Falsafaning integrativ funksiyasi real borliqning yangi ob’ektlari va hodisalari insonning nazariy tadqiqotlari sohasidan o‘rin olishi, shuningdek, ilgari ma’lum darajada anglab etilgan narsalar va hodisalarni yanada chuqurroq o‘rganish uchun birlashishga ehtiyoj.
Falsafaning madaniy funksiyasi odamlar dunyoqarashini kengaytirish, ularda bilishga qiziqish uyg‘otish, nazariy fikrlash madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish orqali namoyon bo‘ladi. U dunyoni o‘zlashtirish va bilishning universal shakli sifatida, insoniyatning eng yaxshi yutuqlarini o‘zidamujassamlashtiradi va ularni butun insoniyat mulkiga aylantiradi. Turli mamlakatlar va xalqlarning falsafa tarixini o‘rganish ularning o‘tmishdagi va hozirgi madaniyatini yaxshiroq tushunish imkonini beradi, g‘oyalar almashinuvi va madaniy an’analarning o‘zaro ta’siriga ko‘maklashadiki, bu madaniy meros bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ko‘pgina muammolarni echishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Falsafaning aksiologik funksiyasi (yunon. «axia» – «qadriyat») hayotning ma’nosi, o‘lim va umrboqiylik masalalarini kun tartibiga qo‘yish, u yoki bu harakat, voqea, hodisaga «yaxshi», «yomon», «muhim», «foydali», «foydasiz» kategoriyalari bilan baho berish orqali namoyon bo‘ladi.
Falsafaning axloqiy funksiyasi odamlarning u yoki bu jamiyatda qaror topgan munosabatlar ta’sirida shakllanuvchi xulq-atvori. Bunda, masalan, axloqiy qadriyatlar, ularning tabiati, asoslari va jamiyatdagi amaliy rolifalsafaning tadqiqot predmeti hisoblanadiki, bu jamiyatda yuzaga keladigan va tabiiy yo‘l bilan, ya’ni real hayot amaliyotida o‘rnatiladigan me’yorlar va qoidalarga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Bunday me’yorlar ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi muhim dastak hisoblanadi va odamlarning o‘zaro aloqalari, ularning munosabatlari, o‘zaro til topish darajasida namoyon bo‘ladi. Xulosa qilib aytish mumkinki, falsafa doimo axloqda, jamiyatning barcha a’zolari xulq-atvorida namoyon bo‘ladi va shu tariqa yana bir muhim funksiya – axloqiy funksiyani bajaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |