1-mavzu. Falsafaning fan va duyoqarashga doir mohiyati. Reja


Fan va falsafaning mutanosibligi


Download 76.48 Kb.
bet41/45
Sana02.01.2022
Hajmi76.48 Kb.
#185643
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   45
Bog'liq
2-maruza

Fan va falsafaning mutanosibligi. Fan rivojlanishning yuksak darajasiga erishgan bo‘lsa-da, lekin amalda falsafa bilan uzviy bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ular faol o‘zaro ta’sirga kirishib, bir-birining rivojlanishiga samarali ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu hol shu bilan izohlanadiki, falsafa daliliy materialga, sinovdan o‘tgan ilmiy ma’lumotlarga tayanib, o‘z mavhum g‘oyalarini borliq bilan taqqoslash imkoniyatiga ega, fan esa, dalillarni qayd etish va tavsiflash bilan cheklanmay, yanada asosliroq xulosalar chiqarish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. XXI asr boshiga kelib jahonda olimlar soni qariyb olti millionga etdi, taxminan shuncha odam fanga xizmatlar ko‘rsatuvchi mehnat bilan band (laborantlar, texniklar, nashriyotlarning xodimlari va h.k.). Yerda qadim zamonlardan boshlab to XXI asrning boshiga qadar yashagan olimlarning umumiy sonini olsak, ularning o‘ndan to‘qqiz qismi bizning vaqtdoshlarimiz ekanligi ayon bo‘ladi. Rivojlangan mamlakatlarda ilmiy xodimlar soni mehnatga qobiliyatli aholining qariyb 10% ni tashkil qiladi, fanni ta’minlashga milliy daromadning 5% dan ko‘prog‘i sarflanadi.

Hozirgi zamon fani jamiyat, texnika, iqtisodiyot, madaniyat, turmush va kundalik hayotni yo‘lga soluvchi qudratli kuchga aylandi. Ayni vaqtda odamlar bugun fanning qudratinigina emas, balki u bilan bog‘liq bo‘lgan xavflarni ham yaxshi anglaydilar. Hozirgi dunyo o‘z yutuqlari va o‘zining jo‘shqinligi uchun fan oldida mas’uliyatli. Ammo ilmiy haqiqat o‘z holicha odamlarning ehtiyojlariga befarq. U beparvo va rahm-shafqatsiz. Ammo, I. A. Karimov ta’biri bilan aytganda, “kuch – bilim va taffakur”21 da bo‘lsa, bu kuch ortib borgani sari insoniyatga ziyon yetkazmaslik uchun undan yanada ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur.

Shuni tan olish lozimki, hozirgi zamonda jamiyat ko‘p jihatdan fanning ulkan yutuqlari tufayli o‘zini o‘zi yo‘q qilish yoqasiga kelib qoldi. Bu ilmiy taraqqiyotni to‘xtatish kerak, degani emas. Ammo ilmiy izlanishni insoniy, axloqiy munosabatga bo‘ysundirish va balki uning qaysidir yo‘nalishlarini cheklash zarurligi to‘g‘risidagi masala kun tartibiga qo‘yilmoqda. Ilmiy izlanishning insonparvarlashuvi, uning yo‘llari va oqibatlariga axloqiy munosabat – bu davrimizning muhim muammolaridir.

Ayni shu hol falsafa bilan ham, undan muayyan fanlar ilgari falsafiy tusga ega bo‘lgan tadqiqot predmetlari bilan ajralib chiqqanida yuz berishini taxmin qilish o‘rinli bo‘ladi. Biroq, bunday hol yuz berayotgani yo‘q. Tarix fan falsafadan qancha ko‘proq ajralsa, unda shuncha ko‘proq masala va muammolar paydo bo‘lishini, ya’ni falsafa nafaqat kamaymasligi, balki, aksincha, ko‘payishini ko‘rsatadi. Buning sababi nimada? Bu savolga javobni fan va falsafaning o‘ziga xos xususiyatlaridan, ularni alohida-alohida tavsiflovchi masalalar va ularning echimlari o‘rtasidagi tafovutdan qidirish, o‘rinli bo‘ladi.

Fan faqat o‘zi olgan haqqoniy bilimlarga va muayyan natijalarga tayanishi unda o‘z muammolari va «ochiq» masalalari mavjud emasligini anglatmaydi. Biroq aniq, shak-shubhasiz javoblarga ega bo‘lmagan falsafiy masalalardan farqli o‘laroq, ilmiy masalalar bilimdonlik qilishni emas, balki puxta o‘ylashni talab qiladi, zero ular pirovardida dastlabki taxminlarni rad etuvchi yoki ishonchli bilimlar doirasini kengaytirib tasdiqlovchi muayyan echimlar olish real yoki potensial imkoniyatiga egadir. Shu tariqa vujudga keladigan ilmiy fanlar qaynayotgan suvdagi ko‘piklar kabi kattalashib, falsafiy mushohada yuritish jabhasini, anglab etilgan narsalar anglanmagan narsalar bilan yuzma-yuz keluvchi sohani ham kengaytiradi, chunki tabiatshunoslik doirasida javob berishning iloji bo‘lmagan yangi masalalarni yuzaga keltiradi.

Bugungi kunda eski falsafiy muammolardan yangi falsafiy jumboqlar sari o‘tilmoqda. “Xudo bormi?”, “Haqiqat nima?”, “Ruhning tabiati qanday?” qabilidagi falsafiy masalalarni aniq va uzil-kesil echish mumkin emas, balki ularni echishning umuman iloji yo‘qdir, shu bois bu savollar ham javobsiz qolmoqda.

Nima uchun “balki”? kabi savollar shuning uchunki, qadimda donishmandlarni bugungi kun nuqtai nazaridan mutlaqo falsafiy bo‘lmagan va tom ma’noda falsafiy sanalgan masalalar qiziqtirgan. Misol uchun: “Yulduzlar kunduzi, quyosh esa – tunda qaerga yo‘qoladi?”, “Nima uchun ayrim jismlar suvda cho‘kadi, ba’zi jismlar esa suvda suzadi?”, “Chopqir Axilles sudralib borayotgan toshbaqaga qanday etishi mumkin, basharti har safar ularning o‘rtasidagi masofani bosib o‘tish uchun u mazkur masofaning teng yarmidan o‘tishi lozim bo‘lsa?” va h.k. va sh.k.

Biroq bu va shunga o‘xshash masalalar falsafadan tabiatshunoslik sohasiga o‘tgach, ko‘pincha yangi va yangi falsafiy muammolarni yuzaga keltiradi. Masalan: Yer va boshqa sayyoralarni, ayni bir yo‘nalishda aylantirgan kuch qaerda?

-Agar bizning quyoshimiz o‘rtacha kattalikdagi yulduz bo‘lsa, unga o‘xshagan milliardlab yulduzlarning hech bo‘lmasa ayrimlari bizning Yerimizdagiga o‘xshash hayot mavjud bo‘lgan yo‘ldoshlarga ega bo‘lishi mumkinmi? Inson hatto eng yaqin yulduzlarga etishi uchun nafaqat inson hayoti, balki uning sivilizatsiyasi tarixidan ham ko‘proq vaqt talab etilar ekan, buni qanday qilib isbotlash yoki rad etish mumkin?

Nihoyat, biz kuzata oladigan olam kengayib borayotgan bo‘lsa, bu harakat zamirida qanday sabablar va kuchlar yotadi?

Bu va boshqa ko‘pgina shunga o‘xshash muammolar odamlarni falsafaga qayta va qayta murojaat etishga majbur qiladi, chunki fan hozircha bunday savollarga aniq javob berishga qodir emas. Aksildunyolar va aksilgravitatsiya, qora materiya va qora energiya, boshqa makon va vaqt o‘lchovlaridagi dunyolar haqidagi har xil falsafiy g‘oyalarning mavjudligi ayni shu hol bilan izohlanadi.

Shunga qaramay, fan va falsafaning roliga baho berishda ayrim qarama-qarshiliklar mavjud. Xususan, ba’zi bir ilmiy va falsafiy davralarda fanning roli va ahamiyatini mutlaqlashtiruvchi yondashuv mavjud bo‘lib, u “ijobiy”, “foydali” bilim sifatida fanni “mavhum” va “tajribaga asoslanmagan” falsafaga qarshi qo‘yadi. Bunday qarashlar ssientistik deb, nazariy tafakkur yo‘nalishi esa – ssientizm (lot. scientia va ingl. science – fan, bilim) deb ataladi. Sientizm fan texnika taraqqiyotining ijobiy jihatlarini mutlaqlashtiradi. Antissientizm falsafiy bilishni ilmiy bilishdan ajratadi, uni ilmiy bilish bilan muvofiq emas, deb e’lon qiladi, u oqilonalikni kamsitadi va mistika, intuitsiya, iroda va shu kabilarni mutlaqlashtiradi.

Vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin milliy falsafani shakllantirish uchun imkoniyatlar ochildi. Bugun ulug‘ ajdodlarimiz tamal toshini qo‘ygan o‘zbek milliy falsafasini rivojlantirishning ob’ektiv va sub’ektiv shart-sharoitlari mavjud. Bu borada, avvalo, birinchi Prezident Islom Karimov asarlarida o‘zbek falsafasining taraqqiyot qonuniyatlari ochib berilayotganini alohida ta’kidlash lozim. birinchi Prezidentimiz falsafa oldidagi bugungi muammolarning mohiyati, ularni hal qilish yo‘llariga alohida e’tibor bermoqda.

Shu bilan birga, bugungi o‘zbek falsafasining rivojini ta’minlashda quyidagi jihatlar alohida o‘rin tutadi:

- xalqimizning o‘z milliy an’analariga sodiqligi;

- mamlakatimizning buyuk kelajagiga ishonchi;

- muqaddas qadriyatlarimizga ishonch-e’tiqodi;

- mehnatsevarligi, intellektual salohiyati va boshqalar.



O‘zbek falsafasini yanada taraqqiy ettirish vazifalarini amalga oshirish quyidagi muammolarning echimini topishga bog‘liq:

- birinchidan, mustamlakachilik sharoitida soxtalashtirilgan tariximizni haqqoniy yoritish falsafiy g‘oyalar, qarashlar tarixini ham xolis ko‘rsatib berishni taqozo qiladi. O‘z davrida qimmatli tarixiy manbalarning yo‘q qilingani yoki ayovsiz talon-taroj etilgani bu ishni qiyinlashtirmoqda;



- ikkinchidan, mavjud manbalar arab yoki fors tillarida ekanligi, ularni biladigan faylasuf olimlarning, malakali tarjimonlarning kamligi umuminsoniy ma’naviy merosdan bahramand bo‘lish va ulardan ijodiy foydalanishga to‘siq bo‘lmoqda;

- uchinchidan, odamlar ongidan mustabid tuzumning soxta g‘oyalarini, ular qoldirgan asoratlarni siqib chiqarish, mafkuraviy bo‘shliqni yangi g‘oyalar bilan to‘ldirish, istiqlol mafkurasini shakllantirish muayyan vaqtni taqozo qiladi.



Ushbu vazifalarni amalga oshirish bugungi falsafa masalalari bilan shug‘ullanuvchi olim va tadqiqotchilar zimmasiga nihoyatda katta mas’uliyat yuklaydi. Bunda, eng avvalo, mazkur sohaga aloqador har bir yurtdoshimiz dunyoqarashining milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan o‘zgarishi nihoyatda muhimdir. Mamlakatimizda huquqiy demokratik jamiyat barpo etilayotgan hozirgi davrda bu jarayonning qanday borishi yangi falsafiy ongning shakllanishiga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatadi.

Taraqqiyot jarayonida davrlar o‘zgarishi bilan unga xos ma’naviy, huquqiy, siyosiy va falsafiy mezonlar ham shakllana boshlaydi.Inson tafakkurining o‘zgarishi, dunyoqarashning yangicha tamoyillarga ega bo‘lishi uzoq davom etadigan murakkab jarayondir. Bu hol bizning kunlarimizda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Hozirgi kunda jamiyatimizda istiqlol g‘oyalariga asoslanadigan yangi dunyoqarashning shakllantirish asosiy vazifa bo‘lib turibdi. Zero, inson dunyoqarashini, uning asosiy tamoyillarni o‘zgartirmasdan, yangi jamiyatni qurish qiyin.Bu jarayonning qonuniyatlari va o‘ziga xos xususiyatlari Birinchi Prezident Islom Karimovning asarlarida asoslab berilgan.

Istiqlol talablari darajasida falsafiy tafakkurni yangilash vazifalarini bajarish g‘oyat murakkab bo‘lib, quyidagi qator muammolarni hal qilishni taqozo etmoqda:



  • mustabid tuzum mafkurasining ijtimoiy, ma’naviy va falsafiy sohalardagi asoratlarini bartaraf etish;

  • kishilar ongi va turmush tarzidan sobiq tuzumga xos g‘ayri-insoniy tamoyillarni siqib chiqarish;

  • O‘zbekiston falsafasida jahon falsafiy tafakkuri yutuqlaridan yanada kengroq foydalanish;

  • Bozor munosabatlariga bosqichma – bosqich o‘tish jarayonida nafaqat oddiy fuqaro, balki ziyoli va falsafa mutaxassislarining ongida hamon saqlanib kelayotgan loqaydlik va mutelik kabi kayfiyatlarga barham berish;

  • ma’naviy merosimizni qayta tiklash va rivojlantirish jarayonida buyuk ajdodlarimiz falsafiy merosini yanada keng va chuqurroq o‘rganish;

  • falsafiy adabiyotlarni milliy manfaatlarimizga yanada ko‘proq moslash, qo‘llanma va darsliklarimizda milliy g‘oya va istiqlol mafkurasi tamoyillarini aks ettirish;

  • istiqlol talablariga mos keluvchi sog‘lom g‘oyali ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash zaruriyatiga mos tadqiqotlar olib borish, ular asosida ta’lim – tarbiyaning samarali usul va imkoniyatlarini izlab topish;

  • jahon, Sharq xalqlari falsafiy merosini puxta va chuqur o‘rganish, bu jarayonda turli g‘oya, mafkuralarning davlatlar hamda xalqlar taqdiriga ta’sirini aniq ko‘rsatish va shu asosda istiqlol mafkurasining tamoyillarini kishilar ongiga singdirish.

Ana shu masalalarni uyog‘un holda hal qilish falsafiy dunyoqarashimizni yangilashga yordam beradi.Mustaqillik odamlar duyoqarashining mazmun- mohiyati va asosiy yo‘nalishlariga yangicha nuqtai nazardan qarashni taqozo etadi. Ularni yangi mazmun bilan boyitishni, istiqlol talablari asosida o‘rganishni zaruratga aylantiradi.

Bugungi kunda ko‘p qirrali va murakkab hodisa bo‘lgan falsafiy dunyoqarashning milliy davlatchilik hamda kishilarning g‘oyaviy etukligini ta’minlash ehtiyojiga xizmat qiladigan jihatlariga e’tibor kuchaymoqda.



Istiqlolning ma’no – mohiyatini kishilarga to‘g‘ri anglatish, ularni mustaqillik bergan imkoniyatlarini amalga oshirishga jalb etish bilan bog‘liq nazariy va amaliy faoliyat ham nihoyatda muhim.Mustaqillik yillarida falsafaning yangilanishi uchun zarur asoslar shakllandi.


Download 76.48 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   45




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling