SHaxsni jamoada tarbiyalash prinsipi bola rivojlanishining ob’ektiv qonuniyatlariga asoslangan holda jamiyat qurilishi va inson tabiatiga mos tushadi.
Tarbiyachining pedagogik talablari asosida rivojlangan jamoada inson ijtimoiy ongi, qarashlari yuzaga keladi va ular jamoa hamda shaxslararo munosabatlar davomida boshqarilib boriladi. Agar jamoa kuchli rivojlangan bo‘lsa, unda jamoatchilik kuchi va obro‘si shunchalik ta’sirchan bo‘ladi. Bu esa o‘z-o‘zidan emas, balki to‘g‘ri tashkil etilgan va yo‘lga qo‘yilgan pedagogik rahbarlik orqali amalga oshiriladi.
Jamoada eng nozik va xilma-xil insoniy munosabatlar va his-tuyg‘ular yuzaga keladi va shakllanadi: o‘zaro mas’uliyat va bog‘liqlik; o‘zaro ishchanlik munosabatlari; tashkilotchilar va ijrochilarning o‘zaro munosabatlari tarbiyalanuvchi va tarbiyachi o‘rtasidagi munosabatlar; shaxslararo do‘stlik, o‘rtoqlik, hamfikrlilik, o‘zaro hurmat, ehtirom sifatlari shakllanadi.
Har qanday ta’sir vositalari jamoada shaxs uchun alohida ma’noli va ahamiyatli bo‘lib tuyuladi.
VI. SHaxsni hurmat qilish bilan unga nisbatan qo‘yiladigan talablar o‘rtasidagi bog‘liqlik prinsipi
SHaxsni hurmat qilish prinsipi insonparvarlik pedagogikasining bosh g‘oyasi va yo‘nalishi sifatida tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar o‘rtasida zarur munosabatlarni yaratishga qaratiltan. Tarbiya jarayoni agar o‘zaro me’yor, bir-birini anglash, tushunish asosida kechsa, uning samarasi yuqori bo‘ladi. Tarbiya jarayonida eng maqbul muhit yaratish ushbu prinsipning amalga oshirilishi bilan bog‘liq.
Tarbiyalanuvchi u xoh kichik, xoh bir qaraganda unchalik o‘ziga tortmaydigan xunuk bo‘lsin, tarbiyachi unga hurmat bilan qarashi, uning huquqini, fikr-mulohazalarini himoya qilishi zarur. Bu prinsip tarbiyachiga har bir shaxsda yashirin bo‘lgan qimmatli sifatlarni, qobiliyat va qarashlarni izlab topish va ularni rivojlantirishga imkoniyat yaratib berish zarurligini eslatib turadi.
Ushbu prinsip tarbiya vositalari tizimidagi ortiqcha qo‘pollik, haqorat, pastga urish, pedantik kuzatish, tan jazosi berish kabilarni chiqarib tashlashni talab etadi.
SHu bilan birga, shaxsga hurmat prinsipi unga nisbatan yuksak talabchanlik bilan bevosita bog‘liq. Demak, shaxsni qanchalik ko‘p hurmat qilsak, unga nisbatan shunchalik ko‘p, yuqori darajada talablar qo‘yib borilishi kerak.
Eng asosiysi, shaxsni qanchalik ko‘p hurmat qilish tarbiyachi va tarbiyalanuvchi o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar, tushunmovchiliklarni shunchalik tez va samarali hal etishga yordam beradi. Bu o‘rinda, pedagog o‘zining aqli va yuragining birligiga e’tiborni qaratishi zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |