Tayanch so`z va atamalar: nutq, so‘z, ta’sirchanligi, munosabat, leksik ma’no, tildagi so‘z, talaffuz, shakldosh, ma’nodosh, ko‘p ma’moli, omonim, sinonimik qator, antonim, so‘z o‘yinlari, so‘z san’ati, ma’no qirralari.
Tildagi ayrim so`zlar shakliy jihatdan, ayrimlari ma'no jihatidan, bir xillari esa talaffuzi jihatidan o`xshash bo`ladi. Ayrim so`zlarning ma'nolari esa bir-biriga qarama-qarshi bo`ladi. Ana shu xususiyatlariga ko`ra so`zlar quyidagi guruhlarga bo`linadi: 1) omonimlar, 2) sinonimlar, 3) antonimlar, 4) paronimlar, 5) uyadosh so`zlar.
Shakldosh so‘zlar (omonimlar). Тilimizda tovush (yozuvda harflar) tomoni bir xil bo‘lib, turlicha ma’nolarni ifodalovchi so‘zlar va qo‘shimchalar mavjud. Bunday so‘z va qo‘shimchalarning omonimlar (lot. homos – bir, onuma – nom) yoki shakldoshlar deyilishidan xabaringiz bor. Masalan, ot «hayvon», ot «ism», ot «irg‘it» kabi.
Lug‘aviy (leksik) omonimlar – so‘zlar doirasidagi shakldoshlik nutq jarayonida so‘z o‘yini uchun qulay imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, zakiylik san’atida ulardan o‘rinli foydalanish askiyachilarning mahorati sanaladi.
Eslatma: ba’zi adabiyotlarda omonimlar lug‘aviy (so‘zlar omonimligi), frazeologik (iboralar omonimligi), leksik va frazeologik (so‘z va iboralar omonimligi), grammatik (qo‘shimchalar omonimligi) kabi turlarga ham ajratiladi.
Shakldosh so‘zlar bir qarashda ko‘p ma’noli so‘zlarga o‘xshab ketadi. Ularni bir-biridan farqlash kerak. Ko‘p ma’noli so‘zlar bir so‘zning o‘z va ko‘chma ma’nolarida qo‘llashdan hosil bo‘ladi. Shakldosh so‘zlar esa shakli o‘xshash ikki va undan ortiq so‘zlardir. Ko‘p ma’noli so‘zlarda o‘zaro ma’no jihatdan bog‘liqlik bor. Masalan, kulmoq fe’lini olsak, Suman bu gapni eshitib kuldi va Unga omad kuldi gaplarida kulmoq bir so‘zning turli (o‘z va ko‘chma) ma’nolarda ishlatilishidir. O‘tin yonib kul bo‘libdi gapidagi kul so‘zi esa yuqoridagi gaplardagi kul so‘ziga nisbatan shakldoshlik hosil qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |