1-мавзу: “Хоразмшоҳлар давлати тарихи” махсус курсининг мақсад ва вазифалари


Download 0.77 Mb.
bet1/19
Sana06.04.2023
Hajmi0.77 Mb.
#1329797
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19
Bog'liq
Хоразмшолар маъруза 2017 китобча


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI


FARG’ONA DAVLAT UNIVERSITETI


TARIX FAKULTETI
O’ZBEKISTON TARIXI KAFEDRASI




FANIDAN




Munadarija:


1-mavzu: “Xorazmshohlar davlati tarixi” maxsus kursining predmeti,
maqsad va vazifalari
2-mavzu: Xorazmshohlar davlatining tashkil topishi va siyosiy tarixi
3-mavzu: Xorazmshohlar davlatining siyosiy va harbiy tuzilishi.
Mansablar va unvonlar
4-mavzu: Xorazmshohlar davlatining xo’jalik hayoti
5-mavzu: Xorazmshohlar davlatida madaniy hayot
6-mavzu: Xorazmshohlar davlatining zavol topishi
7-mavzu: 4-8 asrlarda Xorazmdagi ijtimoiy va shaxarlar xayoti.
8-mavzu: Xorazm hududidagi ilk davlat uyushmalari. Qadimgi
Xorazm, Katta Xorazm
9-mavzu: Xorazm arxaik davri tarixiga oid manbalarning o’rganilishi
tarixi.
10-mavzu:Xorazm vohasi tarixi aks etgan o’rta asrlar xorij manbalari
11-mavzu:Xorazmshox ma’mun - II tomonidan “Ma’mun
akademiyasi"ni tashkil kilinishi


1-mavzu: “Xorazmshohlar davlati tarixi” maxsus kursining predmeti, maqsad va vazifalari


Reja:



  1. Maxsus kursning maqsad va vazifalari

  2. Maxsus kursni o’rganish manbalari

  3. Xorazmshohlar-Anushtaginiylar davlati tarixi tarixshunosligi


Махsus kursning prеdmеti, mаqsаd vа vаzifаlаri

O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng o’zbek davlatchiligi tarixini o’rganish, diyorimizda qadimgi zamonda hamda o’rta asrlarda mavjud bo’lgan davlatlar tarixini


tadqiq etish muhim ilmiy va siyosiy ahamiyat kasb etdi. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti I. A. Karimov o’zining “Tarixiy xotirasiz kelajak yo’q” nomli risolasida o’zbek davlatchiligi tarixini o’rganish olimlarimiz oldida turgan ustivor vazifalardan biri ekanligini ta’kidlab o’tdi. Shuning uchun ham istiqlol yillarida respublikamizning oliy o’quv yurtlarida “O’zbek davlatchiligi tarixi”, “Amir Temur davlati tarixi”, “Somoniylar davlati tarixi” kabi maxsus kurslar kiritildi. Ana shu xayrli ishlarning davomi sifatida 2010-2011 o’quv yilidan boshlab Farg’ona davlat universiteti Ilmiy kengashi qaroriga binoan “Tarix” yo’nalishi talabalari uchun “Xorazmshohlar davlati tarixi” maxsus kursi joriy etildi. Shubhasiz, bu maxsus kurs o’zbek davlatchiligi tarixini yanada teran idrok etish imkoniyatini beradi.
Mazkur kursning predmeti – bu XI asrning oxiri va XIII asrning boshlarida mavjud bo’lgan, nafaqat Xorazm va O’rta Osiyo, balki barcha O’rta Sharq mamlakatlarini o’z ichiga olgan Xorazmshohlar-Anushtaginiylar davlatining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotidir. Ushbu davlat tarixining turli qirralarini o’zaro dialektik birlikda ilmiy asosda o’rganish o’zbek davlatchiligi tarixini yanada chuqurroq idrok etishga ko’mak beradi. Maxsus kursning asosiy maqsadi ham xuddi shundan iborat. Mavjud tarixiy manbalar va ilmiy adabiyotlar asosida ushbu davlat tarixini o’rganish talabalarning tarixiy tafakkurini kengaytiradi, ularga O’zbekiston tarixini yanada teranroq bilib olish imkoniyatini beradi.
“Xorazmshohlar–Anushtaginiylar davlati tarixi” maxsus kursini o’qitish jarayonida bir necha vazifalarni hal etish nazarda tutilgan. Birinchidan, kursni o’rganish jarayonida talabalar ushbu davlat tarixini yorituvchi birlamchi manbalarni o’qishlari va bilib olishlari zarur. Ikkinchidan, Xorazmshohlar davlati tarixiga bag’ishlangan ilmiy asarlar – maqolalar, risolalar va monografiyalar bilan yaqindan tanishadilar. Bu esa ularning ilmiy tasavvurlarini yanada kengaytiradi. Uchinchidan, maxsus kurs O’zbekistonda davlatchilik uzoq tarixga va an’analarga ega ekanligini ko’rsatib, xorijdagi ba’zi siyosatdonlarning bu boradgi noto’g’ri aqidalarini rad etishga yordam beradi.
X
Махsus kursni o’rgаnish mаnbаlаri
orazmshohlar davlati tarixi eng avvalo birlamchi manbalar, ya’ni o’sha zamonlarda yaratilgan tarixiy asarlar asosida o’rganiladi. Bunday manbalar qatoriga Ibn al-Asir, Shihobuddin Muhammad Nasaviy, Rashiduddin,

Otamalik Juvayniy, al-Husayniy, Ravandiy, Rashiduddin Vatvot, Juzjoniy, Ibn Xaldun va boshqa tarixchilarning asarlari kiradi. Xorazmshohlar-Anushtaginiylar sulolasining zamondoshlari bo’lgan ushbu mualliflarning asarlarida bu davlat tarixi nisbatan to’g’ri va xolis tarzda bayon etilgan.
Xorazmshohlar davlati tarixi va mo’g’ullar istilosi davri to’g’risida muhim ma’lumotlar bergan original tarixiy manba – bu Izzaddin ibn al-Asir al-Jazariy (1160-1233) qalamiga mansub “Al-komil fi-t-tarix” (“To’liq tarix”) nomli 8 jildlik tarixiy asardir. Uning muallifi ib al-Asir o’z davrining ko’zga ko’ringan olimi bo’lib, O’rta Sharqdagi ko’p hukmdorlar saroyida xizmat qilgan. “Al-komil fi-t-tarix” asarining dastlabki yetti jildi kompilyativ xarakterga ega bo’lib, oxirgi sakkizinchi jildi original hisoblanadi va unda mo’g’ullar istilosi arafasidagi voqealar hamda mo’g’ullar istilosi davri voqealari bayon etiladi. Ibn al-Asir ushbu voqealarni bayon etishda unga ma’lumot bergan shaxslarni eslatib o’tadi. Ular qatoriga mo’g’ullar hujumi davrida Buxoroda bo’lgan faqihni, xorazmlik savdogarlar, Dakuka shahrida yashagan bir kishi, xorazmlik Takash amirlaridan biriga xizmat qilgan mosullik askar hamda payg’ambarimizning “Madinadagi uyi”da xizmat qilgan va Xorazmshoh Alouddin Muhammad bilan muloqotda bo’lgan shaxsni sanab o’tadi. Asarning XII asr oxiri va XIII asr boshlari voqealarini qamrab olgan qismi birlamchi manba bo’lib, Xorazmshohlar davlati tarixi to’g’risida muhim ma’lumotlar beradi.
XIII asrning atoqli tarixchi olimlaridan biri Shihobuddin Muhammad Nasaviy (vafoti 1241 y.) hisoblanadi. U 1224 yilga qadar Niso viloyatining hokimi Nusratuddin Hamzaning noibi bo’lgan, mo’g’ullar bilan bo’lgan bir necha janglarda shaxsan ishtirok etgan. 1224-1231 yillarda Nasaviy xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining kotibi lavozimida xizmat qilgan. U Xorazmshohlar davlatining tarixi va Jaloliddin Manguberdining hayoti va faoliyati haqida keng ma’lumotlar beruvchi “Siyrat ul-sulton Jaloliddin Manguberdi” (“Sulton Jaloliddin Manguberdining tarjimayi holi”) nomli original asar muallifidir. Asar 1241 yilda Suriyaning Halab shahrida yozib tugatilgan. Asar esdalik tarzda yozilgan bo’lib, muqaddima va 108 bobdan iborat. Asarning V-XXII boblari xorazmshoh Alouddin Muhammadning hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan. XXIII bobdan boshlab kitobning to oxirigacha mo’g’ul istilosi va xorazmshoh Alouddin Muhammadning o’z yurtini sharmandalarcha tashlab qochishi, sulton Jaloliddinning hayoti va mo’g’ullarga qarshi olib borgan kurashi va fojeona halokati haqida hikoya qilinadi.
Yirik tarixchi olim va davlat arbobi Alouddin Atomalik Juvayniy (1226-1283 yy.) uzoq yillar davomida Eronda mo’g’ul hukmdorlari saroyida xizmat qilgan. U “Tarixi jahonkushoy” (“Jahongir tarixi”) nomli asari bilan shuhrat topdi. Asar 1260 yili yozib tamomlangan. “Tarixi jahonkushoy”da Mo’g’ullar davlati, Eron, Usmoniylar davlati tarixi bilan bir qatorda Xorazmshohlar davlati tarixi va uning mo’g’ullar tomonidan bosib olinishi batafsil yoritilgan. Asarning Xorazm va Xorazmshohlar tarixiga oid qismi Abulhasan Bayhaqiy (1099-1170)ning bizgacha yetib kelmagan “Mashorib at-tajorib va g’avorib al-g’aroib” (“Imtihonni salqinlatish va ajoyib narsalarning yuqori darajasi”), Faxriddin Roziyning (1210 yilda vafot etgan) “Javome’ ul-ulum” (“Ilmlar majmuasi”) kitoblari asosida yozilgan.
Eronlik qomusiy olim va yirik davlat arbobi Rashiduddin Fazlulloh al-Hamadoniy (1247-1318) uzoq yillar davomida Eronda mo’g’ul hukmdorlari saroyida xizmat qilgan. Rashiduddinning bizgacha to’liq yetib kelgan asari “Jome’ ut-tavorix” (“Tarixlar majmuasi”) bo’lib, 1301-1311 yillarda yozilgan. Uch qismdan iborat bu asarning birinchi qismida Xorazmshohlar davlati va mo’g’ullar istilosi tarixiga doir qiziqarli ma’lumotlar keltiriladi.
Xorazmshohlar davlati to’g’risidagi ma’lumotlar Hamdulloh Qazviniy (1284-1350)ning “Tarixi guzida” (“Saylab olingan tarixlar”) nomli asarida ham uchraydi. Bundan tashqari Ibn al-Fuvotiy, Ibn as-Sa’iy, Ibn al-Dabusiy, al-Yazdiy, an-Nishopuriy, al-Husayniy, Yoqut Hamaviy (“Mu’jal ul-udabo”), as-Suyutiy (“Tabaqati Nosiriy”) asarlarida ham Xorazmshohlar davlati tarixi xususida ma’lumotlar mavjud.
X
Хоrаzmshоhlаr dаvlаti tаriхshunоsligi
orazmshohlar davlati tarixi shu kunga qadar bir necha xorijiy olimlar tomonidan ma’lum darajada o’rganildi. Ushbu mavzuga birinchilar qatorida qo’l urgan tadqiqotchilardan biri atoqli rus olimi V.V.Bartold bo’lib, uning “Turkiston mo’g’ul istilosi davrida” nomli asarida

Xorazmshohlar davlatining turli qirralari atroflicha yoritilgan. V. V. Bartold o’z asarini yozishda asosan Ibn al-Asir, an-Nasaviy, Juvayniy va Rashiduddin asarlariga, shuningdek o’sha davrga oid ba’zi rasmiy hujjatlarga suyanadi, bu hujjatlarning bir qismini u ilk bor ilmiy muomalaga kiritdi. Ammo kitob nashr etilgandan keyin topilgan ba’zi arab va fors mualliflarining qo’lyozma va bosma asarlari uning nazaridan chetda qoldi.
Bu mavzuga aloqador xorijiy mualliflarning tadqiqotlaridan Ibrohim Qafos o’g’lining 1956 yilda Anqarada bosilgan “Xorazmshohlar davlati tarixi” asarida bu davlatning siyosiy va harbiy tarixi ancha mufassal yoritiladi. 1978 yilda Bag’dod universiteti muallimi Nafi’a Tavfiq al-Udubning magistrlik-nomzodlik dissertatsiyasida ham boshqa musulmon davlatlarining tashkil topishi va harbiy-ma’muriy tuzilishi qatorida Xorazm davlatining tarixi tadqiq etilgan.
Xorazmshohlar vassallari bo’lgan ayrim davlatlarning tarixi bo’yicha ham bir necha asarlar yozilgan. Shulardan biri Istambul universiteti professori Erdo’g’on Merchilning Fors otabeklari – Salg’uriylar davlati va Kirkon otabeklari tarixiga oid asarlarini ko’rsatib o’tish mumkin.
Ushbu mavzuga bag’ishlangan yirik ilmiy tadqiqotlardan biri – bu ozarbayjonlik tarixchi Ziyo Buniyodovning “Anushtagin Xorazmshohlar davlati” nomli monografiyasi hisoblanadi. Bundan oldingi tadqiqotlardan farqli o’laroq, Z. Buniyodovning asari ushbu mavzuga taalluqli barcha arabiy va forsiy manbalar hamda keyingi yillarda topilgan rasmiy hujjatlar – Xorazmshohlarning farmonlari asosida yozilgan. Z. Buniyodov o’z asarida Xorazmshohlar – Anushtaginiylar davlati tarixi, bu davlatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotini atroflicha yoritishga muvaffaq bo’lgan.
Shunday qilib, Xorazmshohlar davlati tarixiga oid arab va fors tillarida talay manbalar mavjud. Ulardan foydalangan holda tarixchi olimlar bu davlat tarixini ma’lum darajada tadqiq etganlar. Shu bilan birga olimlar oldida Xorazmshohlar davlatining barcha qirralarini yanada chuqurroq yoritish vazifasi turibdi. Bu ishlarni amalga oshirish o’zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixini teran o’rganish imkoniyatini beradi.

Download 0.77 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   19




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling