va bashorat etisha olish imkoniyatini beradi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishish jarayoni sobiq sovet hududidagi boshqa mamlakatlar singari murakkab siyosiy o‘zgarishlar sharoitida yuz berdi. Davlat mustaqilligining e’lon qilinishi mamlakatning barcha siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tizimini tubdan o‘zgartirishga yo‘l ochdi. Demokratik prinsiplarga ko‘ra milliy davlatchilik va siyosiy tizimning asoslari shakllantirildi, ularda hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari funksiyalari va vakolatlari taqsimlandi. Respublikaning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotini erkinlashtirish bosqichma-bosqich, keskin inqilobiy larzalarsiz amalga oshirildi. Tashqi siyosatning milliy strategiyasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimiga munosib ravishda kira oldi. O‘zbekiston tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘li xalqimizning milliy xususiyatlari, urf-odatlari va madaniyatini har tomonlama hisobga olgan holda, to‘plangan xalqaro tajribadan ijodiy foydalanishga asoslangandir. Zamonaviy tarixni o‘ta dolzarbligini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov 2012 yil yanvar oyida "Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida O‘zbekistonning zamonaviy tarixi bo‘yicha jamoat kengashini tashkil etish to‘g‘risida" qaror qabul qildi. Kengashga tarixiylik va ob’ektivlik, dogmatizmning oldini olish, o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va bugungi kunini baholashga har tomonlama yondoshish asosida O‘zbekistonning zamonaviy tarixini tizimli o‘rganish vazifalari yuklatildi. Bunda zamonaviy tarixni ilmiy tadqiq qilishda xalqaro tajribani hisobga olish, yangi avlod o‘quv va ilmiy adabiyotlarini tayyorlash, O‘zbekistonning zamonaviy tarixi global va mintaqaviy jarayonlar bilan uzviy bog‘liq ekanligi nazarda tutildi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi - bu tarix fanining nisbatan yangi yo‘nalishi bo‘lib, u 2020 yilda mustaqil ilmiy fan sifatida o‘ziga xos metodologiyasi, tadqiqot yo‘nalishlari va o‘quv-uslubiy ishlanmalari bilan ajralib chiqdi. Shu munosabat bilan, zamonaviy tarix mamlakatimizning mustaqillik arafasidagi va mustaqillik taraqqiyot davri tarixini, uning o‘ziga xos tendensiyalari, tarixiy shart-sharoitlari va rivojlanish jarayonlarini ilmiy asoslangan holda yoritishni taqozo etmoqda. Binobarin, tarixshunoslar va, shuningdek, O‘zbekiston ijtimoiy-gumanitar fanlarining boshqa vakillari oldida jahon amaliyotini bu boradagi tarixiy tajribasini hisobga olgan holda, mazkur ta’limni yangi nazariy va metodologik darajaga ko‘tarish hamda yangi ilmiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish vazifasi turibdi.
Download 29.86 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling