IV. O‘quvchilardagi tashabbuskorlik va ijodkorlikka pedagogik rahbarlikning uzviyligi prinsipi
Pedagogika fani tarbiyada sub’ekt va ob’ektlarning faol rolini alohida ta’kidlaydi. Pedagog va tarbiyalanuvchilarning aktiv faoliyatini birlashtirish, ularning birgalikda faoliyat ko‘rsatishi qisqa vaqt ichida yuqori tarbiyaviy natijaga erishish imkonini beradi. Hozirgi mustaqillik sharoitida, ayniqsa, yoshlarning tashabbuskorligi, mustaqilligi va ishga ijodiy yondashuvi masalasiga alohida e’tibor berilmoqda.
Pedagog tarbiyalanuvchilar topshiriqlarni uning rahbarligisiz unchalik muvaffaqiyatli, samarali bajara olmaydilar, deb o‘quvchilar mustaqilligini kengaytira borishda, ularga zarur mustaqillikni berishda, yuqori talablar qo‘yishda ikkilanishi mumkin. Tarbiya jarayoni bolalar kuchi va imkoniyatiga ishonmasdan hech qanday ziddiyatsiz amalga oshirilsa, bolalar bo‘shang, hissiz, irodasiz, mas’uliyatsiz bo‘lib etishadilar.
O‘quvchilarning tashabbuskorligi va mustaqilligini har tomonlama rag‘batlantirib va rivojlantira borib, ular bilan munosabatlarni korrektirovka qilish va bu boradagi ortib borayotgan ehtiyojlarini to‘laroq qondirishga e’tiborni qaratmoq kerak. SHu bilan birga, ularning kuch va imkoniyatlariga ortiqcha baho berib yubormaslik zarur, aks qolda o‘zibo‘larchilik kabi illatlar ham kelib chiqishi mumkin. Bu o‘rinda oqilona pedagogik rahbarlikning butun bir faoliyatni ma’lum bir tizimga solishga imkon beradi. Ayniqsa, o‘quvchilarda o‘zlari boshlayotgan mustaqil faoliyat yo‘nalishining turlari va yo‘llarini to‘g‘ri baholash, imkoniyat darajasida harakat qilish, mustaqil xulosa yasash, baho bera olish ko‘nikmalarining yuzaga kelishida to‘g‘ri pedagogik rahbarlikning roli katta hisoblanadi. Bu asta-sekin yangi sub’ektiv omilning - o‘z-o‘zini tarbiyalash va qayta tarbiyalashga tayyor bo‘lish kabi sifatlarning shakllanishiga yordam beradi.
Ushbu masala pedagogikada alohida munozaraga muhtoj.
V. SHaxsni jamoada tarbiyalash prinsipi
Inson muomala va u bilan bog‘liq turli munosabatlar tufayli shaxs bo‘lib shakllana boradi. U o‘ziga xos insoniy ehtiyojlarni ifodalash orqali, muomala, munosabatlarning alohida bir ko‘rinishi tarzida boshqa bir inson bilan faoliyatga kirishadi.
Bu o‘rinda, muomala, munosabat uchun, har tomonlama faoliyat ko‘rsatish uchun jamoa eng ma’qul sharoit yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |