21-modda . Investitsiyalarni himoya qilish
Davlat investitsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro shartnomalariga muvofiq himoya qilinishini kafolatlaydi.
Investorlarning investitsiyalari va boshqa aktivlari natsionalizatsiya qilinmaydi.
Investorlarning investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinmaydi, bundan tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiylar va favqulodda xususiyatga ega boʻlgan boshqa hollar mustasno.
Investitsiyalarni rekvizitsiya va ekspropriatsiya qilish toʻgʻrisidagi qaror rekvizitsiya yoki ekspropriatsiya qilishning quyidagi talablariga rioya qilingan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi:
investorlarning ushbu modda uchinchi qismida koʻrsatilgan holatlardan kelib chiqadigan vazifalarni hal qilish uchun zarur boʻlgan investitsiyalari yoki boshqa aktivlarining minimal hajmi bilan cheklansa;
kamsitilmaydigan asosda amalga oshirilsa;
yetkazilgan zararga monand kompensatsiya toʻlash bilan birga amalga oshirilsa. Davlat mazkur kompensatsiya toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilishining kafili sifatida ish yuritadi.
Investor sud va arbitraj tartibida, xususan, quyidagilar yuzasidan nizolashishga haqli:
rekvizitsiyani (ekspropriatsiyani) amalga oshirish uchun foydalaniladigan maqsadning qonuniyligi;
rekvizitsiyaning (ekspropriatsiyaning) miqdori;
rekvizitsiya (ekspropriatsiya) qilinayotgan investitsiyalarni va boshqa aktivlarni baholash;
toʻlanishi lozim boʻlgan kompensatsiya toʻlovining muvofiqligi;
davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rekvizitsiyani (ekspropriatsiyani) amalga oshirish chogʻida rioya etgan
tartib-taomil.
Investorlarning investitsiyalarini va tavakkalchiliklarini sugʻurtalash ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |