ACHCHIQ BODOM URUG‘I – SEMINA AMYGDALI AMARAE
O‘simlikning nomi. Bodom – Amygdalus communis L. Achchiq bodom urug‘i zaharli. Uning tarkibida 2,5–3,5% amigdalin bo‘ladi. Agar yosh bola 5–10 dona achchiq bodom urug‘i esa zaharlanishi mumkin.
Odatda presslash usuli bilan bodom urug‘ining yog‘i olingandan so‘ng qolgan kunjaradan achchiq bodom suvi tayyorlanadi. Achchiq bodom suvini butun urug‘dan tayyorlasa ham bo‘ladi.
Achchiq bodom suvini olish uchun achchiq bodom kunjarasi (yoki yog‘i olingan va maydalangan bodom urug‘i) tarkibidagi amigdalinni emulsin fermenti ta’sirida parchalash maqsadida unga iliq suv solib, bir necha soat issiq joyga qo‘yib qo‘yiladi. So‘ngra glikozidning parchalangan mahsulotlari suv bug‘i yordamida haydab olinadi.
Achchiq bodom suvi tarkibidagi sof va birlashgan sianid kislota miqdori 0,09–0,11% dan oshmasligi lozim.
Ishlatilishi. Achchiq bodom suvi bemorni tinchlantirish va og‘riq qoldirish uchun tomchilar va miksturalar bilan birga ishlatiladi.
Amigdalin va achchiq bodom suvi dorixonalarda B ro‘yxati bo‘yicha saqlanadi.
Achchiq bodom suvi o‘rnida taflon (Laurocerasus officinalis Roem.) o‘simligi bargidan tayyorlangan suvni ishlatish mumkin. Taflon Qora dengiz bo‘yida yovvoyi holda o‘sadigan doim yashil buta yoki kichik daraxt. Taflon suvi ho‘l bargdan suv bug‘i bilan haydab olinadi. Bu preparatda sianid kislotaning umumiy miqdori 0,1% dan oshiq bo‘lmasligi kerak.
Achchiq bodom suvini olishda shaftoli, achchiq danakli o‘rik urug‘laridan ham foydalanish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |