1-Mavzu: Kirish. Gistologiya va embriologiya faniga kirish. Reja: Kirish
Download 34.63 Kb.
|
222k
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kirish. Gistologiya
- (1.mkm (1 mikron)=0,001 mm)
1-Mavzu:Kirish. Gistologiya va embriologiya faniga kirish. Reja:Kirish. 1.Gistologiya va embriologiya fanining ob’ektlari va predmeti, maqsadi va vazifalari, fan rivojlanishidagi asosiy bosqichlari. 2.Gistologiya va embriologiya fanining bo’limlari,tadqiqot uslublari. Kirish. Gistologiya (yunon. histos-to`qima, logos-ta`limot, fan) hayvonlar va odam organizmidagi to`qimalarning taraqqiyoti, tuzilishi va hayot faoliyatini o`rganuvchi fandir. Hozirgi paytda gistologiya fani faqatgina organizm strukturalari, ularda yuz beradigan jarayonlarni o`rganish bilan chegaralanib qolmasdan, balki moddalar almashuvi va funksional jarayonlarni shu strukturalar bilan bog`liq holda mikroskopik va submikroskopik darajada o`rganadi. To`qimalar hujayra va hujayra shakliga ega bo`lmagan tirik moddalardan tuzilganligi, to`qimalarning embrional taraqqiyot jarayonida kelib chiqishi va barcha a`zolar to`qimalardan tuzilganligini hisobga olib, gistologiya kursi tarkibida sitologiya, embriologiya, umumiy va xususiy gistologiya bo`limlari farq qilinadi. Gistologiya fani anatomiya, fiziologiya, biokimyo, genetika, patologik anatomiya va boshqa biologik hamda klinik fanlar bilan yaqin aloqadadir. Hozirgi paytda gistologiyada keng qo`llanilayotgan biokimyo, biofizika va molekulyar biologiyaning tadqiqot usullari shikastlanmagan hujayraning struktur-biokimyoviy tashkillanishi va tuzilmalarini o`rganish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Gistologiyada qo`llaniladigan xilma-xil va ko`p qirrali tadqiqot usullari o`rganilayotgan obyektni mikroskopik va submikroskopik hamda gistokimyoviy tahlil qilish imkonini beradi. To`qimalarni turli usullar bilan o`rganish uchun ularga ma`lum tartibda ishlov beriladi. Birinchi navbatda to`qimalar chirimasligi, o`z-o`zini emirib yubormasligi va tiriklik paytidagi o`z strukturasini saqlab qolishi uchun fiksatsiya (fixus-mustahkam) qilinadi. Fiksatsiya qiluvchi moddalarga 5-20% li formalin eritmasi, etil spirti, osmiy kislota va shuningdek bir necha kimyoviy moddalarning aralashmasidan iborat murakkab birikmalar kiradi. Fiksatsiya qiluvchi suyuqliklarni tayyorlash va ularni qo`llash maxsus qo`llanmalarda batafsil bayon qilingan. Tekshirilayotgan organ (to`qima) bo`lakchasi fiksatsiya qilingach, uni parafin, selloidin yordamida yoki sovuqlik ta`sirida muzlatib zichlashtiriladi. Zichlashtirilgan materialdan yupqa qilib kesadigan maxsus asbob - mikrotom yordamida yupqa (qalinligi 1-50 mikrometr) kesmalar tayyorlanadi. Suyuq to`qimalar (qon, sperma)dan surtmalar, yupqa pardalardan yaxlit (total) preparatlar tayyorlash mumkin. To`qimalarning strukturalarini differensiatsiya qilish va aniq kuzatish uchun kesmalar bo`yaladi. Kesmalarni bo`yashda to`qimalar strukturalarining ma`lum ko`rsatkichli pH ga ega bo`yoqlarni qabul qilishi hisobga olinadi. pH ning ko`rsatkichiga qarab bo`yoqlar uch guruh: kislota yoki asos xossali hamda neytral bo`yoqlarga bo`linadi. Kislotali bo`yoqlar - kislotalar yoki ularning tuzlari (pikrin kislotasi, eozin, floksin, azokarmin va boshqalar)dir. Bu bo`yoqlarning kislota xususiyati nitroguruh (NO2), xinoid guruh (O=N=O), gidroksil guruh (OH), karboksil guruh (COOH)larga bog`liq. Kislotali bo`yoqlar bilan bo`yaluvchi strukturalar oksifil (atsidofil, eozin bo`yog`i ishlatilganda - eozinofil) strukturalar deb nomlanadi. Asos xossali bo`yoqlar (safronin, pironin, tionin, azur va boshqalar)ning asos (ishqor)lik xossasi aminoguruh (NH2), monometilaminguruh (NH-CH3), imidoguruh (NH) va boshqalarga bog`liq. To`qimalarning asos xossali bo`yoqlar bilan bo`yaladigan qismlari bazofil strukturalar deyiladi. Ham kislota, ham asos xossali bo`yoqlarni qabul qiluvchi, ya`ni neytrofil strukturalar ham mavjud. To`qimalar tarkibidagi ma`lum moddalar bilan reaksiyaga kirishadigan va ularni ma`lum rangga bo`yaydigan bo`yoqlar (masalan, sudan III, osmiy kislota faqat yog` va yog`simon moddalarni aniqlash imkonini beradi) maxsus bo`yoqlar deyiladi. Ma`lum bir maqsadni ko`zlab bo`yalgan kesmalar suvsizlantiriladi va predmet shishasiga yopishtiriladi. Shu yo`l bilan tayyorlangan gistopreparat mikroskop yordamida o`rganiladi. Ko`pchilik tadqiqotlar yorug`lik nuri yordamida ishlaydigan mikroskoplarda olib boriladi. Hozirgi paytda 2000-2500 martagacha kattalashtiradigan yorug`lik mikroskoplari mavjud bo`lib, ular yordamida bir-biridan 0,2 mkm1 uzoqlikda turuvchi nuqtalarni ajratib ko`rish mumkin. Bo`yalmagan, tiniq obyektlar (masalan, tirik hujayra va to`qimalar) fazokontrast mikroskop yordamida o`rganiladi. Bunday muhit orqali o`tayotgan yorug`lik nurlari to`lqinlarining fazasi material qalinligi va o`tayotgan yorug`lik tezligi bilan belgilanadigan kattalikka siljiydi. Fazokontrast mikroskop bunday ko`zga ko`rinmaydigan faza siljishlarini yorug`lik nurlari to`lqinlari (1.mkm (1 mikron)=0,001 mm) amplitudasining o`zgarishlariga aylantirib beradi. Bunda hosil bo`ladigan qora-oq tasvir muayyan qismlarining zichligi obyekt qalinligi bilan obyekt va uning atrof-muhiti nur sindirishidagi farq hosilasi kattaligiga bog`liq. Flyuoressent mikroskopiya. Flyuoressensiya obyektning nurli energiya ta`sirida yuzaga keladigan nurlanishidir. Flyuoressent mikroskopda gistopreparat to`lqin uzunligi qisqaroq bo`lgan ultrabinafsha, binafsha va ko`k nurlar yordamida o`rganiladi. Bu mikroskop bir-biridan 0,1 mkm uzoqlikda turuvchi nuqtalarni farq qilish imkonini beradi. Vitaminlardan A, B2, pigmentlar, lipoidlar kabi moddalarning o`zlariga xos bo`lgan flyuoressensiya birlamchi flyuoressensiya deyiladi. Ma`lum bir xil moddalar va strukturalar maxsus bo`yoqlar - flyuoroxromlar bilan ishlov berilgach, flyuoressensiya qobiliyatiga ega bo`ladi. Bunday flyuoressensiya ikkilamchi flyuoressensiya deyiladi. Antigen-antitanacha reaksiyalariga asoslangan immunoflyuoressent analiz usullari ham mavjud.
Download 34.63 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling