23. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (J.Xodjayev):
tijorat banklari bilan birgalikda ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkaziladigan korxonalarga uskunalarni xarid qilish uchun kredit mablag‘lari o‘z vaqtida ajratilishini ta’minlasin;
ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilishda kafolatlangan rag‘batlantirish choralarini ko‘rib borsin;
ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilgan korxonalarda import ko‘mir mahsulotlari hamda tegishli uskunalarni olib kelishda yuzaga keladigan muammoli masalalarni zudlik bilan hal qilib borsin;
mahalliy issiqxona xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlarning asosiy eksport bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish maqsadida ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
24. Energetika vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “O‘zbekko‘mir” AJga qarashli “Ko‘mir ta’minot” MCHJni, tasarrufidagi ko‘mir omborlari va yordamchi texnikalar bilan birga “O‘zbekko‘mir” AJ tasarrufidan chiqarib, Energetika vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Energetika vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur qarorga 8-, 8a-, 8b- va 8v-ilovalarda belgilangan tadbirkorlik sub’ektlari uchun zarur miqdorda import ko‘mir yetkazib berilishini ta’minlasin.
Transport vazirligi (I.Mahkamov) 2023 yil 1 apreldan boshlab import ko‘mirni respublika hududida temir yo‘l transportida tashishda tashish masofasidan qat’i nazar o‘rnatilgan tariflarga 50 foiz chegirma qo‘llanilishini ta’minlasin.
25. Belgilansinki, 2023 yil 1 maydan boshlab:
yangi tashkil etiladigan issiqxona xo‘jaliklari hamda sement, g‘isht va ohak mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tabiiy gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar berilishi taqiqlanadi;
respublikadagi barcha yoqilg‘i (avtobenzin, suyultirilgan va siqilgan gaz) quyish shoxobchalarining maishiy-texnik ehtiyojlari va hududini yoritish uchun elektr energiyasi ta’minotining kamida 50 foizi ushbu ob’ektlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari orqali qoplanishi talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |