Tayanch so‘z va iboralar: matn, mikro va makro matn, ilmiy-ommabop matn, matn tuzilishi, matn elementlari.
O‘zaro va tarkiban bog‘langan gaplar ketma-ketligidan iborat yozma yoki og‘zaki shakldagi yaxlit birlik matn sanaladi. Matn tuzuvchi muayyan voqea-hodisa yoki narsa, shaxs haqida hikoya qilish, ularni tasvirlash yoki ular haqida muhokama yuritish kabi maqsadlarni ko‘zda tutishi mumkin
Tilshunos E.Qilichev «Matnning lingvistik tahlili» deb nomlangan kitobida «Matn – hamma elementlari o‘zaro zich aloqada bo‘lgan va avtor nuqtai nazaridan ma’lum bir maqsadga yo‘naltirilgan nominativ – estetik axborotni ifodalovchi murakkab tuzilma» degan ta’rifni keltiradi.
Matn hajm va mazmun belgisiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: 1.Hajm belgisiga ko‘ra matn tiplari. 2.Ifoda maqsadi va mazmun belgisiga ko‘ra matn tiplari.
Hajm belgisiga ko‘ra matn turlari. Matn gapdan ko‘ra yirik hajmli aloqa vositasi, nutqiy faoliyat mahsuli, muayyan qonuniyatlar asosida shakllangan yozma nutq ko‘rinishidir. Matnni hajm belgisiga ko‘ra ikkiga ajratamiz: Mikromatn (minimal) va makromatn (maksimal) matn.
Mikromatnga quyida bir necha misollarni ko‘rib chiqamiz:
Atomning tuzilishi
Tabiatda hamma narsa moddalardan tashkil topgan. Modda – bu ma’lum bir agregat holatdagi atom va molekulalar majmuasidan iboratdir. Moddalar oddiy va murakkab bo‘ladi. Oddiy moddalar tarkibiga faqat bir elementning atomi kiradi. Murakkab modda yoki kimyoviy birikma bir qancha elementlar atomlaridan iborat bo‘ladi.
Elektron qobiq
Elektronlarning yadro tevaragida aylanishi paytida o‘zida tutib turadigan energiyasiga bog‘liq holda elektronlar u yoki bu elektron orbitada to‘planadi. Boshqacha qilib aytganda, elektron orbita daraja yoki qavat ham deb ataladi.
Mikroblarning metallurgiyada qo‘llanishi
Ba’zi mikroblar metallarni eritish xususiyatiga ega. Bundan eski, rudasi kam, tashlandiq konlardan metall olishda foydalaniladi. Lekin bunday mikroblar – temir bakteriyalari – temirni yemirib, zarar ham yetkazadilar. (Xarkov, Kiyev metropolitenlarida – temir konstruksiyalarini buzishgan)
Mikroblar temirni eritibgina qolmay, ishlab chiqarishi ham mumkin.
Matn – struktural jihatdan gapdan yirik sintaktik butunlik. Demak, gaplardan tashkil topadi. Yashirin mazmun sifatida havola qilinayotgan ma’nolar so‘zning ma’no strukturasi bilan bog‘liq. Mazkur gap o‘zidan keyin keladigan izohlovchi yoki kengaytiruvchi gaplar bilan bir butunlik hosil qilgandagina matn deyish to‘g‘ri bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |