1-mavzu: falsafa fanining predmeti, vazifalari, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotidagi o`rni. Reja


-MAVZU: JAMIYAT VA INSON FALSAFASI. YANGI O‘ZBEKISTONNING TARAQQIYOT STRATEGIYASI


Download 307.42 Kb.
bet29/46
Sana23.03.2023
Hajmi307.42 Kb.
#1289216
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   46
Bog'liq
Merged document

7-MAVZU: JAMIYAT VA INSON FALSAFASI. YANGI O‘ZBEKISTONNING TARAQQIYOT STRATEGIYASI.


REJA:

  1. Jamiyat va tarixning o‘zgaruvchanligining falsafiy jihatlari.

  2. Inson tushunchasi va uning falsafiy talqini.

  3. Sivilizatsiya tushunchasining tahlili va turli yondashuvlar tasnifi.

  4. Qadriyat tushunchasining tavsifi va mohiyati.

  5. Taraqqiyot strategiyasi va uning asosiy yo‘nalishlari.



Mavzuning tayanch iboralari: jamiyat, tarix, shaxs, ijtimoiy hayot, demokratik davlat, fuqarolik jamiyati, sivilizatsiya, madaniyat, qadriyat, moddiy va ma’naviy qadriyatlar, ehtiyojlar, qadrlilik, qadrsizlanish.
Jamiyat - tabiatning bir qismi, odamlar uyushmasining maxsus shakli, kishilar o‘rtasida amal qiladigan juda ko‘plab munosabatlar yig‘indisi, degan turlicha ta’riflar ham bor. Jamiyat muttasil ravishda rivojlanuvchi, takomillashib boruvchi murakkab tizimdir. Har bir yangi davrda jamiyat mohiyatini bilish zarurati vujudga keladi. Milliy mustaqillik tufayli jamiyat mohiyatini yanticha idrok etish extiyoji paydo bo‘ldi. Prezident Islom Karimovning qator asarlarida jamiyat mohiyatini yangicha tushunishning uslubiy asoslari yaratildi.
Jamiyat moddiy va ma’naviy omillar birligidan iborat. Hozirga qadar adabiyotlarda moddiy va ma’naviy hayot bir-biridan keskin farqlanar, moddiy hayotni tadqiq etishga ko‘proq e’tibor berilardi. Holbuki, jamiyat mohiyati uni tashkil etuvchi inson mohiyati bilan uzviy bog‘liq. Xuddi inson tanasini uning ruhidan ajratib bo‘lmagani singari, jamiyatning moddiy va ma’naviy jihatlarini ham bir-biridan ajratish va ularning birini ikkinchisidan ustun qo‘yish mantiqqa ziddir. Islom Karimov asarlarida jamiyatning moddiy va ma’naviy manfaatlarini uyg‘unlashtirish ijtimoiy taraqqiyot asosi ekani ta’kidlangan. Inson ma’naviyatini yuksaltirish orqaligina iqtisodiy rivojlanishga erishish mumkin. Shuning uchun ham hozirgi davrda aholi ma’naviyatini yuksaltirishga, milliy g‘oya va mafkura asoslarini shakllantirishga katta e’tibor berilyapti. Zero, kishilar iqtisodiy jihatdan qashshoq bo‘lgani uchun ilmsiz bo‘lmaydi, balki, aksincha, ilmsiz bo‘lgani uchun qashshoq bo‘ladi. Shuning uchun yurtimizda xalq ma’naviyatini yuksaltirish orqali iqtisodiy farovonliknn ta’minlashga katta e’tibor berilyapti.
Kishilarni oila va jamoa bo‘lib uyushishga nima majbur qilgan, degan masala qadim zamonlardanoq ulug‘ mutafakkirlar e’tiborini jalb etgan. Bu masalani diniy tushunish - uni ilohiy kuch, Alloh bilan bog‘lab izohlashdir.
Dunyoviy qarashlarga ko‘ra, odamlar o‘zlarining moddiy va ma’naviy extiyojlarini qondirish uchun birgalikda yashashga, jamoa bo‘lib birlashishga intilgan. Kishilar hayotiy tajriba, aql va tafakkur tufayli jamiyat bo‘lib yashashning qulay, afzal va zarurligini tushungan. Bu jarayonda o‘zaro munosabatlarga kirishgan kishilar ana shu munosabatlarni takomillashtirish, yanada rivojlantirish orqali ma’naviy kamolotga erishgan. Bu kishilarni bir-biri bilan yaqinlashtirgan, moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish imkonini bergan.
Ijtimoiy munosabatlarning amal qilish jarayonida odamlarni uyushtirishning tarixiy shakllari: oila, davlat, jamoa (qishloq, shahar) vujudga kelgan. Odamlar o‘rtasida amal qiladigan axloqiy, diniy, ilmiy, falsafiy, huquqiy, iqtisodiy, mafkuraviy va boshqa munosabatlarning barchasi bir so‘z bilan ijtimoiy munosabatlar deyiladi. Ijtimoiy uyushmalar kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qoldirshga yordam beradi. Ular mohiyatan inson va jamiyat mavjudligining zarur sharti hisoblanadi Masalan, oila, davlat, ta’lim-tarbiya, mahalla, vatan kabi qadriyatlarsiz inson va jamiyat o‘z mohiyatini yo‘qotadi.
Insonning moddiy ehtiyojlari oziq-ovqatlar, kiyim-kechak. uy-joy, transport vositalari, o‘zini himoyalash, zurriet qoldirish kabilardan iboratdir. Ma’naviy ehtiyojlarga olamni bilish, o‘zlikni anglash, dunyoqarash, donishmandlikka intilish, bilim, sanoat, g‘oya, mafkura, go‘zallik, ma’naviy kamolot yo‘lidagi intilishlar kiradi. Insonning asl mohiyati moddiy extiyojlarni madaniy shakllarda qondirishida yaqqolnamoyon bo‘ladi.
Inson aqlli mavjudot sifatida moddiy extiyojlarini madaniy shakllarda qondirish uchun tabiat va jamiyat mohiyatini bilishga, moddiy va ma’naviy olamni uyg‘unlashtirishga, tabiat va jamiyatni o‘z maqsadlariga mos ravishda o‘zgartirishga harakat qiladi. Ilm-fan va texiika insonning ma’naviy va moddiy ehtiyojlarini qondirish quroli, muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Inson yuksak ma’naviyat tufayligina o‘z extiyojlarini madaniy shakllarda oqilona va to‘laroq qondirish imkoniga ega bo‘ladi. Mamlakatimizda ma’naviyat masalalariga alohida e’tibor berilayotganining sababi ham ana shunda. Jamiyatning moddiy va ma’naviy hayoti kishilarning moddiy va ma’naviy extiyojlari bilan uzviy bog‘liq holda vujudga keldi.
Jamiyatning moddiy hayotigaquyidagilar kiradi: kishilarning yashashi, shaxs sifatida kamol topishi uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy shart-sharoitlar; oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, yoqilg‘i, kommunikatsiya vositalari; moddiy ne’matlar ishlab chiqarish, taqsimlash, ayirboshlash va iste’mol qilish; ishlab chiqarish jarayonida kishilar o‘rtasida amal qiladigan iqtisodiy munosabatlar majmui; moddiy boyliklar, tabiiy zahiralar.
Jamiyatning ma’naviy hayotigaolamni tushunish, jamiyat va inson to‘g‘risidagi qarashlar, nazariyalar, ta’limotlar, g‘oyalar, mafkura, ijtimoiy ong shakllari, taolim-tarbiya, axborot vositalari, madaniyat, ilm-fan muassasalari va boshqalar kiradi.
Jamiyatning moddiy va ma’naviy xayotini boshqarish, kishilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishda turli siyosiy institutlar (davlat, siyosiy partiyalar, tashkilotlar, turli uyushmalar) muhim o‘rin tutadi. Jamiyatni boshqarishning siyosiy-huquqiy jihatlari xam muhimdir. Kishilar tamonidan siyosiy va huquqiy bilimlarning chuqur o‘zlashtirilishi jamiyatning barqaror yashashi va rivojlanishida alohida o‘rin tutadi.
Mehnatning kishilar qobiliyatiga qarab ijtimoiy taqsimlanishi natijasida muayyan kasb - kor bilan shug‘ullanadigan toifalar, guruh, qatlam va sinflar vujudga keladi va ular jamiyat strukturasida o‘ziga xos o‘rin egalaydi, jamiyat taraqqiyotiga muayyan hissa qo‘shadi.
Falsafiy tafakkur tarixida jamiyatning mohiyati va rivojlanishiga oid turli nazariyalar mavjud. Xususan, nemis faylasufi Gegel jamiyaning shakllanishi va rivojlanish sabablarini mutlaq ruhning rivojlanishi bilan, L. Feyerbax din bilan bog‘lagan, ijtimoiy taraqqiyot sabablarini diniy ong taraqqiyotidan izlagan. Fransuz mutafakkiri O. Kont jamiyatning rivojlanish sabablarini insoniyat ma’naviy taraqqiyotining uch bosqichi (teologik, metafizik, pozitiv bosqichlar) bilan izohlagan.
Jamiyat taraqqiyoti ko‘p bosqichli jarayon ekani to‘g‘risidagi qarashlar AQSh faylasufi O. Toffler tomonidan ilgari surilgan. Bunday qarashga ko‘ra jamiyat o‘z taraqqiyotiga binoan, agrar jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial jamiyatga ajratilgan. Adabiyotlarda jamiyat taraqqiyoti
borasida sivilizatsiyali yondashuv g‘oyasi ilgari surilmoqda. Bunday yondashuvga ko‘ra har bir xalq o‘zining betakror, noyob, o‘ziga xos va o‘ziga mos turmush tarzini saqlab qolgan holda, boshqa xalqlar tajribalaridan ijodiy foydalanish orqali ijtimoiy taraqqiyotning o‘ziga xos modelini yaratadi.
Jamiyat hayotiga barqarorlik va beqarorlik ham xos. Har bir inson o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish uchun osoyishtalik va tinchlikka muhtoj bo‘lgani kabi, jamiyat ham o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni ado etishi uchun ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka ehtiyoj sezadi.
Barqarorlik - jamiyat taraqqiyotining tarixiy rivojlanishi, ijtimoiy tizimning muayyan darajadagi bir tekis faoliyat ko‘rsatish imkoniyatidir. U turg‘unlik tushunchasidan keskin farqlanadi. Ijtimoiy-siyosiy turg‘unlik tushunchasi jamiyatdagi mavjud siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy tizimning tanazzuli alomatidir.
Jamiyatda barqarorlik beqarorlik bilan, inqiroz gullab-yashnash bilan almashinib turishi ham mumkin. Jamiyatning ma’naviy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy sohalarida muayyan yutuqlarga erishilgach, ijtimoiy imkoniyatlar ro‘yobga chiqarilib bo‘lgach, uning bundan keyingi taraqqiyoti yo‘lida yangi muommolar tug‘iladi va ularni hal etish vazifasi paydo bo‘ladi.
Beqarorlikichki va tashqi jarayon va tahdidlar natijasida vujudga keladi. Beqarorlik bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan boshqa bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga o‘tish davrida keskinlashishi mumkin. Jamiyat barqarorligining izdan chiqishikishilar psixologiyasidagi salb iy o‘zgarishlarda, qonunlarning ishlamasligida, ijtimoiy burchning ado etilmasligida, ijtimoiy ideallarning yo‘qolishida, g‘oya va mafkuraga loqaydlikning kuchayishida, turli jinoiy guruhlarning paydo bo‘lishida, ijtimoiy adolat mezonlarining buzilishida, davlat idoralarining aholini boshqarish qobiliyati kuchsizlanishida, turli ziddiyatlarning keskinlashuvida o‘z ifodasini topadi.
Jahon tajribasi har bir mamlakat va xalqning o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlash huquqiga ega bo‘lishi umumiy xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash garovi ekanini ko‘rsatdi. O‘zbekiston milliy mustaqillikka erishganidan keyin o‘z milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlash, o‘ziga xos va mos taraqqiyot yo‘lini tanlash, rivojlanishning o‘zbek modelini yaratish imkoniga ega bo‘ldi.
Ijtimoiy rivojlanishning o‘zbek modeli insoniyatning rivojlanish borasidagi ilg‘or tajribasiga, milliy davlatchilik tajribalarimizga va xalqimiz mentalitetiga tayanadi.
Ijtimoiy rivojlanish borasida xalqlar odatda ikki yo‘ldan: inqilobiy yoki tadrijiy yo‘ldan borgan. Insoniyat tajribasi ijtimoiy rivojlanishning keskin inqilobiy o‘zgarishlar yo‘li nomaqbul va yaroqsiz ekanini, jamiyatning tadrijiy (evolyusion) taraqqiyoti barqaror va tabiiy rivojlanish yo‘li ekanini ko‘rsatdi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ijtimoiy taraqqiyotning tadrijiy yo‘li mohiyatini shunday izohlagan edi: «Soxta inqilobiy sakrashlarsiz, evolyusion yo‘l bilan normal, madaniyatli taraqqiyotga o‘tish tanlab olingan yo‘lning asosiy mazmuni va mohiyatidir. Bozor iqtisodi sari buyuk sakrashlar, inqilobiy o‘zgarishlar yo‘li bilan emas, balki sobitqadamlik va izchilik bilan bosqichma-bosqich harakat qilish kerak. Har bir bosqichning qancha davom etishi hal qilishi lozim bo‘lgan muammolar doirasiga, tashqi omillar qanchalik qulay bo‘lishiga, aholining mehnat faoliyatiga bog‘liqdir».(Karimov I.A. O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li. T. «O‘zbekiston», 1992, 41-b).
O‘zbek modelining asosiy tamoyillari quyidagilardir: iqtisodning siyosatdan ustuvorligi; davlatning bosh islohotchi ekanligi; qonun ustuvorligi; kuchli ijtimoiy himoyalash; bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich, tadrijiy yo‘l bilan o‘tish.
O‘zbek modelining o‘ziga xos xususiyatlari davlatchilik asoslarining, ma’naviy qadriyatlarning tiklanishi, o‘zlikni anglash, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi, milliy mentalitetimizga xos xususiyatlarning tiklanishi va rivojlanishi, demokratik qadriyatlarning rivojlantirilishi, inson huhuqlarining kafolatlanishi va boshqalarda o‘z ifodasini topmoqda.
O‘zbek modelining hayotiyligi jahon jamoatchiligi tomonidan e’tirof qilindi. O‘zbekiston tajribasi qator mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda va uni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. O‘zbekona taraqqiyot yo‘li ma’naviy hayot va iqtisodiy rivojlanish bir-biri bilan uzviy bog‘liqlikda amalga oshirilishida, ma’naviyat, ma’rifat, madaniyatga bo‘lgan e’tiborning kuchayishida yaqqol ko‘zga talanadi. Ma’naviy salohiyatning kuchayishi, inson intellektual va axloqiy qobiliyatlarining rivojlanishi iqtisodiy rivojlanish uchun puxta zamin yaratadi.
Jamiyat va oila mohiyatan bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Oilada jamiyatning tub mohiyati o‘z aksini topadi. Shu ma’noda, oilani kichik jamiyat deyish mumkin. Har bir jamiyat aozosi oila bag‘rida voyaga yetadi, ijtimoiy munosabatlarni o‘zlashtiradi va insoniy fazilatlarni namoyon etadi.Barkamol insonni shakllantirish, uni hayotga, mehnatga tayyorlash oilaning muqaddas vazifasidir. Oilani mustahkamlash jamiyat barqarorligi va kudratining muhim shartidir. Shu boisdan ham davlat oilani o‘z himoyasiga oladi.
Jamiyatdagi ma’naviy-axloqiy muhitning sog‘lomligi oilaviy madaniyatga bog‘liq. Oila qanday bo‘lsa, jamiyat ham shunday bo‘ladi. Oilada er va xotinniig mavqei, oilaviy munosabatlar xarakteri turli xalqlarda turlichadir. Mamlakatimizda milliy mustaqillik yillarida ma’naviyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, oila qadriyatlarining eng ilg‘or an’analarini tiklashga qaratilgandir.
Ona va ayol muqaddasliga o‘zbekona qadriyatdir. Hadisi sharifda ona va ayolning muqaddasligi to‘g‘risidagi g‘oyalar oilaviy munosabatlarni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega.Ulug‘ mutafakkirlar jamiyatning madaniy darajasi ayolning jamiyat va oiladagi ahvoli, mavqei bilan belgilanishini alohida ta’kidlaganlar. Sog‘lom, barkamol avlod tarbiyasi ko‘p jihatdan ayolning ma’naviy salohiyati, bilimi, uddaburonligi va erkinligiga bog‘liqdir. Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan qator tadbirlar ayolning oila va jamiyatdagi mavqei va rolini kuchaytirishga qaratilgandir.
Oila muammolarini ilmiy asosda o‘rganish va ularni oqilona hal etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan respublika «Oila» ilmiy-amaliy markazining tashkil etilganligi ham davlatimizning oilaviy munosabatlarni takomillashtirishga alohida e’tibor berayotganidan dalolat beradi.
Mustaqillik yillarida o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi, tilimiz xususiyatlariga mos bo‘lgan yangi alifboga o‘tish uning mavqeini oshirish va yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa, o‘z navbatida, ijtimoiy rivojlanishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Davlat jamiyatni boshqarish, tartibga solish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan alohida bir muassasadir. Davlat umuminsoniy qadriyat, insoniyat ma’naviy taraqqiyotining muhim yutug‘idir.
Jamiyat ma’naviy salohiyatining yuksalib borishi bilan siyosiy boshqarish shakllari va usullari ham takomillashib boradi. O‘zgargan tarixiy sharoitda davlatning mohiyati, mazmuni va vazifalariga yaigicha yondashish zarurati vujudga keladi. Mustaqillik yillarida milliy davlatchilik anoanalarining tiklanishi bilan davlatning tashkilotchilik, bosh islohotchilik faoliyati yangicha mazmun va ahamiyat kasb etdi.
Birinchi Prezident I.A. Karimov tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning o‘zbek modeli konsepsiyasining amalga oshirilishida davlat hal qiluvchi o‘rin tutadi. Mamlakatimizning siyosiy, huquqiy hayotida amalga oshirilayotgan tub islohotlar siyosiy boshqaruvni yanada takomillashtirishga, yurtimizda huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etishga, kuchli davlatdan kuchli jamiyatga o‘tishga qaratilgandir.
Jamiyat hayotida turli jamoalar, tashkilot va uyushmalar ham faoliyat ko‘rsatadi. Ularni shartli ravishda davlat va nodavlat tashkilotlariga ajratish mumkin. Ularga siyosiy partiyalar, siyosiy harakatlar, kasaba uyushmalari, yoshlar uyushmalari, turli jamg‘armalar, xotin-qizlar tashkilotlari, faxriylar uyushmasi, mahalla qo‘mitalari va boshqalar kiradi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson salohiyatini yanada yuksaltirishga, yurtimizda fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgandir.
Fuqarolik jamiyatini barpo etish - O‘zbekiston taraqqiyotining bosh maqsadi. Fuqarolik jamiyatikishilarning yuksak axloqiy-siyosiy va huquqiy madaniyatiga asoslanadigan demokratik jamiyat taraqqiyotining yuqori bosqichsdir. Bunday jamiyat erkin uyushmalarning ko‘pqirrali aloqasi bo‘lib, davlat qonunlarini bajaruvchi, jamiyat tarkibiga kiruvchi elementlarning nisbiy mustaqilligiga asoslanuvchi, turli ziddiyat va ixtiloflarni qonun doirasida o‘zaro kelishuv, sabr-toqat va muzokaralar orqali hal etishga asoslanuvchi jamiyatdir.
Fuqarolik jamiyati umuminsoniy tamoyillar, milliy davlatchilik xususiyatlari, o‘ziga xos turmush tarzi va hayot falsafasi negazida qaror topadi. O‘zbekiston milliy mustaqilligining dastlabki yillaridanoq yurtimizda fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yildi.
Fuqarolik jamiyatida davlatning qator vazifalari fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari qo‘liga o‘ta boshlaydi, mahalliy hokimiyat organlarining vakolati kengayadi. Fuqarolik jamiyati asoslarini barpo etish kishilarning yuksak siyosiy va huquqiy madaniyati, ijtimoiy-siyosiy faolligiga tayanadi. Mamlakatimizda mahalla hokimiyat organlarining tashkil etilishi, ular vakolatining kuchaytirilishi xalqimizning o‘z-o‘zini boshqarish, idora etish madaniyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mahalla kishilarda yaxshi insoniy fazilatlarni kamol toptirish, o‘z-o‘zini boshqarish, demokratik qadriyatlarni ro‘yobga chiqarish maktabidir. Yurtimizda fuqarolik jamiyatini barpo etish barkamol inson shaxsini shakllantirishni talab etadi. O‘z navbatida, ma’naviy yetuk avlod jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shadi. Shunday yetuk kishilarni tarbiyalashda jamiyag to‘g‘risidagi falsafiy bilim va qarashlarni o‘zlashtirish va hayotga tatbiq etish alohida ahamiyatga egadir.
Milliy mustaqillik yillarida ma’naviy hayotimizda ro‘y bergan muhim yangiliklardan biri qadriyatlar to‘g‘risidagi falsafaning alohida bir sohasi bo‘lgan aksiologiyaning mustaqil fan sifatida rivojlanayotganligidir. Sobiq sovet jamiyatida burjua fani sifatida kamsitib kelingan aksiologiya mustaqillik yillarida ma’naviy hayotimizda o‘z o‘rnini topish imkoniga ega bo‘ldi.
XIX asrning 60- yillarida falsafaga qadriyat tushunchasi kirib keldi. Bu - insoniyatning sinfiy, siyosiy, mafkuraviy manfaatlaridan ustun turadigan, olamga butunlay yangicha munosabatni ifodalaydigan tushunchalar yaratish yo‘lidagi katta yutuq edi. XX asr boshlariga kelib qadriyatlar mohiyati, mazmuni va funksiyalarini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi falsafaning alohida bir sohasi - aksiologiyaga fransuz mutafakkiri P. Lapi va nemis olimi E. Gartman asos soldilar.
XX asr boshlarida olamga, ijtimoiy - siyosiy borliqqa ilmiy, diniy, badiiy-estetik yondoshishdan keskin farqlanadigan qadriyatli ong, qadriyatli munosabat va qadrlash hissi rivojlana boshladi. Aniqrog‘i, olamga qadriyatli munosabatning mohiyati va mazmunini ilmiy asosda o‘rganishga alohida e’tibor berila boshladi.
Qadriyat falsafiy tushuncha bo‘lib, avval boshdanoq umumbashariy mazmun kasb etib, insoniyatni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirib, yer yuzida tinchlik, hamjihatlikni ta’minlashning muhim omili vazifasini bajara boshladi. XX asr o‘rtalarigacha falsafada “borliq” va “qadriyat” biri-biridan ajratilmas edi. Borliqdagi ikki muhim element: nimaningdir mavjudligi va uning ahamiyati biri-biridan farqlanishi bilan qadriyat to‘g‘risidagi tushuncha va uni o‘rganuvchi fan sohasi (aksiologiya) vujudga keldi.
Boshqacha qilib aytganda, ob’ekt bilan sub’ektning o‘zaro munosabatida sub’ekt ob’ektda o‘zi uchun qandaydir ahamiyatli tomon mavjudligini kashf etdi va o‘shani “qadriyat” tushunchasi orqali ifoda etdi.
Qadriyatlar - voqelikdagi narsa va hodisalarning sub’ekt uchun ahamiyatini ifoda etadigan falsafiy tushunchadir.
Insoniyatning ulug‘ mutafakkirlari, donishmandlari inson va uning hayoti uchun, ijtimoiy totuvlik uchun nimaiki zarur bo‘lsa, o‘shani buyuk ne’mat, qadriyat sifatida eozozlab kelganlar, yosh avlodda hayot uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni qadrlash hissini tarbiyalashga alohida e’tibor berganlar. I. Karimov ta’kidlaganidek: “xalqning madaniy qadriyatlari, ma’naviy merosi ming yillar mobaynida Sharq xalqlari uchun qudratli ma’naviyat manbai bo‘lib xizmat qilgan” (Karimov I. A. O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida. 137-bet).
Qadriyatlar jamiyatni insonparvarlashtirishga, xalqlar, millatlar va davlatlar o‘rtasidagi ziddiyat va ixtiloflarni oqilona hal etishga, butun jahonni tashvishlantirayotgan ekologik tanglik, qashshoqlik, SPID, giyohvandlik, terrorizm singari global muammolarni, mintaqaviy mojarolarni oqilona hal etishga yordam beradi.
Insoniyatning ulug‘ mutafakkirlari qadriyatlar mohiyatini teranroq idrok etishga va ayniqsa tarixning burilish nuqtalarida “qadriyat nima?” degan savolga javob topishga harakat qilganlar. Insoniyat jamiyati, uning ma’naviy-intellektual salohiyati rivojlanib borgani sayin qadriyatlar to‘g‘risidagi tushuncha ham tobora chuqurroq mazmun va ahamiyat kasb etib borgan.
Har bir tarixiy davr o‘ziga xos qadriyatlar tizimini yaratgan va shunga tayanib, ijtimoiy - siyosiy muammolarni oqilona hal etishga harakat qilgan.
Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan ulug‘ ajdolarimiz o‘z asarlarida ma’naviy qadriyatlarni, xususan, diniy, axloqiy, maorifiy qadriyatlarni keng targ‘ib etishga, do‘stlik, mehnatparvarlik, vatanparvarlik, halollik singari axloqiy qadriyatlarni e’zozlashga da’vat etganlar. “Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratib kelingan g‘oyat ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo‘lib qoldi. Biz ma’naviy qadriyatlarni tiklashni milliy o‘zlikni anglashning o‘sishidan, xalqning ma’naviy sarchashmalariga, uning ildizlariga qaytishdan iborat uzviy, tabiiy jarayon deb hisoblaymiz”. (I.A Karimov.Yuqoridagi asar, o‘sha yerda).
Darhaqiqat, hozirgi zamon falsafasida moddiy va ma’naviy borliqqa qadriyatli yondashish, kishilarda qadrlash hissi va madaniyatini rivojlantirish, qadriyatlar mohiyatini ilmiy- falsafiy idrok etish va keng ommalashtirish alohida ahamiyat kasb etayapti.
Qadriyat nima? “Qadriyat” tushunchasining kelib chiqishi “qadr-qimmat” so‘zi bilan bog‘liq bo‘lib, “qadr-qimmat” kishilarning hayotdagi o‘rni, mavqeini tavsiflovchi so‘z sifatida kundalik hayotda ko‘p qo‘llanadi.
Masalan, “qadrimga yig‘layman”, “qadri o‘tdi”, “qadrdon” singari iboralarni ko‘p uchratamiz. Lekin shunga qaramay “qadriyat” falsafiy tushuncha sifatida mohiyatan “qadr-qimmat” so‘ziga nisbatan keng qamrovli va barqaror tushunchadir.
Qadriyat falsafiy tushuncha sifatida:
Birinchidan, narsa, hodisa, jarayonlarning ob’ektiv borlig‘ini, ularning shaxs, gurux va jamiyat uchun insoniy ahamiyatini ifodalaydi.
Ikkinchidan, olamdagi narsa va hodisalar takomillashib borgani sayin, ularning inson, gurux, jamiyat hayotidagi ahamiyati ortib borgani sari qadriyatlarning mazmuni ham tobora chuqurlashib va kengayib boraveradi.
Uchinchidan, qadriyatlar “ijtimoiy - tarixiy amaliyot jarayonida kishilar tomonidan ko‘p marta sinalgach, insoniyat o‘z tajribasida narsa, hodisa, g‘oyalarning muhim va zarurligiga ishonch hosil qilgach, ularni qadriyat sifatida anglay boshlaydi; qadriyatlar umumbashariy ahamiyat kasb eta boshlaydi.
To‘rtinchidan, qadriyatlar narsa va hodisalarning real borlig‘ini, ularning jamiyat va shaxs uchun ahamiyatini ob’ektiv ravishda aks ettirsa ham ularning kishilar tomonidan idrok etilishi va qadrlanishi sub’ektiv xarakterga ega bo‘ladi.
Shaxs, kollektiv va jamiyat ma’naviyati yuksalib, manfaatlarning uyg‘unlashib borishi bilan kishilar hayotida qadriyatlarning ahamiyati ortib boraveradi. Qadriyat falsafiy tushuncha sifatida qaror topguniga qadar juda uzoq davom etgan evolyusion taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Xususan, XX asr boshlariga qadar qadriyat tushunchasi bilan birga “boylik”, “ne’mat” tushunchalari parallel qo‘llangan. Bu ayniqsa xalq maqollari, naql va matallarida o‘z aksini topgan: “Sog‘liging-boyliging”, “Sihat-salomatlik - tuman boylik”, “Vaqt - g‘animat” va h. k.
Kishilar hayotda o‘zlari uchun zarur va foydali bo‘lgan barcha narsa va hodisalarni qadrlashga, avaylab-asrashga harakat qilganlar va o‘zlarining ob’ektiv borliqqa bo‘lgan bunday munosabatlarini qadriyat deb ataganlar.
Olamga qadriyatli munosabat qadriyatli ong taraqqiyotining mahsulidir, albatta. Qadriyatli ong har bir xalqning kundalik hayoti, fikrlash tarzi, milliy ruhi bilan uzviy bog‘liq ravishda rivojlangan. Shuning uchun ham biron bir xalq uchun qadriyat hisoblangan narsa va hodisalar boshqa xalqlar uchun ahamiyatsiz, qadrsiz tuyulishi tabiiydir. Masalan, tuya arablar uchun sahrodagi asosiy transport va isteomol vositasi sifatida g‘oyat qadrli bo‘lib, uni ezgulik, go‘zallik ramzi sifatida e’zozlaydilar. Biroq o‘zbeklar nazarida tuya hayvonning bir turi, xolos. O‘zbeklar uchun u transport vositasi ham, isteomol vositasi ham emasdir. Hind fillari to‘g‘risida ham shunday deyish mumkin. Sigir hindlar uchun muqaddas hayvon, ilohiylik ramzi hisoblanadi. Binobarin, qadriyatlar turli xalqlarda turlicha ahamiyat kasb etishi va qadrlanishi mumkin.
Qadriyatlar qadrlash ob’ekti sifatida kishilarning xulq-atvorini boshqaruvchi, insoniy munosabatlarni takomillashtiruvchi muhim vositadir. Qadriyat tushunchasida hamisha yaxshilik, ezgulik, haqiqat mujassamlashgan bo‘lib, hamisha ijobiylik va taraqqiyot rag‘batlantiriladi. Shuning uchun ham salbiy va reaksion qadriyatlar bo‘lmaydi, qadriyatda hamisha umuminsoniylik, yaxshilik, yorug‘lik anglashiladi.
Qadriyat tushunchasi inson, jamiyat va shaxs uchun foydali, ahamiyatli bo‘lgan barcha moddiy, ma’naviy, tabiiy, sotsial reallikni ifodalaydi.
Biroq har qanday ob’ektning mavjudlik fakti qadriyat bo‘la olmaydi. Qadriyat uchun ob’ektiv reallikning inson uchun foydaliligi, ahamiyatliligi muhimdir. Ob’ektlarning ahamiyatliligi xossa va xususiyatlari bilan emas, balki inson manfaatlariga, ijtimoiy munosabatlar sohasiga ularning qay darajada dahldor ekanligiga bog‘liqdir. Qadriyat qadrlash hissi, qadriyatli ong, qadriyatli munosabat va qadriyatli mo‘ljal (orientatsiya)ning uzviy birligidan iborat bo‘lgan tushunchadir. Qadriyatli ong, qadrlash hissi va qadriyatli munosabatning shakllanishida insoniyat ma’naviy taraqqiyotining turli davrlarida axloq, mifologiya, din, sanoat, falsafa, fan muhim rol o‘ynagan.
Qadriyat va madaniyat o‘rtasida yaqinlik, o‘zaro bog‘liqlik mavjud bo‘lsa ham, ularni ayniylashtirish xatodir. Har qanday madaniyat qadriyat bo‘lmagani singari har qanday qadriyat ham madaniyat emasdir. Shuningdek, ayni bir predmetni ham madaniy hodisa, ham qadriyat sifatida baholash mumkin.
Qadriyat madaniyat tushunchasiga nisbatan boy va keng qamrovli tushunchadir. Chunonchi, tabiatning inson hayoti uchun zarur bo‘lgan ne’matlari: yer, suv, havo, o‘simlik, hayvon, tog‘u toshlar - qadriyatdir. Holbuki, ularni madaniyat deb bo‘lmaydi. Qadriyatlar ob’ektlarning insoniy ahamiyatini tavsiflaydi. Ayni vaqtda ob’ektlarning kishilar tomonidan qadrlanayotganligini ham ko‘rsatadi. Bu qadriyatlarning madaniyatdan farqlanadigan muhim belgisidir.
Qadriyatlar madaniyat sohasiga kirmaydigan ob’ektlarni, hatto madaniyat sub’ektini ham o‘z ichiga oladi. Chunonchi, madaniyat ijodkori bo‘lgan inson hamma zamonlarda ham oliy qadriyat hisoblanib kelgan. Har bir insonning tinch-totuv, xavf-xatarsiz yashashi, sotsial himoyalanishi, qulay mehnat sharoitlari bilan ta’minlanishi, millati, irqi va e’tiqodidan qatoiy nazar kishilarning shaxsiy erkinliklari, ularning insoniy shaon-shavkatlari va qadr-qimmatlari umumbashariy va milliy qadriyatlar tizimida tobora muhim o‘rin egallamoqda.
Ayniqsa, milliy mustaqillik yillarida mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor berila boshlandi. “Biz hozirgi sivilizatsiya o‘zida ifoda etadigan ijobiy qadriyatlar jumlasiga huquqiy demokratik jamiyat qurish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlarni kiritamiz. Bu - inson huquqlariga rioya etish, tadbirkorlik erkinligi, so‘z erkinligi, matbuot erkinligi va hokazolardir” (I.A.Karimov. Yuqoridagi asar, 147 bet).
Olamga qadriyatli munosabat kishilarning mehnat faoliyati jarayonida shakllanadi. Ayniqsa, bu jarayon kishilar tomonidan ma’naviy madaniyat obidalari, mehnat qurollari, aloqa vositalarini yaratishda, axloqiy normalarni o‘zlashtirishda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shaxs faoliyatining mahsuli emas, balki uning insoniy ahamiyati, faoliyat natijalarida aks etgan g‘oya, e’tiqod, faoliyat usuli qadriyat mazmunini tashkil etadi.
Qadriyatning madaniyat rivojiga barakali ta’siri natijasida madaniyatning aksiologik konsepsiyasi vujudga keldi. Qadriyatlar o‘z tabiatiga ko‘ra ijtimoiy - tarixiy xarakterga egadir: ijtimoiy taraqqiyot jarayonida u o‘zgaradi va takomillashadi. Zaruriyat tufayli bir vaqtlar vujudga kelgan, amalga oshirilgan va ahamiyatli bo‘lgan hodisalar, sotsial o‘zgarishlar va g‘oyalar keyinchalik ijtimoiy amaliyot tomonidan inkor etilishi, o‘z o‘rnini boshqa qadriyatlarga bo‘shatib berishi mumkin. Masalan, kommunistik mafkura sovet jamiyatida uzoq yillar davomida qadriyat hisoblanib kelindi, biroq ijtimoiy amaliyot uning to‘g‘ri ekanligini tasdiqlamadi: uning mohiyatan inson tabiati va ijtimoiy taraqqiyotga zid ekanligi ravshan bo‘lib qoldi. Agar o‘rta asrlarda din oliy qadriyat hisoblangan bo‘lsa, XX asrga kelib, fan va texnika oliy qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Jamiyat rivojining muayyan bosqichlarida insoniyat unutilgan qadriyatlarga qayta murojaat qilishi ham mumkin. Masalan, sobiq sovet jamiyatida dinning madaniy- tarixiy qadriyat sifatidagi ahamiyati biryoqlama inkor etilgan, diniy qadriyatlar poymol qilingan bo‘lsa, milliy mustaqillik yillarida diniy qadriyatlar tiklandi.
Qadriyatlar sub’ekt uchun muhim va nomuhim, zaruriyat va nozaruriyat bo‘lishi mumkin. Qadriyatlarning qanday qadriyatlanishi kishilarning bilishi, madaniy saviyasi, intellektual-axloqiy salohiyatiga bevosita bog‘liqdir. Qadrlash jarayonida shaxsning individual xususiyatlari, hayotiy tajribalari, xarakter va temperamenti muhim rolp o‘ynaydi. Shu boisdan ham bir xil sharoitda yashaydigan kishilar bir xil hodisalarga turlicha qadriyatli munosabatda bo‘ladilar. Qadriyatlarning yana bir muhim tomoni shundaki, inson mehnat faoliyatining o‘zi qadriyat hisoblanadi. Mehnatsevarlik hamma zamonlarda ham axloqiy qadriyat sifatida ulug‘langan. Biroq sub’ekt tomonidan mehnatning qadrlanishi ijtimoiy - siyosiy tuzumga bevosita bog‘liqdir. Agar inson o‘z mehnati samaralaridan bahramand bo‘lmasa, u holda mehnat o‘z ahamiyati va jozibasini yo‘qotadi: inson mehnatdan, o‘z-o‘zidan va nihoyat jamiyatdan begonalashadi. Mehnatning qadrsizlanishi iqtisodiy tanazzulning kuchayishiga, ijtimoiy-siyosiy hayotning izdan chiqishiga olib keladi.
O‘z hayotiy ehtiyojlarini ijtimoiy-foydali mehnat vositasida qondirish imkoniga ega bo‘lolmagan kishilar qonunga zid turli yo‘llar bilan tirikchilik vositalarini topishga harakat qiladilar.
Falsafiy adabiyotlarda qadriyatlar quyidagicha tasnif qilinyapti:
1. Qadriyatlar nima qadrlanayotganligi va nimaga asosan qadrlanayotganligiga qarab: a). Predmetli qadriyatlar; b) Sub’ektiv qadriyatlarga bo‘linadi.
Predmetli qadriyatlar sub’ekt uchun muayyan ahamiyatga ega bo‘lgan real hodisalar, qadriyatli munosabat ob’ektlaridir. Bunday qadriyatlarga: tabiiy ob’ektlar, jarayon va hodisalar; sotsial sub’ektlar, jarayon va hodisalar kiradi.
Sub’ektiv qadriyatlar - hodisalarni qadrlashda asos bo‘lib xizmat qiladigan, normativ tasavvurlar shaklida ifodalanadigan ustanovkalar, baholar, maqsadlar, tadqiqlar, loyihalardir.
2. Qadriyatlar jamiyatning qaysi sohasi bilan bog‘liq ekanligiga qarab ham bir-biridan farqlanadi. Shunga asosan axloqiy, siyosiy, diniy, ilmiy, oilaviy, huquqiy, badiiy va h.k. qadriyatlarga ajratiladi.
3. Qadriyatlar umumiylik darajasiga ko‘ra, ya’ni biron bir hodisa, sub’ektlarning qanchasi uchun ahamiyatga egaligiga qarab tasnif qilinadi. Bunday qadriyatlarga: individual qadriyatlar; guruh (milliy, diniy, jinsiy va h.k.) qadriyatlari; umuminsoniy qadriyatlar kiradi.
4. Qadriyatlar sub’ekt tomonidan o‘z maqsadi va prinsiplari sifatida yoki tashqi vaziyat taqozosi bilan shunchaki qabul qilinishiga qarab ham tasnif qilinadi. Bunday qadriyatlarga: ichki qadriyatlar; tashqi qadriyatlarni ko‘rsatish mumkin.
5. Qadriyatlar inson hayot- faoliyatining tub asoslari uchun, uning ehtiyoj va intilishlari mohiyatini ifodalash uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanligiga qarab ham farqlanadi: mutloq yoki abadiy qadriyatlar; o‘tkinchi qadriyatlar yoki qadriyatlarning konkret tarixiy shakllari.
6. Qadriyatlar o‘zlarining bajaradigan funksiyalariga qarab ham bir-biridan farqlanadi: moddiy qadriyatlar; ma’naviy qadriyatlar; sotsial qadriyatlar.

Bundan besh yil muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoyishi qabul qilindi.


Shunga muvofiq ravishda 2017–2021 yillarda mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqning osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratish, xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Kuni kecha esa Harakatlar strategiyasining uzviy davomi o‘laroq, O‘zbekistonning kelajagi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan eng muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. Bu bilan, kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi.
Mazkur hujjat O‘zbekistonning taraqqiyotiga, ravnaqiga befarq bo‘lmagan barcha odamlarda qiziqish uyg‘otmoqda, bu borada ko‘plab fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Shu o‘rinda, fuqarolarimiz orasida «Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi besh yil avval qabul qilingan Harakatlar strategiyasidan qaysi jihatlari bilan farq qiladi», kabi savollar ham tug‘ilmoqda. Bu, tabiiy hol, albatta. Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan mazkur savolga baholiqudrat javob berishni lozim topdik.

Download 307.42 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   46




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling