1-ma’ruza. Kirish. Fitopatologiyaning qisqacha rivojlanish tarixi Reja
Download 281.24 Kb. Pdf ko'rish
|
Fitopatologiya 1 - dars
- Bu sahifa navigatsiya:
- Nazorat savollari
1-ma’ruza. Kirish. Fitopatologiyaning qisqacha rivojlanish tarixi Reja: 1.Fanning paydo bo’lishi. Fanda amaliy yo’nalishning rivojlanishi. 2. O’simlik immuniteti. 3. Fitopatologiya fanining boshqa fanlar bilan aloqadorligi, bo‘limlari hamda vazifalariga tavsif. KIRISH Fitopatologiya (grekcha phyton – o’simlik, pathos – kasallik, logos taʼlimot) – o’simliklar kasalliklari to’g’risidagi fan, uning asosiy vazifasi – qishloq xo’jaligiga fitopatogen organizmlar tomonidan yetkaziladigan talofatni kamaytirish yo’llarini izlab topish. Ushbu fan kasallangan o’simlik, kasallikni keltirib chiqaruvchi sabablar, shuningdek, uning rivojlanishiga atrof-muhit sharoitlarining taʼsirini o’rganadi. Fitopatologiya umumiy va qishloq xo’jaligi fitopatologiyasi bo’limlariga ajratiladi. Birinchisi kasalliklarning kelib chiqish sabablari, ularning rivojlanish xususiyatlari va qo’zg’atuvchilari, shuningdek, himoya uslublarini o’rganadi. Qishloq xo’jaligi yoki xususiy fitopatologiya aniq ekinlarning kasalliklarini tadqiq qiladi, ularni kasallik qo’zg’atuvchilar tur tarkibidagi har bir turga ko’ra ko’rib chiqadi, geografik mintaqaga bog’liq holda kasallik belgilarini xamda himoya choralarini o’rganadi. Xususiy fitopatologiya patologik jarayonlarning rivojlanish qonuniyati va har bir kasallikka taʼsir etuvchi omillar to’g’risidagi umumiy maʼlumotlardan foydalanadi. Fitopatologiyaning rivojlanishi quyidagi yangi maxsus fanlarning vujudga kelishiga sabab bo’ldi: etiologiya – kasallik sabablarini o’rganuvchi fan; fitoimmunologiya – o’simliklarning kasalliklarga chidamliligi to’g’risidagi taʼlimot; epifitotiologiya — kasalliklarning paydo bo’lish qonuniyatlarini hamda ularning yalpi rivojlanish sabablarini tadqiq qiluvchi; o’simliklarni kasalliklardan himoya qilish. Kasalliklarni chuqur o’rganishda muhitning muayyan sharoitidagi kasallik qo’zg’atuvchi va o’simlik o’rtasidagi o’zaro taʼsiri batafsil aniqlanadi. Fanning yanada rivojlanishi esa quyidagi mustaqil fanlarning ajralib chiqishiga olib keldi: o’simliklar immuniteti, kasalliklarning paydo bo’lishi va tarqalishini bashorat qilish, o’simliklarni biologik himoya qilish va h-k. Zamonaviy fitopatologiya faqatgina umumiy masalalarni o’rganib qolmay, balki xususiylarni ham hal etadi. Masalan, intensiv texnologiyalarning joriy qilinishi kasalliklarning rivojlanish sharoitlarini o’zgarishiga olib keladi. Bunga bog’liq ravishda o’simliklarni himoya qilishning yangi tartiblaridan foydalanish zarurati vujudga keladi. Nomaʼlum kasalliklar qayd etilganda, uning qo’zg’atuvchisini aniqlash va o’simliklarni undan himoya qilish choralarini ishlab chiqish takozo etiladi. Fanning yanada takomillashuvi esa har hil qishloq xo’jaligi ekinlari kasalliklarining paydo bo’lishi va tarqalishini bashorat qilishni talab etadi. Bundan tashqari, o’simliklarni himoya qilishning zamonaviy tizimida biologik, agrotexnik va kimyoviy usullarni majmuaviy qo’llash muhimdir. Bu esa ularning samaradorligini oshiribgina qolmay, balki kimyoviy himoya vositalarini qo’llash darajasini pasaytirish imkonini beradi. Fitopatologiya ham boshqa maxsus fanlar kabi qator turdosh fanlarning bilimlari tizimiga tayanadi, masalan: mikologiya, mikrobiologiya, virusologiya, botanika. Mikologiyani fitopatologiyaning poydevori deyish ham mumkin. Kasallikning paydo bo’lish xususiyatini tavsiflash uchun fitopatogen organizmning biologiyasi va morfologiyasi to’g’risidagi maʼlumotlar zarur bo’ladi. Botanik tadqiqotlar esa tabiiy biotsenozlarda kasalliklarning tarqalish xususiyatlari bilan tanishish imkonini beradi. Binobarin, 1956-yilda V.N.Beklemishevning “Kasallik qo’zg’atuvchilari biotsenozlarning aʼzosi sifatida” nomli maqolasi nashr etilgan. Unda muallif patogenlar ayrim ekologik guruhlarning zichligini boshqarish rolini o’ynaydigan biotsenozlarda kasallik qo’zg’atuvchilarini ushbu biotsenozning muhim tarkibiy qismi to’g’risidagi qoidani asoslab berdi: biotsenoz ichida biror aʼzoning tez to’planishi muqarrar ravishda ikkinchisining kamayishiga olib keladi. Biroq, ekotizim biror vakili zichligining ustun ravishda ortishi, qoidaga muvofiq, ularning kasallanishlar bilan yalpi zararlanishini ham keltirib chiqaradi. Natijada teskari jarayon boshlanadi va biotsenoz qayta tiklanadi. O’simliklarning parazit bilan o’zaro taʼsirini tadqiq qilish uchun o’simliklar fiziologiyasi va biokimyosi bo’yicha maʼlumotlar ham zarur bo’ladi. Fitopatologiyaning muhim tarmog’i bo’lgan epifitotiologiya asosida kasallik qo’zg’atuvchisiga iqlim omillarining taʼsirini hisobga olgan holda kasallikning paydo bo’lish qonuniyati to’g’risidagi taʼlimot yotadi. Iqlimga bog’liq ravishda kasallikning kechishini tadqiq qilishdan olingan maʼlumotlarni ob-havo bashorati bilan qiyoslash ushbu kasallikning paydo bo’lish vaqti va rivojlanish tabiatini oldindan aytib bera olish imkonini beradi. Shunday qilib, epifitotiologiya yoki kasalliklarni bashorat qilish to’g’risidagi fan meteorologiya bilan uzviy bog’liqdir. So’nggi yillarda kasalliklarni bashorat qilishda kasallik qo’zg’atuvchilariga ob-havo sharoitlarining taʼsirini hisobga oluvchi matematik modellar keng qo’llanilmoqda. O’simliklarni himoya qilish bilan fitopatologiyaning yana bir tarmog’i shug’ullanadi. U o’simlikshunoslik, dehqonchilik va agrokimyo bilan bevosita bog’langandir. Binobarin, kasalliklarning rivojlanish tabiati ko’p jihatdan qishloq xo’jaligi ekinlarini yetishtirish texnologiyasiga bog’liqdir: kasallik qo’zg’atuvchisining to’planishi jarayonida almashlab ekish muhim rol o’ynaydi; o’g’it meʼyori o’simliklarning zararlanish darajasiga taʼsir ko’rsatadi va h.k. Bundan tashqari, so’nggi yillarda kasalliklarga chidamli navlarning chiqarilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ko’pgina fitopatologik tadqiqotlar entomologiya maʼlumotlariga tayanadi. Buning boisi shundaki, birinchidan, ayrim hasharotlar virusli kasallik qo’zg’atuvchilarining tashuvchisi hisoblanadi; ikkinchidan, o’simliklarning zararkunandalar taʼsirida shikastlanishi kasallikning rivojlanishiga taʼsir ko’rsatadi va uning o’simlik to’qimasiga kirishiga imkon beradi. Fitopatologiya o’simliklar himoyasi bo’yicha tadbirlarning samaradorligini baholashda ko’pgina iqtisodiy va matematik uslublardan foydalanadi. Dehqonchilik tarixidan maʼlumki, madaniy o’simliklarning yalpi kasallanishi talofatli oqibatlarga olib kelgan. Biroq o’simliklarni himoya qilishning bugungi zamonaviy usullarida kasallik epifitotiyasi kamdan kam xollarda kuzatiladi, shunday bo’lsada, qishloq xo’jaligi ekinlari hosiliga kasalliklar taʼsirida yiliga ko’plab talofat yetadi. Masalan, fitoftorozning rivojlanishi taʼsirida kartoshka hosili ikki va undan ko’p marotaba kamayishi mumkin. Zang kasalliklari taʼsirida bug’doy va boshqa donli ekinlarning hosili ko’pincha 30-40%, un shudring taʼsirida esa 10-15% gacha yo’qotilmoqda. Sabzavotchilikda ham kasalliklarning taʼsiri yaqqol ko’rinadi. Pomidorda fitoftorozning rivojlanishi hosilning butunlay yo’qotilishiga ham olib kelishi mumkin. Hosilning yo’qotilish sabablari ham xilma-xildir. Binobarin, o’sish davrida kasallik taʼsirida alohida o’simliklar nobud bo’lsa, u holda o’simlik qalinligi kamayadi. Zararlanishning bunday tipi, masalan, viltida, zig’ir fuzariozida kuzatiladi. Boshqa kasalliklar barglarning nobud bo’lishi oqibatida assimilyatsiya yuzasining kamayishiga olib kelishi mumkin. O’simliklarda o’sishning to’xtashi bilan boruvchi kasalliklar (virusli va yuqumli kasalliklar) ham mavjud bo’lib, bunda yaxshi rivojlanmagan, pakana o’simliklar to’laqonli hosil bera olmaydi. Meva, sabzavot va tugunaklarning chirish kasalliklari qishloq xo’jaligiga eng katta talofat yetkazadi. Patogenning zararlilik belgilaridan biri – mahsulot sifatini pasaytirishi, masalan, kalmarazda olmaning realizatsiya bahosi pasayib ketadi. Kalmaraz bilan kasallangan tugunaklar mavjud bo’lgan butun kartoshka partiyasi past sifatli toifaga o’tkaziladi va tabiiyki, uning narxi ham past bo’ladi. Fitopatogen organizmlarning zararliligi bevosita va bilvosita yo’qotishlarda ifodalanadi. Bevosita yo’qotishlarni kasallangan va sog’lom o’similiklar hosili o’rtasidagi farq bilan aniqlash mumkin. Bevosita yo’qotishlarga hosilning kamayishi, mahsulot sifatining pasayishi, saqlashda mahsulotning yaxshi saqlanmasligi bilan ifodalanuvchi barcha kasallik oqibatlarini kiritish mumkin. Binobarin, urug’li mevalar kalmaraz bilan zararlanganda hosildorlik pasayadi, uning realizatsiya bahosi tushib ketadi, saqlashda mahsulot ko’plab yo’qotiladi. M.S.Voroninning sklerotinioz qo’zg’atuvchisining rivojlanishi borasidagi tadqiqotlari ham fitopatologiyaning rivojlanishida muhim ahamiyatga egadir. Olim sklerotinioz qo’zg’atuvchisining yangi turini uchratdi, uning konidial bosqichi golubikda parazitlik qilsa, sklerotsiylari bagulnik mevalarida hosil bo’ladi. Sklerotinioz qo’zg’atuvchisi – Askomitsetlar sinfiga mansub birinchi kashf qilingan har xil xo’jayinli zamburug’. Bunga qadar har xil xo’jayinli parazitlar faqatgina Bazidiomitsetlar (Zangsimonlar tartibi) sinfidagina maʼlum bo’lgan. A. de Bari, M.S.Voronin, uning shogirdlari va izdoshlarining tadqiqotlari fitopatologiyaning ilmiy asosini yaratishdi. Olimlarning diqqat markazida o’simliklarda kasallik qo’zg’atuvchi zamburug’lar bo’ldi. Sababchisi fitopatogen zamburug’lar bo’lgan yangi kasalliklar (kartoshka fitoftorozi, uzum mildyusi, g’alladoshlar qorakuyasi va boshqalar) to’g’risida maʼlumotlar tez to’plana boshladi. Aynan ushbu kasalliklar qo’zg’atuvchilarini tadqiq qilish zamburug’’larning patogenligi to’g’risidagi tasavvurlarni mustahkamladi. XIX asrning oltmishinchi yillarida fitopatologlar va mikrobiologlar o’simliklarning fitopatogen bakteriyalar bilan zararlanishining “prinsipial mumkin emasligi” va demakki, bunday bakteriyalar mavjud emasligini taʼkidlashdi. Bakteriyalar yuksak o’simliklarni zararlay olmasligi to’g’risidagi fikrlar yuzaga keldi. Biroq 1866-yil M.S.Voronin nafaqat zamburug’lar, balki bakteriyalar ham o’simliklarni zararlay olishi, ularda kasallik qo’zg’atishini taʼkidladi. U dukkakli ekinlarda tugunak bakteriyalarini o’rganishdan so’ng bunday xulosaga keldi. Uning yuksak o’simliklarni bakteriyalar bilan parazitar zararlanishi to’g’risidagi farazi amerikalik olim Tomas Djon Barrilning (1839- 1916-y) tadqiqotlarida isbotlandi. U mevali ekinlarda kuyish kasalligining bakterial tabiatini aniqladi va o’simliklardagi birinchi bakteriozni tavsifladi. Bakterioz to’g’risidagi taʼlimotning yaratilishida amerika fitopatologi Ervin Smitning (1854-1927) xizmati juda ham kattadir. U nafaqat o’simliklarning ko’pgina bakterial kasalliklarini o’rgandi, balki fitopatologiyada bakterial tadqiqot olib borish metodikasini ishlab chiqdi, yangi asrning boshlanishida esa o’simliklar kasalliklarining bakterial tabiatini isbotlab berdi. Shunday qilib, bakteriologiya fitopatologiyada yangi mustaqil yo’nalish bo’lib qoldi. 1915- yilga kelib o’simliklarning qariyb 144 avlodi vakillarida fitopatogen bakteriyalar topildi, yigirmanchi yillarga kelib esa aniqlangan bakteriozlarning soni inson va hayvonlar bakterial kasalliklari sonidan ham ortib ketdi. Bakterioz to’g’risidagi taʼlimotning keyingi taraqqiyoti bevosita rus olimi I.L.Serbii (1872-1925) nomi bilan ham bog’liqdir. U mazkur kasalliklarni o’rganish metodikasini takomillashtirdi, kartoshka va lavlagi bakteriozi, mevali daraxtlar nekrozi, jo’xori gommozi, mevali daraxtlar raki va boshqa qator kasalliklarni o’rgandi va tavsiflab berdi. XIX asr oxirlarida patogenlarning yangi guruhi - viruslar fitopatologik tadqiqotlarning obyekti bo’ldi. 1892-yilda D.I.Ivanovskiy (1864-1920) tamaki kasalliklarining yuqumli tabiatini tajribada isbotladi va uning qo’zg’atuvchisi bakterial filtrdan ham o’ta olish qobiliyatiga ega ekanligini, yaʼni kasallangan o’simlik sharbati bakterial filtrdan o’tkazilganda infeksiya saqlanib qolishini aniqladi. D.I.Ivanovskiyning tajribalarini 1898-yilda golland mikrobiologi M.Beyerink takrorladi. U tamaki kasalligining qo’zg’atuvchisini filtrlanuvchi virus deb atadi. O’simliklarda kasallik qo’zg’atilishida viruslar rolining aniqlanishi fitopatologiyada yana bir yo’nalish – virusologiyani boshlab berdi. 1935-yilda Amerika virusologi U.Stenli viruslar to’g’risidagi fanda D.I.Ivanovskiy nomiga bakteriologiyadagi Paster va Kox nomlari singari qarash kerak deb hisobladi. Tyulyanlarning ishidan so’ng zang zamburug’ining ikkita mustaqil guruhi mavjud ekanligi tan olindi: piknida va esiyni o’z ichiga oluvchi esiosporali va uredino- hamda teliobosqichlarni birlashtiruvchi uredinosporali. Biroq ushbu ikki yirik guruh o’rtasidagi bog’liqlikni u aniqlay olmagan. Ilmiy fitopatologiyaning jadal rivojlanishi XIX asr o’rtalaridan boshlandi. Bunga Charlz Darvinning (1809-1882) evolyutsiya nazariyasi, hujayra to’g’risidagi taʼlimot, shuningdek, mikroskopning yaratilishi kabi kashfiyotlar imkon berdi. Fransuz olimi Lui Paster (1822-1895) va nemis olimi mikrobiologi Robert Koxning (1843-1910) suyuqlikda mikroorganizmlarning o’z-o’zidan paydo bo’lish konsepsiyasini rad etuvchi va kasallik kelib chiqishining parazitar nazariyasining boshlanishiga asos bo’luvchi ishlari ayniqsa ahamiyatlidir. Biroq ilmiy fitopatologiyaning shakllanishida nemis mikologi Genrix Anton de Bari va rus olimi Mixail Stepanovich Voroninning (1838-1903) tadqiqotlari hal qiluvchi rol o’ynadi. Anton de Bari 1853-yil zamburug’larning sporadan sporagacha rivojlanish doirasini aniqlashga bagishlangan “Qorakuya zamburug’larini tadqiq qilish to’g’risida” nomli ishini chop etdi. Olim mavjud morfologik usulga qarshi turuvchi zamburug’larni o’rganishning yangi — ontogenetik usulini asosladi. Ushbu ishida Anton de Bari kasallik qo’zg’atuvchi zamburug’lar to’g’risidagi qoidani shakllantiribgina qolmay, balki o’simliklarda ularning to’qimasi emas, balki mitseliylardan ajratib olingan qorakuya va boshqa zamburug’ sporalarining kelib chiqishini tajribalar bilan isbotlab berdi. Ushbu kashfiyot o’simlik kasalliklari to’g’risidagi fanda tub burilishni yuzaga keltirdi. 1861-yil Anton de Bari kartoshka kasalligi — fitoftoroz to’g’risida ish chop ettirdi. Yevropada ushbu kasallikning rivojlanish tarixi juda og’irdir. Fitoftoroz taʼsirida kartoshkaning yalpi nobud bo’lishi to’g’risidagi maʼlumotlar XIX asrning o’ttizinchi yillaridan boshlab paydo bo’ldi. G’arbiy Yevropada kasallik fojiali ifoda kasb etdi. 1845 va 1847-yillarda u Buyuk Britaniya, Belgiya, Fransiya, Germaniyaning g’arbiy qismi va Rossiyaning shimoliy-garbiy qismidagi deyarli barcha kartoshka dalalarini nobud qildi va haqiqiy xalq musibatiga aylandi. Fridrix Engels o’zining “Maymunning odamga aylanishi jarayonida mehnatning roli” maqolasida kartoshka kasalligi to’g’risida shunday yozadi: “1847-yilda kartoshka kasalligi taʼsirida Irlandiyada yuz bergan va mutlaqo – yoki deyarli mutlaqo kartoshka bilan oziqlanuvchi millionlab kishilarni qabrga kiritgan, ikki millionini esa okean ortiga ko’chib ketishga majbur qilgan ochlik oldida shirincha (bolalar kasalligi) hech nima emas!” (F.Engels. Dialektika prirodi. – M.: Iz-vo Politicheskoy adabiyoti, 1975, s. 154). Ko’pgina mamlakatlarning hukumati va Fanlar Akademiyasi ushbu xavfli kasallik sabablarini aniqlashga bag’ishlangan ishlarga tanlov eʼlon qildi. Uni yirik olimlar o’rganishdi. Ularning ishlarida mikroskopik zamburug’larning kasallik rivojlanishidagi roli aniqlandi, har xil navlarning kasallik bilan bir xilda kasallanmasligi ko’rsatildi, ushbu jarayonning ob-havo sharoitlari bilan bog’liqligi taʼkidlandi. Biroq ularning tizimli bo’lmagan kuzatuvlari yagona fikrga birlashmadi va xulosalar tajribalar bilan isbot qilinmadi. De Barining tadqiqotlari kasallik sababini ochish, uning rivojlanish jarayonini tavsiflash va qo’zg’atuvchisini [Phytophthora infectans (Mont.) de ] aniqlash imkonini berdi. Olim birinchi bo’lib kasallikning yuqumli tabiatini aniqlash uchun o’simliklarni sunʼiy zararlash uslubidan foydalandi. Uning tajribalari kasallik qo’zg’atuvchi zamburug’ biologiyasi, uning o’simlikka kirish xususiyatlari, organizmda tarqalish, o’sish va rivojlanish tabiatini o’rganish imkonini berdi. Agar avvalroq L.R.Tyulyan zang zamburug’i sporalarini o’stirish bilan tajriba olib borib, ularning mitselliy iplarini hosil qilishini ko’rsatgan bo’lsa, A. De Bari sporalarni tirik o’simlik-xo’jayin yuzasida o’stirib, mitselliyning to’qimaga kirishi va ularda konidiyaband hamda konidiyalarning hosil bo’lishini kuzatdi. Asosiy yo’nalishga aylanib bordi. Ushbu yo’nalishning rivojlanishida T.D. Straxovning ishlari katta rol o’ynadi. Uning tadqiqotlari shuni ko’rsatdiki, agrotexnikaning alohida elementlari (o’g’itlash, ekish muddatlari va b.) boshoqli ekinlarning qorakuya bilan zararlanishiga kuchli taʼsir ko’rsatadi. Demak, agrotexnikani o’zgartirib, parazit va o’simlik-xo’jayin o’rtasidagi o’zaro munosabatni ijobiy tomonga boshqarish mumkin. Olimning tadqiqoti natijalari o’simliklarni kasalliklardan himoya qilishning agrotexnik choralarini ishlab chiqishda asos Naumov Nikolay Aleksandrovich bo’lib xizmat qildi. (1888-1959) Qishloq xo’jaligi rivojlanib borgan sari ekin maydonlari va qishloq xo’jaligi ekinlarini to’plami ham kengayib bordi, ularni yetishtirish usullari takomillashdi, madaniy o’simliklarni kasalliklardan himoya qilishning ahamiyati oshdi. Ko’pgina mamlakatlarda qishloq xo’jaligi ekinlarini himoya qilish choralarini izlab topish bo’yicha tadqiqotlar kuchaydi. Sobik ittifoqda fitopatologiyaning rivojlanishiga Artur Arturovich Yachevskiy katta hissa qo’shdi. U Peterburgda 1901-yil Rossiyada birinchi hisoblanuvchi mikologiya va fitopatologiya stansiyasini tashkil qildi. 1907-yilda esa keyinchalik, Butunittifoq o’simliklarni himoya qilish ilmiy tadqiqot institutining mikologiya va fitopatologiya bo’limiga aylantirilgan mikologiya va fitopatologiya Byurosini tashkil qildi. Mazkur laboratoriya qator yillar mobaynida mamlakatning turli qismlarida ishlovchi mikologlar va fitopatologlarni birlashtiruvchi ilmiy markaz bo’ldi. A. Yachevskiy 1915-yildan boshlab “Mikologiya va fitopatologiya bo’yicha materiallar” ni nashr ettirdi, unda butun mamalakat bo’yicha o’simlik kasalliklari to’g’risidagi maʼlumotlar to’plandi. Bundan tashqari, u mikologiya va fitopatologiya bo’yicha 500 dan ortiq dunyoga mashhur ishlarni, shu jumladan, “Rossiyada boshoqli donlar zang kasalligi”, “Fitopatologiya (o’simliklar kasalliklari)”, ikki tomli “Zamburug’lar aniqlagichi”, “Mikologiya asoslari” kabi kitoblarni chop ettirdi. Ushbu ishlar mamlakatda fitopatologiyaning rivojlanishida katta ro’l o’ynadi. Olimning atrofida isteʼdodli fitopatologlar va mikologlar guruhi to’plandi, Bondarsev Apollinariy Semenovich ular orasida A. A. Yachevskiyning (1877- 1969) shogirdi va davomchisi Nikolay Aleksandrovich Naumov bor edi. N.A. Naumov shug’ullangan masalalar muammolarning juda keng doirasini qamrab oldi: u fitopatologiyaning nazariy asoslarini – zamburug’lar parazitizmining kelib chiqishi, o’simlik kasalliklarining tarqalish qonuniyatlarini ishlab chiqdi; aniq kasalliklar va fungitsidlarning taʼsir mexanizmini o’rgandi; 25 ta avlodga mansub 200 dan ortiq yangi zamburug’ turlari va turkumlarini tavsifladi. Ilmiy tadqiqot ishlari bilan bir qatorda N.A. Naumov mikolog va fitopatolog kadrlarni tayyorlashga ham alohida eʼtibor berdi. Bunga bog’liq ravishda uning quyidagi ishlarini alohida taʼkidlash mumkin: “Mikologik va fitopatologik tadqiqotlar usullari”, “Leningrad viloyati zamburug’lar florasi”, “Qishloq xo’jaligi o’simliklari kasalliklari” darsligi. A.A. Yachevskiyning yana bir shogirdi va izdoshi Apollinariy Semenovich Bondarsev bo’lib, u yetakchi rus fitopatologlari va mikologlaridan biri, quyidagi mashhur kitoblarning muallifi hisoblanadi: “Madaniy o’simliklarning zamburug’li kasalliklari va ularga qarshi kurashish choralari”, “Kavkazning trutovik zamburug’lari”, “Uy zamburug’larini aniqlash uchun qo’llanma” va boshqalar. Mamlakatning turli qismlarida bajarilgan ko’pgina mikologik va fitopatologik tadqiqotlar, mevali va o’rmon daraxtlarini zararlovchi trutovik zamburug’larning o’rganilishi, o’simlik kasalliklari va zamburug’larining ko’pgina yangi turlarini tavsiflanishi ushbu olimning nomi bilan bog’liqdir. 1920-yili A.A. Yachevskiy Petrograd qarshichilik institutida o’rmon fitopatologiyasi kafedrasini tashkil qildi. Shundan so’ng xuddi shunday fitopatologiya kafedralari, bo’limlari mamlakatning boshqa ilmiy tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalarida ham yaratildi. Viruslar kashf qilingandan keyin uzoq vaqt mobaynida virusologiya yangi kasalliklarni tavsiflash, virusli kasalliklarning paydo bo’lishiga tashqi muhitning taʼsirini o’rganish, patogenlarning yuqish va tarqalish usullarini aniqlash yo’nalishlarida rivojlandi. Buning boisi shundaki, mikrobiologik tadqiqot uslublarini viruslarga tatbiq etib bo’lmaydi va yangi uslublarni ishlab chiqish zarurati paydo bo’ldi. Taniqli Amerika biokimyogari va virusologi U.Stenli virusli qismchalarni aniqlash uchun ferment oksillarini tozalashning kimyoviy uslublaridan foydalandi. FANDA AMALIY YO’NALISHNING RIVOJLANISHI XX asr o’rtalariga kelib fitopatologiya kasalliklarni o’rganish uslublariga, kasallik qo’zg’atuvchilari to’g’risida maʼlumotlarga va ularning ayrimlaridan himoyalanish usullariga ega bo’ldi. Keyinchalik, u yanada amaliy yo’nalish kasb eta boshladi. O’simliklarni himoya qilish uchun barcha mumkin bo’lgan moddalardan foydalanila boshlandi, biroq aksariyat hollarda ular samara bermadi. Birinchi marta kasallik kuzatuvchisining zararini sezilarli kamaytirishga 1802-yilda shoh Georg III ning bog’boni bo’lgan Uilyam Forsayt erishdi, u mevali bog’ni un shudringdan himoyalash uchun oltingugurt-ohak qaynatmasidan foydalandi. Taxminan, shu davrlarda turli o’simliklarni kasalliklardan himoyalash uchun oltingugurtning suvli dispersiyasi qo’llanila boshlandi. Misning zamburug’lar uchun zaxarliligini dastlab Benedikt Prevo (1755-1819), so’ngra yana bir qancha tadqiqotchilar aniqlagan edi. Biroq zamburug’larga misning taʼsirini baholashdagi asosiy xizmat fransuz olimi A.Millyardga (1838-1902) tegishli bo’lib, u 1885-yilda birinchi bo’lib uzumning mildyu kasalligi qo’zg’atuvchisiga qarshi bordo suyuqligini qo’lladi. Shundan so’ng tez orada kartoshkani fitoftorozdan himoya qilishda bordo suyukligining samaradorligi ko’rsatib berildi. Zamburug’ kasalliklari qo’zg’atuvchilariga qarshi ushbu preparat qo’llanilishi bilan o’simliklarni kimyoviy himoya qilish davri boshlandi. Asta-sekin himoya vositalari arsenali kengaya boshladi: unga mis birikmalari, organik fungitsidlarning keng to’plami va boshqa qator moddalar kiradi. M.S.Voronin kungaboqarning zang kasalligini o’rganib, uning turlararo duragaylarida zangning rivojlanishidagi tafovutga eʼtibor berdi. Uning yozishicha, bu holat muhim ahamiyatga ega bo’lib, uni yanada o’rganish qishloq xo’jaligi uchun muhim natijalar berishi mumkin. Olimning bergan farazi seleksionerlarning ishida o’z tasdig’ini topdi, yaʼni kasallikka chidamli navlarni yaratishda turlararo duragaylashdan foydalanila boshlandi va hozir ham foydalanilmoqda. XIX asr o’rtalarida fitopatologiya qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishining unga bo’lgan talabini maʼlum darajada qondira olishga qodir bo’ldi. Kapitalistik tizimning rivojlanishi sharoitida qishloq xo’jaligi madaniyatining ortishi bilan o’simliklarni himoya qilish bo’yicha tadbirlardan manfaatdorlik ham tez o’sa boshladi. Himoya choralarini ishlab chiqishda shu davrda endigina yuzaga kelgan kasalliklar kelib chiqishining parazitar nazariyasi yagona ilmiy asos bo’lib hizmat qildi. Ushbu nazariya mikologik bilimlarning rivojlanishida katta rol o’ynagani holda, fitopatologiyada faqatgina bitta yo’nalish – kasallik qo’zg’atuvchisini o’rganishning rivojlanishini belgilab berdi. O’simliklarni kasalliklardan himoya qilish bo’yicha amaliy tavsiyanomalar kasallikni kimyoviy yo’l bilan bartaraf etish yoki bostirishga qaratilgan faqatgina bir tomonlama qarshi kurashish choralaridan iborat bo’ldi. Vaqt o’tishi bilan faqatgina kasallik qo’zg’atuvchisini bir tomonlama o’rganishning o’rnini kasallangan o’simlikni kasallik qo’zg’atuvchisi va atrof muhit bilan bog’liq holda tadqiq qilish egallay boshladi. Asta sekin kasallikni o’simlik-parazit-muhit o’zaro murakkab munosabatining natijasida yuzaga keluvchi hodisa sifatida o’rganish ularga qarshi himoya choralarini izlab topishda o’rmonlarni tadqiq qilish va ularning kasalliklarini o’rganish bo’yicha keng ishlar boshlanib ketdi. O’rmon fitopatologiyasining yuzaga kelishida S.I. Vaninning ishlari, ayniqsa, katta ro’l o’ynadi. Uni sobiq ittifoq o’rmon fitopatologiyasining asoschisi deb hisoblashgan. Uning ilmiy qiziqishlari doirasi juda ham keng bo’lgan: yog’och daraxtlar kasalliklari, fitopatologik tadqiqotlar metodikasi, o’rmon daraxtlari urug’larining kasalliklari, uy zamburug’larining morfologiyasi va biologiyasi, zamburug’larning rivojlanishiga fitonsidlar va antibiotiklarning taʼsiri va boshqalar. S.I. Vanin jami 140 dan ortiq ish nashr ettirdi, bular orasida birinchi bor chop etilgan “O’rmon fitopatologiyasi kursi” alohida ahamiyatlidir. Olimlarning tadqiqotlari tufayli ushbu davrda fitopatologiyada ekologik yo’nalish tasdiqlandi. Ilmiy tadqiqotlarda kasallik qo’zg’atuvchisi bilan o’simlik o’rtasidagi o’zaro munosabatning umumiy qonuniyatlarini o’rganishga katta eʼtibor qaratila boshlandi. Ayniqsa, zang zamburug’lari, ularning murakkab rivojlanish doirasi va har xil xo’jayinliligiga qator ishlar bag’ishlandi. Bu borada zang zamburug’larini o’rganish bo’yicha batafsil tadqiqotlar professor V. G.Transhel tomonidan amalga oshirildi. Uning natijalari 1904-yil “Zang zamburug’lari sharxi” ishida umumlashtirildi. V.G. Transhel zang zamburug’larida o’simlik hujayinning almashtirilishini oldindan ko’ra bilishga yordam beradigan uslub ishlab chiqdi. Uning zang zamburug’larini esiya davrida o’simlik-xo’jayinni o’rganish bo’yicha ishlari “Transhel KONUNI”ni yaratish uchun asos bo’lib xizmat qildi. Muhit sharoitlariga bog’liq ravishda kasallik qo’zg’atuvchisi va o’simlik o’rtasidagi o’zaro munosabat to’g’risidagi maʼlumotlar kasallikning paydo bo’lishi va tarqalishini bashorat qilish uchun qo’llanila boshlandi. Eng birinchi bashorat uzumning mildyu kasalligi uchun tuzilgan. Nemis fitopatologi Karl Myuller ko’p yillik tadqiqotlaridan so’ng ushbu kasallikni inkubatsiya davri havoning harorati va namligiga bog’liq ekanligini aniqladi. Olingan maʼlumotlar asosida u inkubatsion egri chiziqlarni tuzdi, keyinchalik u Myuller egri chiziqlari deb ataldi. Ushbu egri chiziqlar bo’yicha inkubatsiya davrini aniqlash va o’z vaqtida kimyoviy himoya choralarini qo’llash mumkin bo’ldi. Keyinchalik quyidagi kasalliklarning rivojlanishi bo’yicha ham bashoratlar tuzildi: kartoshka fitoftorozi, boshoqli don ekinlari zang kasalliklari, olma va nokning kalmaraz kasalligi. XIX-XX asrlarda xorijda fitopatologiyaning yana bir yo’nalishlaridan birining rivojlanishi kasallik qo’zg’atuvchisining ixtisoslashishini o’rganish bilan bog’liq bo’ldi. Shved olimi Ya. Erikson va professor A. A. Yachevskiylar 1894- yilda bir-biriga bog’liq bo’lmagan holda aniqlashdiki, chiziqli zang qo’zg’atuvchisida (Puccinia graminis Pers.) har xil avlod boshoqli ekinlarni (bugdoy, arpa) zararlay olish xususiyati bo’yicha farqlanuvchi bir qancha fiziologik shakllar mavjud. Amerika olimi E. Stekmen 1917-yilda fiziologik shakllarning har xil navlarni zararlash qobiliyati bo’yicha farqlanuvchi yanada mayda irqlarga bo’linishini aniqladi. Keyinchalik, fiziologik ixtisoslashuv ko’pgina fitopatogen zamburug’lar, bakteriyalar va gulli parazitlarda kashf qilindi. Yuqori gulli o’simliklarning parazitizmini Isaak Grigoryevich Beylin (1883-1965) o’rgandi. Uning “Shumgiyalar” ishi gulli parazitlarning kelib chiqishi muammolari, ularning biologiyasi, tarqalishi, zararliligi, himoya uslublari va boshqalarga bag’ishlandi. I.G. Beylin parazitizm to’g’risidagi taʼlimotning rivojlanishiga gulli parazitlar misolida o’simlik-xo’jayin va parazit o’rtasidagi o’zaro munosabat va parazitizm evolyutsiyasi to’g’risidagi taʼlimoti bilan katta hissa qo’shdi. Moskva qishloq xo’jaligi institutining professori Semen Ivanovich Rostovsev kartoshka, arpa va boshqa bir qancha ekinlarning kasalliklarini ancha to’liq tadqiq qildi. U birinchi bo’lib Rossiyada qishloq xo’jaligi oliy taʼlim muassasalarida fitopatologiya kursini o’qitdi va fitopatologiya bo’yicha “O’simliklar patologiyasi” asarini yozdi. Respublikamizda fitopatologiya fanining rivojlanishiga qator olimlar o’zlarining munosib hissasini qo’shgan. G’o’zani zararli organizmlardan himoya qilish har doim olimlarimiz oldida turgan ustuvor muammolar qatoriga kirib, bu ekinning O’zbekistonda uchraydigan kasalliklari va ularni qo’zg’atuvchi organizmlarning belgilari, infeksiya manbalari va ularga qarshi kurash choralari haqidagi maʼlumotlar birinchi bo’lib 1953-yilda P.N. Golovin (“Bolezni xlopchatnika”), keyin 1976- yilda M.A. Karimov (“Bolezni xlopchatnika”), so’ngra esa 1980-yilda N.S. Mirpulatova. M.R. Yunusov va U.U. Rasulev tomonidan (“Spravochnik po xlopkovodstvu”) chop etilgan kitoblarda umumlashtirilgan. G’o’zaning eng xavfli kasalliklaridan vertitsillyoz va fuzarioz so’lishning tarqalishi, qo’zg’atuvchi zamburug’larning sistematikasi, biologiyasi, ekologiyasi, fiziologik ixtisoslashishini tadqiq qilishga va ularga qarshi samarali agrotexnik, kimyoviy va biologik kurash choralarini ishlab chiqishga o’z hissalarini qo’shgan olimlardan A.I. Solovyova (1940, 1959), K. Karayev (1967), M.X. Kamilova (1971) va boshqalarni ko’rsatish lozim. S.S. Ramazanovaning ko’p yillik ilmiy izlanishlari Respublikamiz sharoitida uchraydigan Verticillium turkumiga mansub zamburug’larning sistematikasi, biologiyasi, tarqalishiga oid bo’lib, u zamburug’ning irqlarini hosil bo’lish qonuniyatlarini ochgan. A.Xakimov g’o’za o’simligining vilt kasalligiga qarshi biologik kurash chorasi – Trihoderma lignorum zamburug’ini qo’llash bo’yicha ilmiy tavsiyalar natijasida paxta hosildorligini oshirish muommasini hal qilgan. J.Safiyazov, S.M. Xadjibayeva tomonidan g’o’zada vilt kasalligini keltirib chiqaruvchi Verticillium dahliae zamburug’ining biologiyasi, hujayrasining sitofiziologiyasi va o’zgaruvchanligi o’rganilib, kasallikka chidamli navlarni yaratish asosida qarshi kurash choralari bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan. R.K.Sattarova (1970) Respublika sharoitida g’o’zada uchraydigan gommoz kasalligini qo’zg’atuvchisiga qarshi biologik kurash choralarini ishlab chiqishda bakteriyalardan foydalanishning ilmiy asoslarini yaratgan. U.U. Rasulev (1971, 1980) g’o’zaning ildiz chirish, gommoz, alternarioz (qo’zg’atuvchilar Ahernaria macrospora, A. Alternata), X. Igamberdiyev (1971) va M.Yu. Stepanov (1972) alternariozlarni, A.P. Xitrova (1949, 1953), X. Igamberdiyev, K. Karayev (1965), S. Sadullayeva (1965), P. Ortikboyev (1971), VA. Tagirova (1981), JI.P. Muxamedov (1981, 1982), X.M. Karimov (1974, 1980) va b. Ildiz chirishlarni tadqiq qilishgan va ularga qarshi asosiy kurash chora tadbirlarini ishlab chiqishgan. G’o’zaning barcha asosiy kasalliklari va ularning qo’zg’atuvchilari haqida to’la va batafsil maʼlumotlar B.A. Xasanov (2002) chop etgan kitobda bayon etilgan. O’zbekiston aholisini o’zimizda yetishtirilgan don bilan to’la taʼminlash sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Jumladan, 2009-yilda 1,0 mln. gektardan ortiq sug’oriladigan maydonning har gektaridan o’rtacha 50 sentnerdan hosil to’plandi. Shu bilan birga g’allachilik sohasini yanada rivojlantirish va hosildorlikni keskin (gektariga urtacha 80-90 sentnergacha) oshirish uchun imkoniyatlar mavjud. Buning uchun o’simlikshunoslikning zamonaviy usullarini qo’llash, jumladan, o’sish davrida ekinlarni kasalliklar va boshqa zararli organizmlardan ishonchli himoya qilish lozim. Lalmi yerlarda ustiriladigan bug’doy va arpa kasalliklarini T.I. Kravsova (1966, 1970, 1971), U.U. Rasulev (1970, 1971), Yu.A. Aripov (1972), G.K. Baygulova (1972,-1976, 1979), L.Ye. Goldshteyn (1972, 1975) va boshqalar tadqiq qilishgan. Bug’doyning poya (V.A. Mostovoy, 1975), sariq (Z.A. Shavarina, 1979) va qo’ng’ir (L.N. Guz, 1988) zang kasalliklarining Markaziy Osiyo va Qozog’istonda tarqalishi, infeksiya manbalari, bioekologiyasi, zarari, qo’zg’atuvchi zamburug’larning fiziologik irqlarining ko’p yillik dinamikalari va ushbu kasalliklarga qarshi kurash choralari O’rta Osiyo fitopatologiya institutida o’rganilgan va B.A.Xasanovning (2007) monografiyasida umumlashtirilgan. G’alla ekinlarining O’zbekiston, Qozog’iston va Tojikistonda uchraydigan kasallik turlarining tarkiblari, tarqalishi, infeksiya manbalari, zarari, ularni aniqlash usullari, qo’zg’atuvchi zamburug’larning biologiyasi, sistematikasi, ekologiyasi va ularga qarshi kurash choralarini B.A. Xasanov tadqiq qilib, bu sohada ko’p ilmiy ishlar chop etgan va ushbu mamlakatlarda birinchi bo’lib bug’doyning sariq dog’lanish kasalligi mavjudligini (qo’zg’atuvchi Pyrenophora tritici repentis, anamorfasi Drechslera tritici repentis) va bu kasallik baʼzi dalalarda keng tarqalganligini aniqlagan. Helminthosporium sensulato turkumining taksonomik muammolarini o’rganib, B.A. Xasanov g’alla ekinlari va boshqa boshoqli o’simliklarda keng tarqalgan ushbu turkum turlari Bipolaris, Drechslera, Exserohilum va Curvilaria turkumlariga o’tkazilishi lozim ekanligini aniqlagan olimlarning (Shoemaker, 1959, 1962; Leonard, Suggs, 1974; Sivanesan, 1984; Alcom, 1983, va b.) g’oyalarini qo’llab, ushbu turkumlar bo’yicha 1992-yilda aniqlagich-monografiya chop etgan. O’zbekistonda bug’doyning ildiz chirish kasalliklarini N.T. Xakimova (2004) tadqiq qilgan. A.Sheraliyev Respublika sharoitida qishloq xo’jalik ekinlari va begona o’tlarda uchraydigan Fusarium zamburug’larining sistematikasini, biologiyasini, tarqalishini o’rganish asosida ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqqan. Qishloq xo’jalik ekinlarining fuzarioz kasalligi bu turkum vakillarining kompleks turlarining taʼsirida kelib chiqishini aniqlagan. Fuzarioz kasalligiga qarshi kurashni tashkil qilishda va chidamli navlarni yaratishda kompleks turlar asosida yaratilgan infeksion fonlardan foydalanish seleksiya ishida yaxshi samara berishini taʼkidlagan. S.T. Pessova (1973) Toshkent viloyati sharoitida qovunda, T.I. Pessov (1995) pomidorda uchraydigan Fusarum zamburug’i turlar tarkibi va ularga qarshi kurash choralarini o’rgangan. V.I. Xoxlacheva (1981) Respublikamiz sharoitida tut va tut ipak qurtining mikroflorasini o’rganish asosida ularning patogen turlariga qarshi kurash choralarini ishlab chiqgan. M. A. Zuparov (1984) tut o’simligining rizosferasi mikroflorasini o’rganish asosida ular 143 turga mansubligini, sog’lom o’simliklarda saprotrof turlar miqdorining ko’pligini isbotlagan. Qishloq xo’jalik ekinlarining hosildorligini oshirishda va mahsulot sifatini yaxshilashda, yetishtirilgan hosilni nobud qilmay yig’ib olish va yaxshi saqlashga qaratilgan tizimni ishlab chiqishda o’simliklarni kasallik, hasharotlarga qarshi samarali, ekologik xavfsiz kimyoviy va biologik vositalardan ekinzorlarning fitosanitariya xolatini yaxshilashda foydalanishni taqozo qiladi. Nazorat savollari: 1. O’simliklar kasalliklari to’g’risida tasavvurlar qanday yuzaga kelgan? 2. Fanning yuzaga kelishida A.de Bari, Tyulyan, M.S.Voroninning ishlari qanday ahamiyatga ega? 3. O’simliklarda kasallik qo’zg’atuvchilar – bakteriyalar va viruslar qanday kashf qilindi? 4. O’simliklar immuniteti tushunchasi nimani anglatadi? 5. Mamlakatimizda fitopatologiya fanining tarixi qanday bosqichlardan iborat? 6. Zamonaviy fitopatologiya qanday yo’nalishlarni qamrab oladi? Download 281.24 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling