Qishloq xo‘jaligidagi iqtisodiy inqirozlar agrar inqirozlar deb ataladi. Qishloq xo‘jaligidagi siklik rivojlanish o‘ziga xos xususiyatlarga ega, ular agrar inqirozlarda namoyon bo‘ladi. Agrar inqirozlar namoyon bo‘lishining asosiy shakllari: qishloq xo‘jaligidagi tovarlarning sotilmay qolgan zaxiralarining ko‘payishi, ularga narxlarning pasayishi, ishlab chiqarish hajmining kamayishi, ishsizlikning ko‘payishi, ish haqining pasayishi, fermerlarning ommaviy ravishda xonavayron bo‘lishi, ularning qarzlarining ortishi. Agrar inqirozlar sanoatdagi inqirozlardan farqli o‘laroq, uzoq muddat davom etadi va siklik xarakterga ega emas. Birinchi agrar inqiroz XIX asrning 70-yillarida boshlanib, har xil shakllarda 90-yillar o‘rtasigacha davom etgan edi. Birinchi jahon urushidan keyin, aholining xarid qobiliyati juda pasayib ketgan sharoitda, 1920 yil bahorida agrar inqiroz boshlanib ketdi va ikkinchi jahon urushining boshlanishiga qadar davom etdi. Uchinchi agrar inqiroz 1948 yildan boshlanib, 80-yillargacha davom etdi.
Jahon iqtisodiy inqirozlari global miqyosda jahon xo‘jaligini qamrab oladi.
Iqtisodiyotda muvozanatning buzilishi muntazam yoki aksincha tarzda yuz berishiga ko‘ra davriy, oraliq inqirozlarga ajratish mumkin.
Davriy inqirozlar - bu davriy ravishda qaytarilib turadigan ijtimoiy ishlab chiqarishdagi tushkunlik bo‘lib, bu milliy iqtisodiyotning barcha sohalarida ishbilarmonlik faoliyatining falajlanishiga olib keladi va iqtisodiy faoliyatning yangi siklini keltirib chiqaradi.
Oraliq inqirozlar – bu vaqti vaqti bilan vujudga kelib turuvchi ijtimoiy ishlab chiqarishdagi tushkunlik bo‘lib, milliy iqtisodiyotning jonlanish va yuksalish bosqichlarini vaqtincha to‘xtatadi. Bular yangi siklini keltirib chiqarmaydi, mahalliy tavsifga ega va qisqa muddatli bo‘ladi.
3. Takror ishlab chiqarish nisbatlarining buzilishi tavsifiga ko‘ra ortiqcha ishlab chiqarish va taqchil ishlab chiqarish inqirozlariga bo‘linadi. Tovarlarni ortiqcha ishlab chiqarish inqirozi turli naf keltiradigan ne’matlarni ko‘p ishlab chiqarish, lekin ularni to‘la sota olmaslikda namoyon bo‘ladi. Taqchil ishlab chiqarish inqirozi davrida muvozanat buzilib, yetishmovchilik natijasida tang ahvol kelib chiqadi. Shunday qilib, iqtisodiyotning tang ahvolga tushishiga faqat ortiqcha ishlab chiqarish emas, balki taqchil ishlab chiqarish ham sabab bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |