1-Mavzu: Arxeologiya faninig maqsad va vazifalari. Reja
Janubiy Turkmaniston madaniyati
Download 235.97 Kb.
|
Arxealogiya )
Janubiy Turkmaniston madaniyati. Arxeologik ma’lumotlarga qaraganda, Turkmaniston bronza davri madaniyati ikki xronologik bosqichga bo’linadi. Bulardan birinchisi Nomozgoh IV—V ilk va rivojlangan bronza davri bo’lib, miloddan avvalgi III mingyillikning o’rtalari — II mingyillikning birinchi yarmiga mansubdir. Ikkinchisi Nomozgoh VI so’nggi bronza davri bo’lib, miloddan avvalgi II mingyillikning ikkinchi yarmiga oiddir.
Nomozgoh IV—V davri yodgorliklari g’arbda Qizil Arvat shahridan boshlab, sharqda Tajan daryosi va Quyi Murg’ob bo’ylarigacha tarqaladi. Qadimiy qishloqlarda katta urug’ jamoalari yashagan bo’lishi mumkin. Keng darajada tekshirilgan makonlardan Nomozgohtepa, Anovtepa, Oqtepa, Oltintepa, Tekkemtepa, Gonurtepa va Tog’oloqtepa mashhurdir. Nomozgohtepa maydoni 70 gektar joydan iborat bo’lib, yodgorlikning madaniy qatlami 34 metrdir. Qishlokda aholi milodan avvalgi IV mingyillikdan II mingyillikning oxirlarigacha yashagan. Tepalikda ko’p xonali binolarning qoldiqlari qazib ochildi. Uylarning devorlari xom g’ishtdan terilgan bo’lib, har bir inshoot yonida kichik hovli bo’lgan. Xonalarning ko’pi to’g’ri.burchak shaklida qurilgan. Ular ichida supalar va o’choqlar bo’lgan, devorlarda tokchalar o’rnatilgan. Nomozgoh IV davri sopol idishlari ranglidir, naqshlar ichida o’simliklar va hayvon rasmlari uchraydi. Rivojlangan bronza davri boshlanishi bilan sopol idishlar charxda yasalgan va ikki yarusli xumdonlarda pishirilgan. Nomozgoh V bosqichi sopol buyumlari naqshsiz va asosan tuvak, xum, choynak, tovoq va ko’pgina boshqa xil idishlardan iborat bo’lgan. Kulolchilik charxi O’rta Osiyoda birinchi bor Turkmanistonning janubida topilgan. Kulolchilik charxining hunarmandchilikda joriy qilinishi sopol buyumlar ishlab chiqarishining yangi texnikasini yaratadi. Charxda ishlangan idishlar qo’lda yasalgan sopol buyumlardan ancha farq qiladi va asosan dehqonchilik madaniyati uchun xarakterlidir. Oltintepa maydoni 30 gektar bo’lgan. Yodgorlikda ko’p xonali uylar topib tekshirildi. Arxeologlar fikricha, bunday uylarda katta patriarxal oila jamoalari yashagan. Uylarning maydonlari 50—70—100 m2 keladi. Ular to’gri burchakli uy-joy va ro’zg’or-xo’jalik xonalaridan iboratdir. Turar joylarning markaziy yoki burchak qismida paxsadan o’choq qurilgan. Arxeologlar Oltintepa yodgorligini qazish natijasida paxsadan va xom g’ishtdan ishlangan zinapoyali minora — ibodatxonani ochganlar (uning nomi — zikkurat). Zikkuratlar Ikkidaryo oralig’ida Uruk davrida paydo bo’lgan. Oltintepa inshooti katta to’rt zinapoyali binoga o’xshaydi (poydevori 55 metr, balandligi 12 metr). Zikkuratning yonida bir necha xona qazib ochildi, ularning birida muqaddas o’choq bo’lib, unda muqaddas olov yongan. Yana bir xonaning ichidan qabrlar topilgan. Arxeologlar fikricha, qabrlarga zikkurat — ibodatxonaning xizmatchilari ko’milgan. Muhim arxeologik topilmalar ichida oltindan yasalgan buqa va bo’ri boshchalari haykalchalariga e’tibor berish kerak. Oltin, kumush va bronzadan ishlangan buqa boshchasi haykalchalari Ikkidaryo oralig’idagi Ur shahrida keng tarqalgan va miloddan avvalgi 2600—2500 yillar bilan sanalanadi. Oltintepa topilmalari Qadimgi Shumer san’ati va xaykaltaroshligining madaniy ta’sirini ko’rsatadi. Bronza davrida Turkmaniston janubi O’rta Osiyoning eng muhim madaniy markazlaridan biri bo’lgan. Kopetdog’ ztaklaridagi Quyi Tajan va Murg’ob vohasidagi qulay geografik sharoitda rivojlangan dehqonchilik sug’orish-irrigastiyaga asoslangan. Nomozgoh va Oltintepa atroflarida qadimgi sug’orish erlari keng maydonlarga ega bo’lgan. Daryolardan kanal chiqa-rish texnikasi ancha rivojlantan. Bronza davrida irrigastiya xo’jaligi dastlabki oddiy sug’orish dehqonchiligidan ancha farq qilgan va u o’troq qabilalar erni haydab, dehqonchilik qilish-ga o’tgan vaqt bo’lgan. Taraqqiy qilib borgan dehqonchilik madaniyati haqida arpa, bug’doy, javdar (qora bug’doy), don qoldiqlari, mehnat qurollari — yorg’uchoqlar, xovonchalar, o’roqlar va boshqa topilmalar dalolat beradi. Dehqonchilik bilan birga odamlar hayotida uy chorvachiligi o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Ko’pincha makonlardan qo’y, echki va sigir suyaklari topildi. Chorvachilik dehqonchilikning yordamchi tarmog’i bo’lgan. Yovvoyi hayvonlar ovi avvalgi ahamiyatini yo’qotgan bo’lsa-da, lekin yodgorliklarning madaniy qatlamlarida jayron va tog’ zchkisi suyaklari ham uchraydi. Ilk va rivojlan-gan bronza davrida ot va tuya qo’lga keng o’rgatilmagan, deyish mumkin. Oltintepadan topilgan loydan ishlangan to’rt g’ildi-rakli arava nusxasi modeliga tuya boshchasi qo’shib tasvirlangan. Bu nusxada tuya tortuvchi kuch vaziyatida ko’rsatilgan. Turkmanistonning qadimgi qishloq planlashtirilishi, qurilish texnikasi va arxitekturasi Mesopotamiya va Eron qadimgi shaharlarining madaniyatiga o’z belgilari bilan ancha yaqin turadi. Nomozgoltepa va Oltintepa ilk shaharlar vazifasini bajargan, deyish mumkin. Ular qadimgi dehqonchilik vohalarining iqtisodiy markazlari bo’lgan. Oltintepada qurollarning ustaxonalari tekshirilgan. Bronza davrida metallchilik ham yuksak darajaga ko’tariladi. Oltintepadagi jamoa uylarining maydonlari 40—50 yoki 80—100 m2 keladi, shu jumladan, turar joylar 7—20 va 10— 25 m2, xo’jalik xonalari 2—5 va 5—13 m2. Uylarning katta-kichikligi va arxeologik topipmalari jamoa a’zolari orasida ayirboshlash jarayoni borganligidan dalolat beradi. Boy qabrlarda sopol idishlar, bronza va zeb-ziynat buyumlari uchraydi, boshqa qabrlarda esa moddiy topilmalar kam. Bronza qadimgi jamiyat iqtisodining rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo’lib, bu jamiyatning ijtimoiy munosabatlari o’zgarishiga ta’sir ko’rsatgan. Bronzadan xanjar, pichoq, nayza, o’roq, jezoyna, bigiz, munchoq, tamg’a, idish va boshqa bu-yumlar ishlangan. Metallchilikning rivojlanishi va kulolchilik charxining joriy qilinishi hunarmandchilikning dehqonchilikdan ajralib chiqishiga sabab bo’ladi. Turkmaniston janubida ayirboshlashning o’sishi bilan ilk sinfiy munosabatlar ham tarkib topgan bo’lishi mumkin, lekin davlapar vujudga kelganligi to’g’risida arxeologiya fani hali aniq ma’lumotlarga ega emas. Miloddan avvalgi II mingyillikning o’rtalarida Turkmanistonning Kopetdog’ atrofida joylashgan katta markaziy qishloqlar o’rnida kichik ovullar paydo bo’ladi. Ushbu davrda bronza asrining yangi bosqichi boshlanadi. So’nggi bronza asri Nomozgoh VI davriga oid yodgorliklar Kopetdog’ atrofida va Quyi Murg’ob vohasida topib tekshirilgan. Bularga birinchi tumandagi Elkantepa, Tekkemtepa, Anovtepa va Yangiqal’a qabristoni kiradi. Qadimgi qishloqlarning maydonlari 1—2 gektar joydan iborat bo’lgan. Bunday yodgorliklar jumlasiga kiradigan Elkantepa, Sho’rtepa, Toychanoqtepa va Tekkemtepa arxeologik qazishmalar asosida tekshirilgan. Qurilishda avvalgidek, paxsa bilan xom g’isht ishlatilgan. Xo’jalik va hunarmandchilikda Nomozgoh V davr madaniy an’analari davom etadi. Yangiqal’a qabristonida marhumlar chuqurlarda bukchaytirib ko’milgan. Go’r-chuqurlarda gulxan qoldiqlari bor, bundan shuni taxmin qilish mumkinki, olov qadimgi marosimlar bilan bog’liq bo’lgan, lekin jasadlar quydirilganligi haqida hech qanday ma’lumotlar yo’q. Marhumlar yoniga sopol idishlar va bronza buyumlar qo’yilgan. Dastlabki arxeologik yodgorliklar bo’lgai katta jamoa uylari Geoksyurtepa, Qoratepa va Oltintepada topib tekshirilgan. Ular eneolit va ilk bronza davri bilan sanalanadi. Demak, Quyi Murg’ob aholisi ilk o’troq qabilalar uchun xarakterli bo’lgan madaniy an’analarni davom ettirib, ularni yangi asosda rivojlantirgan. Kellelitepa 3 yodgorligida bronza davriga mansub, hamma tomoni teng to’rtburchak istehkom topilgan (tomonlarning uzunligi 128 m). Mustahkamlangan inshoot ikkita mudofaa devori bilan o’ralgan (qalinligi 1—1,2 m). Devorlar o’rtasida maxsus koridorsimon yo’lak qo’yilgan. Tashqi devorda har 15—18 metrda xom g’ishtdan ishlangan mudofaa burji qoldirilgan. Istehkomning har bir tomonida 6 tadan to’rt burchakli burjlar bor. Quyi Murg’obdagi yodgorliklar planlashtirish va maydonlar belgilari asosida quyidagi uch guruhga bo’linadi: 1) o’rni-joy 6 gektargacha (Kelleli tepalari); 2) maydoni 5—10 gektar (Odamboskan, Ajiquyitepa); 3) 10—28 gektar joydan iborat bo’lgan qishloq xarobalari (Toiptepa, Gonur, Ovchintepa). Bronza davrida qishloqlar yangi erlarda ko’plab qurilgan. Murg’ob vodiysidagi bizga ma’lum bo’lgan makonlarning asosiy qismi daryo irmoqlari yaqinida joylashgan. Ular qadimiy ayirboshlash, savdo va madaniy aloqalar markazi ham bo’lgan. Nomozgoh VI davri sopol idishlari Turkmaniston yodgorliklarida ikki guruhga bo’linadi. Kopetdog’ atrofida joylashgan makonlardan topilgan idishlar qalin angob bilan qoplangan. Ular naqshsiz va har xil hajmda ishlangan kosa, ko’za va tuvaksimon idishlardan iboratdir. Kulolchilik buyumlarini pishirish sifati ancha yaxshilangan. Murg’ob vohasidagi vazasimon, xumchasimon va choynaksimon idishlarda geometrik yoki to’lqinsimon chiziqlar bor. Ovqat pishirish uchun ishlatilgan qozonlar qo’lda yasalgan. Ularning loyiga qum va maydalangan tosh qo’shganlar. Bronza davrida Quyi Murg’ob o’troq hududlarida kulolchilikdan tashqari metallchilik va zargarlik ham juda rivojlangan. Bronza metallurgiyasi kashf etilishi bilan ro’zg’or buyumlari, mehnat va harbiy qurollarning xillari ko’payadi. Lekin tosh butun bronza davri davomida qurollar ishlash manbai sifatida o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Arxeologik topilmalar orasida chaqmoqtoshdan yasalgan o’qlar va nayzalar uchraydi, yorg’uchoqlar avvalgidek, qumtoshlardan ishlangan, teri ishlashda ham chaqmoqtosh qirg’ichlardan keng foydalanganlar. Bronza tayyorlash uchun zarur bo’lgan qo’rg’oshin bilan qalay ruda konlari Janubiy Turkmanistonda yo’q. O’rta Osiyoda ular Qizilqumda, Farg’ona vodiysi tog’larida va ehtimol Zarafshon vohasi yuqori qismida joylashgan. Sof va tozalangan metallni hunarmandchilik buyumlariga ayirboshlash mumkin bo’lgan, buni Quyi Zarafshon Nomozgoh V davri tipidagi sopol idishlar va metall buyumlar topilganligi tasdiqlaydi. Farg’ona vodiysida II mingyillik boshlariga oid Haq xazinasi borligi ma’lum. Undan bronzadan ishlangan idish, bolta va to’nag’ichlar topilgan. Haq xazinasi tipidagi buyumlar Eron, Janubiy Turkmaniston va Shimoliy Afg’oniston yodgorliklarida keng tarqalgan. Ular Farg’ona vodiysida savdo-ayirboshlash asosida paydo bo’lgan bo’lishi mumkin. So’nggi bronza davrida Janubiy Turkmanistonning turli vohalariga O’rta Osiyoning shimoliy dashtlaridan kelib chiqqan chorvador qabilalar tarqaladi. Ularga oid moddiy manbalar Anovtepa, Tekkemtepa va Murg’ob yodgorliklari atrofida topib tekshirilgan. Janubiy O’zbekiston (Surxondaryo) muqim o’troqlik o’choqlaridan biri hisoblanadi. Bronza davri yodgorliklari qadimgi sug’orma vohalar — Ilonbuloqsoy, Sherobod, Bandixon va Mirshodida topib tekshirilgan. Qadimgi dehqonlar atrofi devorlar bilan o’ralgan qishloqlarda yashaganlar. Bronza davri aholisi soylar bo’ylariga tarqalib, sug’orma dehqonchilikda ularning suvlaridan foydalanganlar. Mahalliy sugorish tajribasida soylardan kanal va ariq chiqarish katta ahamiyatga ega bo’lgan. Surxondaryo issiq iqlimli o’lka bo’lib, shimol, shimoli-g’arb va sharqda Hisor, Ko’hitog’, Bobotog’, janubda Amudaryo bilan chegaralangan. Qadimgi sug’orish erlari tog’ tizmalariga yaqin joylashgan. 1968 yilda Termizdan 70 km shimoli-g’arbdagi Sopollitepa topib tekshirildi. To’rt gektar joydan iborat tepalikning markaziy qismida to’rtburchakli istehkom qazib ochildi. Uning hamma tomoni 82 metr. Istehkom ichida turar joylar, ro’zg’or va xo’jalik xonalari, hunarmandchilik ustaxonalari inshootlari topildi. Sopollitepa tarixi 3 ta madaniy qatlamga va qurilish davriga bo’linadi. Birinchi davr uylarida 30 ta kichik oila, ikkinchi davr uylarida — 61 ta oila va uchipchi davr uylarida esa 47 ta oila yashagan. Olimlar fikricha, umuman Sopollitepadagi o’troq qishloqlar aholisi 155—315 kishidan iborat bo’lishi mumkin. Katta patriarxal oila a’zolari yakka uylarda yashagan, ular jamoa kvartallariga aylangan. Sopollitepada 8 ta mahallaga tegishli uy-joy tekshirilgan. Bu erda qurilish, hunarmandchilik va iqtisodiy munosabatlar ancha rivoj topgan. Turar joy xonalaridagi devor ichiga o’rnatilgan va saidal tipidagi o’choqlar bor. Qurilish materiallari paxsa va xom g’ishtlardir. Uy-joy pollari loy bilan suvalgan, don saqlash uchun ishlatilgan xonalarning pollari ganch (alebastr) bilan ham suvalgan yoki xo’jalik xonalarining pollariga sopol siniqlar o’rnatilgan. Sopollitepadagi uy-joy devorlari tagida qadimgi qabrlar tekshirilgan (umuman 138 ta qabr). Ularning 125 tasiga yakka jasad ko’milgan, 13 ta qabr kollektivli go’r vazifasini bajargan. O’liklar sopol idishlar, qurol-yarog’lar va zeb-ziynat buyumlari bilan birga ko’milgan. Erkaklar qabrlaridan 26 ta metall qurol, ayollar qabrlaridan 104 ta bronza buyum—xalqalar, bilakuzuklar, jez oynalar va munchoqlar topildi. Sopol idishlar kulolchilik charxida yasalgan, asosan naqshsiz va to’g’ri simmetriyali buyumlardan iboratdir. Download 235.97 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling