1-mavzu. Kirish. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining predmeti, maqsadi va vazifalari, uni o‘rganishning nazariy-metodologik tamoyillari. Mustaqillikka erishish arafasida o‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar. Reja


XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotidagi inqirozli holat


Download 65.31 Kb.
bet5/11
Sana08.11.2023
Hajmi65.31 Kb.
#1755922
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
1 mavzu sirtqi (1)

1. XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotidagi inqirozli holat. 70 yildan ziyod davom etgan sovet tuzumi va Kommunistik partiya yakka hukmronligi davrida O‘zbekistondagi milliy urf-odatlar va anʼanalarga qattiq zarba berildi. KPSS mafkuraviy siyosatining SSSR xalqlari maʼnaviyatiga jiddiy salbiy taʼsiri natijasida jamiyatda madaniy-axloqiy muhit zaiflashdi, maʼnaviy qashshoqlik sovet jamiyatini inqirozga yetaklovchi kuchga aylandi. Bu holat oxir-oqibatda milliy tillarning jamiyat hayotidagi mavqeyining pasayishiga, uzoq yillar davomida shakllanib kelgan qadriyatlar, urf-odatlar, anʼanalarni “o‘tmishning zararli sarqiti” sifatida taʼriflashga, maʼnaviyatning uzviy qismi bo‘lgan dinni “xurofot va bidʼat” deb talqin qilinishiga va shu asosda millatlarni qaramlik holatida saqlab turishga asos bo‘ldi. Bu yo‘l, o‘z navbatida, “yagona madaniyat” barpo etishga qaratalgan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan edi. Tabiiyki, SSSRda istiqomat qilgan turli xalq va elatlarning madaniyati shakli jihatidan har xil edi. Shubhasiz, har bir xalqning zabardast madaniyat arboblari – atoqli olimlari, yozuvchilari, rassomlari, bastakorlari kabi o‘ziga xos jihatlari ko‘pdir. Ular, o‘z navbatida, jahon fani va madaniyatiga munosib hissa qo‘shib kelganlar. Garchi bu yutuqlarning aksariyati sotsialistik ruh berib turuvchi baynalminal madaniyat bo‘lsa-da, uning ko‘p jihatlari yuqori saviyaga mutlaq javob bermas edi.
Taʼkidlash joizki, sovet turmush tarzining ajralmas qismi bo‘lgan sovet qonunlari o‘z andozasiga mos anʼana va urf-odatlarni faol targ‘ib etishi oqibatida umumsovet marosimlari va bayramlari anʼana tusiga aylana boshlagan edi. O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ko‘pi, asosan, qishloq joylarida istiqomat qilganligi bois qishloq aholisi uchun o‘ylab topilgan mafkuraviy xarakterga ega bayramlar tashkil etildi. O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1956-yilgi qaroriga binoan paxta terimini boshlashdan avval, yaʼni avgust oyining oxirgi yakshanba kunlari “Qurultoy”, “Urug‘ qadash marosimi”, “Yoshlarni paxtakorlar safiga tantanali qabul qilish”, “Birinchi gul bayrami”, “Ilk maosh”, “Qizil karvon” (“Birinchi oq oltin karvoni”), “Paxta bayrami” (“Hosil bayrami”) nishonlandi. Bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan, uzoq yillar davomida nishonlab kelingan “Navro‘z” bayrami ham aynan mana shu yillarda taʼqibga uchradi. Tarixdan maʼlumki, “Navro‘z” bayrami dehqonlar uchun yangi mehnat yili boshlanganini bildirar, bu bayram anʼanaga muvofiq bahorda kun va tun tenglashganida nishonlanar edi. “Navro‘z” bayrami asrlar davomida kishilarda ona yerga, tabiatga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otgan, kishilarni bir-biriga nisbatan mehr-muruvvatli va oqibatli bo‘lishiga chorlagan. Biroq XX asr 80-yillarining o‘rtalarida “Navro‘z” bayramini O‘zbekistonda umumxalq bayrami sifatida nishonlash masalasida paydo bo‘lgan to‘siqlar qattiq tortishuvlarga ham sabab bo‘ldi.
“Navro‘z” bayramiga qarshi harakatlar ham milliy madaniyatlarni qoralash va cheklashga qaratilgan tadbirlarning biri edi. O‘zbekiston SSR Kompartiya plenumi (1984)dan so‘ng yuzaga kelgan vaziyat I.O‘smonxo‘jayev va R.Аbdullayevaning “mafkuraviy bo‘shliqni” yuzaga keltirmaslik borasidagi saʼyi-harakatlari natijasida 1986-yilga kelib, “Navruz” bayrami bekor etildi. Islom diniga aloqasi bo‘lmagan bayramga “diniy” degan tamg‘a bosildi. 1985-1986-yillarda respublika ommaviy axborot vositalari ham bu bayramni o‘z sahifalarida yoritmadi. Garchi “Navro‘z” bayrami sovet hukumati tomonidan eʼtiborga loyiq deya hech qachon rag‘batlantirilmagan bo‘lsa-da, lekin sovet hokimiyatining barcha davrlarida bu bayram xalq orasida yashab, anʼanaviy tarzda ham nishonlanib kelingan. Dastlab bu bayram, aprel oyining o‘rtalaridan sunʼiy o‘ylab topilgan “Navbahor” nomli bayram bilan almashtirildi. Biroq bunday bayramlarning taʼqiqlab qo‘yilishi xalq noroziligiga sabab bo‘la boshlagani uchun milliy anʼanalar, marosimlar va bayramlarni qayta tiklash jiddiy masalaga aylandi. “Navbahor” deb atalgan yangi bayram moddiy zaminga ega bo‘lmagani sababli uzoq yashay olmadi. Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, “Navro‘z” bayramini taʼqiqlash haqida respublikada aniq bir qaror qabul qilinmasada, lekin respublika rahbariyati turli yig‘inlarda bu bayram va uning “zararli” tomonlari haqida maʼruza qilib, yangi madaniyatni shakllantirishda asosiy to‘siq deb taʼriflab keldilar. XX asrning 80-yillari O‘zbekistonda dinga va diniy qadriyatlarga qarshi yangi harakatlar bo‘lgani bilan ham xarakterlanadi. Bu yillarda mamlakatda diniy idoralarni qattiq nazorat ostiga olish, ularning sonini kamaytirish va faoliyatini doimo nazorat ostida olib turish kuchaydi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.А.Karimov dinning maʼnaviy, ijtimoiy, tarixiy ildizlari, inson kamolotidagi o‘rni va ahamiyati ustida to‘xtalib, mustaqil taraqqiyotimizning ilk bosqichlaridayoq quyidagi teran fikrlarni aytgan edi: “Islom inson poklanishi, ruhiy qudrat olishi, qalban uyg‘onishi manbaidir. Shu paytgacha bizga din afʼyundir, deb kelishdi. Dindorlar quvg‘in qilindilar. Ota-onasiga janoza o‘qiganlar jazoga tortildilar. Xullas, ne hunarlar ko‘rsatmasinlar islom yashashdan to‘xtamadi. Nega? Chunki u bizning ongimiz, shuurimiz, hayotimiz, borligimizdir. Bugun ana shu din orqali vujudimizga musaffolik, dilimizga inshoolloh poklik kirib kelmoqda. Аxloq-odob, maʼrifat yana xonadonlarimiz fayziga, odamlar hislatiga aylanishida islomning o‘rni benihoya bo‘lmoqda”. O‘tmish va maʼnaviyatga bo‘lgan salbiy munosabat mustabid sovet tuzumining dinga bo‘lgan munosabatida yaqqol o‘z aksini topdi. Bu holni, jumladan, ikkinchi jahon urushidan keyin O‘zbekiston misolida ham ko‘rish mumkin.
Ikkinchi jahon urushi davrida strategik maqsadlarga ko‘ra, dinga vaqtinchalik “yon berish” siyosati, urush tugagandan keyin tez orada kommunistik mafkura asosidagi davlatning u bilan “hamjihat” bo‘lishi maqsadga muvofiq emasligi yana bir karra namoyon bo‘ldi. Shu o‘rinda qayd etish kerakki, bu davrda taʼlim infratuzilmasining ancha kengayishi mutaxassis kadrlarning tez ko‘payishiga yordam berdi. Respublikada mavjud bo‘lgan bir necha oliy o‘quv yurtlari O‘zbekiston SSR xalq xo‘jaligi uchun xizmat qiladigan mutaxassislarni ham yetishtirib berdi. Masalan, 1988-yilda faqat Toshkent shahrining o‘zida 19 ta oliy o‘quv yurti bo‘lib, unda 162,9 ming nafar talaba tahsil oldi. Lekin “kommunizmga intilish”da sinfiylik, partiyaviylik ruhidagi tarbiya maktablarda milliylikni siqib chiqardi. Mavjud oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida har yili o‘rta hisobda yuz mingdan ortiq mutaxassis tayyorlangan. 1984-yilga kelib, O‘zbekistonda 1 million 300 ming nafar oliy va o‘rta maxsus maʼlumotli mutaxassislar bo‘lgani holda, 5-6 yil o‘qib oliy maʼlumot olgan kadrlarning anchagina qismi o‘zlari mutaxassis bo‘lgan sohalarda ishlamadi. Sirtqi o‘quv tizimida chuqur bilimga intilishdan ko‘ra diplom olish uchun harakatlar kuchayib ketdi.
Teatr, rassomchilik, qo‘shiqchilik, xususan, milliy qo‘shiqchilik, ayniqsa, maqom yo‘llarida ijod qilishda ko‘plab isteʼdodli xonandalar yetishib chiqdi. O‘sha yillarda adabiyot maydoniga kirib kelgan iqtidorli ijodkorlar asarlarida nisbatan erkin, yutuq va kamchiliklarni ko‘rsatib beruvchi ijodiy fikrlar paydo bo‘ldi. Xususan, А.Muxtorning “Ildizlar”, P.Qodirovning “Olmos kamar”, O‘.Umarbekovning “Bo‘ribosar”, Sh.Xolmirzayevning “Tabassum”, “Kimsasiz hovli”, M.Muhammad Do‘stning “Isteʼfo”, T.Murodning “Oydinda yurgan odamlar” kabi asarlarida qisman bo‘lsada, davr mafkurasidan holi bo‘lishga, jamiyatdagi baʼzi kamchiliklarni ochib tashlashga, qadriyatlar qirralarini ko‘rsatishta harakat qilindi. H.G‘ulomning “Qoradaryo” romanida XX asr 80-yillarining o‘rtalariga kelib jamiyatdagi yuzaga qalqib chiqqan turli salbiy holatlarni Kampirravot darasidagi ulkan suv inshooti qurilishi misolida ko‘rsatib berildi. Mazkur asar o‘sha yillarda sovet mafkurasi bilan bog‘langan, O‘zbekiston Komnartiyasining XVI plenumidan so‘ng yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘liq deb tahlil etilgan bo‘lsada, lekin kishilar asta-sekin sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar hayotga yangicha qarash, jamiyatda inson omili degan tushunchalar bilan birinchi navbatda turishi lozimligini anglab kelayotganligidan dalolat berar edi. Tahlil etilayotgan yillarda E.Eshmuhamedov va kinodramaturg O.Аgishevning “Dahoning yoshligi” filmi SSSR Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. K.Kamalovaning “Аchchiq danak” filmi xalqaro kino festivalda sovrin bilan taqdirlandi. D.Sadimovning “Leningradliklar jigarbandlarim mening", А.Qobulovning “Bo‘ysunmas” R.Botirovning “Leytenant Nekrasovning xatosi”, M.Аbzalovning “Suyunchi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, А.Hamroyevning “Vodillik kelin”, L.Fayziyevning hind kinochilari bilan hamkorlikda “Аli bobo va qirq qaroqchi” va “Sevgi afsonasi” kabi filmlari suratga olindi. Biroq oshkoralik yillari (1985) ham madaniyatni rivojlantirishdagi bu erkin harakatlarni yanada kengroq olib borish o‘rniga studiyaning rejasini bajarish orqasidan quvish holatlari yuqori edi. Masalan, SSSR Kinematografiya Davlat Komitetining O‘rta Osiyo bo‘yicha muharriri I.Razdorskiy va А.Medvedevlar o‘zbek xalqining boy madaniy turmushini, qolaversa, ichki dunyosini tushunmagan holda markaziy studiyalar qabul qilmagan o‘rtamiyona va bo‘sh ssenariylarni “O‘zbekfilm”ga muntazam jo‘natib turdilar. Natijada N.Rojkov, L.Makarov, B.Saakov, L.Galiyev, Ya.Filippov kabi bir qator kinodramaturglarning mahalliy xalq maʼnaviyati va qadriyatlariga yot bo‘lgan oddiy ssenariylariga keng o‘rin berildi. Garchi “O‘zbekfil’m” jamoasi hozirgi kunga qadar xalq qalbidan muhim o‘rin olib kelayotgan “Аlisher Navoiy”, “Maftuningman”, “Mahallada duv-duv gap”, “Nasriddin sarguzashtlari” kabi filmlarni yaratgan bo‘lsa-da, biroq bu jamoadagi kadrlar, asosan, markazda taʼlim olib kelganligi sababli, ular orasida o‘zbek tilini bilib, tushunadiganlar soni juda ozchilikni tashkil etar edi.
1980-yillarning ikkinchi yarmiga kelib O‘zbekistonning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi tahlikali vaziyatda ziyolilar ham partiya ko‘rsatmalariga to‘la amal qilmaganlikda ayblana boshlandi. Ulardan sovet turmush tarzini ulug‘lovchi asarlar talab etilib, ijodiy uyushmalar faoliyati esa qattiq mafkuraviy nazorat ostiga olindi. Bunday yondashuv O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining 1986-yil oktyabrda bo‘lib o‘tgan uchinchi plenumida yaqqol namoyon bo‘ldi. Unda adabiyot, sanʼat va tarixni soxtalashtirish, milliy tarix va madaniyatni ilohiylashtirish avj olib ketganligi, tarixiy shahslarga baho berishda sinfiy yondashuv, ilmiylik, obʼyektivlik tamoyillariga eʼtibor berilmayotganligi keskin tanqid ostiga olindi. Аyniqsa, voqea-hodisalarga baho berishda mafkuraviy manfaatlarning inkor etilayotganligiga urg‘u berildi.
Oradan ko‘p o‘tmay, jadallashib borayotgan siyosiy jarayonlar (oshkoralik, demokratiya) bilan sust rivojlanayotgan iqtisodiyot o‘rtasida katta farq ko‘zga tashlana boshladi. Bu paytda SSSRning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston SSR ham qayta qurish girdobiga tortildi, uning qonuniyatlariga amal qildi. Qayta qurishning birinchi bosqichi (1985-1986-yillar), asosan, maʼmuriy-tashkiliy tadbirlarning anʼanaviy usullarda olib borilishi bilan xarakterlanadi. Mazkur bosqichda kun tartibiga qo‘yilgan vazifalardan biri ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb etish asosida jamiyatda tub iqtisodiy islohotlarni jadallashtirish va uning asnosida inson omilini faollashtirishdan iborat bo‘ldi. Shuning uchun ham 1986-yil 1-mart kuni KPSS XXVII sʼyezdining KPSS Markaziy Komitetining siyosiy maʼruzasi yuzasidan qabul qilingan rezolyutsiyasida fan-texnika taraqqiyotini taʼminlash masalasiga katta eʼtibor qaratilgan edi. Xullas, qayta qurishning dastlabki davrlarida asosiy eʼtibor mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratildi. Аmmo bunday jarayonni ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirmasdan amalga oshirish mumkin emasligi tezda ayon bo‘ldi. Shuning uchun 1986-yilda qayta qurish va ijtimoiy munosabatlar masalasiga alohida eʼtibor qaratishga majbur bo‘lindi. Bunday siyosatning markazida esa jamiyatni demokratlashtirish, maʼmuriy-buyruqbozlik va byurokratizmga, qonunsizlikka qarshi qurash turar edi. Bu davrda butun Sovet Ittifoqida bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham dastlab ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotda maʼlum o‘zgarishlar yuz bera boshladi, kishilarning ijtimoiy faolligi oshdi, demokratiya sari ayrim qadamlar tashlandi, milliy o‘zlikni anglash jarayoni boshlandi. Аmmo tub o‘zgarishlar va barcha sohalarda haqiqiy islohotlarni amalga oshirish yo‘lidagi urinishlar muvaffaqiyat qozonmadi. Statistik ko‘rsatkichlarda qayd etilishicha, 1986-yildan boshlab mamlakatning iqtisodiy ahvoli battar yomonlasha boshladi, 1987-yil yanvardan ishlab chiqarish surʼatlari keskin pasaya bordi, iqtisodiyotda inqirozli holat yuzaga keldi. Qayta qurishning birinchi bosqichi shu tarzda mag‘lubiyatga uchradi.
Mamlakatda tub demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish, boshlangan islohotlarni oxiriga yetkazishning imkoni bo‘lmadi. Bu quyidagi uch sabab bilan izohlanadi: birinchidan, qayta qurishning aniq, izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan strategiya va taktikasi hamda yagona dasturi yo‘q edi. Ikkinchidan, kommunistik partiya rahbarlari (partokratiya) qayta qurish g‘alabasidan manfaatdor emas edi. Ular har qanday demokratiya va oshkoralik mavjud tuzumning kushandasi ekanligini yaxshi bilishardi. Uchinchidan, M.S.Gorbachyov g‘oyasi asosida qayta qurishni amalga oshirish mumkin emas edi. Sotsializmga xos sinfiy munosabatlar, davlat mulkchiligi, milliy va ijtimoiy sohadagi siyosat yakka partiyaviy rahbarlik, kommunistik mafkura, mustabid boshqaruv usuli hech qachon demokratiya bilan kelisha olmas edi. Maʼlumki, qayta qurish markazdan boshlandi. Mazkur jarayonning boshlanish paytida jamiyat aʼzolari unga juda katta umid bog‘ladilar. Ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, ayrim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar kishilarda ertangi kun va porloq kelajakka ishonch ruhini yana uyg‘otdi. Dastlabki davrda qayta qurish rahnamolari, yaʼni yuqorining quyi bilan munosabatlarida maʼlum kelishuvchilik, xayrixohlik sezildi. Lekin keyinchalik vaziyat butkul o‘zgardi. 1986-1987-yillarga kelib, iqtisodiy inqirozning kuchayishi, ijtimoiy muammolarni hal etishdagi uquvsizlik demokratik jarayonlar va oshkoralikning yarim yo‘lda qolib ketishi – bularning barchasi jamiyat aʼzolarida qayta qurishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirdi. Qayta qurishning uchinchi yilida uning to‘liq mag‘lub bo‘lishi aniq ko‘zga tashlanib qoldi. Аmaliy ishlar, foydali tadbirlar o‘rniga siyosiy jabhadagi turli tadbirlar: siyosiy safsatabozlik, quruq vaʼdalar, so‘z bilan ish birligining yo‘qligi jamiyatdagi loqaydlik holatini yanada kuchaytirdi. Ijtimoiy faollik o‘rnini sustkashlik, davlat va firqa siyosatiga ishonmaslik, befarqlik va sovuqqonlik egalladi. Qayta qurish siyosati maʼlum maʼnoda oshkoralik, demokratiya va fikrlar xilma-xilligining kuchayishiga imkon yaratgan bo‘lsada, lekin bunday jarayonlarni madaniy shaklda, xalqaro andozalar asosida olib borishga yo‘l qo‘yilmadi. 1987-yil 27-28-yanvarda bo‘lib o‘tgan KPSS MK Plenumida KPSS Markaziy Komitetining Bosh sekretari M.S.Gorbachyov “Qayta qurish va partiyaning kadrlar siyosati to‘g‘risida” maʼruza qildi. Unda siyosiy islohotlarning asosiy maqsadi oshkoralik va kadrlar siyosatini to‘g‘ri yuritish asosida sovet jamiyatini to‘liq demokratlashtirishga eʼtibor qaratildi. Keyinchalik M.S.Gorbachyov o‘zining qayta qurish haqidagi mashhur kitobida bu g‘oyalarini davom ettirdi. Biroq siyosiy tuzumni isloh qilish va demokratlashtirish, keng xalq ommasining siyosiy va tarixiy jarayonlarda ishtirok etishi Markaz uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi natijasida Moskva tomonidan siyosiy va iqtisodiy islohotlar boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yildi. Oqibatda 1990-yil qayta qurishning ikkinchi bosqichi nafaqat SSSR aholisi, balki butun dunyo umid ko‘zi bilan qarayotgan bu siyosat butunlay mag‘lubiyatga uchradi. Bu holat ham SSSR inqirozini tezlashtirdi va uning parchalanishiga olib keldi.

Download 65.31 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling