1-мавзу: “Хоразмшоҳлар давлати тарихи” махсус курсининг мақсад ва вазифалари


-mavzu: Xorazmshohlar davlatining tashkil topishi va siyosiy tarixi


Download 0.77 Mb.
bet2/19
Sana06.04.2023
Hajmi0.77 Mb.
#1329797
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
Bog'liq
Хоразмшолар маъруза 2017 китобча

2-mavzu: Xorazmshohlar davlatining tashkil topishi va siyosiy tarixi


Reja:



  1. Xorazmshohlar davlatining tashkil topishi

  2. Xorazmshohlar davlatining yuksalishi va gullab-yashnashi


Хоrаzmshоhlаr dаvlаtining tаshkil tоpishi

Xorazmshohlar - Anushtaginiylar sulolasining asoschisi Anushtagin yoshligida turk quli edi. Anushtaginni yoshligida sipohsolor Iziddin O’nar Bilgitagin sotib olib, uni saljuqiy sulton


Malikshohga sovg’a qiladi. Malikshoh Anushtaginni tashtdorlik (sulton hovuz va hammomlari boshlig’i) lavozimiga tayinlaydi. Keyinchalik Malikshoh uni o’zining yaqin va ishongan odamlaridan biri sifatida Xorazmga mutasarrif (sarflovchi) etib yubordi. Bu vaqtda Xorazm hokimi mamluk Ekinchi ibn Qo’chqor bo’lib, uning davrida Anushtagin hokimiyat ishlariga aralasha olmas edi.
Ammo tez orada Saljuqiylar sulolasi vakillari orasida o’zaro urushlar boshlanib ketdi. Bundan foydalanib, Xuroson amiri Dodbek Habashiy ibn Oltintosh 1097 yilda Saljuqiylardan ajralib, mustaqil bo’lib oldi. U Xorazmni ham o’z tasarrufiga kiritdi. Xuddi shu vaqtda Anushtagin vafot etadi. Dodbek Habashiy, Xorazm hokimi Ekinchi ibn Qo’chqor o’rniga Anushtaginning o’g’li Qutbiddin Muhammadni Xorazm voliysi etib tayinlaydi. Xorazmshohlar-Anushtaginiylar sulolasining tarixi aslida ana shu Qutbiddin Muhammaddan boshlanadi.
1100 yilda Saljuq sultoni Barqyorug’ va uning ukasi Sanjar Xurosonni ajratib olgan Dodbek Habashiyni oradan ko’tardilar va Xurosonni qaytarib oldilar. Ammo ular Qutbiddin Muhammadni Xorazm hokimi mansabida qoldirdilar. Qutbiddin Muhammad Marv shahrida tahsil olgan, din va ma’rifatdan xabardor kishi edi. U sulton Sanjarga ixlos bilan xizmat qildi, uning siyosiy raqiblari bilan olib borgan kurashida yaqindan yordam berdi. Qutbiddin Muhammad 30 yil davomida Xorazmda hokimlik qildi. U vafotigacha (1127) sulton Sanjarga sodiq fuqaroligini izhor etib, sulton xazinasiga xiroj va o’lponlarni vaqtida to’lab turdi. Shuning uchun Qutbiddin Muhammad vafotidan so’ng sulton Sanjar Xorazmga hokim etib uning 29 yashar o’g’li Alouddin Otsizni tayinladi.
Otsiz ham otasi singari Saljuqiylar saltanati poytaxti Marvda yaxshi ta’lim olgan edi. U islom dini va ilohiyot olimlariga homiylik qilar, fan va san’at ahlini qadrlar, o’zi ham forscha qasida va ruboiylar yozar, ko’p shoirlarning she’rlarini yoddan bilar edi. Manbalardan birida yozilishicha, uning hokimlik davrida Xorazm ahli tinch va osoyishta, adolatda yashadi.
Alouddin Otsiz jasur sarkarda edi. U sulton Sanjarga xizmat qilib, sultonning olib borgan ko’p janglarida bevosita ishtirok etib, uning erishgan g’alabalariga katta hissa qo’shdi. Otsiz 1130 yilda sulton Sanjarni fitnachilar qo’lidan ozod qilib, uni muqarrar o’limdan saqlab qoldi. Natijada Alouddin Otsiz sulton Sanjar saroyida juda katta nufuzga ega bo’ldi. Shu boisdan Bag’dod xalifasi Mustarshid Xorazm hokimi Otsiz bilan bevosita aloqalar o’rnatdi. Xalifa Saljuqiylarning kuchayib ketishidan xavfsirayotgan edi. Otsiz sulton Sanjarga qarshi kurashda xalifaga ittifoqchi bo’lishi mumkin edi. Shu maqsadda xalifa Mustarshid 1133 yilda elchilar orqali Otsizga faxriy kiyim-kechaklar yubordi. Bu bilan u Otsizning saljuqiy sulton Sanjarga qarshi kurashga chorladi. Boz ustiga Otsizning sulton saroyida obro’si oshib borayotganini ko’ra olmagan maliklar va amirlar turli ig’volar qilib, sulton Sanjar bilan uning orasini buzishga urindilar. Ular o’z maqsadlariga erishdilar. Otsiz 1135 yilda sulton Sanjardan ruxsat so’rab, o’z yurti Xorazmga qaytib ketdi. Shundan so’ng u sulton Sanjarga qarshi kuch to’plashga kirishdi. Yetarli kuch to’plagandan so’ng, u o’z saroyida amiru ulamolarini yig’ib, bundan buyon sulton Sanjarga bo’ysunmasligini ma’lum qildi. Ashrofu a’yonlar uni qo’llab-quvvatladilar.
Xorazm viloyatining hokimi sifatida Otsiz biron-bir yurtga harbiy yurish uyushtirimoqchi bo’lsa, sultondan ruxsat olishi kerak edi. Ammo bo’lib o’tgan voqealardan so’ng u sultonning ruxsatisiz Saljuqiylarga tobe’ bo’lgan Sirdaryoning quyi oqimidagi turklar yerlarini va Mang’ishloqni bosib oldi. Uning bu hatti-harakati aslida birinchi marta sulton Sanjar itoatidan chiqish edi. Bunga javoban sulton Sanjar 1138 yilda Xorazm tomon qo’shin tortib keldi va Hazorasp qal’asini qamal qildi. Ikki o’rtada bo’lib o’tgan jangda Otsiz mag’lubiyatga uchrab, qochishga majbur bo’ldi. Xorazmliklardan 10 ming askar halok bo’ldi, ular orasida Otsizning o’g’li Otliq ham bor edi.
Sulton Sanjar Xorazmni qayta egallagach, bu yurtni jiyani Sulaymonshohga iqto’ qilib berdi. Ammo Sulaymonshoh bu yerda uzoq hokimlik qila olmadi. Sulton Sanjar ketganidan so’ng Otsiz qaytib keldi va aholining ko’magi bilan yana o’z hokimiyatini qayta tikladi. Lekin Otsiz sulton Sanjarning yana qo’shin bilan kelishi mumkinligini hisobga olib, unga maktub yo’lladi va tobe’lik izhor etdi. Qizig’i shundaki, sulton Sanjar uni kechirdi va Xorazm hokimi sifatida e’tirof etdi.
Otsiz esa bir necha oydan so’ng Sulton Sanjarga qarashli yerlar, ya’ni Jurjon va Buxoroga hujum qildi. Lekin bu gal sulton Sanjar unga nisbatan jazo choralarini qo’llamadi. Bunga sabab shuki, Movarounnahrga dahshatli kuch – qoraxitoylar tahdid sola boshladilar. Shunday sharoitda Otsiz 1141 yilda yana bir marta sulton Sanjarga tobe’lik va sadoqat izhor etib, unga savgandnoma (qasamnoma) jo’natdi.
Ammo u savgandnomasiga amal qilmadi, sulton Sanjar esa u bilan jang qilishga jur’at etmadi. Shundan so’ng Otsiz yanada dadilroq bo’lib, mustaqil siyosat yurgiza boshladi. U 1141 yilda yana Bag’dod xalifasi bilan maktub orqali aloqa bog’ladi. Xalifa al-Muktafiy bunga javoban unga faxrli liboslar yubordi va uni o’z qo’l ostidagi yerlarning sultoni deb e’tirof etdi. Otsiz 1141 yildan boshlab o’z nomidan tilla tangalar zarb eta boshladi.
Xuddi shu yili (1141) sulton Sanjar Samarqand yaqinidagi Qatvon jangida qoraxitoylardan mag’lub bo’ldi. Bu voqea Saljuqiylar nufuzining pasayishiga olib keldi. Bundan foydalangan Otsiz Xurosonga bostirib kirdi va Saraxsni jangsiz egalladi. Otsiz Saljuqiylar poytaxti Marvni qo’lga kiritdi va xazinada saqlanayotgan sandiqlarni muhrlab, o’zi bilan olib ketdi. 1142 yilda esa u Nishopurni oldi va o’z nomiga xutba o’qitdi.
Otsiz Movarounnahrga kirib kelgan qoraxitoylarning harbiy qudratini e’tiborga olib, ular bilan bitim tuzdi. Unga ko’ra, u qoraxitoylarga yiliga 30 ming oltin dinor boj to’lab turishni o’z zimmasiga oldi, ya’ni ularning vassaliga aylandi.
Ammo Sulton Sanjar Alouddin Otsizning bu hatti-harakatlarini jim kuzatib turmadi, balki o’z tasarrufidagi barcha askarlarni to’plab, ularga 3 million dinor pul ulashib berdi va Xorazmga yurish boshladi. Uning lashkari Xorazm poytaxti Gurganj shahrini qamal qildilar. Shunday sharoitda Otsiz sulton Sanjar bilan elchilar orqali muzokara olib borib, yana bir marta uzr so’rab, omonlik so’radi. Sulton Sanjar uning uzrini qabul qildi. Otsiz sultonga Saljuqiylar davlati xazinasi solingan sandiqlarni qaytarib yubordi. Shundan so’ng u sulton oldiga keladi va otdan tushib, ta’zim bilan yerni o’padi.
Sulton Sanjar Otsizning uzrini qabul qilgan bo’lsa-da, bundan keyin yana unga qarshi hatti-harakat qilishi mumkinligini anglagan holda, Gurganjda o’z ishongan odamlardan biri, atoqli shoir Adib Sobir Termiziyni qoldirib ketadi. U xorazmshoh Otsizning faoliyatini kuzatib borishi va bu borada sulton Sanjarga axborot berib turishi lozim edi.
Darhaqiqat, hech qancha vaqt o’tmay, Otsiz sulton Sanjarga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi bo’ldi. U sultonni o’ldirish uchun uning huzuriga ikki nafar ismoiliya mazhabidagi odamlarni yubordi. Adib Sobir bundan xabar topib, zudlik bilan sultonga bu borada xabar yubordi. Marvda ikkala fidoyi ismoiliylarni qo’lga olib, qatl etishdi. Otsiz o’zining maxfiy rejasi fosh bo’lganligiga Adib Sobirni aybdor deb bilib, uni Amudaryoga cho’ktirib yubordi. Bundan tashqari, Otsiz yana o’zboshimchalik bilan Jand viloyatiga hujum qilib, uni o’z tasarrufiga oldi va bu yerga o’zining ishonchli odamlaridan birini hokim etib tayinladi. Shundan so’ng sulton Sanjar o’zboshimcha Xorazm hokimiga qarshi 1147 yilda uchinchi marta yurish boshlashga majbur bo’ldi. U Hazorasp qal’asini egallab, Gurganjni qamal qildi. Otsiz bu gal ham sulton Sanjar lashkarini mag’lub eta olishiga ko’zi yetmay, u bilan sulh tuzish yo’llarini izlay boshladi. Otsiz sulton huzuriga darvish Ohupo’shni elchi qilib yubordi. Bu darvish libos o’rniga kiyik terisidan tikilgan po’stinni kiyib yurganligi uchun shunday nom olgan edi (“Ohupo’sh” – fors-tojik tilida “Kiyik terisini kiygan” deb tarjima qilinadi). Ohupo’sh orqali u sulton Sanjarga noyob sovg’alar yuborib, undan omonlik so’radi. Sulton uchinchi marta Otsizni gunohidan o’tdi. Kelishuvga ko’ra, Otsiz sulton Sanjar huzuriga kelib, uning oyog’i ostidagi tuproqni o’pishi kerak edi.
Ammo Otsiz bunday qilmadi. U 1148 yil 2 iyulda sulton Sanjar huzuriga keldi, ammo taomilga qarshi otdan tushmagan holda unga salom berdi. Bu ham yetmagandek, u uchrashuv joyini birinchi bo’lib tark etdi. Sulton Sanjar esa uning bu “beadabligini” ham kechirdi. U Otsizning bunday hatti-harakatlaridan norozilik bildirmay, Marvga qaytib ketdi.
Sulton Sanjarning bunday yo’l tutishiga asosiy sabab qoraxitoylarning istilosi xavfi mavjudligi edi. U Xorazm ham qoraxitoylarga tobe ekanligi va xiroj to’layotganligini hisobga olib, qoraxitoylarga qarshi kurashda Otsiz menga ittifoqchi bo’lishi mumkin, deb hisoblar edi. Shuning uchun Otsiz bilan munosabatlarni keskinlashtirishni, uni o’ziga qarshi qilib qo’yishni istamas edi.
Shundan so’ng Otsiz yana Jand viloyatiga yurish boshladi. Bu viloyatni qoraxitoylar undan tortib olib, bu yerga Kamoliddin Mahmud ibn Arslonxon degan odamni noib etib tayinlagan edilar. Otsiz Jandni egallab, qoraxitoylar noibini hibsga oldi va bu viloyatga o’zining o’g’li El-Arslonni noib etib tayinladi. Bu gal Sulton Sanjar xorazmshohning hatti-harakatlariga e’tiroz bildirmadi. Bunga birinchi sabab shu ediki, Otsiz Saljuqiylar o’zlariga dushman deb hisoblagan qoraxitoylar bilan olishayotgan edi. Ikkinchidan, Saljuqiylar davlatining boshqa mintaqalarida ham separatistik harakatlar boshlanib ketdi. Jumladan, hozirgi Afg’oniston hududida hukmronlik qilgan G’uriylar davlatining hukmdori Alouddin Husayn 1151 yilda Saljuqiylarga tobe’ bo’lgan G’aznaviylarning mulklarini bosib oldi va sulton unvonini olib, o’zini saljuqiy sultonlar bilan tenglashtirdi. Sulton Sanjar unga qarshi yurish qilishga va uni bo’ysundirishga majbur bo’ldi. So’ngra Sijiston hokimi Tojiddin Abul Fazl ham dushmanlik yo’liga o’tdi. Saljuqiylar davlatiga shimoldan o’g’uzlar ham xavf solayotgan edilar. Ana shu holatlar tufayli sulton Sanjar Otsizning “o’zboshimchalik” bilan amalga oshirayotgan harbiy yurishlarini jimgina kuzatib turishga majbur bo’lgan edi.
Saljuqiylar saltanatining zaiflashuviga yana bir sabab – bu saroydagi fitna-fasodlar edi. Tarixchi yozganidek, sulton Sanjarning a’yonlari “ochko’zlik va o’zaro adovatni kuchaytirib”, mansabtalashlik dardiga mubtalo bo’ldilar (Sadriddin Husayniy. “Zubdat ut-tavorix”). Boshqa bir tarixchi Imomiddin Isfahoniyning ta’kidlashicha, sulton Sanjarning qarib qolganligi tufayli “amirlar uning qo’lidan hokimiyatni tortib oldilar va uning kuch-qudratiga daxl qildilar”. Bu esa markaziy hokimiyatni yanada zaiflashuviga olib keldi. Shunday sharoitda 1153 yilgi o’g’uzlar qo’zg’oloni Saljuqiylar saltanatiga qaqshatqich zarba bo’ldi. Xuroson yaylovlarida chorvachilik bilan shug’ullangan o’g’uz-turkmanlar Sulton Sanjarga yiliga 24 ming qo’y berardilar. Ammo soliqchilarning jabr-zulmi tufayli ular qo’zg’olon ko’tardilar. Qo’zg’olonni bostirish uchun kelgan sulton Sanjar mag’lubiyatga uchrab, o’g’uzlar tomonidan asirga olindi. Shu voqea Saljuqiylar davlatining amalda yo’q bo’lishiga olib keldi. Bu hol Xorazmning uzil-kesil mustaqil davlat bo’lishi uchun yo’l ochib berdi. Ammo Xorazm mustaqillgi yo’lida ko’p sa’y-harakat qilgan Otsiz 1156 yilda kasallikka chalinib vafot etdi. Bir yildan so’ng asirlikdan qochgan Sulton Sanjar ham olamdan o’tdi. Xorazmshohlar davlatining bundan keyingi rivoji Otsizning o’g’li Elarslon nomi bilan bog’liqdir.
Xorazmshoh Otsiz tuzgan davlat uning vorislari davrida yanada kuchaydi. Vorislar Xorazm davlati hududlarini kengaytirish va uning xalqaro nufuzini oshirishni o’z oldilariga maqsad qilib qo’ydilar.
Otsizdan keyin 1156 yilda taxtga uning o’g’li El-Arslon o’tirdi. U hokimiyatga da’vogarlik qilishi mumkin, deb ukasi Sulaymonshoh va amakisi Yusuflarni qatl ettirdi. El-Arslonning birinchi farmoniga binoan sipohilarning maoshi va iqto yer-mulklari ko’paytirildi.
El-Arslon Saljuqiylar davlatining o’rnida tashkil topgan deyarli mustaqil mulklarni o’ziga bo’ysundirishga intildi. 1166 yilda u Xurosonda hukmronlik qilgan amir Muayyad Oy-Aboga qarshi yurish qilib, Xuroson va Dehistonni o’z davlatiga qo’shib oldi. U Iroqi Ajam sultoni Arslonshoh, uning vaziri (otabegisi) El-Dengiz hamda Ray hokimi Inonchxon o’rtasidagi ziddiyatlardan foydalanib, 1167 yilda Roy va Eron Ozarbayjonini o’ziga tobe’ etishga erishdi. Bu yerda xorazmshoh nomidan Inonchxon noiblik qilar edi.
Shundan so’ng xorazmshoh El-Arslon o’z nigohini Movarounnahrga qaratdi. Bu yerni qoraxitoylarga qaram bo’lgan qoraxoniy hukmdorlar boshqarar edilar. Ularga qarluqlardan iborat harbiy guruhlar muxolifatda bo’lganlar. El-Arslon Movarounnahr ishlariga aralashib, qoraxitoylar va qoraxoniylarga qarshi bo’lgan qarluqlarni har jihatdan qo’llab-quvvatladi. Buni javoban 1172 yilda qoraxitoylar Xorazmga yurish qilib, El-Arslon qo’shinlari ustidan g’alaba qozondilar. Xastallikka chalingan El-Arslon shaxsan jangda ishtirok eta olmadi va shu yili vafot etdi.
El-Arslonning vafotidan so’ng uning o’g’illari Alouddin Takash va Sultonshoh Mahmud orasida toju taxt uchun og’ir va ayovsiz urush boshlandi. Takash Jand viloyatida voliy bo’lib turgan edi. El-Arslon o’limi oldidan kenja o’g’li Sultonshohni valiahd etib tayinladi. Otasining o’limidan so’ng taxtga Sultonshoh o’tirdi. Amalda esa davlatni uning onasi Turkon-xotun boshqarar edi.
Takash esa toju taxt uchun kurash boshlab, Qoraxitoylar malikasi Ien Tiyonga yordam so’rab murojaat etdi. Buning evaziga u har yili qoraxitoylarga o’lpon to’lab turishga va’da berdi. Takash va qoraxitoylarning birlashgan qo’shini Gurganjga yurish boshladi. 1172 yilning dekabr oyida poytaxt qo’lga kiritildi. Sultonshoh va uning onasi Turkon-xotun Nishopurga qochib ketdilar. 11 dekabrda Takash Xorazmshohlar taxtiga o’tirdi.
Sultonshoh Nishopur noibi Oy-Abodan yordam so’radi. Buning evaziga unga Xorazm yerlarining bir qismini berishga va’da berdi. O’z mulklarini kengaytirish va xorazmshohlarga tobelikdan qutulish niyatida bo’lgan Muayyid Oy-Abo katta qo’shin to’plab, Sultonshoh va uning onasi bilan Xorazmga yurish boshladi. 1174 yil 11 iyulda Gurganjdan 20 farsax masofada joylashgan Suvburni shaharchasi oldida bo’lib o’tgan jangda Takash qo’shini g’alaba qozondi. Oy-Abo asir qilinib, qatl etildi. Sultonshoh yana 20 yil davomida hokimiyat uchun akasi Takashga qarshi kurash olib bordi, ammo pirovardida mag’lub bo’lib, vafot etdi. Xuroson to’liq xorazmshoh Takash tasarrufiga o’tdi.
Shundan so’ng Takash asosiy e’tiborni Movarounnahrga qaratdi. 1182 yil oktyabrda Buxoro shahri bosib olindi. Bu yerda uning nomi bilan tanga zarb etildi, nomi xutbada xalifadan keyin zikr etila boshlandi.
Eronda alohida viloyatlarida hukmronlik qilgan Ozarbayjon otabeklari va so’nggi saljuqiy sulton To’g’rul III o’rtasidagi o’zaro nizolardan foydalanib, xorazmshoh Takash Iroqi Ajamni zabt etishga kirishdi. 1194 yilda u jangda To’g’rul III ni yengib, Hamadon va Iroqi Ajamning katta qismini o’z davlatiga qo’shib oldi.
Ammo Xorazmshohlar davlatining tobora kengayib va kuchayib borishi Bag’dod xalifasi An-Nosirni tashvishga soldi. Ikki o’rtada dushmanlik kuchaya boshladi.
O’rta asr tarixchilarining yozishicha, xorazmshoh Takash o’z fuqarolariga nisbatan adolatli hukmdor, favqulodda qobiliyatga ega bo’lgan lashkarboshi va mohir diplomat bo’lgan. U musiqani sevgan, hozirjavobligi, gapga chechanligi bilan ajralib turgan.
Xorazmshoh Takash qipchoqlar bilan ittifoqqa kirib, qipchoq hokimining qizi Turkon xotunga uylangan. (Bu xorazmshohlar sulolasi tarixida shu nom bilan atalgan ikkichi ayol bo’lgan.) Shundan so’ng Xorazmga ko’p qipchoq urug’lari kelib o’rnashishdi. Ularga tayanib, Turkon xotun saroyda katta nufuzga ega bo’ldi. U o’g’li Alouddin Muhammad hukmronligi davrida o’z qabiladoshlarini yuqori lavozimlarga ko’tarilishini ta’minladi.
1200 yilda xorazmshoh Takash vafot etdi. Shu yilning 3 avgustida Gurganj aholisi, davlat a’yonlari va amirlari ishtirokida Takash va Turkon xotunning o’g’li Qutbiddin Muhammad o’tirdi. Taxtga o’tirgach, u otasining Alouddin laqabini qabul qildi.
Yangi podshoh davlat chegaralarini kengaytirish siyosatini davom ettirdi. Bir necha yillik kurashlardan so’ng u 1206 yilda hozirgi Afg’oniston hududidagi G’uriylar davlatini tor-mor etib, uning hududlarini o’z tasarrufiga oldi. 1207 yilda xorazmshoh Alouddin Muhammad Movarounnahrni o’z yerlariga qo’shib olish uchun harakat boshladi. Bunga Samarqand hokimi qoraxoniy Usmon hamda Buxoroda hukmronlik qilayotgan Burhoniylar xonadoniga mansub sadrlarning xorazmshohga yuborgan maktublari sabab bo’ldi. Usmon qoraxitoylardan ozod bo’lish, sadrlar esa Malik Sanjar boshchiligidagi qo’zg’olonni bostirish uchun undan yordam so’ragan edilar. 1207 yilda Alouddin Muhammad Buxoroga yurish qilib, kiborlarining yordami bilan bu shaharni oldi. Samarqandga ham o’z shixnasi (hokimi)ni tayinladi. Navbatdagi jang Buxoro va Samarqand hokimlarini o’zlariga vassal qilib olgan qoraxitoylar bilan bo’lib o’tdi. Bu jangda Xorazmshoh qo’shinlari mag’lub bo’ldi, uning o’zi esa asirga tushdi, ammo asirlikdan qochib ketishga muvaffaq bo’ldi.
Xorazmshoh 2-3 yil bebosh amirlarning separatistik hatti-harakatlarini bostirish bilan band bo’ldi. 1210 yilda katta kuch to’plab, Sirdaryoni kechib o’tib, Ilamish sahrosida tajribali qo’mondon Tayang’u boshchiligidagi qoraxitoy lashkari bilan to’qnashdi. Shafqatsiz jangda qoraxitoylar tor-mor etildi. Tayang’u va ko’p qoraxitoy askarlari asirga olindi. Ushbu g’alabadan so’ng xorazmshoh Muhammad butun Movarounnahrni o’z davlatiga qo’shib olish imkoniyatiga ega bo’ldi. Eng asosiysi u har yili qoraxitoylarga to’lanadigan o’lponndan qutuldi va haqiqiy mustaqil hukmdorga aylandi. Bu g’alaba xorazmshohning butun islom olamidagi obro’sini yanada oshirdi.
Xorazmshoh saroy rasm-rusumlarini o’zgartirdi va ularni yanada tantanavor qildi. Shoh “Iskandari Soniy” laqabini olish bilan birga saroyda “Iskandar navbasi” – ya’ni shoh o’z qarorgohidan chiqqanda musiqiy madhiyani ijro etish marosimini joriy etdi. Uni ijro etishni asirga olingan podshohlar va hokimlar zimmasiga yukladi. Navba quyosh chiqar va botar paytlarida cho’plari qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan 27 ta oltin nog’orada ijro etilar edi.
Xorazmshoh Samarqand hokimi Usmonga o’z qizi Xonsultonni berib, uni amalda o’ziga vassal qilib oldi. Shahar shixnasi Durt-Abo va xorazmlik askarlar samarqandliklarga jabr-zulm qila boshladilar. 1212 yilda Samarqand ahli qo’zg’olon ko’tardi. Xorazmshoh bu qo’zg’olonni shafqatsizlik bilan bostirdi. Usmon va 10 mingga yaqin odam o’ldirildi. Barcha qoraxoniylar sulolasiga mansub hokimlar qilichdan o’tkazildi. Butun Movarounnahr uzil-kesil Xorazmshohlar tasarrufiga o’tdi.
Xorazmshohlar davlati Iroqdan Hindistongacha bo’lgan ulkan hududni qamrab oldi. O’ta mag’rurlanib ketgan Alouddin endilikda Bag’dod xalifasi an-Nosir ham unga bo’ysunishi kerak, degan fikrga keldi. U xalifaga xat yozib, xutbada uning nomini zikr etish zarurligini talab etdi. Xalifa uning bu talabini rad etgach, u 1217 yilning kuzida Bag’dodga yurish boshladi. Ammo xorazmshoh qo’shinlari Xulvon yaqinidagi Asadobod dovoniga yetganda qalin qor yog’ib, izg’irin sovuq tushdi. Ko’p askarlarni sovuq urib, halok bo’ldilar. Tuyalarga ham qiron keldi. Bu falokatdan qayg’uga tushgan xorazmshoh Bag’dodni olish niyatidan voz kechdi va orqaga qaytishni buyurdi. Chekinayotgan xorazmliklarning ko’pchiligi ko’chmanchi arablar va kurdlar hujumiga duchor bo’lib, qirib tashlandi. Xalifa esa xorazmshohning bu hatti-harakatlaridan tashvishga tushib, elchi orqali Chingizxonga maktub yuborib, uni Xorazmshohlar davlatiga hujum qilishga chorladi.

Download 0.77 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling