1-Mavzu: Kirish. “Falsafa” fanining predmeti va jamiyatdagi o’rni. Reja


«Dunyoqarash» tushunchasi, uning shakllari


Download 75.91 Kb.
bet2/3
Sana20.10.2023
Hajmi75.91 Kb.
#1713613
1   2   3
Bog'liq
Falsafa 1- Mavzu

«Dunyoqarash» tushunchasi, uning shakllari. Falsafiy dunyoqarashning yo‘nalishlari va vazifalari. Har bir kishining dunyoga nisbatan o‘z qarashi, o‘zi va o‘zgalar, hayot va olam to‘g‘risidagi tasavvurlari, xulosalari bo’ladi. Ana shu tasavvurlar, tushunchalar, qarash va xulosalar muayyan kishining boshqa odamlarga munosabati va kundalik faoliyatining mazmunini belgilaydi. Shu ma’noda, dunyoqarash —insonning tevarak-atrofini qurshab turgan voqelik to‘g‘risidagi, olamning mohiyati, tuzilishi, o‘zining undagi o‘rni haqidagi qarashlar, tasavvurlar, bilimlar tizimidir.
Dunyoqarash-olamni eng umumiy tarzda tasavvur qilish, idrok etish va bilishdir. Dunyoqarashning bir kishiga yoki alohida shaxsga xos shakli individual dunyoqarash deyiladi. Guruh, partiya, millat yoki butun jamiyatga xos dunyoqarashlar majmuasi esa, ijtimoiy dunyoqarash deb yuritiladi. Ijtimoiy dunyoqarash individual dunyoqarashlar yig‘indisidan dunyoga keladi, deyish mumkin. Bunda ijtimoiy dunyoqarashning umumiy va xususiy shakllarini hisobga olish lozim. Kundalik hayotiy tajribalar asosida jamiyatda, odamlarda oddiy, o‘z-o‘zicha rivojlanuvchi (stixiyali) mohiyatga ega bo‘lgan qarashlar, tushunchalar, g‘oyalar shakllanadi. Bu —dunyoqarashning o‘z-o‘zicha rivojlanuvchi (stixiyali) shakli hisoblanadi. Uni ko‘pincha hayotiy falsafa, deb ham ataydilar. Hayotiy falsafaning doirasi juda keng bo’lib, ongning sodda namoyon bo’lish shakllarini ham, oqilona va sog’lom fikrlarni ham o‘z ichiga oladi. Hayotiy falsafa yoki oddiy amaliy dunyoqarashning o‘ziga xos turini inson faoliyatining turli sohalaridagi bilim va tajribalar ta’sirida shakllanayotgan qarashlar tashkil etadi. «Har kimning o‘z falsafasi bor» deyilganida ana shu hol anglanaladi.
Dunyoqarashning tarixiylik tamoyili. Dunyoqarash muayyan davrda shakllanadi. Shu ma’noda, har qanday dunyoqarash ijtimoiy-tarixiy mohiyatga ega bo’lib, kishilarning umri, amaliy faoliyati, hayoti, tabiatga ta’siri va mehnati jarayonida vujudga keladi. Har bir davrda ijtimoiy guruh, jamiyat va avlodning o‘z dunyoqarashi mavjudligi ham bu tushunchaning tarixiy mohiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Dunyoqarashning tarixiyligi yana shundaki, u ma’lum bir jarayonda takomillashib boradi. Uning shakllari o‘zgaradi, tarixiy ko‘rinishlari muttasil yangilanib turadi. Ma’lumki, insoniyat taraqqiyotining ilk bosqichlarida dunyoqarash nihoyatda oddiy bo’lgan. Agar shunday bo’lmaganida, har qanday jism o‘z hajmiga teng suyuqlik miqdorini siqib chiqarish xossasiga ega ekanini kashf etgan qadimgi zamonning buyuk olimi Arximed hammomdan yalang'och holda chiqib, «Evrika!», ya’ni «Topdim!», deya qichqirmagan bo‘lar edi.
Dunyoqarash jamiyat rivojiga mos ravishda asta-sekin takomillashib borgan. Taraqqiyotning keyingi davrlarida fan sohasida qilingan kashfiyotlar inson dunyoqarashi naqadar chuqurlashib, uning bilimlar doirasi kengayib ketganini ko‘rsatadi. Bunda vorislik an’anasi yaqqol ko‘zga tashlanadi: har bir davrning dunyoqarashi, g'oyasi o‘tmishda yaratilgan ma’naviy qadriyatlarning eng yaxshilarini, ilg‘or va ijobiylarini o‘zida saqlab qoladi. Shu asosda yangi tamoyillarga ega bo’lgan dunyoqarash ham takomillashib boradi. Oddiy bug‘ mashinasidan kosmik raketalargacha bo’lgan fan-texnika taraqqiyoti bunga yaqqol misol bo’laoladi.
Falsafiy dunyoqarash kundalik faoliyat, dunyoviy, diniy, ilmiy bilimlar, hayotiy kuzatishlar va ijtimoiy tarbiya ta’sirida shakllanadi hamda rivojlanadi. Inson ongli ijtimoiy mavjudot bo’lgani bois, uning dunyoqarashi muayyan ehtiyoj va manfaatlarga asoslanadi. Demak, har qanday dunyoqarash muayyan inson, ijtimoiy guruh yoki tabaqaning o‘z ehtiyoj, manfaatlaridan kelib chiqqan holda borliqqa munosabatini ifodalovchi g‘oyalar, nazariyalar, bilimlar majmuasi, ruhiy holat va e’tiqod mujassami hamda ularning namoyon bo’lishidir.
Falsafiy dunyoqarash, mohiyat-mazmuniga ko’ra, ma’naviy faoliyat bo’lgani bois, u borliqqa bo’lgan ongli, insoniy munosabatning muayyan yo‘nalishlarini vujudga keltirgan. Masalan, kishilarning jamiyatdagi axloqiy munosabatlari—axloqiy dunyoqarashlarida, huquqiy munosabatlari —huquqiy, siyosiy munosabatlari —siyosiy, diniy munosabatlari — diniy, ekologik munosabatlari — ekologik dunyoqarash shakllarida o‘z ifodasini topgan.
Buni tizim tarzida izohlaydigan bo’lsak, quyidagicha ko’rinish kasb etadi:
1. Axloqiy. 2. Diniy.3. Huquqiy.4. Siyosiy.5. Ekologik.6. Estetik.
Bu tizimni tashkil qilgan nisbatan mustaqil dunyoqarash shakllari o‘zaro bog’liqlikda, aloqadorlikda harakat qiladi. Dunyoqarash tizimining rivojlanish darajasi jamiyat taraqqiyotiga mos keladi va uni ifodalab turadi. Bundan tashqari, har bir tarixiy davrda millatning rivojlanishi, uning mentaliteti va dunyoqarashida namoyon bo’ladi. Boshqacha qilib aytganda, dunyoqarash tizimi va ularning xususiyatlari muayyan inson, ijtimoiy guruh, tabaqa va butun millatning ma’naviy qiyofasini belgilab beradi.
«Dunyoqarash» tushunchasi o‘zlikni anglash, vatanparvarlik, milliy g‘urur, tarixiy xotira, ma’naviy barkamollik kabi tuyg‘u va tushunchalar bilan uzviy bog’liq holda shakllanadi. Chunki, dunyoqarash aynan ana shu ruhiy-ijtimoiy hodisalar orqali oydinlashadi, umuminsoniy qadriyatlarning tarixiy bir bo’lagiga aylanadi.
Falsafiy dunyoqarashning tarixiy shakllari insoniyat taraqqiyotining qonuniy natijasi bo’lib, jamiyat rivojlanishining ma’naviy mezoni sifatida namoyon bo’lgan. Taraqqiyotning dastlabki bosqichlarida kishilarning tabiatga, o‘zlarining ijtimoiy hayotiga bo’lgan munosabati turli rivoyat va afsonalarda o‘z ifodasini topgan. Ular shu tariqa mifologik dunyoqarashni shakllantirgan. Mifologik dunyoqarash qadimgi zamon kishilarining o‘zlariga munosib hayot sharoitlarini yaratish ehtiyojlaridan kelib chiqqan. Ezgulik va haqiqat uchun kurash g‘oyalarining ifodasi bo‘lgan afsona va rivoyatlarda millatning muayyan ruhiy holati, kelajakka ishonchi, vatanga muhabbati, insoniy kamolotga intilishi badiiy vositalar, afsonaviy qahramonlar timsolida ifoda etilgan.
Muayyan dunyoqarash tarkibida diniy-ilohiy qarashlar o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Ular insonning ilohga bo‘lgan e’tiqodi bilan bog’liq. Jamiyat hayotida har qanday, shu jumladan, diniy dunyoqarashning o‘rni va ahamiyatini ham sun’iy ravishda mutlaqlashtirish, salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu hol ayniqsa, diniy fundamentalizm va ekstremizm insoniyat uchun jiddiy xavfga aylangan hozirgi davrda yaqqol namoyon bo’lmoqda.
Diniy dunyoqarashni teologiya deb ataladigan falsafiy fan o’rganadi. Teologiya olam va odam munosabati, umrning mazmuni, hayot va o’lim muammosi kabi masalalarni ilohiyot, diniy e’tiqod tushunchalari bilan bog’lab tahlil qiladi hamda o‘ziga xos mukammal tizimini yaratgan. Bugungi kunda diniy dunyoqarashning bir talay asosiy vazifalari orasida, uning hayot ziddiyatlarini bartaraf qilish bilan bog’liq regulyativ faoliyati nihoyatda muhimdir. Umuman, dinning barkamol avlodni tarbiyalashdagi o‘rni va ahamiyati benihoyat ulkan va u tobora ortib bormoqda.
Taraqqiyot jarayonida falsafadan tabiatshunoslik fanlari bilan birga psixologiya, etika, estetika kabi ijtimoiy fanlar ham ajralib chiqdi. Keyinchalik madaniyat, qadriyatlar va huquq kabi sohalarni o’rganadigan alohida yo'nalishlar ham paydo bo’ldi. Ular olamni o‘z predmeti doirasida yaxlit bilish, uning xususiy qonuniyatlarini o’rganishga yordam beradi. Falsafiy yo‘nalishlar, tadqiqot olib boradigan sohasiga ko‘ra, o‘ziga xos bo’lib, asosiylari quyidagilardir:
Ontologiya — olam, inson va jamiyatning obyektiv-universal mohiyati to‘g‘risidagi falsafiy ta’limotdir. Boshqacha aytganda, u borliq to‘g‘risidagi, insonning olamga bo’lgan munosabati haqidagi falsafiy bilim sohasidir.
Gnoseologiya — bilish falsafasi bo’lib, olamni anglash, bilish nazariyasi, bilishning shakli, usullari va imkoniyatlari to‘g‘risidagi ta’limotdir.
Aksiologiya — qadriyatshunoslik yoki qadriyatlar to‘g‘risidagi falsafiy ta’limot.
Praksiologiya — insonning predmetli-o‘zgartiruvchan, amaliy faoliyati to‘g‘risidagi falsafiy ta’limot.
Metodologiya — bilish va o‘zgaruvchan faoliyat usullari to‘g‘risidagi ta’limot.
Logika — tafakkur shakllari (tushuncha, hukm, xulosa) va tafakkur vositalarini (ta’rif, qoida, muhokama, tafakkur qonuniyatlari), ularning mazmunidan qat’i nazar, xolis o‘rganuvchi ta’limot.
Etika — axloq falsafasi, insoniyatning axloqiy tamoyillari, talab va tartib-qoidalari to‘g‘risidagi fan.
Estetika — nafosat falsafasi, jamiyat va inson hayotida go‘zallikning o‘rni, qonun-qoidalari to‘g‘risidagi qarashlar majmuyi.
Bundan tashqari, inson falsafasi (antropologiya), ijtimoiy falsafa, tabiat falsafasi, madaniyat falsafasi (kulturologiya), san’at falsafasi, mafkura falsafasi (ideologiya), din falsafasi (teologiya), siyosat falsafasi (politologiya), huquq falsafasi, texnika falsafasi kabi sohalar ham mavjudki, ular bir so‘z bilan ijtimoiy-falsafiy fanlar tizimi deyiladi.
Ikkinchi xil klassifikatsiya falsafiy fanlar tasnifida olam va odam, borliqning asosi bilan bog‘liq masalalar qanday usulda hal qilinishiga qarab belgilanadi. Bunday tasniflash natijasida monizm, dualizm, plyuralizm, materializm, idealizm, teizm, ateizm kabi ko‘plab yo‘nalishlar ko‘zga tashlanadi. Bu tizimda falsafa tarixi bilimning muhim tarmog‘i hisoblanadi. Falsafiy bilimlar tizimidagi alohida yo‘nalish har bir tarixiy davrda o‘ziga xos qonuniyatlar asosida rivojlansa ham, ularning umumiy tamoyillari mavjud. Ya’ni, birinchidan, har bir falsafiy bilim yo‘nalishi jamiyat rivojlanishida o‘ziga xos determinant (sabab) vazifasini bajaradi. Ikkinchidan, falsafiy bilimlar jamiyat taraqqiyotiga ta’sir qiluvchi subyektiv omil bo’lsa ham, vujudga kelish asosi —genezisi nuqtayi nazaridan obyektiv hodisadir. Uchinchidan, falsafiy bilim yo‘nalishlarining o‘zaro bog’liqlik, aloqadorlik munosabati, ularning dunyoni bilishdagi yaxlitligini ta’minlaydi.
Falsafiy dunyoqarashning bu umumiy tamoyillari har qanday konkret dunyoqarash shakllari uchun uslubiy asos bo’lib xizmat qiladi.
1. Falsafiy dunyoqarash ilmiydir, chunki u narsa va hodisalar o’rtasidagi bog’lanish, aloqadorlik va munosabatlarni kundalik ong darajasidagina emas, balki nazariy ong darajasida ham ifodalaydi. Har qanday falsafiy dunyoqarash shakli obyektiv olamdagi narsa va hodisalarning konkret munosabatlarini aks ettiradi.
2. Falsafiy dunyoqarashning tarixiylik tamoyili jamiyatning o’tmishi dunyoqarashlar tarixidan iboratligini va uzluksiz rivojlanishini ifodalaydi.
3. Falsafiy dunyoqarashning mantiqiy izchilligi tamoyili har qanday dunyoqarash shakli va darajasining mantiqiy birikmalar orqali ifodalanishi bilan izohlanadi. Agar mantiqiy izchillik buzilsa, dunyoqarashning tashqi olamni xolis, ilmiy, aniq-ravshan va izchil aks ettirishiga putur yetadi.
4. Falsafiy dunyoqarashning universalligi boshqa dunyoqarash shakllarining mazmunini tashkil qilishi bilan sifatlanadi, ya’ni har qanday dunyoqarash shakli o‘ziga xos falsafiy xususiyatga ega.
5. Falsafiy dunyoqarash maqsadga muvoflq bo’lib, inson manfaatlariga mos keladi. Chunki, inson muayyan maqsad, orzu umidlar bilan yashaydi, ularni o‘z dunyoqarashida aks ettiradi.
6. Falsafiy dunyoqarashning g‘oyaviylik tamoyili, uning asosida muayyan g‘oya yotgani bilan ifodalanadi. Xususan, bugungi o‘zbek milliy falsafiy dunyoqarashi milliy mustaqillik, o‘zlikni anglash, millatimiz kelajagini belgilaydigan istiqlol g‘oyasiga tayanishi bilan xarakterlidir. Falsafiy dunyoqarash shu g‘oyani e’tiqodga aylantirishi va uning amalga oshishi uchun xizmat qiladi.
7. Falsafiy dunyoqarashning eng muhim tamoyillaridan biri nazariya va amaliyot birligidir. Dunyoqarashning nazariya sifatida mavjudligi ijtimoiy amaliyot tajribalarini ijodiy umumlashtirib, istiqbol rejalarini belgilashda qo‘l kelishi bilan izohlanadi. Shuuingdek, dunyoqarashning amaliyotga joriy etilish jarayonida uning usul va vositalari muhim ahamiyatga ega.
Yuqorida ko‘rsatilgan funksiyalarning o‘zaro ichki bog‘liqligi falsafaning mushtarak umumnazariy va uslubiy ahamiyatini belgilab beradi. Ularning o‘ziga xos xususiyatlari hamda ahamiyatini har tomonlama o‘rganish inson va jamiyatning ma’naviy kamolotiga nihoyatda katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa o‘z navbatida, falsafiy bilimlar tizimini takomillashtirish yo’llarini topish imkonini beradi. Masalaning bu tarzda hal etilishi umuminsoniy sivilizatsiya tamoyillariga ham mos keladi.

Download 75.91 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling