Shartli sinonimlar – so‘zlarning ko‘chma ma’nosiga asoslangan bo‘lib, gap ichida sinonim bo‘ladigan, gapdan tashqarida sinonim bo‘la olmaydigan so‘zlar: qattiq odam – xasis odam, shirin bola – yoqimtoy bola, qora sovuq – qattiq sovuq, qalin do‘st – ahil do‘st kabi.
Ma’nodosh so‘zlar quyidagicha yuzaga keladi:
So‘zni yangi ma’noda qo‘llash: o‘rin – lavozim – mansab.
Adabiy til va shevaga mansub so‘z sinonimligi: narvon – shoti, chelak – paqir – satil.
Boshqa tillardan so‘z olish hisobiga paydo bo‘lgan sinonimlar: bahor (tojikcha) – ko‘klam, amr (arabcha) – farmon (tojikcha) – buyruq (o‘zbekcha), kuch (o‘zbekcha) – quvvat (arabcha)
Yangi so‘z yasash orqali: ko‘rmoq – tomosha qilmoq, ruhlanmoq – xursand bo‘lmoq kabi.
Sinonimlar qatori a’zolaridan nutq jarayonida o‘rinli foydalanish so‘zlovchining maqsadini aniq, ravon va ta’sirchan ifodalashda katta ahamiyatga ega. Ma’nodosh so‘zlar bir ma’noni xilma-xil so‘zlar orqali turli nozik ma’no qirralari bilan ifodalashda, so‘z sehrini namoyish etishda, nutqni bezashda, ta’sirchanligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega.
Zid ma’noli (antonim) so‘zlar. O‘zaro zid ma’noli so‘z va qo‘shimchalarga antonimlar deyiladi. So‘z maqomidagi antonimlar lug‘aviy (leksik) antonimlar (katta – kichik, saxiy – xasis, savol – javob), qo‘shimcha maqomidagi antonimlar esa affiks antonimlar (gulli – gulsiz, o‘rinli – noo‘rin), iboralar antonimligi frazeologik antonim (qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan – yerga ursang, ko‘kka sapchiydi) sanaladi.
Nutqimizda lug‘aviy (leksik) antonimlardan foydalanish fikrimizni ta’sirli ifodalashda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, badiiy adabiyotda zid ma’noli so‘zlarni bir-biriga zidlash asosida badiiy san’at hosil qilinadi. Bunday san’atga tazod san’ati deyiladi.
Fe’lning bo‘lishsizlik shaklida ma’noviy zidlik bo‘lmagaligi uchun antonim bo‘lolmaydi. Masalan: keldi – kelmadi so‘zlari o‘zaro antonimlar emas. Keldi – ketdi antonim juftlardir.
Antonimlik doim bir so‘z turkumi doirasida vujudga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |