1-kurslar uchun Oʻquv-uslubiy majmua andijon­­ – 2022


Lirik qo‘shiqlarining badiiy xususiyatlari


Download 1.09 Mb.
bet63/125
Sana22.02.2023
Hajmi1.09 Mb.
#1223317
1   ...   59   60   61   62   63   64   65   66   ...   125
Bog'liq
o\'zbek folklori majmuasi yangisi

2. Lirik qo‘shiqlarining badiiy xususiyatlari. Lirik qo‘shiq hajmining kichikligi matndagi har bir so‘z zimmasiga boshqa janrlarga nisbatan ortiqroq badiiy «yuk» beradi. Poetik san’atlar orasida ramz birgina so‘z orqali keng mazmun ifodalash imkoniyatiga ega. Bu esa aynan qo‘shiq janrining talablariga mos keladi. Lirik qo‘shiqlarda ramzning boshqa poetik san’atlarga nisbatan keng qo‘llanilishini shu sabab bilan ham izohlash mumkin.
Poetik ramz qo‘shiqlardagi mavhum tushunchalarni, anglatish qiyin bo‘lgan nozik tuyg‘ularni, turli ruhiy holatlarni bir yoki bir necha so‘z orqali ifodalash imkoniyatini beradi. Qo‘shiqning ohangdorligini ta’minlaydi, badiiy qimmatini oshiradi.
Lirik qo‘shiqlarda qo‘llaniluvchi poetik ramzning ikki muhim tipini ajratib ko‘rsatish mumkin: 1. O‘zak ramzlar. 2. Vaziyat ramzlar.
O‘zak ramzlar. Ramziy obrazlarning bu ikki tipini qarama-qarshi qutblar sifatida qaramaslik lozim. Ular qo‘shiqning jonli ijro jarayoni davomida bir-birini to‘ldiradi, biri ikkinchisi bilan chambarchas bog‘liq yuradi.
Ramziy obrazning barcha qo‘shiqlar uchun umumiy bo‘lgan an’anaviy tub poetik ma’noli shakli o‘zak ramz hisoblanadi. «O‘zak» atamasi tilshunoslikdan olingan. Ma’lumki, aglyutinativ tillar (jumladan, o‘zbek tili)da so‘z asosini o‘zak tashkil etadi. O‘zakka turli so‘z yasovchi qo‘shimchalar birikib yangi ma’noli so‘zlar hosil bo‘ladi. Sintaktik munosabatni bildiruvchi qo‘shimchalar esa so‘zlarni bir-biriga bog‘lovchi vosita vazifasini bajaradi. Tildagi o‘zak so‘z kabi o‘zak ramz ham muayyan matnda turli sifat, belgilar bilan kelib o‘z poetik ma’nosini u yoki bu bu tarzda kengaytiradi, oydinlashtiradi. Masalan: ro‘mol obrazining barcha qo‘shiqlar uchun tub ramziy ma’nosi «oila». Ammo ro‘mol u yoki bu qo‘shiq tarkibida turli sifat, holatlarda tasvirlanadi. Misol uchun ushbu to‘rtlikni olib ko‘raylik:
Ro‘molini yuvdirdim, omon yor,
Qora tolga ildirdim, omon yor.
Qora toli qurisin, omon yor,
Qaroqchiga oldirdim, omon yor.
Qo‘shiq tarkibida o‘zak ramzlar: «ro‘mol» – oila, «tol» – oshiq yigit tub ramziy ma’noga ega. «Ro‘molimni yuvdirdim» misrasida «yuvdirdim», «qora tolga ildirdim» misrasidagi «ildirdim» o‘zak ramz «qo‘shimcha»lari hisoblanib, bu so‘zlar ramziy obrazning ushbu qo‘shiqdagi badiiy mazmunini yanada aniqlashuviga yordam bermoqda. Matnda «qo‘shimcha»lar o‘zak ramz ma’nosi bilan bog‘liq ramziy mazmun olmoqda. Ya’ni: «yuvilgan ro‘mol tolga ilindi», lirik qahramon – ma’shuqa «oshiq yigitga ishonib, unga o‘z qalbini bag‘ishladi. Shirin oila, baxtli turmush quramiz, deb o‘yladi. Lekin ma’shuq bevafolik qildi. Ma’shuqa: «Qora toli qurisin, qaroqchiga oldirdim» deb «ro‘molidan» – «oila haqidagi shirin orzu-istaklaridan ayrilganligini» kuylamoqda. Qo‘shiqda «ro‘mol» tub o‘zak ma’nosini «qo‘shimcha»lar yordamida kengaytirib, «oila haqidagi o‘y, sevgi» poetik ma’noga ega bo‘lmoqda. «Tol» an’anaviy «oshiq» ma’nosida kelmoqda.
O‘zak ramz lirik qo‘shiqlarda qo‘llaniluvchi asosiy ramz bo‘lib, uning yetakchi xossalari sifatida quyidagilarni sanash mumkin: a) o‘zak ramz asrlar davomida shakllanib, tarixan xalqning qadimiy mif, turli e’tiqodiy dunyoqarashlariga borib bog‘lanadi. Chunki «Har qanday mif ramz, lekin hamma ramzlar mif emas» (A.F.Losev); b) o‘zak ramz barqaror shakl va mazmunga ega; d) o‘zak ramz poetik ma’nosi obraz ichida yashirin keladi. Muayyan matnda bu yashirin poetik ma’no xalqning ushbu obraz haqidagi tasavvur, tushunchalari asosida anglashiladi; e) ramz obrazning poetik va lug‘aviy ma’nosi o‘rtasida bilvosita bog‘lanish mavjud. Obraz bilan bog‘liq tasavvurlar unutilsa ramziy ma’no anglanmay qoladi; f) o‘zak ramzning tub ma’nosi muayyan matnda ramziy «qo‘shimcha»lar vositasida o‘z ma’no ko‘lamini u yoki bu darajada kengaytiradi. Ba’zi holatlarda o‘zak ma’noga bevosita bog‘liq yangi poetik ma’no hosil bo‘lishi mumkin.
O‘zbek xalq lirik qo‘shiqlarida ayni xususiyatlarga ega o‘zak ramzlar, asosan, uch xil shaklda uchraydi: 1. Sof leksik birlik shaklidagi o‘zak ramzlar. 2. Birikma ko‘rinishidagi o‘zak ramzlar. 3. Gap tuzilishidagi o‘zak ramzlar.
Sof leksik birlik shaklidagi o‘zak ramzlar birgina so‘zdan iborat bo‘lib, boshqa tur ramzlarga nisbatan keng qo‘llaniladi. Bu tur o‘zak ramzlarga ro‘mol, tog‘, tol, tom, suv, daryo, g‘oz, o‘rdak, qarg‘a, turna, olma, bozor, xol, tamaki, ilon, soch, oq, qizil, qora, sariq va boshqa obrazlar kiradi.
Birikma ko‘rinishidagi o‘zak ramzlar, asosan, ikki so‘zdan tashkil topgan bo‘lib, ko‘pchilik holatlarda sof leksik birlik sifatida keluvchi ikki mustaqil ramz birikib yaxlit o‘zak ramz shaklida keladi; qizil gul, qizil olma, oq olma, oq ilon, qora tol, qora soch kabilar. Bu xil ko‘rinishdagi ramzlarda poetik ma’no har ikkala ramz ma’nolarining yig‘indisidan iborat bo‘ladi. Masalan:
Oq olma, qizil olma pishmas ekan,
Ikki yaxshi bir yerga tushmas ekan.
Ikki yaxshi bir yerga tushganida,
Umrining o‘tganini bilmas ekan.
Bu to‘rtlikda kelayotgan «oq olma», «qizil olma» ramziy birikmalarni tashkil etuvchi oq, qizil, olma obrazlarining har biri mustaqil o‘zak ramz. Oqning birlamchi o‘zak ma’nosi er kishi, yigit. Qizil «ayol, qiz» ramziy ma’noga ega. «Olma» ramzi bu o‘rinda «sevgi, muhabbat» ma’nosida kelgan. Biz ana shu asosda oq olmani yigit, qizil olmani qiz sevgisi ma’noda kelayotganligini anglaymiz. Qo‘shiqda bir-biriga munosib, yigit va qiz sevgisi, hamma vaqt ham murodiga yeta olmas ekan. Agar ular qovushsa, armonlari qolmay, baxtli yashashar edi, deb kuylanmoqda.
O‘zak ramzning gap tuzilishidagi ko‘rinishi ikki yoki undan ortiq so‘zlardan tashkil topib, asosan, qo‘shiqlarning dastlabki misralarida namoyon bo‘ladi. Bu ko‘rinishdagi ramzlarga «choponimning yengi tor», «beqasam to‘n qildim, bir yengini tor qildim», «hovuz bo‘yini o‘ydim», «Ariq bo‘yini o‘ydim», «muzni teshdim, suvni ichdim, loy ekonin bilmadim», «Ariq bo‘yi loy ekan», «suv bo‘yida o‘tirib suvni loylatmang, to‘ram» kabi misralardagi «tor yeng», «hovuz yoki ariq bo‘yining o‘yilishi», «suvning loyqalanishi» kabi birikmalarni keltirish mumkin. Masalan, «suvning loyqalanishi» bilan bog‘liq to‘rtlikni ko‘rib chiqaylik:
Muzni teshdim, suvni ichdim, loy ekanin bilmadim,
Ko‘pni ko‘rdim, birni sevdim, yori borin bilmadim.
Ko‘pni ko‘rgan birni sevgan kimni olding yoningga,
Biz tag‘in bir yor kutib, o‘tlar yoqaylik joningga, –
misralarida aytilganidek, «muzni teshdim – ko‘pni ko‘rdim, suvni ichdim – birni sevdim, loy ekanin bilmadim – yori borin bilmadim» poetik ma’nosiga uyg‘un keladi. Demak, suvning loyqalanishi – muhabbatning poymol bo‘lishi – xiyonat ekan.
O‘zak ramzning gap tuzilishidagi ko‘rinishi sof leksik birlik va birikma ko‘rinishidagi ramzlarga nisbatan ixcham, barqaror shaklga ega emas. Ularda so‘zning poetik va lug‘aviy ma’nosi o‘rtasidagi bog‘liqlik ramziy mazmunni anglashda vosita bo‘ladi. Shu jihati bilan gap tuzilishidagi o‘zak ramzlar vaziyat ramzlarga yaqin turadi. Har bir gap tuzilishidagi o‘zak ramz tarixiga qaralsa, ularning vaziyat ramzlar asosida o‘sib chiqqanligini ko‘rishimiz mumkin. Ularni o‘zak ramz va vaziyat ramzlarning oralig‘idagi o‘ziga xos bosqich ekanligini kuzatish mumkin. Davrlar o‘tishi davomida ular sof leksik birlik va birikma ko‘rinishidagi ramziy obrazlarga aylanishi mumkin. Sof leksik birlik va birikma shaklidagi o‘zak ramzlar tarkibida bevosita tabiiy qiyos asosida paydo bo‘lgan ramzlar ana shu taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tishgan.

Download 1.09 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   59   60   61   62   63   64   65   66   ...   125




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling