Ma’ruza matnlari 1-Ma’ruza Mavzu: Sintaksis haqida ma’lumot. Sintaktik birliklarning uch tomoni Reja


Download 229.5 Kb.
bet1/12
Sana23.09.2023
Hajmi229.5 Kb.
#1686263
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
O\'zbek tilining nazariy grammatikasi Ma\'ruza


MA’RUZA MATNLARI
1-Ma’ruza
Mavzu: Sintaksis haqida ma’lumot. Sintaktik birliklarning uch tomoni
Reja:
1. Sintaksis va uning o‘rganish predmeti.
2. Sintaksisning o‘rganish obyektlari.
3. Sintaktik birliklarning uch tomoni.
Tayanch tushunchalar: sintaksis, morfologiya, gap, so‘z birikmasi sintaksisi, gap sintaksisi, matn sintaksisi, lisoniy birlik, sintaktika, semantika, pragmatika, nutq vaziyati, kontekst, propozitsiya, deskriptiv so‘zlar.
Sintaksis (grekcha suntaxis so‘zidan olingan bo‘lib, yopishtirmoq, birlashtirmoq demakdir) til tizimining yuqori sathi bo‘lgan sintaktik sath hamda shu sath haqidagi ta’limotdir.
Morfologiya va sintaksis grammatikaning o‘zaro bog‘langan ikki bo‘limi sanaladi. Grammatikaning bu ikki bo‘limi, avvalo, predmetlariga ko‘ra farqlanadi.
Morfologiyaning o‘rganish predmeti alohida so‘z shakllarining ma’lum grammatik ma’no asosidagi paradigmalari, ularning grammatik kategoriyalari bo‘lsa, sintaksisning o‘rganish predmeti gap va uni tashkil etgan so‘z shakllarining o‘zaro grammatik va mazmuniy munosabatlari hamda bu munosabatlarni yuzaga chiqaruvchi vositalardir.
Sintaksis, bir tomondan, so‘z shakllarining bog‘lanish qoidalarini, ikkinchi tomondan, tarkibida bu qoidalar ro‘yobga chiqadigan bir butunlikni – gapni o‘rganadi. Anglashiladiki, morfologik birlik bo‘lgan so‘zning shakli ham sintaksis uchun ahamiyatlidir. Lekin faqat so‘zning boshqa shakllari bilan aloqasi va sintaktik birlik ichida uning bir qismi sifatida bajaradigan vazifasi nuqtayi nazaridangina sintaktik qimmatga ega bo‘ladi.
Bog‘li nutqning axborot tashuvchi eng kichik birligi va shunday birliklarning umumlashgan namunasi gapdir. Demak, sintaktik sathning asosiy birligi va sintaksisning asosiy o‘rganish obyekti gap hisoblanadi.
Gap bir butunlik sifatida gap bo‘laklaridan va so‘z bo‘laklaridan tashkil topadi. Demak, gapning ichki tuzilish birligi gap bo‘laklari va so‘z birikmalaridir.
Gap bo‘lagi butun bir gap mazmunini ifodalashda ma’lum mazmuniy ahamiyatga ega bo‘lgan bu vazifaga muvofiq grammatik shakllangan mustaqil so‘zlardan ifodalanadi.
So‘z birikmasi esa borliqdagi predmet va hodisalar o‘rtasidagi ma’lum munosabatlarni aks ettiruvchi ikki mustaqil so‘zning o‘zaro grammatik va mazmuniy birikuvidan tashkil topadi.
Shunday qilib, gap va so‘z birikmasini tashkil etuvchi eng kichik birlik so‘z va so‘z shakllari sanaladi. Morfologik birlik bo‘lgan so‘z shakli sintaktik birlik ichida ma’lum vazifa bajaradi, haqiqiy hayotini uning ichida topadi. Bu esa sintaksis til tizimining morfologik sathi ustida turadigan yuqori grammatik sath ekanligini ko‘rsatadi.
Sintaksis leksika bilan ham uzviy bog‘liq. Sintaktik kategoriyalar o‘zaro aloqada bo‘lgan muayyan vaziyat elementlarining vazifalarini ifodalaydi. Ma’lum bir vazifa bajarayotgan vaziyat elementi muayyan belgilarga ega bo‘ladi va bu belgilar shu elementning tildagi moddiy ifodasi bo‘lgan leksik so‘z ma’nosida aks etadi, o‘zaro sintaktik munosabatga kirishayotgan sintaktik birliklar o‘zlarining grammatik ma’nolari bilangina emas, balki leksik ma’nolari bilan ham uyg‘unlikni hosil qiladi. Shuning uchun ham o‘zaro birikayotgan so‘zlar tanlash xususiyatiga ega bo‘ladi. Masalan, kurk so‘zining leksik ma’nosida tovuqqa xos bo‘lgan belgi aks etadi. Shuning uchun ham bu so‘z barcha predmet bildiruvchi so‘zlar bilan emas, balki faqat tovuq so‘zi bilangina bog‘lanish xususiyatiga ega. Bu esa so‘zlarning o‘zaro bog‘lanishi shu so‘zlarning ma’no tuzilishi bilan, ularning ma’no tuzilishidagi muayyan semalar uyg‘unligi bilan uzviy bog‘liq ekanligini, so‘z birikmasining leksika bilan chambarchas aloqador ekanligini ko‘rsatadi. Shu tufayli so‘z birikmasi sintaksisida so‘zning semantik tuzilishi va uning bo‘sh o‘rinlari (valentligi) katta ahamiyat kasb etadi.
Sintaksis predmeti yuzasidan tilshunoslikda xilma-xil qarashlar mavjud. O‘zbek tili sintaksisiga doir barcha adabiyotlarda sintaksisning ikki birligi: so‘z birikmasi va gap haqida fikr yuritiladi va bu ikki birlik sintaksisning tekshirish obyekti ekanligi aytiladi. Bunday qarash rus tilshunosligi ta’sirida kirib keldi. Rus tilshunosligida sintaksisning ikkita o‘rganish obyekti mavjud ekanligini A.A.Shaxmatov bayon kilgan edi. Bu fikr V.V. Vinogradov tomonidan rivojlantirildi. V.V. Vinogradov fikriga ko‘ra, faqat so‘z birikmasi va gapgina emas, balki qo‘shma gap ham alohida sintaktik birlik sifatida tan olinadi. Bu qarashga muvofiq, sintaksis uch birlik: so‘z birikmasi, gap va qo‘shma gap haqidagi ta’limotdir.
Qismlari o‘zaro sintaktik aloqa bilan bog‘langan so‘z shakllarining nopredikativ sintaktik birligi – so‘z birikmasi; so‘z shakllarining bir necha sintaktik aloqasidan tashkil topgan predikativ sintaktik birlik – gap; qismlari o‘zaro sintaktik munosabatga kirishgan gaplardan iborat bo‘lgan sintaktik birlik qo‘shma gap sanaladi.
Hozirgi kunda matn sintaksisi e’tirof etilishi munosabati bilan matn ham sintaksisning alohida o‘rganish obyekti sifatida tan olinadi. Shunday qilib, mavjud adabiyotlarda sintaksisning to‘rtta o‘rganish obyekti ko‘rsatiladi va o‘z navbatida, sintaksis ham o‘rganish obyektiga ko‘ra to‘rtga ajratiladi: 1) so‘z birikmasi sintaksisi; 2) gap sintaksisi; 3) qo‘shma gap sintaksisi; 4) matn sintaksisi.
Qo‘shma gapni gapga qarama-qarshi ko‘yish mumkin emas. U gap doirasida gapning bir turi sifatida o‘rganilishi maqsadga muvofiqdir. So‘z birikmasining obyektiv til birligi ekanligi masalasida tilshunoslarning qarashi bir xil emas. Bnr guruh tilshunoslar so‘z birikmasiga mustaqil til (nutq) birligi sifatida qaraydilar. Jumladan, V.P. Malashenko va Y.P. Bogachevlar so‘z birikmasi shu birikmani tashkil etgan hokim so‘zning bog‘lanish imkoniyatining (valentlik xususiyatining) gap tarkibida yuzaga chiqishi, deb qaraydilar va shuning uchun ham so‘z birikmasini obyektiv til birligi hisoblaydilar. Ularning fikricha, har qanday so‘z birikmalari nutq jarayonida vujudga keladi. Ammo bu semantik-sintaktik birlik ma’lum tilda gaplashuvchilar ongida o‘rnashgan muayyan andazalar asosida tarkib topadi. Bu modellar xuddi gap modellari singari nutqiy reallashuvga qadar ham tayyor holda mavjud bo‘ladi. Shuning uchun ham erkin so‘z birikmasi kommunikatsiyagacha bo‘lgan sath birligi bo‘lib, nutqqa tayyor holda olib kiriladi. So‘z birikmasi —bu so‘z shakli bilan birga gap uchun «qurilish materiali» yoki gapning kengayishi sathida qurilish birligidir. Boshqa bir guruh tilshunoslar esa so‘z birikmasining til birligi, gap uchun qurilish materiali ekanligini rad etadilar. Jumladan, Y.F.Fomenko o‘z fikrini isbotlash uchun quyidagi asoslarni keltiradi:
1) so‘z birikmasi kommunikativ vazifa ham, nominativ vazifa ham bajarmaydi. Birinchisi – gap, ikkinchisi – so‘zlar orqali ifodalanadi;
2) so‘z birikmasi tushunchani emas, tushunchalar birikmasini ifodalaydi. Agar biz so‘z birikmasi tushuncha bildiradi, degan fikrga qo‘shilsak, demak, so‘z birikmasi doirasida ikki tushunchaning birikish hodisasi ro‘y beradi, degan fikrni tasdiqlagan bo‘lamiz;
3) so‘z birikmasi «takrorlanish»lik belgisiga ega emas. Tilga tayyor holda olib kirilmaydi, balki nutq jarayonida yaratiladi. Nominativlik, takrorlanishlik frazeologizmlarga xosdir. Shu belgilari bilan frazeologizmlar so‘z birikmalaridan farq qiladi;
4) tilning har bir sathi uchun bir til birligi xos: fonologik sath uchun – fonema, leksik sath uchun – leksema va boshqalar. Sintaktik sath ikkita birlikka ega bo‘lib qoladi. Agar so‘z birikmasini til birligi, deb tan olinsa, boshqa sathlarda ham fonema birikmasi, morfema birikmasi kabi birliklarni til birligi deb tan olish kerak bo‘ladi. Ana shu asoslarga ko‘ra, u so‘z birikmasi tilning alohida birligi emas, balki til valentligining nutqiy reallashuvidir, degan xulosaga keladi. Darhaqiqat, valentlik va so‘z birikmasi o‘zaro mohiyat va hodisa munosabatidir. Mohiyat umumiy, hodisa esa uning aniq ko‘rinishlari sanaladi. Valentlik abstrakt tafakkur sathida (mohiyat), so‘z birikmasi esa jonli kuzatish sathida (hodisa) mavjuddir. So‘zlarning ma’lum til me’yoriga xos bog‘lanish modeli til birligi, bu modelning leksik birliklar bilan to‘ldirilishi, aniq reallashuvi, hodisalarda namoyon bo‘lishi nutk birligi hisoblanadi. Demak, til va nutq zidligi so‘z birikmalariga ham xosdir. Gap bo‘laklari so‘z birikmasi doirasida (ikkinchi darajali bo‘laklarning nopredikativ bog‘lanishda) yoki gap doirasida (bosh bo‘laklarning predikativ bog‘lanishida) o‘rganiladi. Anglashiladiki, sintaksisning o‘rganish obyekti uchta va shunga muvofiq, sintaksis ham uch turga bo‘linadi:
1) so‘z birikmasi sintaksisi;
2) gap sintaksisi;
3) matn sintaksisi.



Download 229.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling