1-Mavzu: Kirish. Gistologiya va embriologiya faniga kirish. Reja: Kirish
GISTOLOGIYA TARAQQIYOTINING TARIXI
Download 34.63 Kb.
|
222k
GISTOLOGIYA TARAQQIYOTINING TARIXI
Gistologiya qadimiy fanlardan biri bo`lishiga qaramasdan, u yoki bu struktaralarni ilmiy asosda talqin qilish, ularni (strukturalarni) kattalashtirib ko`rish va nozik struktur tuzilmalarni aniqlash imkoniyati gistologik tadqiqot usullarining mukammallashuvidan keyingina yuzaga keldi. Gistologiya taraqqiyotining hozirgi darajasi to`qimalar va ularning tarkibiy qismi bo`lgan hujayralarning struktur tuzilmalari to`g`risida mulohaza qilish imkonini beradi. Lekin gistologiya taraqqiyotining hozirgi holati ham eng oxirgi chegara bo`lmasdan, strukturalar to`g`risidagi ma`lumotlarning yanada kengayishi va chuqurlashishi o`z-o`zidan ravshandir. Shunday qilib, gistologiya taraqqiyotining har bir davriga tadqiqot usullarining mukammalligiga mos keladigan to`qimalar strukturalari to`g`risidagi tasavvurlar xos bo`lib, ularni talqin qilish hukmron bo`lgan ideologiyani aks ettiradi. Shu munosabat bilan gistologiya taraqqiyotining tarixini ikki bosqich: mikroskopiyagacha bo`lgan bosqich va mikroskopik gistologiya bosqichlariga bo`lish mumkin. Mikroskopiyagacha bo`lgan davr gistologiyasi (“anatomik gistologiya”). Bu davrda morfologik strukturalarni o`rganishda Aristotel (eramizdan avvalgi IV asr), Galen (eramizdan avvalgi III asr), keyinroq (X asrda) Abu Ali ibn Sinoning asarlari ma`lum ahamiyatga ega. O`rta osiyolik ulkan olim va mutafakkir, tabib Abu Ali ibn Sino (Evropa nashrlarida Avitsenna) “Meditsina odam tanasini u sog`lomligi yoki sog`ligini yo`qotganligi tufayli tekshiradi” deb hisoblaydi va a`zo yoki uning qismlari “tabiatini” alohida sinchkovlik bilan o`rganadi. U oddiy va murakkab a`zolarni farq qilgan. Murakkab a`zolarga suyak kiradi. U qattiq va tananing tayanchi hamda harakatlanishining asosi bo`lib xizmat qiladi. Undan keyin tog`aylar, paylar, bog`lamlar, arteriyalar, venalar, pardalar va go`sht (et) keladi. Ibn Sino miyaning, “his-tuyg`ular asosi”-shuningdek, yurak va jigarning tasvirini keltiradi. Ko`zning tuzilishi, vazifasi, xususan ko`z gavhari va shishasimon tananing tuzilishini batafsil bayon qiladi. Ibn Sino ko`rish jarayonida to`r pardaning ahamiyatini mutlaqo to`g`ri qayd qilgan. Ko`z muskullarini va ularning atrofdagi organ va to`qimalar bilan aloqasini ham ibn Sino ta`riflab bergan. Gistologiya taraqqiyotining birinchi bosqichi uzoq, 2000 yillar davom etgan bo`lsa-da, u to`qimalar - organizmning o`zaro faqat fizik xossalari (qattiq, yumshoq, suyuq), rangi (oq, qizil, sariq) va solishtirma og`irligi (suvda cho`kadigan, cho`kmaydigan) bilan farq qiladigan qismlari to`g`risida umumiy tasavvurlar hosil qilish imkonini berdi. Tadqiqot usullari anatomiyaga xos bo`lgan bu davrni gistologiya fanining ilk tarixi (muqaddimasi) deb atash mumkin. Mikroskopik gistologiya to`qimalarning strukturalarini o`rganish maqsadida mikroskopni qo`llashdan (Robert Guk, 1665 y.) boshlanadi. Fizik R.Guk, anatom M.Malpigi, botanik N.Gryu, havaskor-optik A.Levenguklar birinchi mikroskopistlardan hisoblanadi. Ular 140-300 marta kattalashtiradigan mikroskoplar yordamida teri, taloq, qon, muskullar, urug` suyuqligi va boshqalarning tuzilishini tasvirlab bergan. Lekin bu davrning mikroskoplari sferik va xromatik aberratsiya bilan bog`liq bo`lgan muhim kamchilikka ega bo`lib, ko`rish maydonida kamalaksimon shafaq hosil bo`lishi u yoki bu strukturani aniq farq qilishga xalaqit berar edi. Bu hol tadqiqotchilarning ilmiy kuzatishlarga bo`lgan ishtiyoqini so`ndirib, mikroskopning keng qo`llanilishiga to`siq bo`ldi. Mikroskopiyaga nisbatan salbiy munosabatlarga bu davrda hukmron bo`lgan, tabiatda hech bir narsa yangidan hosil bo`lmaydi, organizmlarning taraqqiyoti - dunyoning yaratilishi paytida asos solingan kurtaklarning o`sishidir, deb hisoblovchi preformatsiya nazariyasi (Galler) ham sabab bo`ldi. Bu nazariyaga ko`ra, yangi organizmlarning taraqqiy qilishida shakllangan va jinsiy hujayraga (tuxum hujayraga - ovizm, spermiyga - animalkulizm) kiritib (solib) qo`yilgan organizmning o`sishi yuz beradi. XVIII asrning oxiri - XIX asrning boshlarida peterburglik, shuningdek gollandiyalik olimlar va ustalar mikroskopik kuzatishlar natijalarini ishonarli qilgan va xilma-xil o`simlik hamda hayvonlarning strukturalarini sistemali ravishda o`rganishga kirishish imkonini bergan axromatik mikroskoplarni yaratdilar. Ilmiy tadqiqotlarda axromatik mikroskopni qo`llash gistologiyaning taraqqiyoti uchun yangi turtki bo`ldi. Peterburg fanlar akademiyasida I.Kuleman jinsiy sikl va bo`g`ozlik jarayonida qo`y tuxumdonini, P.Ash - urug` suyuqligini, L.M.Shumlyanskiy esa buyrakning mikroskopik tuzilishini o`rgandi. Ya.Purkine (1825-1827) tovuq tuxumida, keyinroq esa hayvonlar turli to`qimalarining hujayralarida o’zakni tasvirlab berdi. Keyinchalik u fanga “protoplazma” tushunchasini kiritdi, nerv hujayralari shaklini, bezlarning tuzilishini va boshqalarni o`rgandi. R.Braun o`zak barcha o`simlik hujayralarining doimiy tarkibiy qismidir, degan xulosaga keldi. Shunday qilib asta-sekinlik bilan hayvon va o`simlik organizmlarining mikroskopik tuzilishi, ilgariroq R.Guk tomonidan “hujayra” (cellula) deb atalgan struktura to`g`risida material to`plana boshladi. Bu davr A.Dyutroshe, P.F.Goryaninov, G.Valentin, Ya.Genli, M.Shleyden va T.Shvann tadqiqotlari bilan yakunlandi. T.Shvann o`zidan oldingi barcha tadqiqotlarni umumlashtirib, 1838-39 yillarda hujayra nazariyasini yaratdi. Teodor Shvann hujayrani o`simlik va hayvonot dunyosi uchun universal bo`lgan asosiy element deb qaradi. Hujayra nazariyasining yaratilishi nafaqat biologiya va meditsinaning, balki falsafaning ham taraqqiyoti uchun juda katta progressiv ta`sir ko`rsatdi, o`simlik va hayvonlar struktur tuzilishini obyektiv baholash uchun imkon tug`dirdi. XIX asrning o`rtalarini organlar va to`qimalar gistologiyasi, ularning gistogenezini o`rganish avj olgan davr deb hisoblash mumkin. Organlar va to`qimalarning mikroskopik tuzilishini o`rganish to`qimalar tasnifiga aniqlik kiritdi (F.Leydig, A.Kyolliker va b.) va mikroskopik anatomiya asoslarini yaratish imkonini berdi. Lekin mikroskopik texnikaning holati o`sha paytdagi ilmiy fikrni qanoatlantira olmas edi. Suvli va moyli immersion obyektivlarni qo`llash natijasida mikroskopning kattalashtirish qobiliyati oshirildi, mikrotom ixtiro qilindi va yangi fiksatorlar (formalin, osmiy va xrom kislotalar) qo`llaniladigan bo`ldi. K.Golji to`qimalarni kumush tuzlari bilan impregnatsiya qilish usulini ishlab chiqish va qo`llash yo`li bilan plastinkali kompleks (hujayra ichidagi to`rsimon apparat)ni kuzatdi va tasvirlab berdi. R.Kaxal bu usulni mukammallashtirilgan holda qo`llab, nerv sistemasini har tomonlama puxta o`rganishi va neyrogistologiya asoslarini yaratishi 1906 yilda K.Golji va R.Kaxalga Nobel mukofoti berish uchun asos bo`ldi. XIX asrda Rossiyada Moskva va Peterburg (1868), keyinroq Qozon, Kiev, Xarkov, Derpt (Tartu)da meditsina fakultetlarida mustaqil gistologiya kafedralari tashkil qilinib, sistemali ravishda ilmiy tadqiqotlar olib borila boshlandi va ilmiy maktablar yaratildi. Moskva ilmiy maktabi o`z shogirdlari bilan birgalikda turli to`qimalar, ayniqsa, muskul va nerv to`qimalarining gistogenezi va gistofiziologiyasini o`rgangan A.I.Babuxin (1827-1891) tomonidan yaratildi. Keyinroq I.F.Ognev (1855-1927) o`rganilayotgan masalalar doirasiga hujayralar, to`qimalar va organlarning gistostrukturasi va fiziologiyasiga turli xil ichki va tashqi omillarning ta`sirini tadqiq qilishni kiritdi. Peterburg universiteti va mediko-xirurgiya akademiyasida gistologiya kafedralariga F.V.Ovsyannikov (1827-1906), N.M.Yakubovich (1817-1879), A.S.Dogel (1852-1922), M.D.Lavdovskiy (1846-1903), A.A.Maksimov (1874-1928), A.A.Zavarzin (1886-1945), I.G.Xlopin (1897-1961) va boshqalar rahbarlik qildi. Ular, ularning shogirdlari va izdoshlari (Nemilov, Danini, Rumyansev, Yasvoin, Eliseev, Kadilov va b.) tomonidan biriktiruvchi va epiteliy to`qimalarni qiyosiy-gistologik va eksperemental tadqiq qilish bo`yicha juda katta material to`plandi va umumlashtirildi. Embrional gistogenezning qonuniyatlari (Katsnelson, Shelkunov, Vinnikov, Knorre), endokrin sistemaning struktur tuzilishi, muskul to`qimasining gistogenezi va regeneratsiya jarayonlari (Nemilov, Rumyansev, Alyoshin, Studitskiy va b.) o`rganildi. Kiev universitetida gistologiya kafedrasining tashkilotchisi P.I.Peremejko bo`ldi. U va uning shogirdlari tomonidan embrion varaqlari va organlar (ko`z, buyrakusti bezi, qon tomirlari,muskul to`qimasi va b.) ning taraqqiyoti o`rganildi. Qozon gistologiya maktabi (K.A.Arnshteyn, A.S.Dogel, A.E.Smirnov, D.A.Timofeev, A.N.Mislavskiy, B.I.Lavrentyev, G.I.Zabusov, E.K.Plechkova, M.A.Grigoreva, P.A.Kovalskiy) neyrogistologiya sohasida ixtisoslashdi. Hozirgi paytda qishloq xo`jalik hayvonlari organlari va to`qimalarining struktur tuzilishi va gistokimyosi masalalarini Yu.T.Texver, O.V.Aleksandrovskaya, L.V.Davletova, P.A.Ilin, A.F.Rijix, I.S.Rjanitsina, N.A.Goroxovskiy, A.I.Pilipenko, L.P.Telsova va boshqalar rahbarligidagi gistologlar jamoalari muvaffaqiyatli ravishda o`rganmoqda. O`zbekistonda gistologiya kurslari va kafedralari Toshkent (1920) Samarqand (1930) universitetlari va zooveterinariya institutida tashkil etildi. Samarqand zooveterinariya (keyinchalik qishloq xo`jaligi) institutining gistologiya va embriologiya kafedrasi 1930 yilda professor G.M.Semyonov tomonidan tashkil qilindi. G.M.Semyonov O`zDU (SamDU) meditsina fakulteti gistologiya kafedrasining ham mudiri edi. 1938 yil, kafedrani professor V.V.Averburg boshqara boshlagan davrda, tuyalar ovqat hazm qilish yo`lining gistologiyasi bo`yicha ilmiy tadqiqotlar olib borildi. 1946 yildan SamQXI gistologiya kafedrasini ayni paytda Samarqand meditsina institutining kafedra mudiri bo`lgan Z.X.Rahmatulin boshqardi. Bu davrda kafedra qoshida aspirantura ochilib, O`zbekiston sharoiti uchun spetsifik hayvon - qorako`l qo`yining zot gistologiyasini o`rganish boshlandi (ovqat hazm qilish sistemasi - N.A.Goroxovskiy, quyoshsimon chigal-H.A.Sharipova). 1960 yildan boshlab kafedrada qorako`l qo`ylarining morfologiyasi hayvon yoshini hisobga olgan holda o`rganilmoqda. Download 34.63 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling