Ma’ruza matnlari 1-Ma’ruza Mavzu: Sintaksis haqida ma’lumot. Sintaktik birliklarning uch tomoni Reja


SINTAKTIK BIRLIKLARNING UCH TOMONI


Download 229.5 Kb.
bet2/12
Sana23.09.2023
Hajmi229.5 Kb.
#1686263
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
Bog'liq
O\'zbek tilining nazariy grammatikasi Ma\'ruza

SINTAKTIK BIRLIKLARNING UCH TOMONI
An’anaviy tilshunoslik lisoniy birliklarning faqat shakliy tomondan o‘rganilishiga e’tiborni karatdi. Bunday qarash, ayniqsa, tilga semiotik nuqtayi nazardan yondashish, belgini faqat shakldan iborat deb hisoblash natijasida yana ham kuchaydi. Til har biri yopiq tizim sifatida qaraladigan qat’iy sathlarga ajratildi. Lisoniy birliklarning‘ o‘zi ifodalanayotgan obyektiv borliq bilan munosabati tadqiqotdan chetda qoldi. Keyinchalik tilni bunday o‘rganish bir yoklama ekanligi, shaklni ma’nodan uzib bo‘lmasligi ma’lum bo‘ldi. Natijada lisoniy birliklarning ma’no tomoniga e’tibor kuchaydi. Tilshunoslikda mazmuniy tadqiqotlarning kuchayishi natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, lisoniy birliklarning shakl va mazmun tomondan tavsifi ham tilni to‘liq izohlashga imkon bermaydi. Lisoniy birliklarni kontekst, nutq vaziyati bilan bog‘lab o‘rganishgina ularning ma’nosini to‘g‘ri tushunishda katta imkoniyat beradi. Bu esa lisoniy birliklarning pragmatik tomoniga qiziqishni kuchaytiradi.
Axborotning to‘g‘ri tushunilishi uchun so‘zlashuvchilarning til haqidagi bilimidan tashqari, tinglovchining olam haqidagi bilimi, jumla qo‘llanayotgan ijtimoiy holat haqidagi bilimi, so‘zlash jarayonida so‘zlashuvchilar ruhiyati haqidagi bilimi va boshqa bilimlarini ham ko‘shish kerak bo‘ladi. Axborotni tushunish jarayonida yuqoridagi bilimlarning barchasi barobar xizmat qiladi. SHuning uchun faqat bu bilimlarning o‘zaro munosabatini hisobga olgandagina biz nutqiy jarayonning mohiyatini anglashga yaqinlashgan bo‘lamiz. Ana shunday amaliy ehtiyoj natijasida semantika va pragmatika vujudga keldi. Lisoniy birliklarning bu uch tomonisiz aloqa vositasi bo‘lgan til o‘zining to‘liq talqinini topa olmaydi. Anglashiladiki, sintaktik birliklarning ham uch tomoni mavjud:
1) sintaktika;
2) semantika;
3) pragmatika.
Sintaktika lisoniy birliklarning shakliy munosabatlarini, ya’ni lisoniy belgilar o‘rtasidagi munosabatni o‘rganadi. Sintaktika sintaktik shakllar asosida ish ko‘radi. Demak, sintaktika an’anaviy sintaksis – gap bo‘laklari nomi bilan o‘rganiladigan gapning sintaktik tizimiga tayanadi.
Sintaktikaga muvofiq, har qanday sintaktik birlik nutqiy jarayonda turli variantlarda namoyon bo‘luvchi umumlashgan mohiyat sifatida talqin qilinadi.
Semiotika asoschilaridan bo‘lgan Ch.Morris semiotikani uchga bo‘ladi:
1) semantika – belgining borliq obyekti bilan munosabati haqidagi ta’limot;
2) sintaktika – belgining belgi bilan munosabati haqidagi ta’limot;
3) pragmatika – belgining so‘zlovchi bilan munosabati haqidagi ta’limot.
Anglashiladiki, mazmuniy sintaksis ongda aks etgan obyektiv reallik elementlarini, ya’ni propozitsiyaning sintaktik qurilmalar orqali qanday ifodalanganini o‘rganadi. Boshqacha aytganda, mazmuniy sintaksis qurilmalarning propozitsiya tomonini o‘rganadi.
Gap tuzilishi, bu gap orqali ifodalanayotgan borliq parchasi tuzilishi bilan solishtiriladi. Sintaksisning asosiy birligi bo‘lgan gap inson ongida aks etgan borliqdagi ayrim voqeani, borliq parchasini ifodalaydi: bola o‘ynayapti, olma gulladi. Gap bo‘lagi esa borliqning ongda aks etgan alohida elementlarining shu vaziyatda qanday vazifa bajarayotganligini ko‘rsatadi: talaba xonaga kirdi (talaba – harakat sub’ektini, xonaga – harakat o‘rnini, kirdi - harakatni ifodalaydi). So‘z birikmasi esa ongda aks etgan borliq elementlarining o‘zaro munosabatini ifodalaydi: qizil gul, kitobni o‘qimoq.
Lisoniy birliklarning sintaktika va semantikasi bu birliklarning to‘liq tavsifi uchun kamlik qiladi. Sintaktika va semantikaga pragmatika qo‘shilgandagina, ular o‘zining haqiqiy talqinini topadi. Masalan: “Hamma vaqtini xushnud o‘tkazmoqda” jumlasi orqali muayyan shaxslar va ularning muayyan zamon va makondagi holati propozitsiyasi ifodalangan. Lekin jumla orqali ifodalangan propozitsiyaning so‘zlashuvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun bugina kifoya qilmaydi. Buning uchun so‘zlashuvchilar vaqtini xushnud o‘tkazayotgan ma’lum guruhlar haqida va bu guruhlarning holati ro‘y berayotgan ma’lum makon va zamon haqida umumiy bilimga ega bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Chunki dunyodagi barcha odamlar vaqtini xushnud o‘tkazishi mumkin emas. Demak, yuqoridagi jumla aniq shaxslar, aniq makon va zamon bilan bog‘langan bo‘lishi kerak. Jumla orqali ifodalanayotgan propozitsiyaning nutq vaziyati bilan ana shunday munosabatini o‘rganish jumlaning pragmatika tomonini tashkil qiladi.
Pragmatikaga semantika masalalarini o‘rganish kuchaygan bir paytda e’tibor berilishi bejiz emas. Chunki semantikaning tekshirish ko‘lami g‘oyat kengayib ketganligi tufayli uni bir oz yengillatishga, ma’noning kontekst bilan bog‘liq qismidan xalos qilishga to‘g‘ri keldi. Natijada pragmatika semantikadan ajralib chiqadi. Nutq vaziyati bilan kontekst pragmatik tadqiqotlarning asosini tashkil qiladi. Shuning uchun ham sintaktik qurilma ifodalagan propozitsiyaning so‘zlashuvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun nutq vaziyati yoki kontekst zarur bo‘lgan joyda pragmatikaga ehtiyoj ortadi. Bu quyidagi hollarda ro‘y beradi:
1) jumla tarkibida sen, hatto, faqat, hozir singari deskriptiv bo‘lmagan («ichi bo‘sh») so‘zlar ishtirok etganda. B.Rasselning ta’kidlashicha, deskriptiv so‘zlar tahlili semantika tomoniga, deskriptiv bo‘lmagan so‘zlar tahlili esa pragmatika tomoniga «tortadi». Uning ko‘rsatishicha, ko‘k yoki chiroq so‘zlarini to‘g‘ri qo‘llash uchun eng muhim narsa tildan tashqaridagi obyektni tanlashda adashmaslik bo‘lsa, sen, faqat, hatto singari so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llash uchun pragmatik qurshov haqidagi ma’lumot g‘oyatda zarur bo‘ladi;
2) jumla kishilar o‘rtasidagi aloqa jarayonida vujudga keladi. Shuning uchun ham ularning har birida shaxsning izi o‘z ifodasini topadi. Chunki «til — borliqning uyi» (M.Xaydegger), unda insoniyatning ma’naviy, ruhiy olami aks etadi.
Jumla mazmunini so‘zlovchi bilan uzviy bog‘lab turgan so‘zlar ham pragmatikaning tadqiqot obyektidir. Bevosita modusni ifodalovchi kirishlar, baho bildiruvchi so‘z va vositalar sintaksisning pragmatika tomoni orqali o‘rganiladi;
3) insonning sub’ektiv ruhiyatini aks ettiruvchi diskurs ham pragmatikaning o‘rganish doirasiga kiradi. E.Benvenistning fikriga ko‘ra, so‘zlovchi va tinglovchiga taqozo qiluvchi va so‘zlovchining tinglovchiga qandaydir yo‘l bilan ta’sir qilish maqsadini aks ettiruvchi har qanday jumla diskurs sanaladi, Jumlaning ifoda maqsadga ko‘ra turlari, obyektiv mazmun bilan ifodalangan shakl o‘rtasidagi munosabat, shakl va mazmun o‘rtasidagi tengsizlik holatining nutqdagi ta’siri kabi masalalar ham pragmatikaga kiradi;
4) «men» va «boshqalar» o‘rtasidagi munosabatni ko‘rsatuvchi nutqiy odat (etiket), hurmat ifodalash usullari ham pragmatikaning o‘rganish sohasi sanaladi;
5) pragmatikaning o‘rganish sohalaridan eng muhimi tagbilim (presuppozitsiya)dir. Masalan, Ahmad keldi jumlasidan qandaydir shaxsning kelganligi boshqalar uchun ma’lum bo‘lsa ham, lekin Ahmadning qanday shaxsligi, qaerdan qaerga va nima maqsadda kelganligi haqidagi axborot qorong‘i bo‘ladi. So‘zlovchi va tinglovchining oldindan shunday ma’lumotga, umumiy bilish manbaiga ega bo‘lishi bevosita ifodalanadigan axborotning so‘zlovchilar uchun tushunarli bo‘lishini ta’minlaydi.



Download 229.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling