1-mavzu. Dinshunoslik faniga kirish. Dinning mohiyati, tuzilishi vа funksiyalаri reja


Download 5.01 Kb.
Pdf ko'rish
bet32/47
Sana02.06.2024
Hajmi5.01 Kb.
#1835442
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   47
Bog'liq
111553 ruza matnlari 2-kurs uchun

Kalom ilmi. «Kalom» so‘zi arab tilida gap, suhbat, til, so‘zlashuv, nutq va 
bayon ma’nolarini anglatadi. Istilohiy ma’noda esa, musulmon kishining e’tiqodi, 
aqidasi va dunyoqarashini belgilab beradigan ta’limotga aytiladi. Boshqacha 
aytganda, balog‘atga etgan kishining e’tiqodi, imon keltirishi, islom dinining 
talablari shaklida tasdiqlashi shar’iy e’tiqodiy hukmlarga aytiladi. Islom ta’limoti 
bo‘yicha barcha payg‘ambarlarning Allohga imon keltirishga da’vatlari eng asosiy 
vazifalari deb qaralgan. Shunday bo‘lsada, ularning tutgan shariat yo‘llari turlicha 
bo‘lganini alohida ta’kidlash kerak. 


Islom ta’limotini Muhammad (alayhis-salom)dan bevosita sahobiylar 
o‘rganib, o‘zlaridan keyingi tobeiylarga etkazishgan. O‘z navbatida ular ham 
o‘zlaridan keyingilarga etkazgan. Shu tariqa islom ta’limoti sof holda hozirgi 
kungacha etib kelgan. Biroq tarix mobaynida odamlar mavjud diniy matnlarni 
turlicha talqin qilishlari natijasida turli oqimlar va toifalar paydo bo‘lganini 
ko‘ramiz. Ayni din masalasida yuzaga kelgan noto‘g‘ri tasavvur va tushunchalar 
xato ekanini ko‘rsatib beradigan olimlar ham paydo bo‘lib, ular islom ta’limotini 
to‘g‘ri tushuntirib beradigan fanga asos soldilar. Mazkur fanni turli davrlarda «al-
fiqh al-akbar», «tavhid», «aqida», «kalom», «usul ad-din» kabi bir qancha nomlar 
bilan ataldi. Shundan ma’lum bo‘ladiki, nomlar turlicha bo‘lsa-da, ularning 
hammasi bir mavzuni, ya’ni aqida ilmini o‘rganish va tadqiq etishga qaratilgan.
«Al-Fiqh al-akbar» atamasini birinchi bo‘lib imom Abu Hanifa qo‘llab, ayni 
shu mavzuga bag‘ishlab bir risola yozadi. Chunonchi, «fiqh» so‘zi biror narsani har 
tomonlama o‘rganib, uning daqiq qirralarigacha fahmlab etish ma’nosini bildiradi. 
Shuningdek, namoz, ro‘za, haj, nikoh va boshqa amaliy hukmlarni o‘rganuvchi 
ilmni ham fiqh deb ataladi. Shuning uchun aqidaviy masalalarni o‘rganuvchi ilmni 
«Al-Fiqh al-akbar», ya’ni «katta fiqh», amaliy fiqh ni esa kichik fiqh deb 
yuritiladigan bo‘lgan. Yana bir «usul ad-din»da shariat va dindan olingan e’tiqodiy 
hukmlarni o‘rganilib, dindagi asl hukmlarni tadqiq etiladi. Bir qator olimlar shu nom 
ostida o‘z kitoblarni ta’lif etganlar. «Tavhid» ilmida Allohning yagonaligini va 
uning sifatlarini o‘rganishga e’tibor beriladi. Bu ilm asosida Alloh taoloni yakkayu 
yagona deb bilib, uning sifatlarini sharhlab tushuntirishga ko‘proq ahamiyat beriladi. 
Zero, musulmon kishi aqida borasida o‘ziga zarur bo‘lgan dastlabki bilimga ega 
bo‘lishi kerak. Bu dastlabki ilm Alloh taoloning vahdoniyati, ya’ni yakkayu 
yagonaligiga imon keltirish va uni o‘rganishdan iborat. Yana bu atama «kalom ilmi» 
deb yuritiladi. Islom diniga oid manbalarda uni aqida ilmining eng mashhur 
nomlaridan biri sifatida keltiriladi. 
Islom ta’limotini o‘rganishda eng ko‘p qo‘llangan atama «aqida» (ko‘p. 
aqoid) bo‘lib, bu nom boshqalaridan keyinroq, X asrda paydo bo‘lgan. «Aqida» 
so‘zi bir narsani ikkinchisiga «mahkam bog‘lash» ma’nosini beradi. Islom aqidasi 


musulmon kishini muayyan tushunchalar bilan mustahkam bog‘lab turadigan 
aqidalar yig‘indisi hisoblanadi. Ya’ni, biror narsaga e’tiqod qilish uchun uni hech 
qanday shubha qoldirmaydigan darajada juda yaxshi bilish kerak. Muayyan bir 
fikrni inson fikriga aylanib, his-tuyg‘ulari va xatti-harakatlarini boshqaradigan holga 
etgandagina aqidaga aylangan, deb tan olinadi. Aqida ilmi to‘g‘ri, sog‘lom va sof 
e’tiqodda bo‘lishni ta’minlashga qaratilgan. Dindagi ayrim shar’iy hukmlar makon 
va zamon taqozosiga ko‘ra, muayyan darajada o‘zgarishga uchrashi mumkin. Ammo 
musulmon olimlar o‘z asarlarida sof va mustahkam e’tiqod hech qachon o‘zgarishga 
uchramasligini ta’kidlab o‘tganlar. Chunonchi, Alloh taoloning yakkayu yagonaligi, 
farishtalar, jannat va do‘zaxga imon keltirish kabi e’tiqodga oid qarashlar zamon va 
makonga qarab hech qachon o‘zgarmaydi. Inson aqidasi to‘g‘ri bo‘lmasa uning 
insoniy fazilatlari ham to‘g‘ri hisoblanmaydi. Shu nuqtai nazardan aytish kerakki, 
musulmon kishining tutgan aqidasi pok bo‘lsa, uning tutgan yo‘li ham to‘g‘ri 
bo‘ladi, qilgan barcha amallari ijobat bo‘ladi va bandalik tufayli sodir etgan ba’zi 
gunohlari afv etiladi. Biroq kishining aqidasi sof bo‘lmasa, unda biron xatolik 
bo‘lsa, tutgan yo‘li ham noto‘g‘ri bo‘ladi, hayot davomida qilgan amallari behuda 
ketadi. Aqida ilmi islom dinining asosini tashkil etadi. Shu bois ham So‘fi Allohyor:
Aqida bilmagan shaytona eldur,
Agar ming yil amal deb qilsa, eldur! -deb, bu ilmning ahamiyatiga alohida 
ishora qilgan edi.
Ushbu hikmatli bayt bugungi kungacha o‘z qadrini saqlab kelmoqda. E’tiqodi 
buzuq kishilar tarixda ham, hozirda ham shaytonga el bo‘lib, unga ergashib, uning 
izmida yurishda davom etmoqda. Ular o‘zlarining adashgani еtmaganidek, 
boshqalarning e’tiqodlarini izdan chiqarishi o‘ta xatarlidir. 
Aqida mavzusi o‘ta hassos bo‘lganidan er yuzidagi eng birinchi 
payg‘ambardan boshlab, oxirgi Muhammad payg‘ambar (alayhis-salom)gacha 
Alloh toloning o‘zi e’tiqodiy masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalarini bergan. Shuning 
uchun aqidaviy qarashlarning asosi Qur’oni karim va hadisi shariflarda keltirilgan 
va muayyan tartibga solingan. Sahobiylarning tiriklik paytidayoq odamlar o‘rtasida 
aqidaviy qarama-qarshilik va kelishmovchiliklar yuzaga kelganini ko‘rish qiyin 


emas. Islom dinida aqidaviy ixtiloflar to‘rtinchi xulafoi roshidin Alining qo‘shnidan 
ajrab chiqqan, aqida masalasida bir necha shubhali savollarni o‘rtaga tashlagan 
xorijiylar tufayli boshlandi. Ular Hazrati Ali va Abdulloh ibn Abbos (r.a.) bilan 
aqida masalasida ixtilofga borishdi.
Sahobiylar davri tugaganidan keyin tobeiylar davriga kelib vaziyat yanada 
keskin tus oldi. Chunki bu davrda din ilmlarini, ayniqsa, aqidani biluvchi kishilar 
oldingiga nisbatan ancha kamayib, sof aqidaviy qarashlarga qarshi turli botil 
g‘oyalarni ilgari surgan firqa va toifalarning tarqalishi avj oldi. Ular o‘zlarining 
islomga yot bo‘lgan fikr va qarashlari, e’tiqodlarini ommaga tarqatib, to‘g‘ri aqidani 
noto‘g‘ri talqin qilish yo‘lidan bordilar. Shuningdek, yangi egallangan yurtlardagi 
xalqlarning islomdan oldingi diniy qarashlari va falsafalari, o‘z tushunchalari va 
tafakkur yo‘llari mavjud bo‘lgan. Shu sababdan ularning islom ta’limotini tushunib 
olishlari juda qiyin kechganiga tarixiy dalillar guvohlik beradi. Binobarin, Qur’on 
oyatlari va hadislarni ba’zi vaqtlarda o‘zlarining islomdan oldingi ta’limotlari 
andozasiga solish holatlari uchraydi. Islom diniga yot bo‘lgan turli guruh va 
jamoalarning uni buzib talqin qilish natijasida ularga raddiya sifatida olimlar kalom, 
ya’ni aqida ilmiga asos soldilar. Shu tariqa bu ilm turi musulmonlar uchun zarur 
sohaga aylandi. Zero, har bir musulmon to‘g‘ri aqidani bilishi shart deb 
hisoblanadigan bo‘ldi. Mashhur mutakallim olim Sa’duddin Taftazoniy «Maqosid 
at-tolibin» asarida: «Kalom ilmi diniy aqoid usullarini ishonchli dalillar asosida 
anglashni o‘rgatadigan ilmdir. Shu ilm tufayli shar’iy, nazariy, aqidaviy masalalar 
hal qilinadi. Uning natijasi imonga komil ishonch bilan ziynat berish, foydasi esa bu 
dunyoda tartibli hayot kechirish va oxiratda azob-uqubatdan xalos bo‘lishdir. 
Shunday ekan, kalom ilmi eng sharafli ilmdir», deb keltiradi. Hujjatul islom Abu 
Homid G‘azzoliy o‘zining «Ihyo ulum ad-din» nomli asarida: «...Chuqur bilimga 
ega bo‘lmagan oddiy musulmonlarning diniy e’tiqodlarini turli bid’at va noto‘g‘ri 
g‘oyalardan saqlash uchun kalom ilmini o‘rganish vojibdir», deb keltiradi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, aqoid yoki kalom ilmining 
vazifasi: a) diniy e’tiqodlarni qat’iy dalillar bilan isbotlash va ular haqidagi Shubha 
hamda gumonlarni rad qilish; b) insonni aqidada oddiy taqlidchi bo‘lishdan har bir 


e’tiqodga hujjat keltira olish darajasiga ko‘tarish; v) islomning sof e’tiqodlarini 
adashgan zalolat ahlining Shubha va gumonlaridan himoya qilish. 

Download 5.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   47




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling