1-mavzu: O‘rta asrlarda Fransiya, Angliya, Germaniyada arxivlar Reja


O‘rta asrlarda Angliyada arxivlar


Download 149.5 Kb.
bet3/12
Sana09.04.2023
Hajmi149.5 Kb.
#1345851
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
1-mavzu. O‘rta asrlarda Fransiya, Angliya, Germaniyada arxivlar

O‘rta asrlarda Angliyada arxivlar

Britaniyada o‘rta asrlar 408-yildan, ya’ni Rim imperiyasi qo‘shinlari orolni tark etgan paytdan boshlanadi.
Angliyada Yevropaning materik qismiga nisbatan ko‘plab va boy arxiv hujjatlari hozirgacha yetib kelgan. Bu jarayon Angliyaning orolda joylashganligi, XI asrdan keyin orolda katta urushlar bo‘lmaganligi hamda bu yerda davlatchilik va qonunchilikning nisbatan ertaroq vujudga kelganligi bilan izohlanadi.
O‘rta asrlar Angliyasida mahalliy arxivlar va kutubxonalarda saqlanib qolgan ko‘plab hujjatlar hamda qo‘lyozma to‘plamlar asosiy tarixiy yozma manbalar hisoblanadi. Jumladan, Britaniya arxivida ommaviy va shaxsiy huquqiy hujjatlar, xartiyalar, rasmiy ko‘rsatmalar, sex nizomlari, bojxona va savdo kitoblari (registrlar – qayd daftarlari), sud bayonnomalari, xatlar va boshqa arxiv materiallari mavjud.
XII asrda Angliyada Vestminster qirol saroyida, Vinchesterdagi qirol xazinasida, XIII asrda tashkil topgan Tauer qal’asida arxivlar mavjud edi. 1377-yilda Tauer qal’asining Ueykfild minorasida hujjat nusxa (dublikat)larini saqlash uchun maxsus “o‘ramlar kapellasi” tashkil etildi. Bu arxivda, asosan, muhim davlat hujjatlarini saqlash ko‘zda tutilgan edi.
London va shahar aholisining kundalik hayoti, ayniqsa, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-demografik hamda madaniy-maishiy jihatlari uzoq vaqt davomida arxiv saqlovchilarining e’tiboridan chetda qolib ketgan edi. Faqatgina XIV–XV asrlarda yirik ibodatxonalar va poytaxtning shahar ma’muriyatida hujjatlarni yig‘ish shakllandi. Masalan, avliyo Pavel cherkovi qoshidagi yirik arxiv shular jumlasidandir. Afsuski, bu arxiv hujjatlarining katta qismi 1666-yildagi Buyuk yong‘inda yo‘q bo‘lib ketdi.
Angliyada o‘rta asr arxivlari va tarixiy jarayonlarni o‘rganishda tarixchi va yilnomachilarining asarlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Taxminan 1175-yillarda ilohiyot olimi va Kenterberiy arxiyepiskopi kotibi Uilyam Fits-Stefen o‘zining “Sharafli London shahrining tavsifi” biografik asarida o‘zi xabardor bo‘lgan tarixiy ma’lumotlarni, mahalliy afsonalar va rivoyatlarni bayon qiladi.
Qirol Genrix III davrida, ya’ni 1260-yillar atrofida mahalliy oldermen Arnold Fits-Tedmar tomonidan lotin tilida yozilgan va London shahri tarixiga bag‘ishlangan “London merlari va sheriflari xronikasi” nomli asar ham o‘rta asrlar Angliyasi, xususan, London shahri tarixi haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.
XIV asrning 30-yillarida 1194–1330-yillar voqealarini yorituvchi lotin tilidagi muallifi noma’lum bo‘lgan “London annallari” paydo bo‘ladi. 1340-yillarda esa 1307–1341-yillardagi voqealarni aks ettirgan lotin tilidagi “Avliyo Pavel sobori annallari” vujudga keladi.
Angliyaning XV asrdagi ijtimoiy-siyosiy hayotini o‘rganishda voqeanavislar Robert Beylining “London shahri xronikasi” va Uilyam Gregorining “Gregori xronikasi” (1469-y.) yilnomalari muhim manba va hujjat bo‘lib xizmat qiladi. Bu yilnomalar qirollik poytaxtining hayoti Yuz yillik urush hamda Oq va Qizil atir gullar urushi yillaridagi mamlakat aholisining ahvolini aks ettiradi.
Yuqorida keltirilgan tarixiy asarlar o‘rta asr Angliyasining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy holatini ko‘rsatuvchi manbalar hisoblanadi. Bundan tashqari, bir talay hujjatli manbalar ham mavjudki, ular yuqorida keltirilgan asarlardagi faktlarni isbotlaydi. Masalan, Tyudorlar hukmronligi davri (1485–1603-yy.)ga oid 6 ming atrofida arxiv hujjatlari mavjud. Ular qirollik devonxonasi va qadimiy parlament, sudlar va davlat idoralari hujjatlaridan iborat. 1578-yilda davlat kotibiyati huzurida “Davlat qog‘ozlari arxivi” (yoki “Davlat hujjatlari arxivi”) Tyudorlar sulolasi va uning vorislari, shu jumladan tashqi siyosat va mustamlakachilik ishlari bo‘yicha muhim hujjatlar to‘plangan.
Angliyada “Davlat qog‘ozlari arxivi” materiallari ikki bo‘limgi bo‘lingan: 1) huquqiy (yuridik) hujjatlari; 2) davlat hujjatlari.

  1. “Huquqiy hujjatlar” bo‘limiga, eng avvalo, Vestminster, Tauer, O‘ramlar kapellasidagi eng qadimgi hujjatlar kirgan. Masalan, “Dahshatli sud kitobi” (1086-yil), “Erkinlikning buyuk xartiyasi” (1215-yil), qirol farmonlari, turli xatlar va yorliqlar bo‘limning asosiy materiallari hisoblangan.

  2. Davlat hujjatlari bo‘limida XVI–XVIII asrlarda Angliyaning ichki va tashqi siyosatiga oid eng muhim hujjatlar saqlanadi. Ushbu hujjatlar, xususan, Britaniya floti, dengizda kemalarning suzishi (dengizda kema yuritish san’ati), savdo va mustamlakachilik ekspansiyasi haqidagi materiallar jamlangan4.

“Dahshatli sud kitobi” (ing. Domesday Book) 1085–1086-yillarda Angliyada bosqinchi Uilyam buyrugʻi bilan oʻtkazilgan Yevropada birinchi umumiy yer roʻyxatidan olingan materiallar toʻplamidir. Aholini roʻyxatga olish ma’lumotlari XI asr Angliyasining ijtimoiy, iqtisodiy va demografik rivojlanishi haqida misli koʻrilmagan ma’lumot manbaidir. Xususan, aholini roʻyxatga olish ma’lumotlari ushbu davrda Angliya aholisi haqida xulosa chiqarishga imkon beradi. Kitobning sarlavhasi barcha odamlarga oʻz qilmishlarining toʻliq roʻyxati taqdim etilishi kerak boʻlgan Bibliyadagi Qiyomat kuniga ishora qiladi5.
Klarendon Konstitutsiyasi – 1164-yilda Angliya qiroli Genrix II Plantagenet tomonidan Solsberi yaqinidagi Klarendon saroyida qabul qilingan qonun. Jami 16 moddadan iborat boʻlgan bu qonunlar toʻplami Angliyada ruhoniylarning imtiyozlarini cheklash, cherkov yurisdiktsiyasini kamaytirish va Angliyada Papa hokimiyatini cheklashga qaratilgan edi. Ularning asosiy qoidalari quyidagilar edi:
• cherkovni soliqqa tortish;
• cherkov sudlari faqat din arboblar ustidan hukm chiqarishi;
• din arboblarining jinoyat ishlari dunyoviy sudlar tomonidan ko‘rilisi;
• qirolning roziligisiz Rim papasiga shikoyat qilishni taqiqlash.
Klarendon qarorlari Klarendondagi feodal dvoryanlar kengashida (1164-yil yanvar) qabul qilindi. Biroq, Genrix II papaning cherkovdan chetlatish (murtad deb e’lon qilish) tahdidi ostida 1172-yilda ulardan foydalanishdan voz kechishga majbur boʻldi6.
“Erkinlikning buyuk xartiyasi” 1215-yil iyunda ingliz dvoryanlarining qirol Ioann Yersizga qo‘ygan talablari asosida tuzilgan bir qator qonuniy huquq va imtiyozlarni himoya qiluvchi 63 moddadan iborat qonun. Mazkur qonun o‘rta asrlar Angliyasining soliqlar, turli yig‘imlar va feodal bojlari, sud tizimi va jarayonlari, ingliz cherkovi, shaharlar va savdogarlar huquqlari, meros huquqi va vasiylik masalalarini tartibga soluvchi huquqiy hujjatdir. Xartiyaning bir qator moddalarida qoidalar mavjud bo‘lib, ularning maqsadi mamlakatning siyosiy tizimiga maxsus davlat organlari – qirollik umumiy kengashi va yigirma besh baron qo‘mitasini kiritish orqali qirol hokimiyatini cheklash edi. Shuning uchun bu moddalar konstitutsiyaviy deb ataladi7.
Qirollik devonxonasi fondi (XII asrdan), oliy moliya organi “Shaxmat taxtasi palatasi” (XII asrdan) fondi o‘rta asr Angliyasi muassasalarining eng muhim fondlari hisoblanadi. Shuningdek, XIII asrlardan saqlanib qolgan parlamentning qadimgi hujjatlari, sud hujjatlari, cherkov komissiyalarining hujjatlari alohida fondlarni tashkil etadi.
Shaxmat taxtasi palatasi (ing. Exchequer) – oʻrta asrlardagi Angliyada, Fransiyadagi Plantagenetlar mulkida, shuningdek, Shotlandiyada Yevropa tarixidagi birinchi ixtisoslashgan eng yuqori moliyaviy boshqaruv organi. Bu nom shaxmat taxtasiga oʻxshagan katak mato yordamida mahalliy moliya amaldorlarining naqd pul tushumlarini hisoblash va tekshirish usulidan kelib chiqqan. Ushbu organ dastlab moliyaviy, ma’muriy va sud funksiyalarini nazarda tutgan. Keyinchalik shaxmat taxtasi palatasi gʻaznachilik (fiskal) masalalari bo’yicha eng yuqori nazorat organiga aylantirildi va uning sud funksiyalari alohida muassasa – Gʻaznachilik sudiga oʻtkazildi (u Vestminster sudlari deb ataladigan sudning bir qismi edi). Angliya va Shotlandiyaning moliyaviy tizimlari soddalashtirilgan va birlashtirilganligi, Gʻaznachilik vakolatlari kengaytirilganligi sababli Shaxmat taxtasi palatasining ahamiyati tushib ketdi hamda XIX asr boshlarida ular tugatildi8.


  1. Download 149.5 Kb.

    Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling