1. Аdabiyotlar tahlili
Download 0.87 Mb.
|
Raqamli iqtisodiyotda biznes yuritishning yangi texnologiyalari tahlili va ularning O
Raqamli iqtisodiyotda biznes yuritishning yangi texnologiyalari tahlili va ularning O‘zbekiston sharoitida qo‘llash samaradorligi 26.05.2019 Bugungi kunda insoniyat turmush tarziga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT)ning keskin kirib kelishi hamda iste’molchining mahsulotga bo‘lgan talablari, jumladanб mahsulot haqida to‘liq ma’lumotga oson va qulay ega bo‘lish, dunyoning har nuqtasidan buyurtma bera olish, mahsulot shaklini shaxsiy xohish irodasiga ko‘ra o‘zgartira olish, tezkor ega bo‘lish va shu kabilar natijasida ijtimoiy munosabatlar o‘zgarib, raqobatlashuv sharoitida rivojlanayotgan korxona va jamiyatlarning yangi boshqaruv texnologiyalari va platformalarini yaratishiga turtki bo‘ldi. Yangi texnologiyalar va platformalar korxona boshqaruvida, iste’molchilarda va barcha aloqador faoliyatlarda katta masshtabda tranzaksion xarajatlarni qisqartirishga olib keldi hamda davlat va xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida yaqindan aloqalar o‘rnatilishini vujudga keltirdi. Natijada tarmoq xizmatlariga asoslangan, ya’ni raqamli iqtisodiyot shakllandi. Raqamli segmentning kengayib borishi bazaviy sabablaridan biri bugungi kunda rivojlangan mamlakatlar YaIMning 70 foizni tashkil etadigan tranzaksion sektorning rivojlanishi hisoblanadi. Bugungi kunda davlat boshqaruvi idoralari va korxonalar tomonidan katta masshtabda o‘rganilayotgan va joriy etilayotgan yangi texnologiyalar qatoriga buyumlar interneti texnologiyasi, “bulutli” hisoblash texnologiyasi, katta ma’lumotlar, blokcheyn hamda elektron hukumat tizimlari kiradi. 1. Аdabiyotlar tahlili Raqamli iqtisodiyotdagi biznes modellarini tavsiflash avvalida, ularning bazaviy metodoligiyasiga hisoblangan BMDI (Business Model Development & Implementation)ga qisqacha tarif berib o‘tamiz. BMDI – bu kreativ yondashuvga asoslangan kuchli, biroq texnologik nuqtai nazardan mustaqil bo‘lgan innovatsion biznes modeli hisoblanadi (Brown 2008). Ushbu model asoschisi SAP bo‘lib, undan foydalanish maqsadi kelgusida biznes yuritish talablariga moslashishi va faoliyat jarayonini jadallashtirilgan ravishda o‘zgartirishga erishishdir (Doll and Eisert 2014). Raqamli biznesda ko‘plab muvafaqqiyatga erishgan kompaniyalar o‘zlarning biznes modellari asosi sifatida BMDIdan foydalanadi. Biroq ushbu modelning kamchiligi sifatida uning raqamli transformatsiyaga integratsiya qilinmaganida. Ammo, bu model boshqa yangi biznes modellarga fundamental asos bo‘lib xizmat qiladi. Faith Shimba 2010-yilda “bulutli” hisoblash bo‘yicha olib borgan tadqiqotida ushbu iqtisodiy modelga ko‘ra endilikda tashkilotlar AKTni butunlay sotib olish va uni texnik tomondan qo‘llab-quvvatlashi shart emas, bulutli texnologiyalar yordamida barcha AKT resurslaridan foydalanganligi uchun to‘lov amalga oshirishi mumkin xolos. Plummer va boshqalar ta’kidlashicha, “bulutli” hisoblash texnologiyasi ko‘plab tashqi mijozlar uchun Internet texnologiyalaridan xizmat sifatida foydalanish imkonini beruvchi katta masshtabga ega va elastik hisoblash stili deyiladi. Sun va boshqalar (2012) buyumlar interneti texnologiyasi ekotizimi orqali amalga oshiriladigan biznesni an’anaviy biznes yuritish usuliga solishtirganda an’anaviy usul allaqachon o‘z dolzarbligini yo‘qotganligini ko‘rish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, buyumlar interneti texnologiyasi bozor shartlariga tezroq moslashishini ta’minlaydi. Katta ma’lumotlar bugungi kunda iqtisodiyotning muhim funtsional elementlaridan biri sifatida rivojlanib bormoqda. Ko‘plab xorijiy mamlakat ilmiy izlanuvchilari ma’ruzalarida va ilmiy maqolalarida (Brynjolfsson, Hitt, & Heekyung, 2011; Bulger, Taylor, & Schroeder, 2014; George, Haas, & Pentland, 2014; Manyika et al., 2011; Schroeck, Shockley, Smart, Romero-Morales, & Tufano, 2012; Taylor & Schroeder, 2014; Taylor, Schroeder, & Meyer, 2014; Thomas & McSharry, 2015) katta ma’lumotlar iqtisodiyotning barcha sohalarida rivojlanib borayotganligini ta’kidlaydi. So‘ngi paytlarda axborotdan foydalanish tobora kuchayib bormoqda, firmalar tomonidan olib borilayotgan axborot siyosatida va axborotlarni tartibga solishda ularga kelib tushayotgan axborotning umumiy holatini tasavvur qilish uchun katta ma’lumotlardan foydalanishga ehtiyoj paydo bo‘lmoqda. Jahon iqtisodiy forumida blokcheynga shunday ta’rif berilgan: “Blokcheyn. Hech qachon juda ko‘p insonlar juda ozchilik tushungan texnologiyadan bunchalik ko‘p narsa izlamagan, Texnologiyaga bo‘lgan da’volarning eng muhimi jamiyatning muhim kalitlaridan biri — ishonchdir”. Respublika oliy biznes va boshqaruv maktabi «Strategik va moliyaviy menejment» kafedrasi mudiri E.Xoshimov o‘z izlanishlarida to‘rtinchi sanoat inqilobiga o‘tish sharoitida korxonalar boshqaruvi samaradorligini oshirishning innovatsion yo‘nalishlari deya buyumlar interneti texnologiyalari, “bulutli” hisoblash texnologiyasi, katta ma’lumotlar va takomillashgan tahlil vositalarini sanab o‘tgan. O‘rganilgan adabiyotlar orqali shuni ko‘rish mumkinki, zamonaviy biznes yuritishning platformalari bugungi kunda katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda, shu bilan birga, davlatlar o‘zining rivojlanish konsepsiyalarida ushbu tizimlarda foydalanish bo‘yicha strategiyalar ishlab chiqmoqdalar. 2. Tadqiqot metodologiyasi Ushbu tadqiqotda toifalash, ya’ni SWOT usulidan foydalanishning asosiy sababi yangi texnologiyalarga asoslangan holda biznes yuritishning afzalliklari va kamchiliklarini aniqlash soddalashadi, shuningdek, tadqiqot ishini bajarishda kuzatish, ma’lumotlarni to‘plash, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni o‘rganish asosida taklif va xulosalar shakllantiriladi. 3. Tahlil va natijalar muhokamasi Raqamli iqtisodiyotda bulutli hisoblash bo‘yicha biznes vakillari AKTga ehtiyoji bo‘lgan korxonalarga uchta yo‘nalishda xizmatlarni taqdim etadi. Jumladan, infratizimni xizmat sifatida (IaaS), platformani xizmat sifatida (PaaS), dasturiy mahsulotlarni xizmat sifatida (SaaS) o‘z mijozlariga taklif etadi. Qizig‘i shundaki, barcha foydalanuvchilar uchun xoh u milliy bo‘lsin, xoh xorijiy o‘z xizmatlarini taklifini bemalol ko‘rsata oladi (Cloud Security Aliance 2009). Demak, ta’kidlab o‘tilgan 3 turdagi xizmatlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mijozlarga yetib boradi: Jamoat buluti (Public cloud)- bulutli xizmat ko‘rsatishning ushbu modeli orqali barcha jamoatchilik uchun ochiq foydalanishga ruxsat etiladi. Bunda foydalanuvchilarning xizmatdan foydalanishda xavfsizlik darajasini xizmatni taqdim etgan tomon o‘z zimmasiga oladi, chunki foydalanuvchi tomonidan to‘lov amalga oshiriladi. Bunga yaqqol misol sifatida, “Amazon Web Services EC2”ni ko‘rsatish mumkin. — Xususiy sektor buluti (Private cloud) bunda foydalanuvchi xususiy sektor vakillari bo‘lib, o‘zlarida AKTga bo‘lgan ehtiyojlarini minimallashtirish maqsadida foydalanishadi. Chunki har qanday kichik korxonalarda AKT resurslarini saqlashga, boshqarishga, qo‘llab-quvvatlashga imkoniyat yo‘q. — Gibrid buluti (Hybrid cloud) bu model o‘z nomidan ko‘rinib turganidek, ham jamoatchilik uchun ham xususiy sektor uchun birday xizmat ko‘rsatadi. Bunda asosiysi, har ikki vakillar tomonidan foydalanadigan bulutli texnologiyalarni integratsiyalashdir. — Uyushmalar buluti (Community cloud) ushbu modeldan bir manfaatga ega bo‘lgan turli tashkilotlar uchun umumiy AKT infratizimini taqsimlab berish orqali xizmat ko‘rsatadi (CSA 2009). Buyumlar internetiga asoslangan biznes modelning quyidagi tarkibiy qismlari mavjud; — Jismoniy erkinlik – bu tarkibiy qism raqamli xizmat bilan qo‘shimcha qiymatlarsiz sotiladigan jismoniy shaxslar aktivlarini ifodalaydi. Mijozlarning ko‘p qismi ushbu holatni xizmat ko‘rsatilgandan keyin tanlaydilar. — Raqamli qo‘shilgan qiymat yoki qo‘shimcha – jismoniy shaxslar aktivlari juda arzon narxda sotiladi. Vaqt o‘tishi bilan xaridor har qanday raqamli xizmatni katta marja bilan faollashtirish yoki xarid qilishi mumkin. — Raqamli qulflash – bu qo‘l bilan teginish orqali amalga oshiriladigan, kafolat va xavfsizlikni ifodalaydigan sezuvchan raqamli qulflashni ifodalaydi. — Mahsulot sotish nuqtasi – mijozlar mahsulotlardan mahsulot sotish nuqtasi sifatida foydalanishi mumkin, bunda smartfonlar va identifikatsiya texnologiyalari misol bo‘la oladi. — O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish obyekti – bu mahsulotning Internet orqali o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatishini ifodalaydi. — Masofdan foydalanish va holatni monitoring qilish – “Aqlli” buyumlar o‘z egalariga yoki ma’lumotlar markaziga holat yuzasidan axborot berib turishi mumkin. Yoki masofadan turib, internet orqali boshqarish imkoniyatini beradi. Katta ma’lumotlar biznes modelini quyidagi jadval asosida tushuntirishimiz mumkin; 1-jadval Katta ma’lumotlar biznes model tipologiyasi Manba: R.Schroeder “Big data business models: Challenges and opportunities” 2016. Blokcheyn texnologiyasidan foydalanishning ikki xil turi mavjud bo‘lib bugungi kunda har ikkisi ham rivojlanib bormoqda. Ular quyidagilar: — Оmmaviy blokcheyn – ochiq, to‘ldirish va qo‘shimcha bloklar qo‘shish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bazasi. Bunday blokcheyn Bitcoin kriptovalyutasida keng foydalaniladi. Unda har bir qatnashuvchi ma’lumotlar yozish va o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladi. — Xususiy blokcheyn – ma’lumotlarni yozish va o‘qishda tegishli chegaralanganlik tamoyiliga asoslanadi. Ishtirokchilar butun bir ma’lumotning o‘ziga tegishli qismini o‘qishi yoki ushbu ma’lumotlarni ma’lum qisminigina yozishi mumkin. Bu tranzaksiyalarni amalga oshirishda ishtirokchilar guruhining vakolatlari doirasida ma’lumotga ega bo‘lish va yozish huquqini beradi. Blokcheyn texnologiyasining asosiy xususiyatlarini sanab o‘tamiz: — Nomarkazlashgan – bloklar zanjirida server yo‘q, har bir ishtirokchi o‘zi uchun o‘zi server hamda butun blokcheynni ishlashini qo‘llab-quvvatlaydi; — Shaffoflik – shartnomalar, o‘tkazmalar to‘g‘risida ma’lumotlar ochiq holatda saqlanadi, shu sababli uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. “Birovdan yashiradigan siring bo‘lsa, uni hammaga ko‘rinadigan joyda saqla” degan maqolga mos tushadi; — Nazariy cheksizlik – blokcheynga nazariy yondashganda uni chegarasiz yozuvlar bilan to‘ldirish mumkin. Shuning uchun uni superkompyuter bilan taqqoslash mumkin; — Ishonchlilik – yangi ma’lumotlarni kiritish uchun blokcheyn zanjiri konsesusini talab qiladi. Bu tranzaksiyalarni filtrlash va qonuniy operatsiyalarga ruxsat beradi degani. Xeshlarni esa o‘zgartirishning imkoni yo‘q. Har qanday texnologiyaning ham afzallik va kamchiliklari bo‘lganligi kabi blokcheyn texnologiyasi ham quyidagi yutuq va kamchiliklarga ega; 2-jadval Manba: O‘rganilgan adabiyotlar ma’lumotlariga asosan muallif tomonidan tuzilgan. Blokcheyn texnologiyasining raqamli iqtisodiyotdagi o‘rnini belgilashda unga asosan ishlab chiqilgan biznes modellarda texnologiyaning rolini ifodalash bilan tushuntirish mumkin. 3-jadval Blokcheyn texnologiyasi asosida takomillashtirilgan biznes modellar Manba: Darija Salehar “Pattern Based Evaluation of Blockchain Technology as a catalyst for Business Model Innovation” 2017. Jahon banki vakillarining ta’kidlashicha, raqamli iqtisodiyot o‘zi bilan birga iqtisodiyotning 50 foizdan ko‘proq sohalarini o‘zgartirishga olib keladi. Axborot texnologiyalari va platformalar yaratilishi biznes yuritish modellarini keskin o‘zgartiradi. Shuningdek, ko‘plab mamlakatlarda yuqori tezlikdagi internetni 10 foizga oshirish YaIMning 0,4 foizdan 1,4 foizgacha oshishiga olib kelgan. 2010-yilda Boston Consulting Group kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, G20 mamlakatlarida raqamlashtirish 2,3 trln. dollar deb baholandi. Bu esa jahon YaIMning 4,1 foizini tashkil etgan. Kompaniya tomonidan berilgan ilmiy bashoratlarga ko‘ra, yaqin 10-15 yil ichida bu ko‘rsatkich 30-40 foizni tashkil etishi kerak. Rivojlanayotgan mamlakatlarda AKT sohasida bandlar umumiy bandlikning atigi 1 foizni tashkil etadi, taqqoslash o‘rnida shuni aytish mumkinki, rivojlangan mamlakatlar yuqori texnologiyali ish sharoitida faoliyat ko‘rsatuvchilar 4,9% ekanligi ma’lum. Bu iqtisodiyotni raqamlashtirish natijasida vujudga keladigan jarayon hisoblanadi. Ba’zi holatlarda raqamli iqtisodiyotning iqtisodiy ahamiyatini belgilash elektron xizmatlar va ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish orqali belgilanadi. Albatta, bu holat joriy etilgan elektron xizmatlar an’anaviy holatdagidan ko‘ra qancha miqdorda tranzaksiya xarajatlarni qisqartirishi orqali belgilash mumkin. Ammo ko‘pgina iqtisodchilar aynan AKT sohasiga kiritilgan investitsiyalar orqali ularning iqtisodiy mohiyatini baholaydilar. Yangi iqtisodiy texnologiyalar (YaIT) deganda, iqtisodiy agentlar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida minimal darajada tranzaksiya xarajatlarini ta’minlovchi va mahsulot yoki xizmat yaratilishi jarayonida foydalaniladigan ma’lumotlani yaratish, uzatish, saqlash uchun zaruriy texnologiyalar hamda platformalarning umumiy tushunchasi aytiladi. YaITning asosiy tamoyillari quyidagicha: — mutlaqo yangicha biznes modellarini ishlab chiqish; — iqtisodiyotning real sektorida tashkiliy-texnologik jarayonlarni va ularing uslublari va turli axborot kanallarini birlashtirish; — ishlab chiqarishda moddiy resurslar sarfini hamda tranzaksiya xarajatlarini qisqartirish. Yaqin iqtisodiy tarixga nazar tashlasak, ishlab chiqarishda savdo va moliyaviy texnologiyalar o‘z samarasini ko‘rsatgan bo‘lsa, zamonaviy iqtisodiy rivojlanish YaITga tayanishi tabiiy holatdir. Ta’kidlab o‘tganimizdek, axborot oqimi oshishi natijasida uni saqlash, qayta ishlash va uzatish bir tomondan ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida yangi texnologiyalarni joriy etishni talab etsa, boshqa tomondan olingan ma’lumotlar tahlili natijasida boshqaruv qarorlarini qabul qilish hamda aholi va davlat organlari bilan “ko‘prik” vazifasini bajarishi shartlarini amalga oshirish kerak. Raqamli iqtisodiyotga o‘tishning asosiy omillari sifatida quyidagilarni sanab o‘tish mumkin: — elektron hukumat tizimlarini amalga oshirish; — barcha xizmatlar raqamlashtirilgan “Smart City” loyihasini amalga oshirish; — biznes inkubatorlar va kovorking faoliyatini yo‘lga qo‘yish; — milliy internet savdo maydonlarini kengaytirish; — AKT loyihalarini amalga oshirishda venchur moliyalashtirish tizimiga keng yo‘l ochish. Sanab o‘tilgan omillar raqamli qitisodiyotda korxonalar faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar yaratadi. Jumladan, ishlab chiqarishda boshqaruv xarajatlarini qisqartirish, tovar va xizmatlarni elektron savdo maydonlari orqali sotish, raqobatni qo‘llashda innovatsiyalarga suyanish va uni venchur moliyalashtirish hamda aholiga piar qilishni nazarda tutadi. Raqamli iqtisodiyotda biznes vakillarining zamonaviy muammolari nisbatan arzon, tezkor, qulay va yetkazib beruvchilarsiz o‘z yechimini topishi mumkin. Misol uchun, taksi buyurtma qilishda Uber, elektron savdo makonlari e-Buy, internet banklar va boshqalar orqali. Keltirilgan misollar marketingda tovarlarni yetkazib berishda dillerlar faoliyatini avtomatlashgan tizimlar (veb saytlar yoki mobil ilovalar) orqali o‘rni to‘ldiriladi. Natijada yetkazib beruvchilar tomonidan tovar tannarxiga qo‘shiladigan va ishlab chiqaruvchi tomonidan nazorat qilish mushkul bo‘lgan qo‘shilgan qiymat yoki tranzaksiya xarajatlarining bir qismi o‘z-o‘zidan qisqarib ketadi. O‘zbekistonda ham raqamli iqtisodiyotni shakllantirishning normativ-huquqiy bazasini mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3- iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3832-sonli qarori qabul qilinib, unga muvofiq raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish sohasidagi vakolatli organ belgilandi, kripto-aktivlar aylanmasi va uni tartibga solish masalalariga aniqlik kiritildi. 2018-2020 yillar uchun qabul qilinadigan «Blokcheyn» texnologiyalarini rivojlantirish dasturida kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni, jumladan mazkur faoliyatni tashkil etishning huquqiy asoslarini yaratish orqali joriy etish va rivojlantirish, bunda kripto-aktivlarni mahalliy va xalqaro kripto-birjalarda realizatsiya qilish imkoniyatini nazarda tutish, 2021-yil 1-yanvardan boshlab «blokcheyn» texnologiyalarini davlat organlari faoliyatiga, jumladan, boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilishda, davlat xaridlarini amalga oshirishda, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni verifikatsiyalashda tatbiq etish, ustav fondida davlatning ishtiroki ustuvor bo‘lgan yirik tijorat tashkilotlarining korporativ boshqaruvi tizimiga, jumladan, biznes-jarayonlarni takomillashtirish, ishlab chiqarish, ma’muriy va operatsion jarayonlarni maqbullashtirish, shuningdek, zamonaviy menejmentni tatbiq etish va resurslarni boshqarish uchun tatbiq etish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3926-sonli hamda 2018-yil 2-sentabrdagi “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyot rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3927-sonli qarorlari ham raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish – raqobatbardoshlik va milliy taraqqiyot, yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish va aholining turmush farovonligi uchun raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda mahalliy sanoat sektorlari orasida mahsulotlar va xizmatlar sohasining sanoat, hayot, biznes va jamiyat o‘rtasida iste’molchilarni rag‘batlantirish, motivatsiya, talab va ehtiyojlarini shakllantirishdan iborat. 4. Xulosa va takliflar Raqamli iqtisodiyotda biznes yuritishning yangi texnologiyalarini va ularning xususiyatlarini tahlil qilish natijasida quyidagi xulosaga kelish mumkin: 1. O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish quyidagi tamoyillarga asoslanishi lozim: 4-jadval O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish tamoyillari Manba: O‘rganilgan adabiyotlar ma’lumotlariga asosan muallif tomonidan tuzilgan. 2. O‘zbekistonda davlat organlari, banklar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qulay va axborot xavfsizligi jihatdan mukammal biznes yuritish texnologiyasi blokcheyndan foydalanishga o‘tishi lozim. Misol sifatida kadastr tizimida blokcheyn texnologiyasidan foydalanish tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagicha samara berishi mumkin; 1-rasm Аn’anaviy oldi-sotdi kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish 2-rasm Blokcheyn tizimini joriy qilish orqali oldi-sotdi kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish Demakki, ushbu tizimni qo‘llashdan quyidagi natijalarni kutish mumkin; — Tizim orqali jarayonlarning to‘liq shaffofligini ta’minlaydi; — Elektron kadastr pasportini olish muddati 50 kundan 2 kunga tushadi; — «Doing business» reytingida kuchli 30 talikka kirish imkoniyati tug‘iladi; — Kadastr yig‘majildidan «Aqlli karta» (SMART karta)ga o‘tiladi. Adabiyotlar Asian Development Bank (2017) “Financial illusions in digital economy”. //ADB Briefs No.75, Mandaluyong City, Philippines, 1-3 p. Bosch Internet of Things & Services Lab (2014) “Business Models and the Internet of Things”// Bosch IoT Lab White Paper, Universitat St.Gallen, 6-7 p. Carl Dahlman (2016), Sam Mealy and Martin Wermelinger “Harnessing the digital economy for developing countries”. // Working Paper No.334, OECD Development Center, 20-54 p. Darija Salehar (2017) “Pattern Based Evaluation of Blockchain Technology as a catalyst for Business Model Innovation”. // Research paper, Delft University of Technology, 68-71 p. Faith Shimba (2010) “Cloud Computing:Strategies for Cloud Computing Adoption”.// Dissertation, Dublin Institute of Technology, 10-23 p. Hubert C. Y. Chan (2015) “Internet of Things Business Models”// Article, The Hong Kong Polytechnic University, China, 15-21 p. Kathleen M. Carley (2015) “Organizational Change and the Digital Economy: A Computational Organization Science Perspective” Carnegie Mellon University, Pittsburgh 2015, 1-3 p. Krystsina Sadouskaya (2017) “Adoption of Blockchain Technology in Supply Chain and Logistics”. Bachelor’s thesis, South-Eastern Finland University of Applied Sciences. 31-45 p. Michael Blaschke (2017) “Designing Business Models for the Digital Economy”// Article, University of St. Gallen, St. Gallen, Switzerland, 3-6 p. Monica Bulger (2014) “Data-Driven Business Models: Challenges and Opportunities of Big Data” http://www.nemode.ac.uk/wpcontent/uploads/2014/09/nemode_business_models_for_bigdata_2014_oxford.pdf. Samira Borouji Hojeghan* & Alireza Nazari Esfangareh (2011) “Digital economy and tourism impacts, influences and challenges”. // Article, Islamic Azad University, Central Tehran Branch, Iran, 314p. Siemens IT Solutions and Services (2016) “Cloud Computing – Business Models, Value Creation Dynamics and Advantages for Customers”.//Research paper, Munich, Germany, 6-11 p. Shamsul Areef Khan Mamun (2015) “The socio-economic effects of digital technologies on Australian academics and farmers”.// Dissertation, University of Southern Queensland Toowoomba, Queensland, Australia, 65-70 p. EВРАЗИЙСКАЯ ЭКОНОМИЧEСКАЯ КОМИССИЯ (2017) Дeпартамeнт промышлeнной политики “Анализ мирового опыта развития промышлeнности и подходов к цифровой трансформации промышлeнности государств-члeнов Eвразийского экономичeского союза”. //Доклад, Москва-116с. Кeшeлава А.В. (2017) Ввeдeниe в «Цифровую» экономику/ А.В. Кeшeлава В.Г. Буданов, В.Ю. Румянцeв и др.; под общ. рeд. А.В. Кeшeлава; гл. «цифр.» конс. И.А. Зимнeнко. – ВНИИГeосистeм, 2017. – 28 с Qaror (2018) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida // PQ-3832-son. Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 2018-yil 04.07., 07/18/3832/1452-son O‘rinov H.N., O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi Download 0.87 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling