«Topilmalar stoli» faoliyati tugatiladi
Ichki ishlar vazirligi tizimidagi «Topilmalar stoli» faoliyati tugatiladi hamda tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilishi boshlanadi.
Shuningdek, yo‘qolgan ashyolarni qidirish bo‘yicha murojaatlar YaIDXP orqali ham qabul qilinishi yo‘lga qo‘yiladi.
Mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida yoshlarga bir necha turdagi moddiy yordamlar ko‘rsatiladi
Mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida yoshlarga ro‘yxat asosida bir necha turdagi moddiy yordam beriladi.
Lisenziyalash va ruxsatnomalar berishda yagona tizim joriy etiladi
Hukumat qarori bilan litsenziya yoki ruxsatnomani olish uchun arizalar vakolatli organga «Lisenziya» AT yoki YaIDXP orqali taqdim etiladi.
Lisenziya yoki ruxsatnoma olishda talabgorning boshqa kelishiladigan organlardan xulosasini olib, arizaga ilova qilish amaliyoti bekor qilinadi. «Bir darcha» tamoyili asosida litsenziyalovchi organning «Lisenziya» AT orqali tegishli xulosalarni boshqa organlardan o‘zi oladi, xulosa o‘z vaqtida taqdim etilmasa, ijobiy xulosa olingan deb hisoblanadi.
Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi
Prezident qaroriga muvofiq:
a) yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha aholi va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan Bosh prokuratura (1007 qisqa raqami) va Kadastr agentligiga (1097 qisqa raqami) yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
b) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda hokim yordamchilariga o‘z hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga so‘rov yuborish huquqi beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |