1-mavzu: Sintaksis haqida ma’lumot. Sintaktik birliklarning uch tomoni
Download 8.95 Kb.
|
1-maruza (4)
1-mavzu: Sintaksis haqida ma’lumot. Sintaktik birliklarning uch tomoni (ma`ruza) Sintaksis (grekcha so‘zdan olingan bo‘lib, tuzish demakdir) til tizimining yuqori sathi bo‘lgan sintaktik sath hamda shu sath haqidagi ta’limotdir. Morfologiya va sintaksis grammatikaning o'zaro bog'langan ikki bo‘limi sanaladi. Grammatikaning bu ikki bo‘limi predmetlariga ko‘ra farqlanadi. Morfologiyaning o‘rganish obyekti (predmeti) alohida so‘z shakllarining ma’lum grammatik ma’no asosidagi paradigmalari, ularning grammatik kategoriyalari bo‘lsa, sintaksisda so‘zlarni biriktirib gap qurish (shu jumladan, bir so‘zdan gap hosil qilish) qoidalari, gapning strukturasi, funksiyasi, qo‘llanishi, gaplarning o‘zaro munosabati kabi masalalar tekshiriladi, bunda hodisaning mundarijasi mazmuni (nimaning ifodalanishi) hamda formasi (qanday yo‘l bilan ifodalanishi) ko‘zda tutiladi. Sintaksisning o‘rganish obyekti gap va uni tashkil etgan so‘z shakllarining grammatik va mazmuniy munosabatlari hamda bu munosabatlarni yuzaga chiqaruvchi vositalardir. Sintaksis predmeti yuzasidan tilshunoslikda xilma - xil qarashlar mavjud. O‘zbek tili sintaksisiga doir barcha adabiyotlarda sintaksisining ikki birligi: so‘z birikmasi va gap haqida fikr yuritiladi. Bunday qarash rus tilshunosligi ta’sirida kirib keldi. Rus tilshunosligida sintaksisning ikkita o‘rganish obyekti mavjud ekanligini A.A.Shaxmatov bayon qilgan edi. Bu fikr V.V. Vinogradov tomonidan rivojlantirildi. Predikativlik hodisasining talqini o‘zbek tilshunosligida ham,asosan, akad. V.V.Vinogradov ta’limotiga asoslanganini ko‘ramiz. Nutqning o‘zicha tugallikka ega bo‘lgan parchasi gapdir. So‘z birikmasi bunday grammatik xususiyatga ega emas, u gap tuzish vositasidir. Shuning uchun sintaksisning asosiy tekshirish obyekti gapdir. Gap fikrni ifoda qiluvchi nutq birligidir . V.Vinogradov fikriga ko‘ra, faqat so‘z birikmasi va gapgina emas, balki qo‘shma gap ham alohida sintaktik birlik sifatida tan olinadi. Bu qarashga muvofiq, sintaksis 3 birlik: so‘z birikmasi, gap va qo‘shma gap haqidagi ta’limotdir. Grammatikaning tarkibiy qismi bo‘lgan sintaksis haqida gap borar ekan, avvalo uning o‘zaro bog‘lanishli nutq qurilishini o‘rganuvchi bo‘lim ekanligini hamda so‘z turkumlarining nutqdagi sintaktik funktsiyalari haqidagi ta’limot ekanligini yodda saqlamoq zarur. Sintaksis(grekcha) - birlashtirish, tuzish degan ma’nolarni anglatadi. U til sistemasidagi sathlardan biri bo‘lib, quyi sath birliklaridan tashkil topadi. Sintaksisni o‘rganish o‘zining uzoq, ko‘p asrlik tarixiga ega bo‘lishiga qaramay, uning o‘rganish predmeti, tilshunoslik fanida uning chegarasi masalasi hamon o‘zining dolzarbligini saqlab qolmoqda, Shu kunga qadar ham grammatikaning bir bo‘limi sifatidagi sintaksisning predmetini belgilashda tilshunoslar o‘rtasida bir xillik yo‘q. XIX asrning yarmidan boshlab, sintaktik nazariyada e‘tibor butun(gap)ga emas, balki uning bo‘laklariga qaratildi. Tilshunoslar diqqatlarini so‘z turkumlari va so‘z formalarning gapdagi funktsiyalariga jalb qila boshladilar. Bu grammatik analizning formal tomoniga va tillarning milliy o‘ziga xosligiga e‘tiborning kuchayishi natijasida vujudga keldi. Butun bir gapning logik analizi o‘z o‘rnini so‘zlarning sintaktik(birinchi navbatda birikish) xususiyatlarining grammatik tavsifiga bo‘shatib berdi. Logitsizmdan morfologizmga o‘tish til tabiatiga birmuncha yaqin borgan bo‘lsada, ammo sintaksisga bunday yondashish uning sistema sifatidagi to‘la izohlanishiga monelik qildi. Bo‘lak butun ichida emas, undan ajralgan holda o‘rganildi. Download 8.95 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling