Diareya bilan og’rigan bemorlar parvarishi. Bu birinchi navbatda bemor tanasi, shuningdek yotoq joyi va kiyimini toza saqlashdan iborat. Bemor hojatini unitazda emas, balki shifokor najasni tekshirishi uchun tuvakda bajarishi kerak. Har bir hojatdan so’ng bemorning orqa chiqaruv teshigini atrofi kuchsiz dezenfiksiyalovchi moddalar bilan ohista artish kerak.
Uzoq davom etadigan og’ir diareya organizmning ko’p miqdorda elektrolitlarni (K, Na, Mg va boshqalar) yo’qotishiga, suvsizlanishiga va arterial bosimini tushushiga olib keladi. Shuning uchun hamshira doimo bemor ahvolini, puls sonini, arterial bosimini, bemor qabul qilgan suyuqlik hajmini, bemorning necha marotaba hojatga chiqqanini va najas ko’rinishini kuzatib borishi kerak. Bemor og’irligi har kun o’lchanib, qayd qilib borilishi zarur.
Ko’pincha diareyaga turli infeksiyalar sabab bo’ladi. Shuning uchun avvalambor diareya sababchisini yo’qotish kerak. Bunday bemorlarga palatada deraza oldidan joy ajratiladi, bemorga zarur buyumlar qoldiriladi. Bemor palatasi kuniga 2-3 marotaba nam holda tozalanishi zarur. Pol issiq sovunli vasodali suv bilan artiladi, eshik ushlagichi, tualet o’tirg’ichi, unitaz va tualet poli suyuq dezinfeksiyalovchi eritma bilan artiladi. Bu tozalov uchun alohida chelak va lattadan foydalaniladi. Bu chelak va latta ham vaqti vaqti bilan dezinfeksiyalab yoki qaynatib tozalanib turiladi.
Bunday bemorlarga tegishli ovqat idishlari boshqa bemorlar ovqat idishlaridan ajratilgan holda alohida sovun va sodali issiq suvda yuviladi, 15 min qaynatiladi va alohida saqlanadi. Ovqat qoldiqlari ham xlorli ohak bilan 1:2 nisbatda aralashtirib, 1 soatga qoldiriladi va so’ngra zararsizlangandan so’ng kanalizatsiyaga to’kiladi.
Agar bemor alohida tuvakdan foydalangan bo’lsa, tuvak dezinfeksiya qilingandan so’ng, qo’shimcha skameyka ustiga, ostiga toza qog’oz qo’ygan holda qo’yiladi. Tuvak har gal almashtirilganda ostidagi qog’oz olib yoqib yuboriladi va o’rniga boshqasi qo’yiladi. Tuvakdagi siydik va najas quruq xlorli ohak bilan 1:2 nisbatda aralashtirib 1 soatga qo’yiladi. So’ngra kanalizatsiyaga to’kib tashlanadi. Bemor buyumlari har kuni dezinfeksiyalovchi moddalar bilan yuvilishi, so’ngra kamida 15 minut qaynatilishi zarur. Iflos choyshablar alohida yig’iladi va sovun-sodali suv solingan bakka 15 minutga solib qo’yiladi. Najas tekkan choyshablar suv bilan yuvilib, quruq xlorli ohak solingan idishga 1 soat solib qo’yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |