57-modda. Tumanlararo ma’muriy sud raisining o‘rinbosari
Tumanlararo ma’muriy sud raisining o‘rinbosari:
vazifalar taqsimotiga muvofiq sud apparati ishiga rahbarlikni amalga oshiradi;
sud majlislarida raislik qiladi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi;
sud raisi yo‘qligida uning vakolatlarini amalga oshiradi.
Tumanlararo ma’muriy sud raisining o‘rinbosari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham
amalga oshirishi mumkin.
8-bob. Sudyalarning maqomi, ularning huquq va majburiyatlari
58-modda. Sudyalar
O‘zbekiston Respublikasida sudyalar qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishga
vakolat berilgan shaxslardir.
O‘zbekiston Respublikasida barcha sudyalar bir xil maqomga ega.
Sudlar raislari, rais o‘rinbosarlari ayni vaqtda sudyalardir.
Sudyalarga malaka darajalari beriladi. Sudyalarga malaka darajalarini belgilash va berish
tartibi ushbu Qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda aniqlanadi.
59-modda. Xalq maslahatchilari
O‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, fuqarolarning yashash yoki ish joyidagi yig‘ilishida
ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi
xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.
Haqiqiy harbiy xizmatni o‘tayotgan, saylov kunida o‘ttiz besh yoshga to‘lgan, harbiy qismlar
harbiy xizmatchilarining yig‘ilishlarida ochiq ovoz berish yo‘li bilan ikki yarim yil muddatga
saylangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi harbiy sudning xalq maslahatchisi bo‘lishi mumkin.
Har bir sud uchun xalq maslahatchilari soni sudyalarning tegishli malaka hay’atlari tomonidan
belgilanadi.
Xalq maslahatchilari odil sudlovni amalga oshirishda sudyaning huquqlaridan foydalanadi.
Xalq maslahatchilari sudlardagi o‘z vazifalarini bajarishga bir yilda ko‘pi bilan ikki haftaga
navbatma-navbat chaqiriladi, bundan ularning ishtirokida boshlangan sud ishini ko‘rishni tugallash
zarurati bu muddatni uzaytirishni taqozo etgan hollar mustasno. Shu davrda ularning ish joyidagi
o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |