1-mavzu. Iqtisodiy tahlilning shakllanishi va
Tahlil natijalarini umumlashtirish va rasmiylashtirish
Download 0.59 Mb.
|
1-mavzu. Iqtisodiy tahlilning shakllanishi va-www.hozir.org
Tahlil natijalarini umumlashtirish va rasmiylashtirishKorxona va tashkilotlar xo‘jalik faoliyati tahlilining natijalari analitik mavzular yoki xo‘jalikning yillik hisobotiga ilova qilinadigan bayonnoma ko‘rinishida ifoda etiladi. Tahlil natijalarini umumlashtirish va yakunlash qaysi turdagi tahlilni o‘tkazganligiga qarab bajariladi. Misol uchun, korxonalarning yillik hisoboti asosida o‘tkazilgan joriy tahlilning yakuni umumiy xulosalar va yuqori tashkilotlarga tushuntirish xati yozish orqali yakunlanadi. Ayrim turdagi boshqa tahlil turlarining natijalari esa mutaxassislarni ma’ruzasi, korxona rahbarining buyrug‘i, jamoaning majlis bayoni, audit xulosalari orqali umumlashtirilishi mumkin. Tahlil natijalarini umumlashtirganda albatta erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda yutuqlar aniq raqamlarda va faktlar bilan ko‘rsatilgan bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish chora-tadbirlari, ya’ni takliflar ham ko‘rsatiladi. Iqtisodiy tahlil natijalarini rasmiylashtirish va umumlashtirishga korxonaning umummajlis materiallari, turli xil diagramma, jadval va grafiklar tuzib mehnatkash ommaga ko‘rsatma sifatida osib quyish, oynoma va ro‘znoma sahifalarida ma’lumotlarni chop etish, axborot doskalaridagi ko‘rsatkichlarni e’lon qilib borish ham hisoblanadi. Korxona yoki uning bo‘limlari faoliyati bo‘yicha qilingan analitik tadqiqotning turli xil natijalari tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtiriladi. Bu analitik hisobot (tushuntirish xati), ma’lumotnoma va xuloslar bo‘lishi mumkin. Analitik hisobot (tushuntirish xati), odatda, tashqi foydalanuvchilar uchun yoziladi. Tahlil natijalari ichki xo‘jalik ishlarida foydalanish uchun yo‘naltirilgan bo‘lsa, ular ma’lumotnoma yoki xulosa ko‘rinishda rasmiylashtiriladi. Analitik hisobotning tarkibi to‘liq bo‘lishi kerak. Avvalambor, u korxona rivojlanishining iqtisodiy darajasini namoyon qiladigan, xo‘jalik yuritishning shartlarini, korxonada baho siyosatining tavsifi, mahsulotning raqobatbardoshligi, mahsulotlarni xarid qilish bozorlarining kengligi, mahsulotlarning bozordagi o‘rni, korxona mavqeyi kabi umumiy savollarni qamrab olishi kerak. Shuningdek, hisobotda bozordagi har bir mahsulotning hayotiy holati, real hamda potensial raqobatchilarni, ular biznesining kuchli va kuchsiz tomonlarini ko‘rsatib tavsiflash lozim. Bundan keyin korxonaning ishlab chiqarish va moliyaviy natijalarini tavsiflovchi, mulkiy va moliyaviy holatini, natijalarning samaradorligini, rivojlanish holati kabi ko‘rsatkichlar dinamikasini ifodalab berishi kerak. Shuningdek, pul oqimlari, moliyaviy natijalar va asosiy tomonlarga ta’sir ko‘rsata oladigan korxonaning hisob siyosatidagi o‘zgarishlarini ochib berish kerak. Analitik hisobotda hisobot davri mobaynidagi korxona faoliyatining ijobiy va salbiy tomonlari ko‘rsatiladi hamda ishlab chiqarish va moliyaviy natijalarga ta’sir ko‘rsatadigan obyektiv va subyektiv, ichki va tashqi omillar tushuntirib beriladi. Shuningdek, mavjud bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etishga yo‘naltiriladigan hamda yaqin va uzoq muddatda korxona faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida qilinadigan ishlar ko‘rsatib beriladi. Hisobotning analitik qismi aniq va asoslangan bo‘lishi shart. U analatik hisobotlardan, kerakli ma’lumotlar yig‘ilgan jadvallardan, grafika va diagrammalardan iborat bo‘lishi mumkin. Uni rasmiylashtirishda tahlil natijalari asosida qilingan taklif va xulosalarga alohida e’tibor qaratish lozim. Ular har tomonlama asoslangan va korxona faoliyati natijalarini yaxshilashga qaratilgan bo‘lishi kerak. Tahlil natijasida qilingan ma’lumotnoma yoki xulosalar mazmuni tushuntirish xatidan farqli ravishda ko‘proq aniqlashtirilgan, kamchilik yoki muvaffaqiyatlarni kamroq hajmda tartib bilan ko‘rsatadigan, aniqlangan ma’lumotlarni qo‘llaydigan bo‘lishi mumkin. Unda korxona umumiy tasnifi va uning faoliyatiga sharhlar yozilmaydi. Tahlil natijasini tekstsiz ko‘rinishda taqdim etilishiga alohida to‘xtalib o‘tish lozim. U doimiy maket tarzidagi analitik jadvallar, grafiklardan tashkil topib, hech qanday tushuntirish xatidan iborat bo‘lmaydi. Analitik jadvallar va grafiklar sistematizatsiyalashga, o‘rganilayotgan materialni umumiylashtirishga va uni qabul qilish uchun oson bo‘lgan ko‘rinishda taqdim etishga ijozat beradi. Jadvallar tuzilishi turli xilda bo‘lishi mumkin. Ular tahlil talablari asosida tuziladi. Analitik jadvallardagi ko‘rsatkichlarni shunday tartibda joylashtirish lozimki ular bir vaqtda ham analitik, ham illyustratsiya materiali tarzida ifoda etishi lozim. Lekin bir jadvalda korxona ishining hamma ko‘rsatkichlarini berish yoki juda ko‘p jadvallar kiritish ham maqsadga muvofiq bo‘lmaydi. Jadvallarning ko‘pligi ham ulardan foydalanishni qiyinlashtiradi. Analitik jadvallar va grafiklar juda oddiy va yaqqol bo‘lishi kerak. Tahlil natijalarini bunday tartibda rasmiylashtirish oxirgi paytda juda ko‘p qo‘llanilmoqda. U ko‘rib chiqilgan va sistematizatsiyalashgan ma’lumotni mustaqil o‘rganib chiqib, kerakli xulosalarni chiqara oladigan, yuqori toifali ishchilarga mo‘ljallangan. Tekstsiz tahlil uning ta’sir kuchini oshiradi, chunki bunda tahlilni bajarishda hamda uning natijalaridan foydalanishdagi uzilish qisqaradi. Amaliyotda judayam kerakli bo‘lgan tahlil natijalari korxona iqtisodiy pasportining ma’lum bir bo‘limiga kiritiladi. Bir necha yil mobaynida yig‘ilgan bunday ma’lumotlar tahlil natijalarini umumiy holatda ko‘rib chiqishga imkon yaratadi. Download 0.59 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling