1. Dunyoqarash olamni diniy, falsafiy, ilmiy bilish shakli «Falsafa» va «filosofiya» atamalari haqida tushuncha. «Falsafa»
Falsafaning maqsadi va asosiy funktsiyalari
Download 328.62 Kb.
|
FALSAFANING PREDMETI, MAZMUNI VA JAMIYATDAGI ROLI
8. Falsafaning maqsadi va asosiy funktsiyalari. Falsafa fanining maqsadi – bu «odam – olam» munosabatlari doirasida olamning borligini, birligini, harakat va rivojlanishda ekanligini ilmiy-amaliy jihatdan tushuntirishdan iborat.
Falsafaning funktsiyalari – bu falsafaning inson bilimlarining boshqa sohalariga va hayot jabhalariga ma’lum darajada o’z ta’sirini o’tkazadigan munosabatlarining nazariy- amaliy ifodasidir. Falsafaning jamiyat hayotida katta va betakror rol o’ynashi uning bajaradigan asosiy funktsiyalarida yanada aniqroq namoyon bo’ladi. Bular: 1) dunyoqarashlik; 2) ontologik; 3) metodologik; 4) gnoseologik; 5) ijtimoiy; 6) aktsiologik; 7) evristik funktsiyalaridir. 1. Dunyoqarashlik funktsiyasi. Falsafa dunyoni bir butun holda aks ettirib, unda insonning dunyoga munosabati haqidagi barcha bilimlarimizni nazariy jihatdan umumlashtirib, uni o’zlashtirish asosida bizni borliq, materiya, tabiat, jamiyat, inson, uning ongi va tafakkuri, insonning dunyoni bilishi to’g’risidagi eng umumiy qarashlar bilan qurollantiradi. Bu falsafaning dunyoqarash funktsiyasi bo’lib, u falsafaning, falsafiy bilimlarning asosiy xususiyatidir. 2. Ontologik funktsiyasi – bu borliqni, uning tuzilishini, rang-barangligini, shakllarini o’rganishda namoyon bo’ladi. 3. Metodologik funktsiyasi. Borliqning turli tomonlarini xususiy fanlar o’z metodlari bilan tahlil qilishadi. Shu bilan birga, borliqni o’rganishda xususiy fanlar umumiy xulosalar chiqarish uchun falsafiy metodlardan ham foydalanishadi. Chunki falsafiy metodlar borliq, tabiat, jamiyat, bilish, ong va boshqa kategoriyalarning, narsa va hodisalarning mohiyatini, eng umumiy tomonlarini, bog’lanish va aloqadorligini bilish imkoniyatini beradi. Aniq fanlar rivojlangan sari falsafiy metodlarning ahamiyati ham ortib boradi. Falsafiy metodlar aniq fanlar yutuqlarini umumlashtirib, olam haqida yaxlit tasavvur hosil qilishda yordam beradi Aynan shu vazifani falsafiy metodologik umumlashmalar, falsafiy metodlar bajaradi. Umuman, falsafa alohida fanlar uchun, ularning tabiat va jamiyatning borliq va ongning aniq tomonlarini o’rganishda, tadqiq qilishda eng umumiy metod rolini o’ynaydi. 4. Gnoseologik funktsiyasi. Falsafa dunyoni bilish muammosini o’rganar ekan, uning umumiy metodlarini ishlab chiqib, inson bilish jarayonining umumiy nazariyasini yaratadi. Shu asosda inson bilish, uning rivojlanish tendentsiyalari va eng umumiy qonunlarini ochib beradi Falsafa inson amaliy tajribasida hosil bo’lgan bilimlarning haqiqatligini tekshiruvchi mezonlarni ham tadqiq etadi. Falsafa inson oldiga, avvalo, o’zini anglash va so’ngra borliqni o’rganish masalasini ham qo’yadi. Dunyoni bilish asosida inson o’zi o’zgarib, dunyoni oqilona anglab, so’ngra amaliy faoliyatida falsafiy umumlashmalarga tayanadi. Bunday hollarning barchasida falsafaning gnoseologik vazifasi namoyon bo’ladi. 5. Ijtimoiy funktsiyasi. Jamiyat taraqqiyotining tarixiy tajribasi o’rganilib va tahlil qilinib, xulosalar chiqarib boriladi. Uning hozirgi kundagi imkoniyatlari, ehtiyojlarini bilishdan kelib chiqqan holda jamiyatning kelgusidagi istiqboli aniqlanadi. 6. Aktsiologik funktsiyasi. Jamiyat hayotining hozirgi sharoitida falsafaning aksiologik funktsiyasi ko’proq ahamiyat kasb etmoqda. Bu funktsiyaning mohiyati shundaki, falsafa inson hayotining mohiyatini, asosiy mazmunini, insonning turmushdagi qadr-qimmati, jamiyatda tutgan o’rnini, uning axloqiy, gumanistik printsiplar va g’oyalarni baholash asosida tushuntiradi. Shu jihatdan qaraganda, hozirgi kunda insoniyat boshiga xavf solayotgan jahon termoyadro urushi, qurollanish poygasining yanada avj olishi, ekologiyaning buzilishi, energiya zaxiralarining tugab borishi, jamiyatda yuz berayotgan moliyaviy, iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy tangliklar sharoitida turli maqsadlar va faoliyat natijalarining gumanistik g’oyalar bilan qo’shilib borishi, insoniyatning Yer yuzida yashab qolishi muammolari umuminsoniy qadriyatlarni birinchi o’ringa chiqarmoqda. Inson o’z qadr-qimmatidan kelib chiqqan holda o’zini ehtiyotlashga, tabiatni qo’riqlashga intilib boraveradi. Insoniyat o’z tarixiy rivojlanishi davrida manfaatlari bilan bog’liq juda ko’p qadriyatlarni yaratgan. Falsafa esa uni ogohlikka chaqirmoqda. 7. Evristik funktsiyasi. Evristika (yunoncha. «evriko» so’zi «izlayman», «ochaman» degan ma’noni anglatadi) – metodik jihatdan yangilik ochishga oid qo’llanma, yangilik kashf etish san’atidir. Falsafaning evristik funktsiyasi yangilik ochishga qaratilgan bo’lib, yangilik ochishga xizmat qiladi. Masalan, yangi g’oya va dalillar ochish hamda ilmiy bayonda tizimli bayonlashga qarama-qarshi bo’lgan holda yangi ilmiy natijalarga erishish yo’lini tasvirlab berish shular jumlasidandir. Download 328.62 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling