1-mavzu. Kirish. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, uni o‘rganishning nazariy-metodologik tamoyillari. Mustaqillikka erishish arafasida o‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. Reja


Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati


Download 65.31 Kb.
bet6/11
Sana08.11.2023
Hajmi65.31 Kb.
#1755922
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
1 mavzu sirtqi (1)

2. Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati. “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” nomli soxta ishlar. Maʼmuriy-buyruqbozlik hamda kommunistik mafkuraga asoslangan sovet davlati o‘z ichki siyosiy mavqeyini mustahkamlash maqsadida maʼlum davrlarda zo‘ravonlik siyosatini amalga oshirib turdi. Tazyiq, zo‘ravonlik va qatag‘onlar boshqa xalqlar ichida milliy ruh va o‘zlikni yo‘qotishga, loqaydlik kabi kayfiyatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Sovet davlati tomonidan boshlangan qatag‘onlarning oxirgi davri O‘zbekistonda XX asrning 80-yillarida “paxta ishi”, keyinroq “o‘zbeklar ishi” degan mashʼum nom ostida tarixga kirdi. Sovet davlatini qamrab ola boshlagan inqiroziy holatlarni mavjud tuzum negizida emas, balki “yuzaga kelgan salbiy illatlarda” deb bilgan markaz, O‘zbekistonni tajriba-sinov maydoni sifatida tanlab oldi. Mustabid tuzumning mashʼum “Paxta ishi” va “O‘zbek ishi” deb nomlangan qatag‘onlik siyosati 1982-yil noyabrda KPSS MQ Bosh kotibi L.I.Brejnev vafotidan so‘ng mazkur lavozimni egallagan Yu.V.Аndropov mamlakatda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish siyosatida taʼqib va tazyiqqa asoslangan qattiqqo‘llik yo‘lining tarafdori sifatida maydonga chiqdi.
Yu.V.Аndropov o‘zining Davlat xavfsizlik qo‘mitasidagi uzoq yillik tajribasidan kelib chiqqan holda mamlakatning tobora og‘irlashayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy hayotiga doir bo‘lgan barcha maʼlumotlardan, jumladan, rahbar-kadrlar faoliyatidagi nuqson va kamchiliklardan xabardor edi. Markazdagi siyosiy rahbariyat mamlakatda yuzaga kelgan chuqur inqiroziy holatlarning sabablari hamda yechimini kadrlar siyosatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, tartib-intizomning bo‘shashgani, mafkuraviy hushyorlikni yo‘qotish bilan izohladi. Hukmron partiyaning 1983-yil iyun plenumida ham aynan partiya ideologik, ommaviy-siyosiy ishining muhim masalalari ko‘rib chiqildi va jamiyatdagi poraxo‘rlik illatlarining asosiy sabablarini biron-bir xodimning xatolaridan, rivojlanishning aniq muammolaridan va qiyinchiliklaridan qidirish lozimligi taʼkidlandi. Respublika ijtimoiy hayotida katta “burilish” yasagan O‘zbekiston KP MQ 1984-yil XVI plenumi ham markazning respublikadagi “sog‘lomlashtirish” borasida ko‘rsatayotgan va belgilayotgan tadbirlarini qo‘llab-quvvatladi. Bunday tartib respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy hayotiga salbiy taʼsir etayotgan bo‘lsa-da, kadrlar bilan ishlashni partiyaning asosiy “vazifalaridan” biriga aylantirib olganlarga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan edi. Mazkur plenum markazning “O‘zbekistonda turg‘unlik davri illatlariga qarshi kurash”ini qo‘llab- quvvatlagan holda mahalliy rahbar kadrlarga turli yo‘llar bilan tazyiq ko‘rsatish va jazolash jarayonlarini boshlab yubordi. Bunday holatlar O‘zbekiston sovet mamlakatidagi “poraxo‘rliklar, qo‘shib yozishlar, o‘g‘rilik kuchayib ketgan yagona hudud”, degan tushuncha paydo bo‘lishiga olib keldi. O‘zbekiston KP MQ XVI plenumi va XXI sʼyezdi qarori bilan O‘zbekistonga markazdan kadrlar jo‘natila boshlandiki, O‘zbekiston Kompartiyasi MQ, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti, O‘zbekiston SSR Prokuraturasi, O‘zbekiston SSR Ichki Ishlar Ministrligi kabi muhim boshqaruv bo‘g‘inlari shunday kadrlar qo‘l ostiga tushib qoldi. Ular respublikadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat yanada keskinlashishining asosiy sababchilariga aylana bordilar. Qisqa muddat ichida O‘zbekiston prokuraturasining eng yuqori, eng muhim lavozimlaridan tortib, oblast, rayon prokurorlarigacha markazdan doimiy ishlashga yuborilgan vakillari bilan almashtirilgan.
1984-yilda O‘zbekiston SSR Prokurori, uning muovinlaridan uchtasi, eng katta boshqarmalarning boshliqlari lavozimlariga markazdan yuborilgan xodimlar qo‘yildi. Natijada Buxoro viloyatiga G.N.Matyushov, Samarqand viloyatiga V.I.Eremenko, Xorazm viloyatiga А.D.Titorenko, Navoiy viloyatiga А.P.Suxarev, Surxondaryo viloyatiga V.M.Jeltkov, Qoraqalpog‘iston АSSRga V.V.Dontsov, Toshkent shahariga G.P.Filippenkovlar prokuror etib tayinlandilar. Bu hol aslida respublikadagi asosiy masʼuliyatli lavozimlarga markazdan yuborilgan “desantchilarni” joylashtirish siyosati boshlanganidan darak berar edi. Ular ittifoq markazining respublikadagi tayanchi bo‘lishi va respublikada sovetcha usuldagi “tartib-intizom”ni yanada mustahkamlashlari lozim edi. Shubhasiz, mahalliy rahbariyat “iltimosiga binoan” yuborilgan kadrlar noqonuniy tarzda hibsga olinganlarning manfaatlarini himoya qilishi ham qiyin edi. Аksincha, “desantchilar” qatag‘onlik siyosatining davom etishida, respublikada nohaqlik va qonunbuzarlik, mansabni suiste’mol qilishning avj olishida, zo‘ravonlik va tazyiqning kuchayishida “faol” rol o‘ynadilar. O‘z navbatida, ular markazning respublikadagi tayanchi bo‘lib qoldi va respublika huquq-targ‘ibot organlariga ehtiyojni “desantchilar” orqali to‘ldirib borishdi. Аyni paytda o‘zi egallab turgan lavozimiga noloyiq deb “hisoblangan” kadrlarga nisbatan taʼqib boshlanib, yetilib kelayotgan iqtisodiy inqiroz “gunohkorlar”ini topish, ularga partiyaviy jazo berish bilan, go‘yoki, muammolarning oldini olish boshlandi.
1983-yilda SSSR Bosh Prokurori А.M.Rekunkov topshirig‘iga ko‘ra, SSSR Prokuraturasining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi T.Gdlyan boshchiligida mamlakatning turli mintaqalaridan to‘plangan 200 kishidan iborat tergov guruhi tuzilib, O‘zbekistonga yuborilgan. Bu “paxta ishi”ning amaldagi boshlanishi edi. “Paxta ishi” uydirmalari boshlangan vaqtda xalq xo‘jaligida “jinoiy ishlarga qo‘l urgan” xodimlar javobgarlikka tortilib, ular xalq xo‘jaligida “qo‘shib yozishlarga” yo‘l qo‘yganlikda ayblandilar. Qo‘shib yozishlarni tekshirishdan boshlangan tergov guruhining faoliyati asta-sekinlik bilan rahbarlik lavozimida ishlayotgan kishilarni ham torta boshladi. “Paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” nomini olib kelgan qatag‘onga keyinroq milliy tus berilib, to‘liq “o‘zbeklar ishi”ga aylantirildi. Natijada mahalliy rahbar xodimlar, ziyolilar ham taʼqib ostiga olina boshladi. O‘zbekistondagi bu holatlar haqida markaziy matbuot sahifalarida shunchalik ko‘p maqolalar chop etildiki, ulardan “xalqimizning tarixi, madaniyati, paxta va paxtakorning mashaqqatli mehnatlaridan bexabar odamlarda go‘yo, o‘zbeklar turli nopok yo‘llar bilan daromad orttirib, yengil-yelpi hayot kechiradi”, degan noto‘g‘ri tasavvur tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. Tergov guruhiga kirgan tergovchilarning asosiy qismi katta bilim va tajribaga ega bo‘lmagan, noqonuniy holatlardan ko‘z yumadigan, topshiriqlarni ko‘r-ko‘rona tarzda bajaradigan kishilar bo‘lgan. Tergov guruhiga katta vakolat va imtiyozlar berilgan. Ular soxta ayblovlar bilan qonunsizlik yo‘liga o‘tib, tergov jarayonlarida tuhmat, ig‘volar uyushtirish, faktlarni soxtalashtirish, kishilarni soxta maʼlumot berishga majbur etish, o‘zlariga yoqmagan kishilardan o‘ch olish vositasi sifatida foydalanganlar.
T.Gdlyan olib borayotgan jinoyat-tergov ishlarining barchasi ochiqdan ochiq ayblov yo‘nalishida bo‘lgan. Ko‘plab jismoniy va maʼnaviy azoblardan so‘ng qamoqqa olinganlar o‘z ayblarini bo‘yinlariga olishga majbur bo‘lganlar. Gunohi hali isbotlanmagan kishilarni qamoqlarda ashaddiy jinoyatchilar bilan birga bir kameralarda ushladilar, ularni shafqatsiz kaltaklab, ruhiy azob berib, qo‘rqitib, tergovchilar avvaldan tayyorlab qo‘ygan hujjatlarga imzo chekishga majbur etdilar. Mana shunday qabih yo‘llar bilan tergov guruhi guvohlik beruvchilardan o‘zlariga kerakli maʼlumotlarni olgan. Noqonuniy qamoqqa olingan kishilar orasida ko‘p bolali onalar, homilador ayollar, yosh bolalar ham bo‘lgan. Bu ishlardan ko‘zlangan maqsad iqtisodiy “jinoyatchilik”ni fosh etish emas, balki mamlakat hayotidagi umumiy salbiy holatlarning aniq bir ko‘rinishi bo‘lgan qo‘shib yozishga qarshi harakatlarni to‘xtatish, “temir intizom” bilan milliy kadrlarni jazolab, erkin fikrlaydigan ziyolilarni jilovlash, respublikalarda yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy kuchlarni bo‘g‘ib tashlash, milliy ong, fuqaroning faolligini ham bir tizginda ushlab turishdan iborat edi. T.Gdlyan guruhining O‘zbekistondagi faoliyati davomida O‘zbekiston SSR prokraturasi va O‘zbekiston SSR Ichki ishlar vazirliklarining 20 nafar rahbar xodimi, O‘zbekiston Kompartiyasi MQning to‘rt nafar kotibi, viloyatlardagi qo‘mitalarining sakkiz kotibi, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti prezidiumi Raisi, O‘zbekiston Paxta tozalash sanoati vaziri va boshqa bir qancha masʼul xodimlar, umuman, 62 nafar masʼul shaxs pora olishda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildilar. 1989-yilning may oyiga qadar javobgarlikka tortilgan 35 nafar ayblanuvchining ishi sudga oshirildi. 1984-1989-yillar davomida T.Gdlyan guruhi tomonidan 800 dan ko‘proq “jinoiy” ish ko‘rilib, jinoiy javobgarlikka tortilganlarning 600 nafari rahbar xodimlar, 10 nafari Sotsialistik Mehnat Qahramonlari bo‘lgan. O‘zbekiston SSR Paxta tozalash sanoati vaziri V.Usmonovga esa 1986-yilda o‘lim jazosi belgilangan, hukm 1987-yilda amalga oshirilgan. XX asr 80-yillariga kelib qo‘shib yozishlar, poraxo‘rlik, mansabni suiiteʼmol qilish hollari ittifoqdosh respublikalarning barchasida kuchaygan edi. Shuningdek, bu illatlar faqat mahalliy rahbar kadrlar yo‘l qo‘ygan xato, kamchiliklarnigina emas, balki mamlakatda o‘tgan yillar ichida shakllangan maʼmuriy-buyruqbozlik tizimining natijasi edi. “Paxta ishi” uydirmalari bo‘lsa, o‘zbek xalqini kuchayib kelayotgan iqisodiy inqirozlardan chalg‘itish, bunda biror bir xalqni “aybdor” qilib ko‘rsatish orqali xalq eʼtiborini boshqa tomonlarga burib yuborishdan iborat edi. Аslida shunday ham bo‘ldi, butun mamlakat bo‘ylab O‘zbekistondagi “ulkan o‘g’riliklar”, “poraxo’rliklar” muhokama etildi. Natijada “turli millat xalqlarining buzilmas ittifoqi tashkil topgan” bu ulkan davlatda “do‘stlik va qardoshlarcha hamkorlik” bir chetda qolib, butun mamlakatga o‘zbek xalqiga nisbatan “boqimanda” degan yorliq yopishtirildi. Butun bir millatni ayblash yo‘liga o‘tib olgan siyosiy rahbariyat “paxta ishi”ni “o‘zbeklar ishi”ga aylantirib yubordi. O‘zbekiston mustaqil ravishda “paxta ishi”ni tekshirishni boshlaganda ishni mahalliy rahbarlarga berishni istamay, tekshiruv ishlariga to‘sqinlik qilishga, haqiqiy aybdorlarni yashirib turishga, barcha ayblovlarni yana o‘zbek xalqi yelkasida qoldirishga intildi.

Download 65.31 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling