Ma’ruza matnlari 1-Ma’ruza Mavzu: Sintaksis haqida ma’lumot. Sintaktik birliklarning uch tomoni Reja
Download 229.5 Kb.
|
O\'zbek tilining nazariy grammatikasi Ma\'ruza
- Bu sahifa navigatsiya:
- S h akliy sintagmatik munosabat
- Olimlar, fozillar, shoirlar shahri
SINTAGMATIK MUNOSABAT
Muayyan sintaktik birlikning boshqa sintaktik birlik bilan ketma-ket munosabati sintagmatik munosabatni hosil qiladi. Sintaktik birlik til tizmasi tarkibida yuqori sath birligi sifatida shakl va mazmun birligidan tashkil topgan bir butunlik ekan, sintaktik birliklar o‘rtasida sintagmatik munosabat ham ikki tomonlama xususiyatga ega bo‘ladi: a) shakliy sintagmatik munosabat; b) mazmuniy sintagmatik munosabat. Shakliy sintagmatik munosabat Ma’lum sintaktik shaklning (gap bo‘lagi shaklining) boshqa sintaktik shakl bilan ketma-ket munosabati shakliy sintagmatik munosabat sanaladi. An’anaviy tilshunoslikda «sintaktik munosabat» va «sintaktik aloqa» terminlari farqlanadi. «Sintaktik munosabat» termini sintaktik birliklar o‘rtasidagi mazmuniy sintagmatik munosabatni, sintaktik aloqa termini esa shakliy sintagmatik munosabatning ifoda tomonini bildiradi. Har qanday shakliy sintagmatik munosabat ma’lum mazmuniy sintagmatik munosabatni ifodalaydi va bu ikki munosabat birligi shakl va mazmun dialektikacini aks ettiradi. Masalan, ega va kesimning shakliy munosabatidan tashkil topgan men keldim sintaktik qurilmasi sub’ekt va predikatning mazmuniy munosabatini ifoda qiladi. Shakliy sintagmatik munosabat ikki xil bo‘ladi: a) teng munosabat (tenglanish); b) tobe munosabat (tobelanish). O‘zaro teng (bir xil) vaziyatdagi sintaktik shakllar munosabati teng munosabat hisoblanadi. Teng munosabatdagi sintaktik birliklar ko‘pincha bir xil grammatik shaklda, bir xil sintaktik vaziyatda turadi va bir xil so‘roqqa javob bo‘ladi. O‘zaro teng bog‘lovchilar, sanash ohangi va teng bog‘lovchi vazifasidagi boshqa vositalar yordamida bog‘lanadi. Masalan, Olimlar, fozillar, shoirlar shahri. (U.) O‘zaro teng munosabatda bo‘lgan sintaktik shakllar boshqa bir umumiy sintaktik shakl bilan tobe munosabatda bo‘ladi. Masalan: O limlar, fozillar, shoirlar shahri. Ayrim mualliflar o‘zaro teng munosabatda bo‘lgan sintaktik birliklar o‘rtasida shakliy bog‘lanishning mavjudligini inkor qiladilar. A. M. Peshkovskiy fikricha, Salim, Karim, Halim kelishdi kabi qurilmalarda Salim, Karim, Halim bo‘laklari bitta keldi bo‘lagi ustidan hokimlik qilish tufayli o‘zaro bog‘lanadi. Aslida esa uyushiq bo‘laklar o‘rtasida shakliy bog‘lanish yo‘q, ular birgalikda keldi bo‘lagi bilan aloqaga kirishadi. T.P. Lomtev uyushiq bo‘laklar o‘rtasida mazmuniy munosabat mavjudligini e’tirof etadi. Uning ta’kidlashicha, uyushiq bo‘laklar o‘rtasida shakliy munosabatning yo‘qligi bu so‘zlar orqali ifodalangan predmetlar o‘rtasida munosabatning yo‘qligini bildirmaydi. Predmetlar o‘rtasida munosabat bor: bu munosabat uyushiq bo‘laklar orqali ifodalangan predmetlarning bir xil holatdagi munosabatidir. Uyushiqlik munosabati ifodalanmish munosabatini aks ettirganligi tufayli unga so‘z shakllari o‘rtasidagi aloqa turi sifatida qaralishi mumkin emas. Lekin uyushiq bo‘laklar bir xil vaziyatdagi sintaktik birliklarning shakliy jihatdan ma’lum bog‘lovchi vositalar (teng bog‘lovchilar va sanash ohangi) yordamida bog‘lanishi bo‘lganligi sababli, ular o‘rtasidagi shakliy sintagmatik munosabatni inkor qilib bo‘lmaydi. Biri tobe, ikkinchisi hokim vaziyatdagi sintaktik shakllar munosabati tobe munosabat hisoblanadi. Bunday munosabatda tobe vaziyatdagi sintaktik shakl hokim vaziyatdagi sintaktik shaklning «bo‘sh o‘rinlari»ni to‘ldiradi, uning shakliy va mazmuniy valentliklarini ro‘yobga chikaradi. SHuning uchun ham bunday munosabat doimo ikki qismdan – tobe va hokim qismdan iborat bo‘ladi, Masalan, moviy osmon. Shakliy sintagmatik munosabat ma’lum bog‘lovchi vositalar yordamida ro‘yobga chiqadi. Bunday vositalar an’anaga ko‘ra sintaktik aloqa vositalari hisoblanadi. O‘zbek tiliniig qonun-qoidalari asosida ma’lum bir so‘z yoki so‘zlar guruhini bog‘li nutqning mustaqil (sodda, qo‘shma gaplar va matn) va nomustaqil (gap bo‘lagi va so‘z birikmasi) xususiyatga ega bo‘lgan birligi sifatida shakllantiruvchi va ularni bog‘lovchi vositalar sintaktik aloqa vositalari sanaladi. Ular quyidagilardan iborat: a) kelishik, egalik shakllari; b) yordamchi so‘zlar; v) ayrim holatlarda mustaqil so‘zlar, asosan, olmoshlar; g) gap va matnda gap bo‘laklarining yoki boshqa qismlarning tartibi; d) ohang. So‘z shakli. So‘zlarning o‘zgarish paradigmasidagi so‘z; o‘zgartiruvchi vositalar (kelishik va egalik shakllari) bog‘li nutqda mustaqil so‘zlarni o‘zaro sintaktik aloqaga kirituvchi vositalar sanaladi. O‘zgarish paradigmasidan sintaktik aloqa xarakteriga muvofiq keladigan aniq bir shaklini qo‘llash yordamidagina maqsadimizta mos ma’noni bera olamiz va gapni grammatik jihatdan o‘zbek adabiy tili me’yoriga muvofiq ravishda to‘g‘ri qo‘llay olamiz. Solishtiring: Akamga kitob oldim – Akamdan kitob oldim. Akam so‘zining kelishik paradigmasidan (akam, akamning, akamni, akamga, akamda, akamdan) maqsadimizga muvofiq bittasini tanlashimiz ma’no farqlash uchun xizmat qiladi. Birinchisida maqsad kitobni kim uchun olganligini ifodalash bo‘lganligi uchun aka so‘zining kelishik paradigmasidan atash semasiga ega bo‘lgan jo‘nalish shaklini, ikkinchisida esa maqsad kitobni kimdan olganligining ifodasi bo‘lganligi uchun kelishik paradigmasidan chiqish semasiga ega bo‘lgan chiqish kelishigi shaklini tanlagan. Yoki uzum so‘zining kelishik paradigmasidan (uzum, uzumning, uzumni, uzumga, uzumda, uzumdan) so‘zlovchi o‘z maqsadiga muvofiq ravishda bittasini tanlaydi. Solishtiring: uzum ye (umuman uzum), uzumni ye (aniq, oldidagi, ma’lum bir navdagi uzum), uzumdan ye (hammasini emas, uning bir qismini). So‘z o‘zgarish paradigmasidan o‘zimizga zarur bir shaklini tanlashimiz so‘zlarning o‘zaro bog‘lanish qonun-qoidasiga muvofiq (boshqaruv, moslashuv yoki bitishuv) amalga oshiriladi. Download 229.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling